Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ALISHER NAVOIY NOMIDAGI OʻZBEKISTON MILLIY KUTUBXONASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH VA “MAʼRIFAT MARKAZI” BINOSIDAN SAMARALI FOYDALANISHNI TAʼMINLASH TOʻGʻRISIDA
Mamlakatning yirik axborot va madaniyat markazi sifatida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi faoliyatini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining zamonaviy talablarini hisobga olgan holda takomillashtirish, aholining intellektual ehtiyojlarini eng yuqori darajada qondirishga yoʻnaltirilgan prinsipial jihatdan yangi axborot-kutubxona muassasasini tashkil etish, madaniy, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni saqlash va koʻpaytirish, shuningdek yagona ijtimoiy-madaniy va oʻquv-taʼlim markazi sifatida “Maʼrifat markazi” binosining zarur darajada faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligi huzurida “Maʼrifat markazi” binosidan foydalanish va binoga tutash hududga xizmat koʻrsatish boʻyicha ixtisoslashtirilgan direksiya” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda Ixtisoslashtirilgan direksiya deb ataladi) tashkil etilsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
belgilangan meʼyorlar va standartlarga muvofiq “Maʼrifat markazi” binosidan ehtiyotlab va samarali foydalanish hamda binoning infratuzilmasini, unga tutash hududning obodonlashtirilganligi va tozaligini zarur darajada saqlash, shuningdek dov-daraxtlarni doimiy parvarish qilishni taʼminlash;
binoni saqlashning murakkab texnologik asbob-uskunalari, axborot va muhandislik-kommunikatsiya tizimlarining zarur tarzda ishlashini taʼminlash, foydalanilayotgan mashinalar, mexanizmlar va inshootlarga oʻz vaqtida texnik xizmat koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda hamda manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning buyurtmalari asosida xavfsizlik va huquq-tartibotning belgilangan talablariga rioya etib “Maʼrifat markazi” binosida xalqaro simpoziumlar, kongresslar va konferensiyalar oʻtkazilishiga koʻmaklashish.
2. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda Toshkent shahar hokimligining “Maʼrifat markazi” binosini belgilangan tartibda Ixtisoslashtirilgan direksiya balansiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Toshkent shahar hokimligi (Usmonov) bir oy muddatda:
Ixtisoslashtirilgan direksiya ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Ixtisoslashtirilgan direksiya direktorini tayinlasin;
“Maʼrifat markazi” binosining davlat qabul komissiyasi dalolatnomasi natijalaridan kelib chiqib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Ixtisoslashtirilgan direksiyaning shtat jadvalini va xodimlarining lavozim maoshlari miqdorlarini tasdiqlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kompleks tadbirlarni, shu jumladan “Maʼrifat markazi” binosidan foydalanishda xavfsizlik va huquq-tartibotning belgilangan talablariga rioya etish tadbirlarini amalga oshirsin.
4. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Ixtisoslashtirilgan direksiya uchun 3 ta transport vositasini (ulardan 2 tasi — yengil avtomashina) sotib olish Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
joriy xizmat koʻrsatish hamda konditsionerlashtirish va ventilyatsiya tizimlari profilaktikasi, energiya taʼminoti, kompyuter va koʻtarish-tashish asbob-uskunalari, qoʻriqlash signalizatsiyasi va infratuzilmaning boshqa elementlari boʻyicha tadbirlar, shuningdek binolarni mukammal tozalash, hududni koʻkalamzorlashtirish va oʻsimliklarni parvarish qilish ishlari, qoidaga koʻra, Ixtisoslashtirilgan direksiya xarajatlari smetasida nazarda tutilgan budjet mablagʻlari hisobiga, shartnoma asosida ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
5. “Maʼrifat markazi” binosiga Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi (keyingi oʻrinlarda Milliy kutubxona deb ataladi) joylashtirilsin.
