Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
IQTISODIY ISLOHOTLARNI YANADA CHUQURLASHTIRISH, XUSUSIY MULK MANFAATLARINI HIMOYA QILISH VA TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Bozor mexanizmi samarali ishlashi uchun tegishli shart-sharoitlarni taʼminlash, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish zarurligidan kelib chiqib hamda xususiy mulkni himoya qilish maqsadida:
1. Respublika hayotining barcha sohalarida iqtisodiy islohotlarni joriy etish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida iqtisodiy islohot, tadbirkorlik va xorijiy investitsiyalar boʻyicha Idoralararo Kengash tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Kengashning tuzilmasini, tarkibini, maqomini va uning ijroiya apparati shtatlarini belgilasin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish boʻyicha Davlat dasturini ishlab chiqsin hamda koʻrib chiqish uchun taqdim etsin, bunda sanoat va qurilish tarmoqlarida xususiylashtirishni amalga oshirishga alohida eʼtibor berilsin. Unda quyidagilar nazarda tutilsin:
yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlarini fuqarolarning davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayoniga erkin kirishini taʼminlaydigan ochiq turdagi jamiyatlarga aylantirish;
Respublika koʻchmas mulk savdosi birjasini tashkil etish hamda xususiylashtirilishi kerak boʻlgan davlat obyektlarini u orqali sotishni amalga oshirish;
respublika fond birjasini tashkil etish hamda unda xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalarining birinchi turkumi joylashtirilishini taʼminlash.
“Oʻzdavjamgʻarma” Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda tashkil etilayotgan va qayta tuzilayotgan aksionerlik jamiyatlarining aksiyalarini chiqarishni va ularning fond birjasida joylashtirilishini taʼminlasin.
3. Savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini, shuningdek, ular joylashgan yer uchastkalarini jismoniy va yuridik, shu jumladan, xorijiy shaxslarga xususiylashtiriladigan obyektlarni sotib olishda ular foydalanadigan mablagʻlarning manbalari boʻyicha deklaratsiyani ulardan talab qilmagan holda tanlov asosida xususiy mulk qilib sotishga ruxsat berilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari xususiy mulk asosida qurilayotgan va tashkil etilayotgan savdo va xizmat koʻrsatish sohasi korxonalarini shaharlar va aholi yashaydigan joylarning eng nufuzli va gavjum qismlarida joylashtirishni nazarda tutsinlar.
Buning uchun tegishli mablagʻlar va imkoniyatlarga ega boʻlganlarning hammasiga zarur imtiyozlar, shu jumladan, kreditlar, shuningdek, xususiy korxona egalariga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi doirasida davlat kafolatlari berilsin.
Barcha davlat tuzilmalari va mansabdor shaxslar Farmonning ushbu bandini soʻzsiz bajarishni taʼminlasinlar, bunda xususiy mulkchilik huquqiga nisbatan har qanday tajovuz qonun bilan qatʼiy va ayovsiz bartaraf etilishi nazarda tutilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
davlatga qarashli boʻlmagan mulkni huquqiy himoya qilishni taʼminlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar hamda fuqarolarning xususiy mulkka egalik huquqlarini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralarini belgilasin. Koʻrsatilgan takliflar direktiv organlarga taqdim etilsin;
belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Fuqarolik kodekslariga hamda boshqa qonun hujjatlariga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni taqdim etsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasida valyuta bozorini rivojlantirish va muomaladagi mavjud valyuta resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
xalqaro bank amaliyotida qabul qilingan normalarga muvofiq foizlar toʻlagan holda jismoniy shaxslarga chet el valyutasida schyotlar ochish uchun joylarda zarur sharoitlar yaratsin;
oʻzining “VIZA Interneshnl” debit va kredit kartochkalarini muomalaga chiqarishni hamda ularga ham Oʻzbekiston Respublikasi ichida, ham chet elda xizmat koʻrsatishni tezlashtirsin;
banklarning naqd chet el valyutasidagi kassa operatsiyalarini oʻz korrespondentlik schyotlari tizimi orqali markazlashtirilgan tarzda xizmat koʻrsatishga qabul qilsin.
6. Fuqarolarning tovarlar keltirishni va ichki bozorni toʻldirishni taʼminlaydigan xususiy-tadbirkorlik faoliyati har tomonlama ragʻbatlantirilsin, mayda ulgurji, shu jumladan, oilaviy asosdagi savdo tuzilmalarini tashkil etish butun choralar bilan qoʻllab-quvvatlansin.
