Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
EKSPORT OPERATSIYALARINI “BIR DARCHA” TAMOYILI BOʻYICHA AMALGA OSHIRISH MEXANIZMINI BOSQICHMA-BOSQICH JORIY ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati erkinligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 25-avgustdagi PQ-1604-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek eksport operatsiyalarini amalga oshirish mexanizmini yanada soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2011-yil 1-oktabrdan boshlab “bir darcha” tamoyili boʻyicha eksportga yetkazib berishlar bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirish mexanizmining bosqichma-bosqich joriy etilishi tajriba tariqasida roʻyobga chiqarilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Bir darcha” tamoyili boʻyicha eksportga yetkazib berishlar bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirish mexanizmi toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Bir darcha” tamoyili boʻyicha eksportga yetkazib berishlar bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirish mexanizmi joriy etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bir vaqtning oʻzida, tovarlarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikatni, veterinariya, fitosanitariya, gigiyena sertifikatlarini berish va bojxonada rasmiylashtirish bilan birga, “bir darcha” tamoyili boʻyicha eksportga yetkazib berishlar bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirish mexanizmini joriy qilish uchun masʼul organ etib belgilansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-dekabrdagi 414-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 604-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Markaziy banki tegishli sertifikatlarni berish uchun va “bir darcha” tamoyili boʻyicha eksportga yetkazib berishlar bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirish mexanizmi joriy etiladigan tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida toʻlovlarni qabul qilish boʻyicha vakolatli banklar boʻlimlari uchun kamida ikki nafar vakolatli vakilning faoliyat yuritishini taʼminlasinlar.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-iyuldagi 499-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 693-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda 2012-yil 1-aprelgacha barcha xizmatlarning yagona elektron maʼlumotlar bazasi shakllantirilishini nazarda tutgan holda onlayn rejimida eksport operatsiyalarni bojxonada rasmiylashtirishning birxillashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha zarur tayyorgarlik chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-iyuldagi 499-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 693-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi “bir darcha” tamoyili boʻyicha eksport operatsiyalarini rasmiylashtirish mexanizmini joriy etish natijalari toʻgʻrisidagi tahliliy axborotni hamda tegishli qonun hujjatlari normalarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflarni 2012-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining barcha tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlariga 2012-yil 1-apreldan boshlab onlayn rejimida elektron shakldagi hujjatlarni taqdim etgan holda “bir darcha” tamoyili boʻyicha eksportga yetkazib berishlar bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirish mexanizmi joriy etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 17-noyabr,
305-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi 305-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Bir darcha” tamoyili boʻyicha eksportga yetkazib berishlar bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirish mexanizmi toʻgʻrisida
Vaqtinchalik nizom
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Vaqtinchalik nizom bir vaqtning oʻzida, tovarlarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikatni, veterinariya, fitosanitariya, gigiyena sertifikatlarini berish va bojxonada rasmiylashtirish bilan birga, “bir darcha” tamoyili boʻyicha eksportga yetkazib berishlar bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirish mexanizmini belgilaydi.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-dekabrdagi 414-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 604-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Eksport tovarlarini sertifikatsiyalash va bojxonada rasmiylashtirish tartibotlaridan oʻtish sxemasi ushbu Vaqtinchalik nizomga 1-ilovada keltirilgan.
Ushbu Vaqtinchalik nizom qonun hujjatlarida belgilanadigan tovarlarning alohida toifalarini eksport qilish uchun qoʻshimcha ruxsatnoma hujjatlari (litsenziya, ruxsatnoma) olish bilan bogʻliq boʻlgan eksport tartibotlarini amalga oshirish mexanizmiga joriy etilmaydi.