6. Belgilansinki:
a) Milliy kutubxona faoliyati:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
pulli xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan mablagʻlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
b) Milliy kutubxonaga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshchilik qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza, axborot tizimlari va telekommunikatsiya masalalari kompleksi (A.N. Aripov) tashkil etilgan asosan yangi tashkiliy shart-sharoitlarni va “Maʼrifat markazi” binosini qurishda foydalanilgan texnologik yechimlarni hisobga olgan holda jahon standartlari darajasidagi axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshirish uchun Milliy kutubxona faoliyatini tashkil etish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutadigan amaliy chora-tadbirlar koʻrsin:
Keyingi tahrirga qarang.
zarur axborotdan foydalanish imkonini berish bilan birga bilishga doir qiziqishlarni shakllantirish va Milliy kutubxona huzuridagi muzey, koʻrgazmalar zali va kinomarkazda tashrif buyuruvchilarning madaniy dam olishini tashkil etish imkonini beradigan yagona ijtimoiy-madaniy va oʻquv-taʼlim markazi sifatida kutubxona faoliyatini tashkil etish;
foydalanuvchilarning, shu jumladan imkoniyatlari cheklangan foydalanuvchilarning eng zamonaviy kompyuter texnikasi, axborot kioskalari va virtual maʼlumotnoma xizmatlari bilan jihozlangan kutubxonaning qiroatxona zalida hamda Wi-Fi maʼlumotlar uzatishning simsiz texnologiyalaridan va internetdan foydalangan holda kutubxona tashqarisida milliy va jahon axborot resurslaridan qulay foydalanishi uchun zamonaviy shart-sharoitlarni taʼminlash;
maxsus dasturiy komplekslarni joriy etish asosida kutubxona faoliyatining barcha jarayonlarini avtomatlashtirish, shu jumladan axborot-kutubxona resurslarini toʻldirish, ilmiy qayta ishlash, saqlash hamda qogʻoz va elektron shakllarda foydalanuvchilarga berish, shuningdek milliy elektron resurslarni, yigʻma elektron katalogni shakllantirish hamda korporativ, milliy tarmoqlarni va boshqa tarmoqlarni respublikaning yagona elektron axborot-kutubxona resursiga integratsiyalash;
matnlarni elektron formatga oʻtkazishning jahon darajasidagi yangi ilgʻor texnologiyalarini qoʻllagan, nodir kitoblar va manuskriptga maxsus ishlov bergan va ularni tegishli sharoitlarda saqlagan holda milliy axborot-kutubxona resurslarini, shu jumladan noyob va alohida qimmatli nashrlarni saqlash, konservatsiya qilish va taʼmirlash.
8. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Milliy kutubxona bilan birgalikda bir oy muddatda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif buyurish va uning axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish qoidalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
9. Milliy kitob palatasi va Milliy kutubxonaning milliy bibliografiya boʻlimi ularning funksiyalarini maqbullashtirish va Milliy kutubxona tuzilmasida milliy bibliografiya va davlat bibliografik hisobga olish boʻlimi hamda kitoblar va davriy nashrlarning xalqaro standart raqamlari boʻlimi (ISBN va ISSN)ni tashkil qilish yoʻli bilan qayta tashkil etilsin.
10. Quyidagilar:
“Maʼrifat markazi” binosidan foydalanish va binoga tutash hududga xizmat koʻrsatish boʻyicha ixtisoslashtirilgan direksiya” davlat muassasasining xodimlarning cheklangan soni 55 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 5 nafar boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining xodimlarning cheklangan soni 148 nafar boʻlgan, shu jumladan boshqaruv xodimlari 12 nafar boʻlgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi toʻgʻrisidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Madaniyat va sport” tarmogʻi boʻyicha budjet mablagʻlari doirasida 2011-yilda Milliy kutubxona va Ixtisoslashtirilgan direksiya taʼminotiga zarur sarf-xarajatlarni moliyalashtirsin, 2012-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida ushbu maqsadlar uchun tegishli mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2002-yil 12-apreldagi 123-son qarorining 1, 2 va 10-bandlari hamda qarorga 1 va 2-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 14-noyabr,
302-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 14-noyabrdagi 302-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Maʼrifat markazi” binosidan foydalanish va binoga tutash hududga xizmat koʻrsatish boʻyicha ixtisoslashtirilgan direksiya” davlat muassasasining
tuzilmasi
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 14-noyabrdagi 302-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi
TUZILMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 14-noyabrdagi 302-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi (keyingi oʻrinlarda Milliy kutubxona deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasida milliy va jahon madaniyatini, fan va taʼlimni rivojlantirish manfaatlari yoʻlida axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etuvchi va amalga oshiruvchi umumdavlat universal axborot-kutubxona muassasasi hisoblanadi.
