Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGINING OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMI MARKAZI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-maydagi 391-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 12-iyuldagi 204-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi toʻgʻrisidagi yangilangan nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 20-iyuldagi 342-son qarorining 1-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 7-son, 70-modda);
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash boʻyicha qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2010-yil 5-iyundagi 108-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 6-son, 27-modda) ilovaning 48-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 26-avgust,
244-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-avgustdagi 244-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasidagi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi hamda oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga hamda Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. Markaz tizimiga hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmalari, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini axborot-metodik taʼminlash xizmati, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimi kadrlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti, Idoraviy metrologiya nazorati xizmati, shuningdek Markazga qarashli akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari kiradi.
Hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmalari ikki tomonlama boʻysunishda boʻladi va Markazga hamda tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hisob beradilar.
Hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmalari boshliqlari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan Markaz direktori tomonidan lavozimga tayinlanadilar.
3. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Markaz oʻz faoliyatini davlat boshqa organlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Markazning va hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmalarining moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek Markaz tizimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash Markazga ajratiladigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
6. Markaz, hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmalari hamda Markaz tasarrufidagi boshqa tashkilotlar yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
II. Markazning vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida keng koʻlamli chuqur bilimlarga ega boʻlgan, hozirgi bozor sharoitlarida muayyan kasb-hunarni, keng ixtisoslashuvni va ish koʻnikmalarini egallagan yoshlarni tayyorlashga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida uzluksiz taʼlimning maqsadli vazifalari va ustuvor yoʻnalishlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida talab katta boʻlgan mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan oshirishga, taʼlim va ixtisosliklar yoʻnalishlarini yanada birxillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga, respublika mintaqalarida kadrlarga boʻlgan haqiqiy ehtiyojni hisobga olgan holda kasb-hunar kollejlarini qayta ixtisoslashtirishga yoʻnaltirilgan faoliyatini muvofiqlashtirish;
xalq taʼlimi organlari bilan birgalikda umumtaʼlim maktablarining 9-sinflari bitiruvchilarini kasbga yoʻnaltirish hamda kelgusida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda oʻqitish bilan toʻliq qamrab olish, yangi oʻquv yili uchun oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga oʻqishga qabul qilish rejasini shakllantirish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
mutaxassislarning bilim darajasini va kasbiy tayyorgarligi sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlarini takomillashtirish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari uchun oʻquv va oʻquv-metodik adabiyotlar yaratilishi va nashr qilinishini tashkil etish;
kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar uchun yuqori malakali rahbar va pedagog kadrlarni tanlash hamda ular bilan taʼminlash, ularning malakasini, kasb darajasini uzluksiz oshirish va ularning mehnatini ragʻbatlantirish ishlarini tizimli asosda taʼminlash;
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari oʻquv jarayoniga ilgʻor oʻqitish shakllarini, shuningdek oʻquvchilarni milliy mustaqillik gʻoyalari, boy intellektual meros hamda umuminsoniy qadriyatlar asosida maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashning samarali shakllari va metodlarini joriy etish;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ulardan samarali foydalanish, ularni zamonaviy oʻquv-laboratoriya anjomlari va axborot-kompyuter texnikasi bilan jihozlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining aniq ish joylarida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashining va ularni ishga joylashtirishning tashkil etilishini taʼminlash, bitiruvchilarning ish bilan band etilishi monitoringini amalga oshirish.
