OʻzbekiSton Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING CHET DAVLATLARDAGI DIPLOMATIYA VAKOLATXONALARI BOSHLIQLARINI TAYINLASH HAMDA CHAQIRIB OLISH TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasining diplomatiya vakolatxonalari boshliqlarini tayinlash hamda chaqirib olish tartibini “Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisida”gi 1961-yildagi Vena Konvensiyasiga hamda boshqa umum eʼtirof etilgan xalqaro huquqiy normalar va qoidalarga muvofiq belgilaydi.
1-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatiya vakolatxonalari boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan tayinlanadi va chaqirib olinadi. Bu masalalarga doir takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining tegishli komiteti (komissiyasi) bilan kelishgan holda qiritadi.
2-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maʼqullagan diplomatiya vakolatxonasi boshligʻining nomzodini Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vakolatxona joylashgan mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga (yozma) taqdim etib, uning roziligini (agreman) soʻraydi.
3-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatiya vakolatxonasi boshligʻini tayinlash vakolatxona joylashgan mamlakatning rasmiy roziligi olinganidan keyin amalga oshiriladi.
Vakolatxona joylashgan mamlakatdan javob olinguncha diplomatiya vakolatxonasi boshligʻi lavozimiga nomzod xususidagi maʼlumotlar maxfiy hisoblanadi.
4-modda.
Favqulodda va Muxtor Elchi yoki Favqulodda va Muxtor Vakil tayinlangan mamlakatga joʻnab ketguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi unga boradigan davlatining rahbariga topshirishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti imzolagan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri imzosi bilan tasdiqlagan ishonch yorligʻini tayyorlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining Ishonchli Vakiliga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining mazkur diplomatiya namoyandasini qabul qiluvchi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi nomiga yozilgan maktubi beriladi.
5-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatiya vakolatxonasi boshligʻi quyidagi hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan chaqirib olinadi:
a) diplomatiya vakolatxonasi boshligʻi almashtirilganda;
b) diplomatiya vakolatxonasi boshligʻi nomaqbul shaxs (persona non grata) deb eʼlon qilinganda;
v) davlatlar oʻrtasidagi diplomatiya munosabatlari uzilganda;
g) davlatlar oʻrtasida urush holati eʼlon qilinganda;
d) davlat xalqaro huquq subyekti sifatida yoʻqolganida.
6-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatiya vakolatxonalarining boshqa aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining buyruqlari bilan tayinlanadilar va chaqirib olinadilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 3-iyul,
649-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y.,9-son, 349-modda)