2. Mazkur Vaqtinchalik nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
“bir darcha” tamoyili — tovarlarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikatni, veterinariya, fitosanitariya, gigiyena sertifikatlarini berish va eksport qilinadigan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish (keyingi oʻrinlarda sertifikatsiyalash va bojxona rasmiylashtiruvi deb yuritiladi) uchun eksportga yetkazib berishlar bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirishning soddalashtirilgan mexanizmi, bunda arizachi arizaning yagona shaklini toʻldiradi va uni zarur hujjatlarni ilova qilgan holda “bir darcha” tamoyili boʻyicha eksport tartibotlarini rasmiylashtirish joriy etiladigan tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida (keyingi oʻrinlarda TIF bojxona postlari deb yuritiladi) faoliyat yurituvchi manfaatdor vazirliklar va idoralarning vakolatli vakillariga taqdim etadi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-dekabrdagi 414-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 604-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
arizachi — eksport qiluvchi va/yoki deklarant va/yoki bojxonada rasmiylashtirish mutaxassisi;
arizaning yagona shakli — sertifikatsiyalash va bojxonada rasmiylashtirish uchun hujjatlarni berishda arizachi tomonidan toʻldiriladigan shakl.
II. Sertifikatsiyalash va bojxonada rasmiylashtirish tartibi
3. Arizachi eksport qilinadigan tovarlarni sertifikatsiyalash va bojxonada rasmiylashtirish uchun ushbu Vaqtinchalik nizomga 2-ilovaga muvofiq yagona shakl boʻyicha arizani toʻldiradi.
4. TIF bojxona postlarida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzbekekspertiza” OAJ (keyingi oʻrinlarda vakolatli sertifikatsiya organlari deb ataladi) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining vakillari doimiy ravishda faoliyat yuritadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Bir darcha” tamoyili boʻyicha sertifikatsiyalash va bojxonada rasmiylashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi.
6. Birinchi bosqichda arizachi oladigan sertifikatning turiga qarab TIF bojxona postlaridagi vakolatli sertifikatsiya organlariga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda yagona shakldagi arizani taqdim etadi:
Oldingi tahrirga qarang.
a) tovarlarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikatni olish uchun (Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi huzuridagi “Oʻzekspertiza” AJ):
(6-bandning “a” kichik bandi birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-iyuldagi 499-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 693-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
eksport kontrakti nusxasi;
yuklanadigan tovarga schyot-faktura nusxasi;
eksport qilinadigan tovarni tayyorlovchi, ishlab chiqarishda foydalanilgan xom ashyoning kelib chiqishi va komponentlari (xom ashyo yetkazib berishga shartnomalar, schyot-fakturalar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tasdiqlaydigan hujjatlarning nusxalari;
texnologik jarayonlarni tartibga soluvchi hujjatlarning nusxalari.
Tovarlar kelib chiqqan mamlakatni, ishlab chiqarish jarayonida foydalanilgan import qilingan komponentlar, xom ashyo-materiallar, butlovchi va ehtiyot qismlarni aniqlash boʻyicha murojaat qilingan taqdirda — yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarga qoʻshimcha ravishda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
Yukning bojxona deklaratsiyasi nusxasi;
materiallar va qoʻshilgan qiymatning foizdagi ulushini aniqlash uchun tovarning tannarxi hisob-kitobi;
tovar pozitsiyasining tovarni qayta ishlash natijasida yuzaga kelgan birinchi toʻrtta belgisidan biri darajasida TIF TN boʻyicha oʻzgarishini asoslab berish;
sertifikatni rasmiylashtirish xizmatlari uchun toʻlovlar toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati;
b) veterinariya sertifikatini olish uchun (Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi):
Keyingi tahrirga qarang.
eksport qilishga Davlat veterinariya bosh boshqarmasining ruxsatnomasi;
Keyingi tahrirga qarang.
nazoratdagi yukni tranzit qilishga veterinariya ruxsatnomasi;
veterinariya guvohnomasi;
sertifikatni rasmiylashtirish xizmatlari uchun toʻlovlar toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati;
Oldingi tahrirga qarang.
v) fitosanitariya sertifikatini olish uchun (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi):
(6-bandning “v” kichik bandi birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi 933-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2017-y., 09/17/933/0303-son)
Keyingi tahrirga qarang.
import qiluvchi mamlakatning (alohida mamlakatlar uchun hukumatlararo bitimga asosan) import qilishga karantin ruxsatnomasi;
tranzitga ruxsatnoma (alohida mamlakatlar uchun);
fitosanitariya karantin sertifikati;
zararsizlantirish toʻgʻrisidagi dalolatnoma;
Keyingi tahrirga qarang.
sertifikatni rasmiylashtirish xizmatlari uchun toʻlovlar toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati;
g) gigiyena sertifikatini olish uchun (Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi):
Keyingi tahrirga qarang.