8. Markaz oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining bajarilishi monitoringini amalga oshiradi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimini rivojlantirish va takomillashtirishning ilmiy asoslangan prognozlarini ishlab chiqadi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida mutaxassislarga boʻlgan talabni hisobga olgan holda har bir kasb-hunar kolleji boʻyicha ularni tayyorlash, kasblar va ixtisosliklar yoʻnalishlari roʻyxatini xatlovdan oʻtkazadi va tanqidiy oʻrganadi;
taʼlim va mutaxassisliklar yoʻnalishlarini yanada birxillashtirish, mutaxassislar tayyorlashning tor ixtisosliligini bartaraf etish, kadrlarga boʻlgan haqiqiy ehtiyojni hisobga olgan holda kasb-hunar kollejlarini qayta ixtisoslashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi va kiritadi;
oʻquvchilarni iqtisodiyot tarmoqlarida talab katta boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari va bitiruvchilarni ishga joylashtirish boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi va son koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
xalq taʼlimi organlari bilan birgalikda kasblarni tanlash va 9-sinflar bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimi taʼlim muassasalarida oʻqitish bilan toʻliq qamrab olish, iqtidorli yoshlarni akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga tanlab olish boʻyicha umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini kasbga yoʻnaltirishga doir tizimli ishlarni taʼminlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat taʼlim standartini joriy etish va takomillashtirishni, mutaxassislar tayyorlashni, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi oʻquv rejalari va dasturlari yoʻnalishlari boʻyicha akademik litseylar taʼlim yoʻnalishlari va kasb-hunar kollejlari tayyorlov yoʻnalishlari boʻyicha malaka talablarini ishlab chiqishni tashkil etishni taʼminlaydi;
(8-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 187-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 14-son, 230-modda)
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari uchun oʻquv va oʻquv-metodik adabiyotlarni yaratish va nashr etish chora-tadbirlarini koʻradi;
taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining pedagoglar jamoalarini oʻquv-metodik materiallar va darsliklarni, oʻqitishning zamonaviy shakl va metodlarini, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishga istiqbolli yondashuvlarni ishlab chiqishga keng jalb etishni taʼminlaydi;
Markaz tasarrufidagi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari direktorlarini tanlov boʻyicha tanlashni tashkil qiladi, kelishish uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi, belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining barcha pedagog xodimlarini, ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini attestatsiyadan oʻtkazadi hamda uning natijalari boʻyicha xodimlarga tegishli malaka toifalarini belgilaydi;
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining pedagog va pedagog-muhandis kadrlarga boʻlgan ehtiyojini oʻrganadi hamda ularni kadrlar bilan taʼminlaydi;
kamol topayotgan avlodni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashning milliy mustaqillik gʻoyalariga, boy milliy madaniy-tarixiy anʼanalarga, xalq urf-odatlariga va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan samarali tashkiliy hamda pedagogik shakl va vositalarini joriy etadi, har tomonlama kamol topgan shaxsni tarbiyalashning ustuvorligini taʼminlaydi;
kasb-hunar kollejlarida taʼlim jarayonini ishlab chiqarish va tadbirkorlar bilan integratsiyalashni chuqurlashtirish chora-tadbirlari kompleksini ishlab chiqadi va joriy etadi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini takomillashtirish muammolari boʻyicha kengashlar, simpoziumlar, seminarlar, oʻquv-metodik konferensiyalar, tanlovlar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlarni tashkil qiladi;
manfaatdor davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar, shu jumladan kasaba uyushmalari bilan birgalikda mehnatni muhofaza qilish, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimi oʻquvchilari va xodimlarining sogʻligʻini hamda oʻqish va mehnat qilishi uchun xavfsiz shart-sharoitlarni taʼminlash chora-tadbirlari kompleksini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
pedagog xodimlarni ragʻbatlantirish va mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimining pedagog xodimlarini davlat mukofotlariga taqdim etadi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida yoshlarning ilmiy-texnika ijodkorligini rivojlantiradi va uning samaradorligini oshiradi;
etim va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalardan iborat boʻlgan oʻquvchilarning markazlashtirilgan hisobini yuritishda vasiylik va homiylik organlariga metodik yordam koʻrsatadi va koʻmaklashadi;
manfaatdor davlat organlari ishtirokida deviant xulq-atvorli, jismoniy va aqliy rivojlanishda nuqsonlari boʻlgan oʻsmirlar bilan ularning taʼlim olishi, rivojlanishidagi nuqsonini tuzatish va ijtimoiy moslashtirish ishlarini tashkil qiladi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini taʼminlaydi;
mamlakatimiz va xorijiy moliya tashkilotlarining kreditlari, qarzlari va grantlari mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlaydi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini jihozlashga boʻlgan normativ talablarni ishlab chiqadi, Markaz tizimidagi muassasalar va tashkilotlarda moddiy-texnika resurslaridan samarali foydalanilishini taʼminlaydi;
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining turlari va yoʻnalishlarini belgilaydi, ularni mintaqalarning geografik, demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarini hisobga olgan holda oqilona joylashtirishni taʼminlaydi;
akademik litseylarni loyihalash va qurishda bosh buyurtmachi boʻladi, kasb-hunar kollejlarini loyihalash, qurish va rekonstruksiya qilishga metodik rahbarlikni va texnikaviy koʻmaklashishni amalga oshiradi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish ishlarini olib boradi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini bitiruvchilarni tayyorlash darajasi, ularning ishga joylashtirilishi yoki oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi boʻyicha har yil yakunlariga koʻra, ochiqlik va oshkoralik sharoitlarida reyting baholashning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
oʻquvchilarni yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlaydi;
kasb-hunar kollejlari va tashkilotlarda (ish beruvchilarda) oʻquvchilarning sifatli ishlab chiqarish amaliyotini oʻtkazishi, shuningdek bitiruvchilarni tanlangan kasblar boʻyicha kelgusida samarali ishga joylashtirish uchun ular oʻrtasida shartnomalar tuzishga doimiy yordam beradi, bitiruvchilarning ishga joylashtirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi.
9. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmalari hamda Markazga qarashli boshqa tashkilotlar orqali hal qiladi.
III. Markazning huquqlari va javobgarligi
10. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
tegishli vazirliklar va idoralardan, Markazning hududiy boʻlinmalaridan statistika maʼlumotlarini va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimini rivojlantirish va takomillashtirish prognoz koʻrsatkichlarini olish;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining ayrim masalalarini hal etish, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari ishini takomillashtirish, ularning oʻquv-moddiy bazasini mustahkamlash, malakali pedagog kadrlar tayyorlash, davlat taʼlim muassasalari xodimlari va oʻquvchilarning belgilangan ijtimoiy muhofazasini taʼminlash boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
boʻysunishidan qatʼi nazar, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari tomonidan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi masalalari boʻyicha boshqa qonun hujjatlari bajarilishini belgilangan tartibda tekshirish;
kadrlar tayyorlashni taʼlim standartlari, oʻquv rejalari dasturlari, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari mazmunini takomillashtirish boʻyicha pedagogika fani yutuqlari va ilgʻor tajriba asosida tavsiyalar ishlab chiqish uchun Ilmiy-metodik kengash tashkil etish, Ilmiy-metodik kengash tarkibini va uning toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash;
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish yuzasidan xulosalar berish;
xorijiy investitsiyalar hisobiga sotib olinadigan oʻquv-laboratoriya jihozlari qabul qilinishi va yetkazib berilishini taʼminlash;
bazaviy oliy taʼlim muassasalari tomonidan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar uchun malakali pedagoglar va muhandis-pedagog kadrlar tayyorlashni muvofiqlashtirishda va unga metodik rahbarlik qilishda qatnashish.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Markaz oʻz vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun bajarish majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlashga haqlidir.
Markaz, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birga qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.
12. Markaz oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash, shuningdek oʻziga yuklangan vazifalarning zarur darajada bajarilishi uchun javob beradi.
IV. Markaz faoliyatini tashkil etish
13. Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari — direktor boshchilik qiladi.
Direktorning belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan ikki nafar oʻrinbosarlari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
14. Direktor:
Markaz faoliyatiga yakkaboshchilik asosida umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Markaz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi hamda Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻz oʻrinbosarlarining vakolatlarini belgilaydi, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, Markaz tizimidagi boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlarini, oʻz oʻrinbosarlarining va boshqa mansabdor shaxslarning Markaz faoliyatining alohida uchastkalariga rahbarligi hamda tasarrufidagi organlar va muassasalar ishlari uchun javobgarlik darajasini belgilaydi;
Markaz tizimi xodimlarining bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
zarurat boʻlganda, Markazning markaziy apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi, xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida shtatlar jadvalini va Markazning markaziy apparati, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetidan moliyalashtiriladigan hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmalari hamda Markaz tasarrufidagi boshqa tashkilotlarning xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Markazning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, Markaz tizimiga kiruvchi, uning tasarrufidagi boshqa tashkilotlarning ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Markazning markaziy apparati xodimlarini, hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmalari, Markaz tizimiga kiruvchi, uning tasarrufidagi boshqa tashkilotlar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15. Markazda direktor (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimiga koʻra), shuningdek Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼatning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi Markaz direktorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:
Markaz faoliyatining oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida keng koʻlamli chuqur bilimlarga ega boʻlgan, hozirgi bozor sharoitlarida muayyan kasb-hunarni va ish koʻnikmalarini egallagan yoshlarni tayyorlashga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirishni davom ettirish, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida uzluksiz taʼlimning maqsadli vazifalari va ustuvor yoʻnalishlarini roʻyobga chiqarish chora-tadbirlari kompleksini amalga oshirish boʻyicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash uchun Markaz rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hayʼat Markaz vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
Hayʼat majlisiga Markaz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari direktorning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Direktor va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda direktor paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
16. Markazning hududiy boshqarmalari va tasarrufidagi boshqa tashkilotlar oʻz faoliyatini Markaz tomonidan tasdiqlangan nizomlarga (ustavlarga) muvofiq amalga oshiradi.
17. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 34-35-son, 352-modda; 2017-y., 14-son, 230-modda)