Ushbu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va aksionerlik-tijorat banklari tegishli garov yoki kafolat sharti bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga milliy va chet el valyutasida kredit berishni amalga oshirsinlar. Davlat muassasalari koʻrsatilgan tuzilmalarni roʻyxatga olishda va banklarda ularning schyotlarini ochishda mavjud boʻlgan toʻsiqlar va sansalorliklarni bartaraf etsinlar. Adliya vazirligi koʻrsatilgan masalalar boʻyicha nizomni tasdiqlasin.
Naqd chet el valyutalari va MDH mamlakatlari pul belgilarini Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va xorijiy fuqarolar tomonidan respublikaga keltirish va chetga chiqarish boʻyicha cheklashlar bekor qilinsin, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid boʻlgan hollar bundan mustasno.
7. Xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan, ustav fondida xorijiy sarmoya ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan qoʻshma korxonalar xorijiy valyutadagi tushumdan soliq toʻlashdan va valyutani Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga majburiy sotishdan, roʻyxatga olingan paytdan boshlab 5 yil muddatga ozod qilinsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Moliya vazirligi huzurida, “Oʻzdavxazina”ning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi aktivlarining bir qismini bergan holda, mamlakat va xorijiy investitsiyalar sugʻurtasi boʻyicha “Oʻzbekinvest” davlat kompaniyasi tashkil etilsin.
Moliya vazirligi bir oy muddatda dastlabki ustav sarmoyasini shakllantirish manbalari toʻgʻrisidagi masalani hal etsin, Kompaniya toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin. Bunda xorijiy investitsiyalar uchun eng qulay tartib yaratilish nazarda tutilsin.
9. Faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish jarayoni soddalashtirilsin. Ushbu huquqlar 1-ilovadagi davlat boshqaruv organlariga berilsin.
Bunda Hukumatning 1-ilovaga kirmagan ayrim vazirliklar va idoralar tomonidan maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish huquqi toʻgʻrisidagi ilgari qabul qilingan hujjatlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda shugʻullanish maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ni talab etuvchi faoliyat turlarini qisqartirish boʻyicha hamda mazkur Farmondan kelib chiquvchi qonun hujjatlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga takliflar kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Belgilab qoʻyilsinki, umumiy sanoat uchun moʻljallangan mahsulotlarni va xalq isteʼmol mollarini davlat tomonidan xarid qilish hajmlari tasdiqlanmaydi, taqsimlanmaydi hamda yetkazib beruvchilarga va isteʼmolchilarga maʼlum qilinmaydi.
Vazirlar Mahkamasi davlat ehtiyojlari uchun oziq-ovqat tovarlarini aholining ijtimoiy ehtiyojlarini taʼminlash, davlatlararo bitimlarni bajarish va eksport maqsadlari uchun yoqilgʻi-energetika va xom ashyo resurslarini yetkazib berish hajmlarini aniqlasin va tasdiqlasin.
11. Korxonalar va xoʻjaliklar ixtiyorida qoladigan tovarlar va mahsulotlarni soʻm-kuponlarga sotish boʻyicha tovar-xom ashyo birjalari ishtirokida ulgurji yarmarkalarni tashkil etish va oʻtkazish amaliyotga joriy etilsin.
Shu tarzda sotib olingan tovarlarni respublika tashqarisiga chiqarish uchun tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, litsenziya talab qilinmaydi va boj poshlinasi olinmaydi.
12. Vazirlar Mahkamasi Komplekslarining rahbarlari ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar toʻgʻrisida takliflar kiritsinlar:
korxonalarning xoʻjalik faoliyatini boshqarish organi sifatida bozor munosabatlarini rivojlantirish shart-sharoitlariga javob bermayotgan davlat konsernlarini tugatish toʻgʻrisida;
konsernlarni 2-ilovaga muvofiq ishlab chiqaruvchilar uyushmalariga aylantirish, ushbu uyushmalar toʻgʻrisidagi nizomlarni ishlab chiqish va tasdiqlash, bunda ularning direktiv funksiyalarga ega emasligi, ularning asosiy vazifasi bozor konyunkturasi va mahsulotlar marketingidan kelib chiqqan holda ishlab chiqarishni rivojlantirish strategiyasini belgilashdan iborat ekanligini nazarda tutish.
