Norasmiy tarjima
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarning inson aʼzosi va toʻqimalari, odam savdosiga qarshi kurashishda hamkorlik toʻgʻrisida
Bitim
Davlatlar — Mustaqil davlatlar hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar hukumatlari timsolida (keyingi oʻrinlarda — Tomonlar),
odam, inson aʼzolari va toʻqimalari savdosining, ayniqsa uning uyushgan shakllarida, rivojlanish koʻlami va tendensiyasidan tashvishlangan holda,
insonning, birinchi navbatda ayollar va bolalarning, hayoti va sogʻligi, huquq va erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati, jamiyat va davlat manfaatlariga tajovuzlardan ishonchli himoya qilishni taʼminlashga, shuningdek ushbu koʻrinishlar bilan kurashishning samarali mexanizmlarini yaratishga intilgan holda,
2000-yil 15-noyabrdagi transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Konvensiyasi qoidalarini va 2000-yil 15-noyabrdagi uni toʻldiruvchi odam, ayniqsa ayollar va bolalar, savdosining oldini olish va chek qoʻyish hamda u uchun jazo toʻgʻrisidagi Bayonnoma va 2000-yil 15-noyabrdagi migrantlarni quruqlik, dengiz va havo orqali noqonuniy tashishga qarshi Bayonnomani inobatga olgan holda,
Xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari va normalariga tayangan holda,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda. Foydalaniladigan atamalar
Mazkur Bitim maqsadlari uchun quyidagi atamalardan foydalaniladi:
odam savdosi — odamlarni yollash, tashish, joʻnatish, yashirib qoʻyish yoki kuch bilan tahdid qilish yoki uni qoʻllash yoki boshqa shakllarda majburlash, oʻgʻirlab ketish, firibgarlik, aldov, mansabini suiisteʼmol qilish yoki holatning qaltisligi yoki sotib olish yoʻli bilan, boshqa shaxsni nazorat qilib turgan shaxs roziligini olish uchun toʻlovlar yoki foyda koʻrinishida ekspluatatsiya qilish maqsadida amalga oshiriladigan faoliyat. Ekspluatatsiya eng kamida boshqa shaxslarning fohishaligidan yoki jinsiy ekspluatatsiyasining boshqa foydalanish shakllari, majburiy mehnat yoki xizmatlar, qulchilik yoki qulchilik bilan oʻxshash odatlar, qaramlik holati yoki ularni sotish maqsadida odam aʼzo va toʻqimalarini olib qoʻyish kiradi;
bolalar — 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;
aʼzo — evolyutsion shakllanishga ega boʻlgan, umumiy funksiya, tashkiliy tuzilish va rivojlanishi bilan birlashtirilgan toʻqimalar majmui, organizm qismi;
toʻqima — umumiy funksiya, tuzilish va (yoki) paydo boʻlishi birlashtirilgan hujayralar va hujayrasiz tarkiblar tizimi.
2-modda. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Bitim maqsadlari quyidagilar hisoblanadi:
kelishilgan strategiyani ishlab chiqish va odam savdosi bilan kurashishda, uni kelib chiqishiga imkon beradigan sabab va sharoitlarga barham berishda, shuningdek odam savdosi qurbonlarini himoya qilish va ularni reabilitatsiya qilishda huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, axboriy va boshqa xarakterdagi qoʻshma kompleks chora-tadbirlar qabul qilish;
odam, ayniqsa ayollar va bolalar, savdosiga qarshi kurashda maksimal samarali natijalarga erishish uchun, barcha davlat organlari, jamoat va boshqa tashkilotlar, shuningdek fuqarolarning kuch va vositalarini birlashtirish.
2. Tomonlar mazkur Bitimga muvofiq oʻzining qonunchiligi va ular ishtirokchilari hisoblanadigan xalqaro shartnomalariga rioya qilgan holda oʻzlarining vakolatli organlari orqali odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarni oldini olishda, aniqlashda, toʻsishda va fosh qilishda, shuningdek odam, ayniqsa ayollar va bolalar, savdosi qurbonlarini himoya qilish va ularni reabilitatsiya qilishda hamkorlikni amalga oshirishadi.
3. Vakolatli organlarning roʻyxatini har bir Tomonning oʻzi belgilaydi va Bitim kuchga kirishi uchun zarur davlat ichki tartib-taomillarini bajarganligi toʻgʻrisidagi xabarni depozitariyga joʻnatadi.
Vakolatli organlarining roʻyxati oʻzgarganligi toʻgʻrisida har bir Tomon bir oy davomida depozitariyni yozma ravishda xabardor qiladi.
