Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Sanoatkontexnazorat” bOShLIGʻINING
bUYRUGʻI
AMMIAKLI SOVUTISh QURILMALARINING TEXNIK HOLATINI TEKShIRISh VA ULARDAN FOYDALANIShDA XAVFSIZLIKNI TAʼMINLASh BOʻYIChA USLUBIY KOʻRSATMALARNI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2008-yil 6-noyabr 20-15-372/12-son]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.Shoismatov tomonidan 2007-yil 21-mayda tasdiqlangan Sanoat xavfsizligi sohasidagi meʼyoriy-huquqiy va meʼyoriy texnik hujjatlarni tayyorlash jadvaliga asosan buyuraman:
Ammiakli sovutish qurilmalarining texnik holatini tekshirish va ulardan foydalanishda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar tasdiqlansin.
Boshliq I. HOLMATOV
Toshkent sh.,
2008-yil 24-oktabr,
220-son
“Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasining 2008-yil 24-oktabrdagi 220-sonli buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
AMMIAKLI SOVUTISh QURILMALARINING TEXNIK HOLATINI TEKShIRISh VA ULARDAN FOYDALANIShDA XAVFSIZLIKNI TAʼMINLASh BOʻYIChA USLUBIY KOʻRSATMALAR
“Ammiakli sovutish qurilmalarining texnik holatini tekshirish va ulardan foydalanishda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar” Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 28-sentabrdagi 57-sonli “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, ammiakli sovutish qurilmalari (keyingi oʻrinlarda — ASQ)ning texnik holatini tekshirish va baholashda yagona uslubiyotni taʼminlash maqsadida ishlab chiqildi.
Ushbu hujjat “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hududiy organlarining ASQni tekshirish ishlarini bajaradigan kimyoviy nazorat inspektorlari uchun moʻljallangan, shuningdek korxona va tashkilotlar texnik xizmatlarining ASQni saqlash va foydalanish ustidan muassasaviy nazoratni amalga oshiruvchi mutaxassislari tomonidan foydalanilishi mumkin.
KIRISh
Ammiak — eng samarali sovutish agentlaridan biri hisoblanadi. Energetik koʻrsatkichlarining, agregat holati oʻzgarganda (kondensatsiya, qaynash) issiqlik almashinuv intensivligining yuqoriligi tufayli ammiak katta miqdorda sovuqlik hosil qilinadigan koʻplab yirik korxonalarning sovuqlik taʼminoti masalalarini hal qilishda keng qoʻllaniladi. Sovutish qurilmalari ekologiyasiga qoʻyiladigan talablarning kuchayib borayotganligi sababli korxonalarda (hatto sovuqlik kam hosil qilinadigan korxonalarda ham) ammiakning qoʻllanilishi sohasi kengayib bormoqda.
Ammiakli sovutish qurilmalaridan uzoq vaqtlardan buyon foydalanib kelinishiga qaramay, yangi sovutish qurilmalarini loyihalashda ham, ishlab turgan qurilmalardan foydalanishda ham, ammiakni ishlatish bilan bogʻliq oʻziga xos qator xavf-xatarlar toʻgʻrisida aniq tasavvurga ega boʻlish kerak, jumladan:
ammiakning havodagi hajmiy ulushi 11% dan oshganda u yona boshlaydi; 15—28% — bu normal sharoitlarda portlash xavfi boʻlgan konsentratsiyalar diapazoni; ammiak 100°S gacha qiziganda portlash xavfi boʻlgan konsentratsiyalar chegaralari kengayadi va 14,5—29,5% ni tashkil etadi;
maksimal portlash kuchi ammiakning havodagi 22% ga teng hajmiy ulushiga toʻgʻri keladi;
agar havo tizimida kondensatsiyalanmaydigan xavfli gazlar, moy qoldiqlari va ularning parchalanish mahsulotlari mavjud boʻlsa, ammiakning portlash tezligi va bosimi keng doiralarda oʻzgarishi mumkin.
Ishlab turgan va loyihalanayotgan sovutish qurilmalaridan xavfsiz foydalanish sharoitlarini taʼminlashning eng ratsional usullarini izlab topish — bugungi kunning dolzarb muammolaridan biridir.