Davlat-aksionerlik uyushmalari va korporatsiyalari oʻz ustavlarini “Oʻzbekiston Respublikasida korxonalar toʻgʻrisida”gi Qonunga va yuqorida koʻrsatilgan talablarga muvofiqlashtirilsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga xoʻjalik birlashmalari ustavlarini roʻyxatga olish va ularga rioya etilishini nazorat qilish huquqi berilsin.
13. Hokimliklar va yuqori boshqaruv organlari tomonidan, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning moliyaviy va xoʻjalik faoliyatiga har qanday aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi deb hisoblansin.
Hokimliklar tomonidan tumanlar va shaharlar hududidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablagʻlari hisobiga har xil budjetdan tashqari jamgʻarmalar tashkil etilishi qatʼiyan taqiqlansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasiga keltiriladigan tovarlarning barcha turlari importiga boj poshlinalari 1995-yil 1-iyulga qadar bekor qilinsin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda respublika hududiga keltirish taqiqlangan tovarlar (qimmatli buyumlar) roʻyxatini aniqlasinlar va uni respublika bojxona boʻlinmalariga yetkazsinlar.
15. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tomonidan beriladigan litsenziyalar boʻyicha belgilangan kvotalar hajmida eksport qilinadigan tovarlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
tovarlarni eksport qilish uchun boj poshlinalarining vaqtinchalik stavkalari 4-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tomonidan beriladigan litsenziyalar boʻyicha eksport va import qilinadigan maxsus tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;
eksport qilish taqiqlanadigan tovarlar roʻyxati 6-ilovaga muvofiq.
Bundan ushbu bandning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga, shu jumladan MDH mamlakatlariga olib chiqilib ketiladigan tovarlarga joriy etilishi belgilab qoʻyilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga borishlari tartibi soddalashtirilsin. Chet elga boruvchining arizasi va tegishli xorijiy davlatning kelish vizasi chet elga borish uchun asos boʻladi deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasiga kelish va undan tashqariga joʻnab ketish hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonlarini kompyuterlashtirish boʻyicha bir oy muddatda takliflar kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi chet elga borishlari maxsus kelishishni talab etuvchi mansabdor shaxslar roʻyxatini oʻn kun muddatda belgilasin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur Farmonni bajarish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 21-yanvar,
PF-745-son
FAOLIYATNING AYRIM TURLARI BILAN SHUGʻULLANISH HUQUQINI BERUVCHI MAXSUS RUXSATNOMA (LITSENZIYA)LARNI BERISH VAKOLATIGA EGA BOʻLGAN DAVLAT BOSHQARUV ORGANLARINING
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasi
2. Adliya vazirligi
3. Moliya vazirligi
4. Markaziy bank
5. Ichki ishlar vazirligi
6. Sogʻliqni saqlash vazirligi
7. Xalq taʼlimi vazirligi
Keyingi tahrirga qarang.
Faoliyat koʻrsatayotgan davlat konsernlari negizida tashkil etilayotgan ishlab chiqaruvchilar uyushmalarining
ROʻYXATI
1. Kimyo sanoati korxonalari uyushmasi — kimyo sanoati konserni negizida
2. Radioelektronika va elektr texnikasi sanoati korxonalari uyushmasi — radioelektronika va elektr texnikasi sanoati konserni negizida
3. Metallurgiya sanoati korxonalari uyushmasi — metallurgiya sanoati konserni negizida
4. Mashinasozlik korxonalari uyushmasi — mashinasozlik konserni, “Qishloqxoʻjalikmash” konsernining qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalari va toʻqimachilik sanoati uchun mashinasozlik konserni negizida
5. Avtomobilsozlik korxonalari uyushmasi — “Qishloqxoʻjalikmash” konsernining avtomobilsozlik korxonalari negizida
6. Rangli metallar qazib olish korxonalari uyushmasi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat qimmatbaho metallar qoʻmitasi negizida
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI IQTISODIY ALOQALAR VAZIRLIGI TOMONIDAN BERILADIGAN LITSENZIYALAR BOʻYICHA BELGILANGAN KVOTALAR HAJMIDA EKSPORT QILINADIGAN (SHU JUMLADAN MDH MAMLAKATLARIGA CHIQARILADIGAN) TOVARLAR
ROʻYXATI
1. Neft xom ashyosi, neft mahsulotlari, yarim tayyor mahsulotlar hamda neftni qayta ishlash va neft-kimyo korxonalari chiqindilari, shu jumladan, komponentlari.
