Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
SAVDO VA TIJORATGA KOʻMAKLAShUVChI “SAVDOGAR” IXTISOSLAShTIRILGAN AKSIONERLIK TIJORAT BANKINI TAShKIL ETISh HAQIDA
Keyingi tahrirga qarang.
Aholining tovarlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish va ular bilan ichki bozorni toʻldirish, shuningdek respublika savdo tarmogʻi faoliyatini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va yanada rivojlantirishni taʼminlash maqsadida:
1. Savdo va tijoratga koʻmaklashuvchi “Savdogar” ixtisoslashtirilgan aksionerlik tijorat banki tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari respublikaning savdo tashkilotlariga xizmat koʻrsatishdan, savdo tashkilotlari bilan xalq xoʻjalik boshqa tarmoqlari korxonalari oʻrtasidagi savdo-xarid operatsiyalari va hisob-kitoblarni mablagʻ bilan taʼminlashdan iborat deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi, Markaziy banki “Oʻzbeksavdo” uyushmasi, “Oʻzkooptayyorlovsavdo”, “Oʻzbekbirlashuv” va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki savdo va tijoratga koʻmaklashuvchi “Savdogar” ixtisoslashtirilgan aksionerlik tijorat bankining muassislari boʻlishi taklif etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki savdo va tijoratga koʻmaklashuvchi “Savdogar” ixtisoslashtirilgan aksionerlik tijorat bankini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etishda amaliy yordam bersin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari savdo va tijoratga koʻmaklashuvchi “Savdogar” ixtisoslashtirilgan aksionerlik tijorat banki, shuningdek uning filiallari faoliyati uchun zarur shart-sharoitni yaratishda koʻmaklashsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Vazirlar Mahkamasi ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 18-mart,
PF-794-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 3-son, 89-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 41-modda)