Toshkent viloyati hokimining
Qarori
2009-2010-yillar qish-bahor davri mobaynida zaxira fondlaridan aholiga sotiladigan kartoshka va meva-sabzavot mahsulotlari narxlarini (ustamalarini) tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 17-iyuldagi “2009-yilning 1 yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda jahon iqtisodiy inqirozi oqibatlarini bartaraf etish, 2009-yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning ustuvor vazifalarini amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 3-son yigʻilish bayoni va joriy yilning 22-iyuldagi viloyat Faollar yigʻilishining 2-son bayoni ijrosi hamda viloyat aholisini 2009-2010-yillar qish-bahor davri mobaynida uzluksiz arzon kartoshka va meva-sabzavot mahsulotlari bilan taʼminlash, narxlarning asossiz oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida qaror qilaman:
1. Shahar va tuman hokimlari, viloyat “Mevasabzavottayyorlovsavdo” (F. Sultonov), “Matlubotinvest” DUK (Gʻ. Abduvohidov) va tayyorlov tashkilotlari bilan birgalikda:
2009-2010-yillar qish-bahor davri uchun kartoshka va meva-sabzavot mahsulotlari zaxirasini gʻamlasinlar, bunda ushbu mahsulotlarni bevosita ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish tavsiya etilsin.
2009-2010-yillar qish-bahor davri mobaynida kartoshka va meva-sabzavot mahsulotlari zaxirasini tizimli ravishda, narxlarning asossiz oʻsishiga yoʻl qoʻymagan holda aholiga sotuvga chiqarilishini taʼminlasinlar, bunda ushbu mahsulotlarga cheklangan savdo ustama qiymati hisoblangan xarid qiymatidan kelib chiqib, ulgurji va chakana tovar aylanmasi ishtirokchilarining sonidan qatʼi nazar, 25 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda (shu jumladan, ulgurji savdo ustamasi 10 foizgacha va chakana savdo ustamasi 15 foizgacha) hisoblanadi.
2. Viloyat Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hududiy boshqarmasi (T. Muratov):
viloyat Davlat soliq boshqarmasi (N. Erbekov) bilan birgalikda eng zarur tovarlarni ishlab chiqarish va sotish boʻyicha korxonalar, shuningdek zaxira fondlariga qoʻyilgan kartoshka va meva-sabzavot mahsulotlarini sotish uchun masʼul boʻlgan ulgurji va chakana savdo tashkilotlari tomonidan belgilangan narx (ustama)lariga qatʼiy rioya qilinishi ustidan haftalik monitoring oʻrnatsinlar.
Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzuvchilarga, yaʼni belgilangan savdo ustamalarining cheklangan miqdorlari oshirilgan holatlari aniqlangan hollarda belgilangan tartibda tegishli choralarni qoʻllab, doimiy nazoratini taʼminlasinlar.
3. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari S. Abdullayev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim R. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2009-yil 3-sentabr,
190-son