I BOB. UMUMIY TALABLAR
1. Mazkur Uslubiy koʻrsatmalar sovutish agenti sifatida ammiak ishlatiladigan yopiq siklda ishlovchi statsionar kompressor sovutish qurilmalari va komplekt holda oʻrnatilgan sovutish qurilmalari tizimlarini tekshirish tartibini belgilab beradi.
2. Uslubiy koʻrsatmalarni ishlab chiqish zaruriyati ammiakli sovutish qurilmalari ustidan ularning konstruksiyasi va ulardan foydalanish xavfsizligi boʻyicha davlat nazoratining oʻrnatilishi bilan bogʻliq holda yuzaga keldi.
3. Ammiakli sovutish qurilmalarini nazoratga olishda ularni roʻyxatdan oʻtkazish va amaldagi xavfsizlik meʼyorlari va qoidalariga muvofiqlik darajasini aniqlash uchun kompleks tekshiruvdan oʻtkazish lozim.
4. Tekshirish jarayonida sovuqlik ishlab chiqarish texnologik sxemasining loyihaga, pasportlarga, hisobiy parametrlarga muvofiqligi, texnologik reglamentning amaldagi talablarga muvofiq toʻgʻri ishlab chiqilganligi, unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar, ASQ ni taʼmirlash yoki rekonstruksiya qilish davrida texnologik sxemaga oʻzgartirishlar toʻgʻri kiritilganligi aniqlanadi.
5. Sovutish qurilmasining texnologik sxemasi quyidagi talablarga javob berishi kerak:
sovuq hosil qilishning barcha bosqichlarida texnologik parametrlarning texnologik reglamentga muvofiqligi taʼminlanishi kerak;
nazorat, boshqaruv va avariyaga qarshi himoya (AQH) tizimi, texnologik rejim parametrlari signalizatsiyasi boʻlishi kerak;
kompressorlarni nam holatda ishlashdan himoyalovchi vositalar boʻlishi kerak;
ammiakni ASQning istalgan apparat va idishidan zaxira resivyerlar yoki ishga yaroqli ammiak ballonlariga chiqarish imkoniyati boʻlishi kerak.
6. Sovutish qurilmasidan foydalanish jarayoni quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
ishga tushirish;
rejimga chiqish;
ASQning texnologik rejim parametrlarini texnologik reglamentga muvofiq saqlash;
ASQni toʻxtatish;
ASQga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash.
II BOB. ASQ TEXNOLOGIK USKUNALARIGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
7. ASQda ixtisoslashgan korxonalar (tashkilotlar)da amaldagi meʼyoriy-texnik hujjatlarga muvofiq tayyorlangan uskunalardan foydalaniladi.
8. Texnologik uskunalarning holatini tekshirish chogʻida quyidagilar aniqlanishi lozim:
a) kompressorlar, nasoslar, idishlar va ASQning boshqa uskunalari uchun ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan beriladigan foydalanish hujjatlari (pasport, foydalanish va xizmat koʻrsatish boʻyicha yoʻriqnoma)ning borligi;
b) sovutish qurilmasining loyihaga muvofiqligi;
v) kompressor va nasoslarni vibratsiyadan himoyalash choralarining yetarliligi (ularni tayanch konstruksiyalarga mahkamlanganligi, poydevorning holati, bogʻlama quvur oʻtkazgichlarning ishonchli mahkamlanganligi);
g) suyuq fazaning kompressorga tushishiga yoʻl qoʻymaydigan uskunalar (suyuqlik ajratgichlar, himoya resivyerlari)ning mavjudligi va ularning holati (koʻzdan kechirib tekshiriladi);
d) kompressorni moylash tizimidan foydalanish sharoitlarining ishlab chiqaruvchi tashkilot yoʻriqnomasi talablariga muvofiqligi (mashinani moylash uchun ishlatilayotgan moy ishlab chiqaruvchi tashkilot yoʻriqnomasida koʻzda tutilganga moy turiga toʻgʻri kelishi, moyning sifati sertifikat bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak);
e) kompressor va nasoslarning aylanuvchi qismlarida echib olinadigan himoya toʻsiqlarining mavjudligi va ularning ishonchli mahkamlanganligi;
j) nazorat asboblari, avtomatik himoya vositalarining mavjudligi va holati, ulardan foydalanish sharoitlarining ishlab chiqaruvchi tashkilot yoʻriqnomasi talablariga muvofiqligi;
z) ASQ sigʻimli uskunalari (resivyerlar, kondensatorlar, bugʻlatgichlar, suyuqlik ajratgichlar, moy ajratgichlar, moy yigʻgichlar va boshqa uskunalar)ning holati, ularning amaldagi “Bosim ostida ishlaydigan idishlarni oʻrnatish va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalari”ga muvofiqligi;
i) belgilangan xizmat muddatini ishlab boʻlgan uskunalar va ulardan foydalanishni davom ettirish mumkinligi toʻgʻrisida ixtisoslashgan tashkilot xulosasining borligi.
