OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN Evropa Komissiyasi OʻRTASIDA
Memorandum
Indikativ dasturni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro maqsadlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Evropa Komissiyasi, bundan buyon “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Evropa Komissiyasi oʻrtasidagi moliyaviy-texnikaviy hamkorlikka muhim ahamiyat berib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Evropa Komissiyasi oʻrtasidagi mavjud doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga intilib,
quyidagilar boʻyicha hamfikrlikni bildirdilar:
1-modda
Tomonlar Evropa Komissiyasining Markaziy Osiyo uchun 2011 — 2013-yillarga moʻljallangan Indikativ dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi uchun ajratilgan umumiy budjeti 42 mln yevroga teng hamkorlikning quyidagi ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma hamkorlik dasturlarini birgalikda belgilab olish maqsadidalar:
— qishloq xoʻjaligini va mahalliy taraqqiyot dasturlari orqali hayot darajasini oshirish;
— qonun ustuvorligi, sud-huquq islohotlari va mahalliy davlat organlarini qoʻllab-quvvatlash;
— ikki tomonlama savdoni, biznes iqlimni hamda kichik va xususiy biznesni rivojlantirish.
2-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollaridan kelib chiqib mazkur Memorandumga ilova qilingan Oʻzbekiston Respublikasiga oid tegishli qismi boʻlgan Evropa Komissiyasining 2011 — 2013-yillarga moʻljallangan Indikativ dasturi doirasida birgalikda faoliyat va moliyalashtirish uchun yuqoridagi ustuvor yoʻnalishlarda takliflarni taqdim etadi.
Takliflar roʻyxati Tomonlar tarafidan hamkorlikning istiqbolli sohalari sifatida koʻrib chiqiladi.
Hamkorlik mazkur Memorandum ikki tomon imzolagan kundan boshlanadi. Xalqaro huquq normalariga muvofiq Tomonlar uchun majburiyatlar yuklanmaydi.
2011-yil 24-yanvarda Bryussel shahrida, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida imzolandi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2011-y., 1-2-son)