Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
QIShLOQ XOʻJALIGI SOHASINI IQTISODIY RAGʻBATLANTIRISh VA ERKINLIK BERISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qishloq xoʻjaligi korxonalarining mahsulot yetishtirishini yanada koʻpaytirishda, uning sifatini yaxshilashdan moddiy manfaatdorligini oshirish, qishloqda ijtimoiy masalalarni hal etish maqsadida:
1. Paxta tolasi va gʻalladan boʻlak qishloq xoʻjalik mahsulotlariga davlat tomonidan belgilangan buyurtma (davlat buyurtmalari) bekor qilinsin.
Qoramol va sutning erkin xarid narxlariga oʻtishi amalga oshirilsin.
2. Belgilangan topshiriqni bajargan xoʻjaliklar tasarrufida qoldiriladigan mahsulot ulushi koʻpaytirilib, xarid qilingan paxta tolasi va gʻalla hajmining uchdan bir qismiga yetkazilsin, shunga muvofiq ravishda, ilgari belgilangan davlat buyurtmalari hajmi kamaytirilib, 75 foizdan 67 foizga tushirilsin.
Davlat buyurtmasining mazkur darajasi paxtaning 1994-yilgi, gʻallaning 1995-yilgi hosili uchun belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Paxta hosilining 1994-yildagi paxta xarid narxi bir tonnasi uchun oʻrtacha 1200 soʻm (paxta tolasiga aylantirib hisoblaganda — 3750 soʻm). 1995-yildagi oziq-ovqat uchun moʻljallangan gʻalla hosilining bir tonnasi uchun 1000 soʻm qilib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda 1994-yilgi paxta hosilini uyushqoqlik bilan yigʻib-terib olish tadbirlari toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 22-avgust,
PF-937-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 8-9-son, 236-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 4-son, 59-modda)