9. Quvur oʻtkazgich va armaturalarning holatini tekshirish chogʻida quyidagilar aniqlanishi lozim:
a) ammiakli quvur oʻtkazgichlar roʻyxatining mavjudligi;
b) ammiakli quvur oʻtkazgichlarning pasportlari va ijro sxemalari borligi;
v) ammiakli quvur oʻtkazgichlarning korxona tomonidan har yili tashqi koʻrikdan, shuningdek davriy taftishlar, mustahkamlik va zichlik boʻyicha sinovdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligi;
g) quvur oʻtkazgich devorlari qalinligi buzmaydigan nazorat usullari yordamida davriy tekshiruvdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligi;
d) montaj qilishda ishlatiladigan quvur va armatura materiallarining sifatini tasdiqlovchi hujjatlar (sertifikatlar)ning mavjudligi;
e) armatura va quvurlar materialining ishchi muhit parametrlariga muvofiqligi;
j) qismlarga ajraladigan ulanmalarni germetiklash uchun qoʻllanilgan qistirma materialga sertifikatning borligi, uning ishchi muhit parametrlariga muvofiqligi.
10. Ammiakli quvur oʻtkazgichlarni tashqi koʻrikdan oʻtkazish chogʻida quyidagilar aniqlanishi lozim:
a) devor ustidan oʻtkazilgan quvur oʻtkazgichlarning estakadalardagi payvand tutashuvlarining toʻgʻri joylashganligi;
b) quvur oʻtkazgich tayanch va osmalarining holati;
v) flanetsli ulanmalarning loyihaga muvofiq joylashganligi;
g) flanetslar zichlovchi yuzalari konstruksiyasining xavfsizlik qoidalari talablariga muvofiqligi (“chiqiq-botiq” yoki “tirnoq-oʻyiq”);
d) flanetsli ulanmani mahkamlovchi detallarning ishchi sharoitlarga muvofiqligi, flanetsli ulanmalar toʻgʻri yigʻilganligi;
e) qulf armaturaning loyihaga muvofiq joylashganligi, armatura korpuslarida ularning tavsiflari (shartli bosim, oʻtish yoʻli, ishchi muhit yoʻnalishi) koʻrsatilgan tamgʻalarning mavjudligi, shtok, maxovikning holati, qoʻlda harakatlantiriladigan armaturaning balandlik boʻyicha pol yoki xizmat koʻrsatish maydonchasiga nisbatan toʻgʻri joylashganligi;
j) izolatsiya qoplamalarining mavjudligi va holati;
z) quvur oʻtkazgichlarning tayanchlar oʻrtasida meʼyoriy qiymatlardan ortiq miqdorda osilib qolmaganligi;
i) yaproqsimon konstruksiyada oʻtuvchi payvandlangan joylarning yoʻqligi;
k) ajratuvchi boʻyoq va sovutish agentining harakatlanish yoʻnalishini koʻrsatuvchi stryelkalarning mavjudligi;
11. Sovutish qurilmalarining holati va ulardan foydalanish sharoitlari tekshirilganda quyidagilar aniqlanishi lozim:
a) saqlovchi klapan (SK) va uskuna oʻrtasida qulflash organlarining yoʻqligi;