Davlatlararo standart (GOST), Oʻzbekiston Respublikasi Davlat standarti (OʼzDSt)ga mos boʻlgan tovarni sertifikatsiyalashni tartibga soladigan normativ hujjat nusxasi;
sertifikatni rasmiylashtirish xizmatlari uchun toʻlovlar toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Vakolatli sertifikatsiya organlari vakillari:
taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligi va ularda uchraydigan nomuvofiqlikni aniqlash uchun ularni darhol koʻrib chiqadilar;
taqdim etilgan hujjatlar belgilangan talablarga mos kelganda ularni qabul qiladilar;
kamchiliklar aniqlanganda arizachiga yagona shakldagi arizada kamchiliklarni koʻrsatgan holda kamchiliklarni bartaraf etish uchun hujjatlarni qaytaradilar.
8. Vakolatli sertifikatsiya organlari vakillari ariza qabul qilingan kun mobaynida, eksport uchun moʻljallangan tovarlardan belgilangan tartibda namunalar oladilar va tovarlar namunalarini hamda hujjatlarni tegishli sinov laboratoriyalariga va/yoki vakolatli organlarga yuboradilar.
9. Eksportga moʻljallangan tovarlar uchun laboratoriya sinovlari, ekspertizadan oʻtkazish va tegishli sertifikatlar berish muddati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan tashqari, koʻpi bilan 3 ish kunini tashkil etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini eksport qilishda:
tovarning kelib chiqishi sertifikatini berish muddati 3 ish kunidan oshmaydi;
laboratoriya sinovlarini oʻtkazish va boshqa tegishli sertifikatlarni berish muddati 5 ish kunidan oshmaydi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 31-iyuldagi 232-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 31-son, 357-modda)
10. Laboratoriya sinovlari yakunlari boʻyicha ijobiy natija olingan taqdirda vakolatli sertifikatsiya organlari vakillari bir ish kuni mobaynida arizachiga bevosita TIF bojxona postida tegishli sertifikatlarni beradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Ikkinchi bosqichda arizachi eksport uchun moʻljallangan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish uchun davlat bojxona xizmati organlari xodimiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
kontrakt (shartnoma, bitim), tegishli vakolatli organlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan birja kontaktlari bundan mustasno;
Keyingi tahrirga qarang.
yukning bojxona deklaratsiyasi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish yoʻli bilan tovarlarni deklaratsiyalash hollari bundan mustasno;
tovarlarga ilova qilinadigan hujjatlar.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-dekabrdagi 414-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 604-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
12. Davlat bojxona xizmati organi xodimi:
taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligi va ularda uchraydigan nomuvofiqlikni aniqlash uchun ularni darhol koʻrib chiqadi;
taqdim etilgan hujjatlar belgilangan talablarga mos kelganda ularni qabul qiladi;
kamchiliklar aniqlanganda arizachiga yagona shakldagi arizada kamchiliklarni koʻrsatgan holda kamchiliklarni bartaraf etish uchun hujjatlarni qaytaradi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini roʻyxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan oʻtkazishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-noyabrdagi PF-5215-son va “Tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlar eksport qilinishini ragʻbatlantirish va raqobatbardoshligini taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 15-dekabrdagi PF-5286-son Farmonlariga 1-ilovalarda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-noyabrdagi PQ-3351-son qaroriga ilovada nazarda tutilgan tovarlar uchun eksport kontraktlari (qonun hujjatlariga muvofiq eksport kontraktlariga tenglashtirilgan kontraktlardan tashqari) Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmatlari organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hisobga qoʻyiladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-fevraldagi 102-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.02.2018-y., 09/18/102/0685-son)
Keyingi tahrirga qarang.
