Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
XALQARO SHARTNOMALARNI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
1. 2011-yil 5-may kuni Toshkent shahrida imzolangan:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida savdo vakolatxonalarini oʻzaro taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitim;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida ilmiy-texnologik hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan mazkur xalqaro shartnomalar kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartib-qoidalari bajarilgani toʻgʻrisida tegishli bildirishnoma yoʻllasin.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasining Turkmanistondagi Savdo vakolatxonasi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi va unga hisobot beradi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Turkmanistondagi Savdo vakolatxonasi faoliyatini yuritish bilan bogʻliq boʻlgan sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tomonidan mutasaddilik qilinadigan “Oʻztreyd” AJ” va “Oʻzsanoateksport” AJ mablagʻlari, shuningdek boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-maydagi PQ-3009-sonli qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 22-son, 422-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu xalqaro shartnomalar kuchga kirgandan keyin:
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Turkmanistondagi Savdo vakolatxonasini tashkil qilish, moliyalashtirish va faoliyat yuritishini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 19-iyul,
PQ-1581-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 29-son, 300-modda; 2016-y., 48-son, 547-modda; 2017-y., 22-son, 422-modda)