Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
UMUMJAHON POCHTA ITTIFOQINING HUJJATLARIGA MUVOFIQ POCHTA ALOQASINI AMALGA OSHIRISH MAQSADIDA TAYINLANGAN OPERATORNI BELGILASH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasining “Umumjahon pochta ittifoqining Ustaviga Sakkizinchi qoʻshimcha bayonnomani (Jeneva, 2008-yil 12-avgust) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida” 2011-yil 6-sentabrdagi OʻRQ-290-son Qonunini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2011-yil 4-martdagi PQ-1495-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Pochta aloqasi milliy operatori — “Oʻzbekiston pochtasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlariga muvofiq pochta aloqasini amalga oshirish maqsadida tayinlangan operator etib belgilansin.
2. “Oʻzbekiston pochtasi” ochiq aksiyadorlik jamiyatiga Oʻzbekiston Respublikasi hududida Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlaridan kelib chiquvchi majburiyatlarni bajarish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar yuklansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Pochta aloqasi sohasidagi faoliyatni takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 19-iyuldagi 339-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 7-son, 67-modda) 2-bandining beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“pochta joʻnatmalarini, pochta orqali pul mablagʻlari joʻnatmalarini xalqaro ayirboshlashni tashkil etish va amalga oshirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlaridan kelib chiquvchi majburiyatlarni bajarish”.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 12-dekabr,
327-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 50-son, 517-modda)