2. Tabiiy gaz, gaz kondensati va qattiq parafin.
3. Elektr energiyasi.
4. Sara koʻmir.
5. Rangli metallar rudalari, rangli metallar konsentratlari va sanoat mahsulotlari.
6. Qora metallar prokati, qora metallar parchalari va chiqindilari.
7. Rangli metallar prokati, rangli metallar parchalari chiqindilari.
8. Poʻlat quvurlar.
9. Ikkilamchi aluminiy.
10. Mis (shu jumladan, katanka va trolleybus simi).
11. Metall rux.
12. Rangli metallardan tayyorlangan kabel-oʻtkazgich mahsulotlar.
13. Mineral oʻgʻitlar va sintetik ammiak.
14. Paxta tolasi, paxta chiqindilari.
15. Teri xom ashyosi.
16. Pilla, ipak xom ashyosi.
17. Oʻsimlik moyi.
18. Dori-darmonlar.
19. Chigit.
20. Kanop tolasi.
21. Karboksilmetilsellyuloza.
22. Fermentlangan tamaki.
23. Omixta yem.
24. Vinobop materiallar.
25. Kirsovun.
26. Shisha idishlar.
TOVARLARNI EKSPORT QILISH (SHU JUMLADAN MDH MAMLAKATLARIGA CHIQARISH) UCHUN BOJ POSHLINALARINING
VAQTINCHALIK STAVKALARI
| № |
Tovarning qisqacha nomi |
Kontrakt qiymatidan % hisobida olinadigan boj poshlinalari stavkalari |
| 1 |
2 |
3 |
| 1. | Pishloq va yogʻli brinza | 50% |
| 2. | Tovar oziqbop baliq mahsuloti, shu jumladan, baliq konservalari | 50% |
| 3. | Omixta yem | 50% |
| 4. | Ekish va qayta ishlash uchun urugʻlar, mevalar va sporalar | 20% |
| 5. | Moyli oʻsimliklar kunjarasi | 30% |
| 6. | Paxta linti | 10% |
| 7. | Yogʻlar, oʻsimlik moyi, ularni eritishdan olingan mahsulotlar, tayyorlangan oziq-ovqat yogʻlari | 50% |
| 8. | Makaron mahsulotlari | 50% |
| 9. | Vinobop materiallar | 10% |
| 10. | Ishlov berilmagan tamaki | 10% |
| 11. | Idishga solingan osh tuzi | 50% |
| 12. | Arralangan marmar | 10% |
| 13. | Arralangan granit | 10% |
| 14. | Gips, angidrit, alebastr | 10% |
| 15. | Poliuretanlar | 10% |
| 16. | Neft smolasi | 10% |
| 17. | Karboksimetilsellyuloza va uning tuzlari | 15% |
| 18. | Sellyuloza va undan tayyorlangan mahsulotlar | 25% |
| 19. | Polimerlardan tayyorlangan quvurlar, quvurchalar va shlanglar | 30% |
| 20. | Polimerlardan tayyorlangan plyonkalar | 30% |
| 21. | Yogʻlash moylari | 20% |
| 22. | Neftdan olingan vazelin | 20% |
| 23. | Neftdan olingan koks | 20% |
| 24. | Bitumlar | 20% |
| 25. | Oltingugurt kislotasi | 10% |
| 26. | Suvsiz ammiak | 10% |
| 27. | Sunʼiy korund | 10% |
| 28. | Mis sulfati | 10% |
| 29. | Qoʻrgʻoshin sulfati | 10% |
| 30. | Kaprolaktam, laktamlar. | 15% |
| 31. | Momiq paxta, doka, bintlar va shunga oʻxshash materiallar | 10% |
| 32. | Loklar va buyoqlar | 20% |
| 33. | Sintetik yuvuvchi vositalar | 20% |
| 34. | Teri xom ashyosi, shu jumladan postantdartlari ham, charm | 50% |
| 35. | Moʻyna va moʻyna mahsulotlari | 20% |
| 36. | Gugurt | 50% |
| 37. | Duradgorlik buyumlari | 50% |
| 38. | Polimer idishlar | 50% |
| 39. | Konservalashga moʻljallangan shisha idish | 50% |
| 40. | Shisha butilkalar | 50% |
| 41. | Qogʻoz | 50% |
| 42. | Karton | 50% |
| 43. | Qogoz chiqindilari | 50% |
| 44. | Oʻquvchilar daftari | 50% |
| 45. | Pilla | 5% |
| 46. | Ipak xom ashyosi | 5% |
| 47. | Ipak chiqindilari | 5% |
| 48. | Ipak ip | 10% |
| 49. | Ipak chiqindilaridan tayyorlangan ip | 10% |
| 50. | Jun | 20% |
| 51. | Jun chiqindilari | 10% |
| 52. | Jun ip | 20% |
| 53. | Paxta tolasi | 5% |