2. Milliy kutubxona Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufida boʻladi.
3. Milliy kutubxona oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Milliy kutubxonaning axborot-kutubxona fondi davlat mulki hisoblanadi.
5. Milliy kutubxonaning nashrlarning majburiy nusxasini olish hisobiga shakllantiriladigan, shuningdek nodir va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslari saqlanadigan axborot-kutubxona fondi milliy qadriyatlar hisoblanadi va moddiy madaniy meros obyekti sifatida saqlanishi kerak.
6. Milliy kutubxona axborot-kutubxona fondlarini va boshqa axborot-kutubxona resurslarini saqlash hamda ulardan foydalanishning maxsus rejimini, shuningdek ulardan foydalanish rejimini belgilaydi.
7. Nodir va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslari saqlanishini taʼminlash maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda Milliy kutubxonaga tashrif buyurish va undan foydalanish qoidalarida kutubxonaning axborot-kutubxona fondlaridan foydalanishda cheklashlar belgilanishi mumkin. Milliy kutubxonada mavjud boʻlgan, cheklangan tartibda foydalaniladigan axborot-kutubxona resurslari toʻgʻrisidagi axborotdan hamma foydalanishi mumkin.
8. Milliy kutubxona yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga, banklarda hisob-kitob raqamlariga va boshqa hisob raqamlariga ega boʻladi.
9. Milliy kutubxonaning joylashgan manzili: Toshkent shahri, Istiqlol koʻchasi, “Maʼrifat markazi” binosi.
II. Asosiy vazifalari
10. Quyidagilar Milliy kutubxonaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda qatnashish;
foydalanuvchilarning axborot-kutubxona resurslaridan foydalanishini taʼminlash;
foydalanuvchilarning intellektual, maʼnaviy-axloqiy va taʼlimga oid axborotlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
milliy madaniyatning tiklanishiga va yanada rivojlanishiga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosini saqlash;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona resurslaridan oʻzaro foydalanilishini taʼminlash.
Milliy kutubxona barcha idoralarning axborot-kutubxona muassasalari uchun respublika metodik markazi hisoblanadi.
III. Asosiy funksiyalari
11. Milliy kutubxona oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
axborot-kutubxona faoliyati sohasida davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashadi;
axborot-kutubxona fondini shakllantiradi, uning saqlanishini taʼminlaydi hamda foydalanuvchilarga milliy va xorijiy nashrlarning eng toʻliq toʻplamini qonun hujjatlariga muvofiq taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasida chiqariladigan nashrlarning majburiy nusxalarini, shuningdek dissertatsiyalar nusxalarini oladi;
Oʻzbekiston Respublikasida chiqariladigan nashrlarning davlat bibliografik hisobini va statistika nazoratini yuritadi;
Oʻzbekiston Respublikasida chiqariladigan nashrlarga ISBN, ISSN tizimi boʻyicha kitob va davriy nashrlarning xalqaro standart tartib raqamlarini beradi;
elektron kutubxonani va elektron katalogni shakllantiradi;
kutubxonachilik ishlari, bibliografiyashunoslik, kitob ishlari sohasida ilmiy-tadqiqot va ilmiy-metodik ishlarni olib boradi va muvofiqlashtiradi;
nodir va alohida qimmatga ega boʻlgan axborot-kutubxona resurslarini saqlash, konservatsiya va restavratsiya qilish ishlarini amalga oshiradi;
yigʻma elektron katalogni shakllantiradi va yuritadi;
axborot-kutubxona resurslaridan oʻzaro foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
Milliy kutubxona qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
IV. Milliy kutubxonaning huquqlari
12. Milliy kutubxona quyidagi huquqlarga ega:
“Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va ushbu Nizomga muvofiq oʻz axborot-kutubxona faoliyatining mazmuni va aniq shakllarini belgilash;
belgilangan tartibda noshirlik va matbaa faoliyatini amalga oshirish;
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan tasdiqlangan vaqtinchalik narxlar preyskurantiga muvofiq axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida pulli axborot-kutubxona xizmatlari koʻrsatish;
kutubxonadan foydalanuvchilar tomonidan yetkazilgan zararning turlarini va undirish miqdorlarini qonun hujjatlariga hamda Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan tasdiqlangan Milliy kutubxonadan foydalanish qoidalariga muvofiq belgilash;