14. Davlat bojxona xizmati organi xodimi eksport qilinadigan tovarlarning yuklab joʻnatishga tayyorligiga qarab, ularni va transport vositalarini bojxona tekshiruvidan oʻtkazadi, shuningdek eksport qilinadigan tovarlarni va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvini bir ish kuni mobaynida amalga oshiradi.
15. Vakolatli sertifikatsiya organlari va davlat bojxona xizmati organlari tomonidan mazkur Vaqtinchalik nizomning 6 va 11-bandlarida koʻrsatilmagan qoʻshimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
16. Hujjatlarni qayta koʻrib chiqishda vakolatli sertifikatsiya organlari va davlat bojxona xizmati organlari tomonidan yagona shakldagi arizada ilgari bayon qilinmagan yangi eʼtiroz bilan daʼvo bildirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
III. Yakunlovchi qoidalar
17. Arizachidan sertifikatsiya va bojxonada rasmiylashtirish hujjatlari vakolatli sertifikatsiya organlari hamda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan butun ish kuni (soat 9:00 — 18:00) davomida qabul qilinadi.
18. Mazkur Vaqtinchalik nizomning buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
“Bir darcha” tamoyili boʻyicha eksportga yetkazib berishlar bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirish mexanizmi toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Eksport tovarlarini sertifikatsiyalash va bojxonada rasmiylashtirish tartibotlaridan oʻtish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-dekabrdagi 414-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 604-modda)
“Bir darcha” tamoyili boʻyicha eksportga yetkazib berishlar bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirish mexanizmi toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi 305-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Bir darcha” tamoyili boʻyicha eksportga yetkazib berishlar bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirish mexanizmi joriy etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari
ROʻYXATI
|
Bojxona postlari nomi |
Post kodi |
Davlat bojxona qoʻmitasining hududiy boshqarmalari |
| “Nukus” TIF | 35002 | Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi |
| “Andijon” TIF | 03011 | Davlat bojxona qoʻmitasining Andijon viloyati boshqarmasi |
| “Buxoro-2” TIF | 06006 | Davlat bojxona qoʻmitasining Buxoro viloyati boshqarmasi |
| “Jizzax” TIF | 08004 | Davlat bojxona qoʻmitasining Jizzax viloyati boshqarmasi |
| “Qashqadaryo” TIF | 10001 | Davlat bojxona qoʻmitasining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi |
| “Tinchlik” TIF | 12001 | Davlat bojxona qoʻmitasining Navoiy viloyati boshqarmasi |
| “Namangan” TIF | 14010 | Davlat bojxona qoʻmitasining Namangan viloyati boshqarmasi |
| “Samarqand” TIF | 18005 | Davlat bojxona qoʻmitasining Samarqand viloyati boshqarmasi |
| “Guliston” TIF | 24009 | Davlat bojxona qoʻmitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasi |
| “Termiz” TIF | 22005 | Davlat bojxona qoʻmitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasi |
| “Chirchiq” TIF | 27014 | Davlat bojxona qoʻmitasining Toshkent viloyati boshqarmasi |
| “Vodiy” TIF | 30003 | Davlat bojxona qoʻmitasining Fargʻona viloyati boshqarmasi |
| “Urganch” TIF | 33007 | Davlat bojxona qoʻmitasining Xorazm viloyati boshqarmasi |
| “Toshkent-tovar” TIF | 26002 | Davlat bojxona qoʻmitasining Toshkent shahar boshqarmasi |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 45-46-son, 478-modda; 2012-y., 31-son, 357-modda; 2013-y., 2-son, 24-modda; 2016-y., 52-son, 604-modda; 2017 y, 29-son, 693-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2017-y., 09/17/933/0303-son; 09.02.2018-y., 09/18/102/0685-son, 28.05.2018-y., 10/18/392/1277-son, 26.11.2018-y., 06/18/5582/2220-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; 01.04.2019-y., 09/19/269/2861-son, 28.06.2019-y., 09/19/532/3344-son, 19.09.2019-y., 09/19/787/3770-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son, 20.11.2021-y., 09/21/694/1075-son, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son; 30.01.2025-y., 09/25/48/0093-son)