Toshkent shahar hokimining
Qarori
TOShKENT ShAHRINI YOʻLOVChI TAShISh AVTOBUSLARi BILAN TAʼMINLASh BOʻYIChA QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 6-maydagi “Toshkent shahrini yoʻlovchi tashish avtobuslari bilan taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1109-sonli qaroriga asosan Toshkent shahriga 2009-yil davomida 200 ta “Mercedes-Venz Connecto Low Floor” rusumli shahar yoʻlovchi tashish avtobuslari keltirilishi munosabati bilan yoʻnalishlar tarmogʻini yanada rivojlantirish, yoʻlovchi tashish va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, oraliq bekatlarda mikroavtobuslar toʻplanishining oldini olish, shaharning markaziy koʻchalarida transport vositalarining tirbandligini kamaytirish xamda yoʻlovchilarning transport vositalariga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondirish va “Mercedes-Venz” rusumli avtobuslarning Toshkent shahrining barcha tuman va mavzelarida tasarruf etilishini toʻliq taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 6-maydagi “Toshkent shahrini yoʻlovchi tashish avtobuslari bilan taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1109-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorga asosan:
“Toshshahartransxizmat” uyushmasi va “EvoBus Gmbx” (Germaniya) oʻrtasida 2009-yil 7-aprelda 2009/1-sonli oldi-sotdi shartnomasi tuzilib, unga asosan 2009-yil davomida 200 ta “Mercedes-Venz Connecto Low Floor” rusumli shahar yoʻlovchi tashish avtobuslari xarid qilinishi;
shartnomaning toʻliq qiymatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi taraqqiyot va tiklanish jamgʻarmasining 3 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda 15 yil muddatga beriladigan kredit mablagʻlari hisobidan, yillik 0,5 foizli stavka va qayta moliyalashtiruvchi “Oʻzsanoatqurilishbank”ning yillik 0,25 foizli marjasi boʻyicha amalga oshirilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi taraqqiyot va tiklanish jamgʻarmasining asosiy qarzini uzish, kreditga xizmat koʻrsatish boʻyicha foizlar va vositachilik haqini toʻlash “Toshshahartransxizmat” uyushmasi mablagʻlari, shuningdek oladigan avtobuslar miqdoriga mutanosib ravishda “Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi va avtobus parklarining mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi;
“Toshshahartransxizmat” uyushmasining “EvoBus Gmbx” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomasi boʻyicha olib kelinadigan 200 ta “Mercedes-Venz Connecto Low Floor” rusumli shahar yoʻlovchi tashish avtobuslar asbob-uskunalar va maxsus jihozlar, shuningdek avtobuslardan foydalanishning kafolat muddati davrida ishdan chiqqan qismlari oʻrniga yetkazib beriladigan ehtiyot qismlar hamda materiallar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi taraqqiyot va tiklanish jamgʻarmasi kreditiga xizmat koʻrsatishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarni jamlash uchun “Toshshahartransxizmat” uyushmasi tomonidan “Oʻzsanoatqurilishbank”da maxsus jamgʻarish hisob raqami ochilishi;
1994 — 1998-yillarda xarid qilingan “Mersedes-Bens O 405” rusumli avtobuslarning 12 yildan ortiq va 1,2 mln km dan koʻp yoʻlovchi tashish faoliyatida ishlatilganlari boʻyicha belgilangan tartibda ochiq kimoshdi savdolarida sotilishi va kelib tushgan pul mablagʻlari maqsadli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi taraqqiyot va tiklanish jamgʻarmasiga 200 ta “Mercedes-Venz Connecto Low Floor” rusumli avtobuslarining kreditlarini toʻlash uchun yoʻnaltirilishi;
ikki oy ichida ochiq kimoshdi savdolarida sotiladigan “Mersedes-Bens O 405” rusumli avtobuslar soni va baholangan qiymati aniqlanib, ochiq kimoshdi savdolariga qoʻyilishi va sotilgandan soʻng tasarrufdan chiqarilishi;
“Toshshahartransxizmat” uyushmasi tarkibidagi korxonalarga beriladigan 200 ta “Mercedes-Venz Connecto Low Floor” rusumli shahar yoʻlovchi tashish avtobuslari, ularning ehtiyot qismlari, “EvoBus Gmbx” firmasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan kafolat muddati davrida ishdan chiqqan qismlari oʻrniga yetkazib beriladigan ehtiyot qismlar hamda ochiq kimoshdi savdolarida sotiladigan “Mersedes-Bens O 405” rusumli avtobuslar qoʻshimcha qiymat soligʻi solinadigan obyekt hisoblanmasligi;
“Mersedes-Bens O 405” rusumli avtobuslarning ochiq kimoshdi savdolarida sotilishidan olinadigan daromadlarga yuridik shaxslarning foyda soligʻi solinmasligi belgilanganligi eʼtiborga olinsin.
3. “Toshshahartransxizmat” uyushmasi (Sh. Muhamedjonov), Toshkent shahar hokimligi yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti (Y. Aripdjanov):
3.1. 2009-yil davomida keltiriladigan 200 ta “Mercedes-Venz Connecto Low Floor” rusumli avtobuslarining shahar ichi yoʻnalishlarida tasarruf etilishi munosabati bilan quyidagilar taʼminlansin:
mavjud shahar ichi yoʻnalishlarida oraliq qatnov vaqtini qisqartirish taʼminlagan holda mazkur yoʻnalishlarda harakat jadvallari soni koʻpaytirilsin;
kimoshdi savdolariga qoʻyiladigan “Mersedes-Bens O 405” rusumli avtobuslarning oʻrniga “Mercedes-Venz Connecto Low Floor” rusumli avtobuslarining tasarruf etilishi taʼminlansin;
mavjud yoʻlovchilar oqimini toʻla taʼminlay olmayotgan yoʻnalishli taksi rejimiga faoliyat koʻrsatuvchi mikroavtobuslar yoʻnalishlariga parallel ravishda yangi avtobus yoʻnalishlarining ochilishi taʼminlansin.