| 54. | Paxta chiqindilari (oʻlik paxta) | 5% |
| 55. | Sintetik, sunʼiy ipdan tayyorlangan chilvir | 10% |
| 56. | Viskoza tolasi (sunʼiy tola) | 5% |
| 57. | Sintetik, sunʼiy toladan eshilgan ip | 10% |
| 58. | Qoʻlda toʻqilgan gilamlar | 40% |
| 59. | Marvarid, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, qimmatbaho metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar | 50% |
| 60. | Arzonbaho metallardan tayyorlanib qimmatbaho metallar bilan qoplangan buyumlar | 40% |
| 61. | Kabel mahsuloti | 20% |
| 62. | Rangli metallar, qotishmalar, prokat va buyumlar | 10% |
| 63. | Aluminiydan qoliplab, quyib tayyorlangan idish | 50% |
| 64. | Rangli metallar chiqindilari va parchalari | 40% |
| 65. | Sanʼat asarlari, kolleksiyalanadigan buyumlar | 100% |
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI IQTISODIY ALOQALAR VAZIRLIGI TOMONIDAN BERILADIGAN LITSENZIYALAR BOʻYICHA EKSPORT VA IMPORT QILINADIGAN (SHU JUMLADAN MDH MAMLAKATLARIDAN KELTIRILADIGAN VA ULARGA CHIQARILADIGAN) MAXSUS TOVARLAR (ISHLAR, XIZMATLAR)
ROʻYXATI
1. Dori-darmonlar, zaharlar, giyohvandlik va psixotrop vositalari.
2. Dori-darmonlar ishlab chiqarish uchun xom ashyo hamda yovvoyi hayvonlar va yovvoyi holda oʻsadigan oʻsimliklardan tayyorlangan tibet tibbiyoti mahsulotlari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet mamlakatlardagi oʻz kasbi boʻyicha faoliyati.
4. Kino, video va audio mahsulotlarini import qilish.
5. Ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari, nou-xau, ixtirolarni eksport qilish.
6. Chet mamlakatlardagi investitsiyalar.
7. Oʻsimliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalari.
8. Qurol-yarogʻlar, harbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun maxsus butlovchi qismlar.
9. Qimmatbaho metallar, qotishmalar, ulardan tayyorlangan buyumlar, qimmatbaho metallar rudalari, konsentratlari, parchalari va chiqindilari, qimmatbaho tabiiy toshlar va ulardan tayyorlangan buyumlar.
10. Uran va boshqa radioaktiv moddalar, ulardan tayyorlangan buyumlar.
11. Radioaktiv moddalardan foydalangan holda tayyorlangan priborlar va asbob-uskunalar.
12. Radioaktiv va portlovchi moddalarning chiqindilari.
EKSPORT QILISH (SHU JUMLADAN MDH MAMLAKATLARIGA CHIQARISH) TAQIQLANGAN BUYUMLAR VA MAHSULOTLAR
ROʻYXATI
1. Davlat resurslaridagi un va yormalar.
2. Chorva mollar, parranda (dekorativlaridan tashqari).
3. Goʻsht, shu jumladan, uning qoʻshimcha mahsulotlari.
4. Mol yogʻi.
5. Yogʻi olingan quruq sut.
6. Choy xom ashyosi, choy.
7. Qand-shakar.
8. Etil spirti.
9. Katta badiiy, tarixiy, ilmiy yoki boshqa madaniy qimmatga ega boʻlgan qadimiy buyumlar (kartinalar, skulpturalar va boshqalar).
Oldingi tahrirga qarang.
10. Teri xom ashyosi (nostandartidan tashqari)
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 20-dekabrdagi PF-1023-sonli Farmoniga muvofiq toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 4-son, 45-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 2-son, 54-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 7-8-son, 160-modda;1998-y., 9-son, 194-modda; 2003-y., 9-10-son, 165-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 49-50-son, 367-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2023-y., 06/23/99/0403-son)