Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOSHQARUVINING
Qarori
KREDIT BYUROLARI, KREDIT AXBOROTIDAN FOYDALANUVCHILAR VA KREDIT AXBOROTINI YETKAZIB BERUVCHILAR OʻRTASIDA KREDIT AXBOROTI ALMASHINUVI HAMDA KREDIT HISOBOTLARINI TAQDIM ETISH TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 2-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2331]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 17-iyundagi 12/9-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3645, 07.07.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 40-son, 412-modda) qonunlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Kredit byurolari, kredit axborotidan foydalanuvchilar va kredit axborotini yetkazib beruvchilar oʻrtasida kredit axboroti almashinuvi hamda kredit hisobotlarini taqdim etish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2012-yil 14-yanvar,
1/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 14-yanvardagi 1/2-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Kredit byurolari, kredit axborotidan foydalanuvchilar va kredit axborotini yetkazib beruvchilar oʻrtasida kredit axboroti almashinuvi hamda kredit hisobotlarini taqdim etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda) va “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 40-son, 412-modda) qonunlariga muvofiq kredit tarixini shakllantirish uchun kredit byurolari, kredit axborotidan foydalanuvchilar va kredit axborotini yetkazib beruvchilar (bundan buyon matnda ishtirokchilar deb yuritiladi) oʻrtasida kredit axboroti almashinuvi hamda kredit hisobotlarini taqdim etish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
kredit buyurtmasi — yuridik yoki jismoniy shaxslarning kredit tashkilotlaridan kredit olish toʻgʻrisidagi arizasi;
potensial qarz oluvchi — kredit tashkilotiga kredit buyurtmasini taqdim etgan yuridik yoki jismoniy shaxs.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ishtirokchilar oʻrtasidagi oʻzaro kredit axboroti almashinuvida kredit axborotining butligini, ishonchliligini va maxfiyligini taʼminlash uchun Kredit byurolarini roʻyxatga olish va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3042, 2018-yil 25-iyul) muvofiq xavfsizlik choralari koʻrilishi lozim.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 8-iyundagi 13/7-sonli qarori (roʻyxat raqami 2331-1, 20.06.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 10/19/2331-1/3313-son)
II. Ishtirokchilar oʻrtasida kredit axboroti almashinuvi
3. Ishtirokchilar kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnoma (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) asosida kredit axboroti almashinuvini amalga oshiradilar.
4. Shartnomada Oʻzbekiston Respublikasining “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasida belgilangan talablar, shuningdek soʻralayotgan kredit axborotining hajmi, kredit axborotini va kredit hisobotini taqdim etish muddatlari qayd etilishi lozim.
5. Kredit byurolari kredit axboroti almashinuvi uchun oʻzlarida maxsus elektron pochta manzilini ochishi lozim.
6. Kredit axborotini yetkazib beruvchilar kredit axborotini kredit byurolariga kredit axboroti subyektining roziligisiz taqdim etadi.
7. Kredit axborotini yetkazib beruvchilar kredit axboroti subyektining kredit tarixini shakllantirish uchun zarur boʻlgan kredit axborotini fayl koʻrinishida shartnomada belgilangan tartibda kredit byurolariga taqdim etadilar.
8. Kredit axboroti almashinuvida kredit axborotining maxfiyligini taʼminlash uchun kredit byurolari undan foydalanish huquqiga ega boʻlgan xodimlari doirasini belgilaydi.
III. Kredit byurolari tomonidan kredit hisobotlarini taqdim etish
9. Kredit byurolari tomonidan kredit hisoboti shartnomaga muvofiq kredit axborotidan foydalanuvchilarga kredit axboroti subyektining roziligi bilan, kredit axboroti subyektiga esa uning soʻroviga asosan taqdim etiladi.
10. Kredit byurolari tomonidan kredit hisoboti kredit axborotidan foydalanuvchi boʻlgan kredit tashkilotlariga kredit buyurtmasiga asosan taqdim etiladi.
11. Kredit axborotidan foydalanuvchi boʻlgan kredit tashkilotlarining kredit hisobotini olish boʻyicha soʻrovlarida potensial qarz oluvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq qayd etilishi lozim.
12. Kredit byurolari tomonidan kredit axboroti subyektiga taqdim etilgan kredit hisobotida uning barcha kredit axborotini yetkazib beruvchilari va kredit axborotidan foydalanuvchilarining maʼlumotlari koʻrsatilishi lozim.
13. Kredit axboroti subyekti kredit byurolariga oʻzining kredit hisobotidagi kredit axborotiga eʼtiroz bildirishga haqli. Kredit byurolari eʼtiroz bildirilgan kundan boshlab 30 kalendar kuni mobaynida kredit axborotini yetkazib beruvchilarga va Kredit axborotining davlat reyestriga qoʻshimcha soʻrovlar yuborish yoʻli bilan kredit axboroti subyektining kredit tarixiga aniqlik kiritishi shart. Kredit axboroti subyektining eʼtirozi oʻrinli boʻlgan taqdirda kredit byurolarining soʻroviga asosan kredit axborotini yetkazib beruvchilar kredit axboroti subyektining kredit axborotiga oʻzgartirish kiritadi. Kiritilgan oʻzgartirish haqidagi maʼlumot va uning sanasi kredit axboroti subyektining kredit tarixida qayd etiladi.
14. Kredit axboroti subyektiga taqdim etilayotgan kredit hisoboti qogʻoz yoki elektron shaklda boʻlishi mumkin.
15. Kredit byurolari tomonidan kredit axboroti subyektiga boshqa kredit axboroti subyektlarining kredit hisobotini berilishi taqiqlanadi.
16. Kredit byurolari tomonidan taqdim etilgan kredit tashkilotining potensial qarz oluvchisi toʻgʻrisidagi kredit hisoboti kredit berilishi yoki rad etilishi uchun asos boʻlib xizmat qilmaydi.
IV. Kredit axboroti almashinuvi boʻyicha javobgarlik
17. Ishtirokchilar axborot almashinuvi davomida oʻzlariga maʼlum boʻlgan kredit axborotining va kredit hisobotining maxfiyligini taʼminlashga hamda haqqoniyligi boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda javobgardirlar.
18. Kredit axboroti subyekti oʻzining kredit tarixidagi kredit axboroti boʻyicha ishtirokchilarga eʼtiroz bildirishi hamda ularning xatti-harakatlaridan norozi boʻlgan taqdirda belgilangan tartibda sudga murojaat etishi mumkin.
19. Kredit axborotidan foydalanuvchilar kredit byurolaridan kredit hisobotlarini olish boʻyicha soʻrovlarning toʻlaligi va haqqoniyligi uchun javobgardirlar.
20. Ushbu Nizom talablarini buzgan aybdor shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
V. Yakuniy qoida
21. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2012-yil 14-yanvar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 8-9-son, 91-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 10/19/2331-1/3313-son)