OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
Qarori
ERKIN ALMAShTIRILADIGAN VALYUTAGA EKSPORT QILIShDA IMTIYOZLAR VA PREFERENSIYALARNI QOʻLLASh MAQSADIDA OʻZI IShLAB ChIQARGAN TOVARLARNI (IShLARNI, XIZMATLARNI) ANIQLASh QOIDALARIGA OʻZGARTIRISh KIRITISh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 26-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2195-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2018-yil 2-fevraldagi 17 va 2018-07-sonli “Erkin almashtiriladigan valyutaga eksport qilishda imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllash maqsadida oʻzi ishlab chiqargan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) aniqlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2195-3, 08.02.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 52 (I)-son) muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2011-yil 25-yanvardagi 113, 2010-51-sonli qarori (roʻyxat raqami 2195, 2011-yil 16-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-yil, 7-8-son, 72-modda) bilan tasdiqlangan Erkin almashtiriladigan valyutaga eksport qilishda imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllash maqsadida oʻzi ishlab chiqargan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) aniqlash qoidalarining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Oʻzi ishlab chiqargan tovar deganda, agar ushbu bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, korxona oʻzi tomonidan ishlab chiqarish texnologik jarayonini hisobga olgan holda, oʻziga tegishli boʻlgan yoki jalb etilgan ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanib ishlab chiqarilgan yoki qayta ishlangan mahsulot (jumladan yarim tayyor mahsulot) tushuniladi.
Mahsulot, korxonaning oʻzi ishlab chiqargan tovar hisoblanadigan va ushbu korxona tomonidan qayta ishlash uchun berilgan xomashyodan ishlab chiqarilgan hollarda, oʻzi ishlab chiqargan tovar deb:
xomashyo mulkdori uchun — qayta ishlash natijasidan keyin olingan mahsulot, qayta ishlash xizmatlari uchun qayta ishlangan mahsulotning bir qismi bilan haq toʻlash hollarida esa, mahsulotning qayta ishlaganlik uchun haq sifatida qayta ishlovchi korxona tasarrufida qoladigan qismi chegirib tashlangan holdagi mahsulot;
qayta ishlovchi korxona uchun — qayta ishlash xizmatlari uchun haq sifatida uning tasarrufida qoladigan mahsulot hisoblanadi.
Oʻzi ishlab chiqargan ish (xizmat) deganda korxona tomonidan oʻz kuchi bilan bajarilgan (koʻrsatilgan) ish (xizmat) tushuniladi”.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan kelishilgan.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 28-dekabr,
86-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 28-dekabr,
2011-44-son
Kelishilgan:
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri R. GULYAMOV
2011-yil 28-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 3-4-son, 38-modda)