b) SKni navbatdan tashqari taftish qilish uchun quvur oʻtkazgich uchastkasini uzib qoʻyuvchi qulflovchi armaturaning mavjudligi;
v) SKning ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan berilgan pasportda yoki ASQ loyihasida koʻrsatilgan bosimda ochilishi uchun toʻgʻri rostlanganligi;
r) SKdan gazsimon ammiakning xizmat koʻrsatish maydonchasidan 3 m dan, bino tomining tepa qirrasidan 1 m dan, hudud yuzasidan 6 m dan kam balandlikda chiqishini oldi olinganligi;
d) SKdan chetga chiqaruvchi quvurlarning mavjudligi va ularning qarshiliklari hisoblanganligi (SK ochila boshlanishidagi bosimning koʻpi bilan 5%);
e) kompressor saqlovchi klapanlari va apparatlar (idishlar)dagi saqlovchi klapanlarning sozligi davriy tekshiruvlardan oʻtkazilganligini (kamida 6 oyda bir marta) tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligi;
j) korxonada quyidagilarning mavjudligi tekshiriladi:
SK pasporti, mavjud SK turlaridan foydalanish va ularni ishga tushish bosimiga rostlash boʻyicha ishlab chiqaruvchi korxona yoʻriqnomalari;
SKni sinovdan oʻtkazish va rostlash (ochilish boshlanishiga, ishga tushgandan keyin yopilishga, zatvor zichligiga) parametrlarini avtomatik tarzda yozib borish, SK sozligi va rostlanganligini tekshirish uchun stend;
korxonaning texnik rahbari tomonidan tasdiqlangan SKdan foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma;
xodimlar (ishchi va mutaxassislar)ning oʻqitilganligini (hujjatlar boʻyicha) tasdiqlovchi hujjatlar.
12. ASQning nazorat-oʻlchov asboblari, avariyaga qarshi himoya va avtomatika vositalari bilan toʻliq jihozlanganligi tekshirilganda quyidagilar aniqlanishi lozim:
a) blokirovka va signalizatsiya qurilmalari roʻyxati hamda ularni tekshirish boʻyicha korxonaning texnik rahbari tomonidan tasdiqlangan yoʻriqnomaning borligi;
b) NUA va A hamda avariyaga qarshi himoya vositalari elektr taʼminotining ishonchliligi (mustaqil zaxira elektr taʼminoti manbasining mavjudligi);
v) quyidagi parametrlar boʻyicha avariya rejimlaridan avtomatik tarzda himoyalovchi asboblarning mavjudligi va sozligi (hujjatlar boʻyicha):
yoʻl qoʻyiladigan miqdordan ortiq haydash bosimidan;
yoʻl qoʻyiladigan miqdordan ortiq haydash haroratidan;
moylash tizimidagi yoʻl qoʻyiladigan qiymatdan past bosim farqidan;
ammiak bugʻlari soʻriladigan apparat (idish)dagi suyuq ammiakning avariyaviy sathidan.
Parametrlarning yoʻl qoʻyiladigan miqdorlari ASQning texnologik reglamentida belgilanadi.