oʻz axborot-kutubxona fondlaridan, ularning toʻliqligi va butligiga xilof yetkazmasdan axborot-kutubxona resurslarining ortiqcha soni va nusxalarini hisobdan chiqarish, shuningdek ularni Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan kelishilgan axborot-kutubxona resurslarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga muvofiq hamda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarini hisobga olgan holda sotish;
Milliy kutubxonaning axborot-kutubxona faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan mol-mulkni xarid qilish yoki ijaraga olish;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuziladigan shartnomalar asosida Milliy kutubxonaning axborot-kutubxona fondlaridan foydalanish shartlarini belgilash;
oʻz vakolatlari doirasida xalqaro axborot-kutubxona muassasalari va tashkilotlari, shuningdek xorijiy mansabdor va xususiy shaxslar bilan aloqalarni amalga oshirish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
yuridik va jismoniy shaxslarga nashrlarni identifikatsiya qilish boʻyicha maslahatlar berish, ularni, shu jumladan milliy qadriyatlarga, moddiy madaniy meros obyektlariga mansub nashrlarni ekspertizadan oʻtkazish va baholash;
axborot-kutubxona faoliyati masalalarini koʻrib chiqish uchun doimiy va vaqtinchalik komissiyalar, kengashlar tashkil etadi.
Milliy kutubxona oʻz vakolatlari doirasida, yuklangan vazifalardan kelib chiquvchi boshqa huquqlarga ham ega.
V. Milliy kutubxonani boshqarish
13. Milliy kutubxona faoliyatiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.
14. Direktor:
Milliy kutubxonaga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Milliy kutubxonaning shtatlar jadvalini, uning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda direktor oʻrinbosarlarini va ilmiy kotibni lavozimga tayinlaydi;
oʻz oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Milliy kutubxona xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi, ular bilan mehnat shartnomalari (kontraktlari) tuzadi va ularning amal qilishini toʻxtatadi;
qonun hujjatlariga muvofiq Milliy kutubxona xodimlarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini koʻradi va ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllaydi;
belgilangan tartibda Milliy kutubxonaning mol-mulki va mablagʻlarini tasarruf etadi, ishlab chiqarish va ijtimoiy vazifalarni hal etish uchun kutubxonaning axborot-kutubxona resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlaydi;
Milliy kutubxonaning moddiy-texnika bazasini zarur darajada saqlash va rivojlantirish, kutubxona foydalanuvchilari va xodimlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini belgilangan tartibda amalga oshiradi, axborot-kutubxona fondlari va maʼlumotnomalar apparati, alohida qimmatli va nodir axborot-kutubxona resurslari toʻplamlari, shuningdek binolar, inshootlar, asbob-anjomlar, Milliy kutubxonaning boshqa mol-mulki saqlanishi va ulardan zarur darajada foydalanilishi uchun javob beradi.
15. Milliy kutubxonada maslahat organi sifatida yetakchi olimlar, kutubxona va boshqa ilmiy tashkilotlar mutaxassislaridan shakllantiriladigan Ilmiy kengash faoliyat koʻrsatadi. Milliy kutubxona direktori Ilmiy kengash raisi hisoblanadi, u Ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizomni hamda uning tarkibini, shuningdek Ilmiy kengash faoliyatini tartibga soluvchi boshqa hujjatlarni tasdiqlaydi.
VI. Milliy kutubxonaning mol-mulki va mablagʻlari
16. Ushbu Nizomda nazarda tutilgan faoliyatni taʼminlash uchun Milliy kutubxona qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini amalga oshiradi.
17. Milliy kutubxonaning moliyaviy mablagʻlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
pulli xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan mablagʻlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi.
18. Milliy kutubxonani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 45-46-son, 475-modda; 2012-y., 14-son, 157-modda, 36-son, 412-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2018-y., 09/18/1038/0508-son; 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)