3.2. Yoʻnalishli taksi rejimida faoliyat koʻrsatuvchi yangi yoʻnalishlarning ochilishi toʻxtatilsin va 2009-yil 1-iyundan boshlab alohida farmoyish boʻlgunga qadar quyidagilarning (“Toshshahartransxizmat” uyushmasi tarkibiga kirgan korxonalardan tashqari) amalga oshirilishi taʼminlansin:
yoʻnalishli taksi rejimida faoliyat koʻrsatuvchi yoʻnalishlarning maksimal soni 155 ta etib belgilansin;
yoʻnalishli taksi rejimida faoliyat koʻrsatuvchi 155 ta yoʻnalishlarda harakat jadvallarining maksimal soni 1330 ta etib belgilansin;
yoʻnalishli taksi rejimida faoliyat koʻrsatish huquqini beruvchi litsenziya kartochkalarining maksimal soni 1670 ta etib belgilansin (parkdan foydalanish koeffitsiyenti — 0,80 hisobidan);
harakat tarkibining (mikroavtobuslarning) yangilanishi, yoʻnalishlarda harakat jadvallari sonining oʻzgartirilishi, yoʻnalishlar harakat sxemalarining uzaytirilishi, qisqartirilishi va oʻzgartirilishi belgilangan yoʻnalishlar soni (155 ta), harakat jadvallari soni (1330 ta) va biriktirilgan harakat tarkiblari soni (1670 ta) hisobidan amalga oshirilishiga ruxsat berilsin;
shahar yoʻlovchi tashish transporti yoʻnalishlari bilan taʼminlanmagan yangi koʻchalar, mavzelar va boshqa obyektlarni koʻrish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan paytda Toshkent shahar hokimligi yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish Departamentiga tender komissiyasi bilan kelishilgan holda qoʻshimcha yoʻnalishli taksi yoʻnalishlarini ochish boʻyicha vakolat berilsin;
2010-yil 1-mayga qadar, yoʻnalishli taksi rejimida faoliyat koʻrsatayotgan va yoʻlovchi tashish xavfsizligini taʼminlash talablariga javob bermaydigan “Damas” rusumli avtomobillar bosqichma-bosqich tasarrufdan chiqarilsin. Bir oylik muddatda “Damas” rusumli avtomobillarini bosqichma-bosqich” tasarrufdan chiqarish jadvali ishlab chiqilsin va tasdiqlash uchun kiritilsin. “Damas” rusumli avtomobillar egalariga mazkur transport vositalarini yengil taksi rejimida tasarruf etish tavsiya etilsin;
2010-yil 1-maydan boshlab yoʻnalishli taksi rejimida faqat yoʻlovchi tashishga moʻljallangan, haydovchi oʻrnidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 (sakkiz) tadan ortiq boʻlgan mikroavtobus toifasiga mansub avtotransport vositalarining tasarruf etilishi taʼminlansin;
yoʻlovchilar oqimi koʻp boʻlgan yoʻnalishli taksi rejimida faoliyat koʻrsatuvchi mikroavtobuslar yoʻnalishlariga parallel ravishda yangi keltiriladigan 200 ta “Mercedes-Venz Connecto Low Floor” rusumli avtobuslari hisobiga shahar ichi avtobus yoʻnalishlari tashkil etilsin. Mazkur yoʻnalishlarga biriktirilgan mikroavtobuslar tasarruf etishdan chetlashtirilgan “Damas” rusumli avtomobillar tasarruf etilayotgan yoʻnalishlar oʻrniga yoʻlovchilar oqimi va transport yoʻnalishlari sigʻimiga qarab biriktirilsin;
“Toshshahartransxizmat” uyushmasi tarkibiga kirmagan yuridik maqomga ega boʻlgan mavjud shahar ichi avtobus yoʻnalishlarida oylik yoʻl chiptalari bilan foydalanuvchi va Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustdagi “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuniga binoan shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchilar foydalanmayotganliklari tufayli mazkur yoʻnalishlar yoʻnalishli taksi rejimiga oʻtkazilsin;
2009-yil 1-iyundan boshlab, yoʻnalishli taksi rejimida faoliyat koʻrsatuvchi “Damas” rusumli avtomobillarga va xususiy davlat raqamiga ega boʻlgan mikroavtobuslarga yoʻnalishli taksi rejimida faoliyat koʻrsatish huquqini beruvchi litsenziya kartochkalarining berilishi toʻxtatilsin (hozirgi kunda faoliyat koʻrsatayotgan avtotransport vositalaridan tashqari). Tender komissiyasi aʼzolariga tender oʻtkazilayotgan paytda davlat raqamli mikroavtobuslarga ega boʻlgan yuridik korxonalarga ustuvorlikning berilishi tavsiya etilsin;
yengil taksi sifatida ishlash huquqini beruvchi litsenziya kartochkalarining berilishi faqat yengil taksi avtomobillariga qoʻyiladigan barcha talablarning bajarilishi taʼminlangandan soʻng amalga oshirilsin.
4. Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi (A. Yoʻldoshev), Toshkent shahar IIBB YHXB (X. Dadaxodjayev), litsenziyasiz, noqonuniy yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi avtotransport vositalari egalariga nisbatan oʻrnatilgan tartibda tegishli choralar koʻrilishi taʼminlansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat etish Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari R. Usmonov va Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari, “Toshshahartransxizmat” uyushmasi raisi Sh. Muhamedjonov zimmalariga yuklatilsin
Hokim A. TOʻXTAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-may,
248-son