g) oraliq issiqlik tashuvchi muhit (tuzli eritma, suv)da ishlaydigan sovutish tizimlarida avtomatik tarzda himoyalovchi asboblarga qoʻshimcha ravishda bugʻlantiruvchi qobiq-quvurlar orqali issiqlikni tashuvchi muhitning harakati toʻxtaganda yoki ularda ammiakning qaynash harorati (bosimi) yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan darajada pasayganda kompressorlarni uzib qoʻyadigan asbob (rele)larning mavjudligi;
d) suv bilan sovutiladigan har bir kompressorda suv oqimini nazorat qiladigan va suv oqimi boʻlmaganda kompressorni ishga tushirilishini blokirovka qiladigan yoki uzib qoʻyadigan qurilmalarning mavjudligi;
e) sovutish qurilmalari kompressorlarining avtomatik tarzda himoyalovchi asboblarni (kamida bir oyda bir marta) va apparat (idish)lardagi sath himoya relelarini davriy tekshiruvdan (10 kunda bir marta) oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarning borligi;
j) yorugʻlik va tovush signalizatsiyasining mavjudligi va sozligi;
z) avtomatik sath regulyatorlarining mavjudligi;
i) himoya asboblari ishlab ketgandan keyin kompressorning avtomatik tarzda ishga tushishini oldi olinganligi;
k) har qaysi kompressorning haydash va soʻrish quvur oʻtkazgichlarida termometrlar uchun ularni mexanik shikastlanishdan saqlovchi himoya toʻsigʻi bilan jihozlangan gilzalarning mavjudligi (ventillardan 200 — 300 mm masofada); bunda simobli termometrlardan foydalanish ruxsat etilmaydi;
l) ishlatilayotgan manometr va manovakuummetrlarning “Bosim ostida ishlaydigan idishlarni oʻrnatish va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalari” talablariga muvofiqligi va ishchi muhit (ammiak)ga toʻgʻri kelishi;
m) manometr va manovakuummetrlar oʻrnatilgan joylarning loyihaga muvofiqligi;
n) manometrlar davriy tekshirishdan oʻtkazilib, plombalanganligi yoki tamgʻalanganligini, shuningdek ishchi manometrlarning nazorat manometrlari bilan tekshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlarning borligi;
o) ammiakli uskunalar joylashgan xonalardagi elektr asboblari va boshqaruv vositalari qobiqlarining GOST 14254 “Qobiqlar yordamida taʼminlanadigan himoya darajalari” boʻyicha kamida IP44 darajada himoyalanganligini tasdiqlovchi hujjatlarning borligi;
p) korxonada nazorat-oʻlchov asboblari va avtomatik himoya vositalariga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash tizimining mavjudligi, uning faoliyati samaradorligi.
13. ASQ elektr uskunalari va ventilatsiyasi tekshirilganda quyidagilar aniqlanishi lozim:
a) mashina (apparat) boʻlimlarida umumiy havo almashinuv (havoni yuborish-tortish), QMQ 2.04.05 “Isitish, ventilatsiya, kondensatsiyalash tizimlari”da koʻzda tutilgan avariyaviy mexanik havo tortish ventilatsiyasi tizimlarining mavjudligi va havo almashinuvi sonining hujjatlar bilan tasdiqlanganligi; ventilyatorlarning amaldagi xavfsizlik qoidalariga muvofiqligi. Elektr taʼminoti, elektr uskunalarining “Elektr uskunalarini oʻrnatish qoidalari”, “Elektr uskunalaridan foydalanish qoidalari” va “Xavfsizlik texnikasi qoidalari”ga muvofiqligi;
b) mashina (apparat) va kondensator boʻlimlari xonalarida havodagi ammiak bugʻlarining avariyaviy konsentratsiyalari signalizatorlari va ammiakning havoga chiqishini koʻrsatuvchi indikatorlarning mavjudligi;
v) chegaraviy yoʻl qoʻyiladigan ammiak konsentratsiyalari signalizatorlarining tovush-yorugʻlik signalizatsiyasi, avariyaviy ventilatsiya va ajratuvchi avtomat armatura bilan birgalikda ishlashi (tanlab tekshiriladi);
g) transformator podstansiyalari, elektr shiti, dispetcher, operator hamda NOʻA va A xonalari joylashishining loyihaga, “Elektr uskunalarini oʻrnatish qoidalari”ning 7-bobi talablariga muvofiqligi;
d) portlash xavfi boʻlgan V-16 hududlarda oʻrnatiladigan elektr mashinalari, elektr apparatlari, shu jumladan tashqi kondensator qurilmalari qobiqlarining GOST 14254 boʻyicha kamida IP44 darajada himoyalanganligi toʻgʻrisida hujjatli tasdiqning mavjudligi.
