O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
RESPUBLIKADA DAVLAT NAZORATI TIZIMINI TAKOMILLAShTIRIShGA OID BA’ZI TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 27-maydagi PF-4315-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Davlat nazorati tizimini yanada takomillashtirish, uni bozor munosabatlari talablariga muvofiq holga keltirish, nazorat qiluvchi organlar ishidagi parallelizmni bartaraf etish maqsadida va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 21-bandiga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat nazorati qo‘mitasi va uning joylardagi organlari tugatilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining devonida Nazorat inspeksiyasi va tegishli ravishda viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklarining apparatlari tarkiblarida nazorat inspeksiyalari tashkil qilinsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi apparatida ham nazorat inspeksiyasini tashkil qilish zarur deb topilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Nazorat inspeksiyasining rahbari ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi hisoblanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, farmoyishlari va Hukumat qarorlari ijrosi ustidan ta’sirchan nazoratni tashkil etish, nazorat organlarining ishidagi parallelizm va takrorlashni bartaraf qilish, respublikada bozor munosabatlari vositalarini ro‘yobga chiqarishga va iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash yangi tashkil etilgan inspeksiyalar faoliyatining asosiy vazifasi deb hisoblansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Ishlar boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasining Moliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddat ichida nazorat inspeksiyalari xodimlarining soni, ularni ta’minlash uchun zarur mablag‘lar hamda tugatilgan Davlat nazorati qo‘mitasi va uning joylardagi organlari mulkidan foydalanish to‘g‘risidagi takliflarni tayyorlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 10 kun muddat ichida nazorat inspeksiyalari to‘g‘risida Nizom loyihasini, shuningdek amaldagi qonunlarni ushbu Farmonga muvofiq holga keltirishga oid takliflarni ishlab chiqib, taqdim etsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 16-fevral,
PF-762-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 3-son, 72-modda)