4. Tomonlar vakolatli organlarining hududiy boʻlinmalari mazkur Bitim qoidalarini bajarish maqsadida Tomonlar vakolatli organlari bilan belgilangan tartibda bevosita ishchi aloqalar oʻrnatishi mumkin.
3-modda. Hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari
Tomonlar quyidagi asosiy yoʻnalishlarda hamkorlikni amalga oshirishadi:
odam savdosi bilan kurashishda Tomonlarning hamkorlik normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, ushbu sohada milliy qonunchilikni uygʻunlashtirish;
odam savdosi bilan kurashishga qaratilgan, Tomonlar aʼzo hisoblanadigan BMT konvensiyalarining, boshqa xalqaro shartnomalarning qoidalarini bajarish uchun kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
odam savdosi va u bilan kurashish natijalari bilan bogʻliq jinoyatchilik holati va dinamikasini tahlil qilish;
odam, ayniqsa ayollar va bolalar savdosiga qarshi kurashish kelishilgan chora-tadbirlarini qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar, chegara va migratsiya nazorati organlari, ijtimoiy taʼminot, sogʻliqni saqlash va taʼlim, nodavlat va boshqa tashkilotlarning hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish;
odam savdosiga aloqador boʻlgan transmilliy jinoiy guruhlar, ularning rahnomalari, yuridik va jismoniy shaxslar toʻgʻrisida, shuningdek, ehtimol, odam savdosi qurboniga aylangan yoʻqolib qolgan shaxslar toʻgʻrisida qoʻshma maʼlumotlar bankini yaratish;
jinoiy faoliyatga jalb qilingan yoki odam savdosiga sherik boʻlishi mumkin boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyati ustidan nazoratni taʼminlash;
odam, ayniqsa ayollar va bolalar, savdosi qurbonlarini samarali himoya qilish va ularni reabilitatsiya qilishni taʼminlashga oid chora-tadbirlar qabul qilish.
4-modda. Hamkorlikning asosiy shakllari
1. Tomonlar quyidagi asosiy shakllarda hamkorlik olib borishadi:
operativ, kriminalistik, statistik va boshqa maʼlumot bilan almashish, shu jumladan tayyorgarlik koʻrilayotgan va sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi, ushbu qilmishlardan olingan daromadlarni qonuniylashtirish va ularga aloqador jismoniy yoki yuridik shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot almashinish;
tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisida soʻrovnomalarni bajarish;
muvofiqlashtirilgan tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlarni rejalashtirish va amalga oshirish;
normativ-huquqiy hujjatlar, nashrlar va ilmiy-uslubiy materiallarni almashish;
ish tajribasi bilan almashinish, ishchi uchrashuvlar, maslahatlashuvlar, majlislar, amaliy konferensiyalar va seminarlar, shuningdek qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
odam savdosi maqsadida Internet tarmogʻidan foydalanishni oldini olish va toʻxtatish, kelishilgan chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
pasport-viza nazorati maʼlumot tizimlarini joriy qilish tajribasi bilan almashinish;
kadrlar tayyorlashda va mutaxassislarning malakasini oshirishda koʻmak berish;
odam, ayniqsa ayollar va bolalar, savdosi qurbonlarini ijtimoiy va tibbiy reabilitatsiya qilishning yangi metodlarini ishlab chiqish va joriy etish.
2. Mazkur Bitim jinoiy ishlar va fosh qilish boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish masalalariga daxldor emas.
5-modda. Koʻmak berish toʻgʻrisida soʻrovnoma
1. Tomonlar vakolatli organlarining hamkorligi koʻmak berish toʻgʻrisidagi soʻrovnomalarni (keyingi oʻrinlarda — soʻrovnoma) bajarish orqali amalga oshiriladi.
Agar maʼlumot bir Tomon uchun ahamiyat kasb etadi deb hisoblashga asos boʻlsa, u soʻrovnomasiz oʻsha Tomonga taqdim qilinishi mumkin.
2. Soʻrovnoma yozma shaklda joʻnatiladi. Kechiktirib boʻlmaydigan holatlarda soʻrovnoma uch kun muddatdan kechiktirmasdan majburiy yozma ravishda tasdiqlash sharti bilan ogʻzaki berilishi mumkin. Bunda matnni uzatish texnik vositalaridan foydalanish mumkin. Soʻrovnomaning haqiqiyligi yoki mazmuniga shubha paydo boʻlganda, uni qoʻshimcha tasdiqlash talab qilinishi mumkin.
3. Soʻrovnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
a) soʻrovnoma yuborgan va olgan Tomonlar vakolatli organlarining nomlari;
b) soʻrovnoma orqali yuboriladigan materialning qisqacha mazmuni;
v) soʻrovnoma maqsadi va asosini koʻrsatish;
g) zarurat tugʻilganda soʻrovnomani bajarishda alohida tartibni tavsiflash va ushbu zaruratni asoslash;
d) bajarilishi kutilayotgan soʻrovnomaning muddatlari;
e) soʻrovnomani bajarish uchun foydali boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
Soʻrovnoma olgan Tomon vakolatli organi soʻrovnomani bajarish uchun kerak boʻladigan zarur qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilish huquqiga ega.
4. Joʻnatilgan yoki yozma shaklda tasdiqlangan soʻrovnoma soʻrovnoma yuborgan Tomon vakolatli organining rasmiy blankida rahbar yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxs tomonidan imzolangan va mazkur organning gerbli muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
5. Agar soʻrovnoma yuborgan Tomon vakolatli organi soʻrovnomani bajarish zarurati yoʻq boʻlganini aniqlasa, unda mazkur organ bu toʻgʻrisida soʻrovnoma olgan Tomon vakolatli organini zudlik bilan xabardor etishi lozim.
6-modda. Maʼlumotning maxfiyligi
1. Tomonlarning har bir vakolatli organi boshqa Tomon vakolatli organidan olingan maʼlumotlar maxfiyligini taʼminlaydi, shu jumladan agar soʻrovnoma yuborgan Tomon vakolatli organ ularning mazmunini oshkor qilish nomaqbul deb hisoblasa, soʻrovnomani haqiqatdan olganligi va mazmunining maxfiyligini taʼminlaydi.
2. Soʻrovnomani bajarishda maxfiyligini saqlashga imkon boʻlmagan taqdirda, soʻrovnoma olgan Tomon vakolatli organi soʻrovnomani shunday sharoitda bajarish mumkinligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun soʻrovnoma yuborgan vakolatli organiga bu toʻgʻrisida xabar beradi.
7-modda. Soʻrovnomani bajarish
1. Soʻrovnoma olgan Tomon vakolatli organi soʻrovnoma yuborgan Tomon vakolatli organi tomonidan koʻrsatilgan muddatlarda soʻrovnomani toʻliq va sifatli bajarishni taʼminlash uchun barcha zarur choralarni qabul qiladi.
2. Soʻrovnoma olgan Tomon vakolatli organi soʻrovnomani bajarishga toʻsqinlik qiluvchi yoki sezilarli darajada kechiktiradigan holatlar toʻgʻrisida darhol xabardor qiladi.
3. Agar koʻmak berish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani bajarish soʻrovnoma olgan organning vakolatiga kirmasa, unda mazkur organ uni soʻrovnoma olgan Tomon tegishli vakolatli organiga joʻnatadi va bu toʻgʻrisida soʻrovnoma yuborgan Tomon vakolatli organini xabardor qiladi.
4. Soʻrovnomani bajarishda soʻrovnoma olgan Tomon qonunchiligi qoʻllaniladi, biroq, agar bu soʻrovnoma olgan Tomon milliy qonunchiligiga va/yoki xalqaro holatlarga zid boʻlmasa, soʻrovnoma yuborgan Tomon vakolatli organining iltimosiga koʻra uning qonunchiligi qoʻllanishi mumkin.
5. Soʻrovnoma olgan Tomon vakolatli organi soʻrovnoma yuborgan Tomon vakolatli organining iltimosiga koʻra talabnomani bajarishda uning vakillariga ishtirok etish imkonini taqdim qilishi mumkin.
6. Agar soʻrovnoma olgan Tomon soʻrovnomani darhol bajarish uning hududida amalga oshirilayotgan jinoiy taqib qilish yoki boshqa ishni amalga oshirishga xalaqit berishi mumkin boʻlsa, unda soʻrovnomani bajarishni orqaga surishi yoki uning bajarilishini soʻrovnoma yuborgan Tomon bilan konsultatsiyalardan keyin, belgilangan zarur shartlarga rioya qilish bilan bogʻlash mumkin. Agar soʻrovnoma yuborgan Tomon unga taklif qilingan sharoitlarda koʻmak berishga rozi boʻlsa, unda u ushbu shartlarga rioya qilishi lozim.
7. Soʻrovnoma olgan Tomon imkon boricha qisqa muddatda soʻrovnoma yuborgan tomonni soʻrovnomani bajarish natijalari toʻgʻrisida xabardor qiladi.
8-modda. Soʻrovnoma natijalaridan foydalanish
1. Soʻrab olingan va taqdim qilingan soʻrovnomani bajarish natijalari ularni taqdim qilgan vakolatli organ roziligisiz boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin emas.