Avariyaviy va havoni tortish ventilyatorlarining elektr dvigatellari portlashdan himoyalangan: yoritqichlar qobigʻining himoyalanish darajasi GOST 14254 boʻyicha kamida IP53 boʻlishi kerak.
e) mashina (apparat) va kondensator boʻlimlarida ishchi yoritish oʻchib qolganda avtomatik tarzda ishga tushadigan avariyaviy yoritish tizimi kameralari va taqsimlash qurilmalarining mavjudligi;
j) yoritish tizimining toʻgʻri ulanganligi (avariyaviy va ishchi yoritish yoritqichlari turli transformatorlarga ulangan boʻlishi kerak);
z) mahalliy yoritish uchun moʻljallangan 12 V dan yuqori boʻlmagan kuchlanishda ishlaydigan (portlashdan himoyalanish darajasi portlashga qarshi kuchaytirilgan mustahkamlikdan past boʻlmagan) yoritqichlarning mavjudligi;
i) harorati 0°S va undan past boʻlgan sovutish kameralari uchun “Kamerada odam bor” signalizatsiyasining mavjudligi;
k) mashina (apparat) boʻlimi devorining tashqi tomonida (ishchi kirish joyi va har bir zaxira chiqish joyi eshigi yonida) butun sovutish qurilmasi uskunalari va ishchi yoritish tizimi elektr taʼminotini favqulodda uzib qoʻyish uchun moʻljallangan tugmachalarning mavjudligi. Bu tugmachalar uskunaning elektr taʼminotini uzib qoʻyish bilan bir vaqtda avariyaviy va umumiy havo almashinuv ventilatsiyasini, yorugʻlik-tovush signalizatsiyasi va avariyaviy yoritish tizimini ishga tushirishi kerak.
l) portlash xavfi boʻlgan V-16 hududda joylashgan mashina (apparat) va kondensator boʻlimlarida RD 34.21.122 “Bino va inshootlarni yashindan himoyalash qurilmalarini qurish boʻyicha yoʻriqnoma”ga muvofiq binoni yashindan himoyalovchi qurilmalarning mavjudligi;
m) yer usti va yer osti kommunikatsiyalarini binoga kirish joyida yashindan himoyalovchi qurilmaning yerga ulash moslamasiga ulash yoʻli bilan ularning yuqori potensiallar oʻtishidan, shuningdek yashinning ikkilamchi taʼsiridan himoyalanganligi;
n) mashina (apparat) boʻlimlari, elektr shitlari, dispetcherlik punktlari, operator xonalarida SNiP 2.04.09 “Bino va inshootlarning yongʻin avtomatikasi”ga muvofiq avtomatik yongʻin signalizatsiyasining mavjudligi;
14. ASQ uskunalari va quvur oʻtkazgichlarini rejaviy-profilaktik taʼmirlash ishlarini tashkil etilishi tekshirilganda quyidagilar aniqlanishi lozim:
Oldingi tahrirga qarang.
a) ASQ uskunalarini taʼmirlash ishlarini bajarish uchun berilgan ruxsatnoma (litsenziya) yoki ushbu faoliyat turi uchun litsenziyaga ega tashkilot bilan tuzilgan shartnomaning mavjudligi;
(14-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining 2020-yil 4-noyabrdagi 20/YuB-67-sonli qarori tahririda)
b) uskunalarni rejaviy-profilaktik taʼmirlash ishlarini tashkil etishda asos sifatida foydalanilgan hujjat (“Texnologik uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash tizimi” yoki korxona standarti)ning mavjudligi;
v) rejaviy taʼmirlash ishlarining haqiqatda ham bajarilganligini tasdiqlovchi “Texnologik uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash tizimi”da koʻzda tutilgan quyidagi texnik hujjatlarning mavjudligi:
yillik va oylik taʼmirlash grafiklari;
taʼmirlashga topshirish va taʼmirlashdan qabul qilib olish dalolatnomalari;
taʼmirlash jurnallari;
kapital taʼmirlash uchun nuqsonlar qaydnomalari;
koʻrikdan oʻtkazish va joriy taʼmirlashda bajarilishi shart boʻlgan ishlar roʻyxatlari;
muhim uskunalarni kapital va oʻrta taʼmirlash uchun texnik shartlar;
kompressor va nasoslarning ishlagan soatlarini hisobga olish jurnali;
tiqinlarni oʻrnatish va echib olishni qayd etish jurnali.
