Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2001-YILNING 1-AVGUSTIDAN BOSHLAB ISH HAQI, PENSIYALAR, STIPENDIYALAR VA IJTIMOIY NAFAQALAR MIQDORINI OSHIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika aholisining turmush darajasini yanada oshirish va fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida:
1. 2001-yilning 1-avgustidan boshlab:
budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, barcha turdagi ijtimoiy nafaqalar, oliy oʻquv yurtlari talabalarining, oʻrta maxsus va hunar-texnika bilim yurtlari oʻquvchilarining stipendiyalari oʻrta hisobda 1,4 baravar;
barcha turdagi pensiyalar — oʻrta hisobda 1,45 baravar oshirilsin.
2. 2001-yilning 1-avgustidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida:
eng kam ish haqi — oyiga 3430 soʻm;
yoshga doir pensiya — oyiga 6780 soʻm;
yagona tarif setkasi boʻyicha boshlangʻich (nulinchi) razryad — oyiga 3430 soʻm;
bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 6780 soʻm;
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi hamda mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 4110 soʻm miqdorida belgilansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, ish haqiga qoʻshiladigan ustama va qoʻshimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek pensiyalar, ikki yoshgacha boʻlgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarga, bolalik oilalarga beriladigan nafaqalar hamda eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan boshqa toʻlovlar 2001-yil 1-avgustdan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, budjetdan moliyalanadigan tashkilot va muassasalar bilan birgalikda mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda pensiyalap, nafaqalar, stipendiyalar hamda budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining mansab maoshlarini oʻz vaqtida qayta hisoblab chiqishni taʼminlasinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birga Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda mazkur Farmonda ish haqi 1,4 baravar oshirilishi koʻzda tutilganligini hisobga olib, vrachlar, kichik va oʻpta tibbiyot xodimlari ish haqining yangi miqdorlarini, shuningdek mehnatga haq toʻlash Yagona tarif setkasi boʻyicha bir razryad oshirilishini tasdiqlasin.
5. Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqa va stipendiyalarning oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlar tegishli ravishda respublika davlat budjeti va budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda 2001-yilgi Davlat budjeti va budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining xarajatlariga tegishli tuzatishlar kiritsin.
6. Xoʻjalik hisobidagi korxona va tashkilotlar mehnatga haq toʻlash bazaviy fondining belgilangan miqdorlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda mehnat sarfini kamaytirish hisobidan 2001-yil 1-avgustdan boshlab ish haqi miqdorini mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoriga muvofiq oshirsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2001-yilning 1-avgustiga qadar amaldagi qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan zarur oʻzgartirishlarni kiritsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 29-iyun,
PF-2893-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 6-son, 127-modda; 2002-y., 3-son, 49-modda)