2. Soʻrovnoma yuborgan Tomon vakolatli organi soʻrovnomani bajarish natijalaridan boshqa maqsadlarda faqat soʻrovnoma olgan Tomon vakolatli organining yozma roziligi bilan foydalanishi mumkin. Bunday hollarda soʻrovnoma yuborgan Tomon vakolatli organi soʻrovnoma olgan Tomon vakolatli organi tomonidan oʻrnatilgan soʻrovnoma natijalaridan foydalanish cheklovlariga rioya qiladi.
9-modda. Uchinchi tomonga maʼlumotlarni yetkazish
Mazkur Bitim asosida bir Tomon vakolatli organlari tomonidan olingan maʼlumotlarni uchinchi tomonga yetkazish uchun, ushbu maʼlumotlarni taqdim qilgan boshqa Tomon vakolatli organining oldindan yozma roziligi talab qilinadi.
10-modda. Soʻrovnomani bajarishni rad qilish
1. Agar soʻrovnoma olgan Tomon vakolatli organi soʻrovnomani bajarish suverenitetga, xavfsizlikka, jamoat tartibiga zarar yetkazishi yoki uning milliy qonunchiligiga va/yoki xalqaro majburiyatlarga zid kelishi, shuningdek fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzishga olib kelishi mumkin deb hisoblasa, koʻmak berishda toʻliq yoki qisman rad qilinishi mumkin.
2. Soʻrovnoma yuborgan Tomon vakolatli organi soʻrovnomani bajarishni toʻliq yoki qisman rad qilinishi toʻgʻrisida rad qilish sababini koʻrsatgan holda darhol xabar beradi.
11-modda. Nizolarni hal qilish
Tomonlar va ularning vakolatli organlari mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash tufayli kelib chiqishi mumkin boʻlgan nizoli masalalarni maslahatlashuv va muzokaralar yoʻli bilan hal qilishadi.
12-modda. Xarajatlar
Agar har bir aniq holatda oldindan boshqacha tartib kelishilmagan boʻlsa, Tomonlar mazkur Bitimni bajarishda yuzaga keladigan xarajatlarni mustaqil qoplashadi.
13-modda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish
Mazkur Bitimdan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishda Tomonlar ushbu sohada faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga intilishadi.
14-modda. Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Mazkur Bitim boshqa xalqaro shartnomalar ishtirokchilari hisoblangan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxldor emas.
15-modda. Idoralararo bitimlar
Mazkur Bitimni tatbiq qilish maqsadida Tomonlarning vakolatli manfaatdor organlari zarurat tugʻilganda idoralararo tusdagi Bitimlar tuzishadi.
16-modda. Yakuniy qoidalar
1. Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur davlat ichki tartib-taomillarini uni imzolagan Tomonlar orqali bajarish toʻgʻrisida uchinchi xabarni depozitariyga saqlash uchun topshirgan sanadan kuchga kiradi.
2. Zarur tartib-taomillarni kechroq bajargan Tomonlar uchun u tegishli hujjatlarni ular tomonidan depozitariyga saqlashga topshirgan sanadan kuchga kiradi.
3. Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligi boʻyicha oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Bunda u mazkur moddada nazarda tutilgan tartibda kuchga kiruvchi va uning ajralmas qismi hisoblanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
4. Mazkur Bitim har bir Mustaqil davlatlar hamdoʻstligiga aʼzo davlat uchun depozitariyga qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjatni yuborish yoʻli bilan qoʻshilish uchun ochiq.
5. Mustaqil davlatlar hamdoʻstligiga kirmaydigan davlatlar uchun, agar depozitariyga tegishli xabar yuborilgandan soʻng Tomonlardan hech biri uch oy ichida eʼtiroznoma yubormasa, qoʻshilish kuchga kirgan hisoblanadi.
6. Tomonlardan har biri mazkur Bitimdan chiqish uchun, depozitariyga kamida olti oy oldin bu toʻgʻrisida yozma xabar yuborishi lozim.
7. Mazkur Bitim 5 yilga tuziladi. Ushbu davr tugashi bilan u keyingi besh yillik davrga avtomatik tarzda uzaytiriladi.
2005-yil 25-noyabrda Moskvada bitta asl nusxada rus tilida amalga oshirildi. Asl nusxasi Mustaqil davlatlar hamdoʻstligining Ijroiya qoʻmitasida saqlanadi va shu yerdan mazkur Bitimni imzolagan har bir davlatga uning tasdiqlangan nusxasi yuboriladi.
(imzolar)