15. Uskunalarning holati va ulardan foydalanish ustidan texnik nazoratning tashkil etilishi tekshirilganda quyidagilar aniqlanadi:
Q uskunalari, quvur oʻtkazgichlari, armatura hamda NUA va Aning soz holati va xavfsiz ishlashi uchun masʼul shaxslar;
ASQning texnik holati va ulardan foydalanishni nazorat qilish boʻyicha masʼul shaxslar;
ASQ uskunalari, quvur oʻtkazgichlari va nazorat-oʻlchov asboblarining texnik holatini nazorat qilish boʻyicha masʼul shaxslarda ish rejalarining mavjudligi va tekshiruv dalolatnomalari boʻyicha rejaning bajarilishi toʻgʻrisida maʼlumotlar.
Tekshiruvda texnik xizmatlar va masʼul shaxslar ishining samaradorligi baholanishi lozim.
III BOB. TEXNOLOGIK INTIZOM HOLATI
16. Tekshiruvda quyidagilar aniqlanishi lozim:
a) sovutish qurilmasining texnologik reglamenti va pasporti borligi;
b) texnologik reglament tarkibi va mazmuni, bunda “Ishlab chiqarish va jarayonni boshqarish nazorati” boʻlimida belgilangan parametrlarni nazorat qilish davriyligi va usullari, nazorat vositalari va bajaruvchilarga eʼtibor qaratilishi kerak; signalizatsiya, blokirovka, texnologik jarayonni yoki alohida kompressor va nasos agregatlarini avtomatik nazorat qilish va tartibga solish tizimlari roʻyxatining mavjudligi;
v) “Ishlab chiqarishdan foydalanish xavfsizligi” boʻlimida xavf-xatarlar, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan uskuna buzilishlari va avariya vaziyatlarining tavsiflari, ularni tuzatish, lokallashtirish va bartaraf etish usullari koʻrsatilganligi;
g) yoʻriqnomalarni qayta koʻrib chiqish muddatlariga rioya qilinishi;
d) yoʻriqnomalarda ish joylaridagi asosiy xavf-xatar omillari, avariyalarni bartaraf etishda xodimlarning xatti-harakatlari toʻgʻrisida maʼlumotlarning borligi;
e) ish joylarida talab etiladigan yoʻriqnoma va sxemalarning mavjudligi;
j) raqamlangan, shnurlangan, korxonaning muhri, sana va kompressor sexi boshligʻining imzosi qoʻyilgan belgilangan shakldagi ASQ ishlashini qayd etish jurnalining mavjudligi va mashinistlar tomonidan uning toʻgʻri toʻldirilganligi;
z) texnologik jarayonni yuritish qoidalari va uning parametrlariga reglamentga muvofiq rioya qilinishi; tekshiruv sutkalik jurnalga qayd etilgan NOʻA va A asboblari koʻrsatkichlarini taqqoslash va reglamentning “Ishlab chiqarish nazorati” boʻlimi yordamida amalga oshiriladi;
i) kondensatorlardan chiqayotgan suv tarkibi unda ammiak borligini aniqlash uchun tashkilotning texnik rahbari tomonidan tasdiqlangan ASQdan foydalanish boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq har oy tekshirilayotganligini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligi;
k) issiqlik tashuvchi oraliq muhit tarkibi unda ammiak borligini aniqlash uchun tashkilotning texnik rahbari tomonidan tasdiqlangan ASQdan foydalanish boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq har oy tekshirilayotganligini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligi;
l) smena jurnalida ammiakli gaz haydash quvur oʻtkazgichlaridagi bekitish ventillarini hamda suyuqlikni ajratgichlar va ajratuvchi idishlarning chiqarish quvurlaridagi ventillarni plombalash va ulardagi plombani olish holatlari va vaqti toʻgʻrisida qaydlarning mavjudligi;
m) xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning texnologik intizomga rioya qilishlari ustidan ASQ boshligʻi (uning oʻrnidagi shaxs) tomonidan kundalik nazoratning oʻtkazilganligi;
n) tanlab tekshirish yordamida ASQga xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning texnologik jarayonni xavfsiz yuritish usullari va ASQni avariyaviy toʻxtatish boʻyicha bilimlari yetarliligi aniqlanishi kerak;
o) signal qurilmalarini tekshirish boʻyicha yoʻriqnoma va grafikning mavjudligi, uning bajarilishi;
p) blokirovka qurilmalarining toʻgʻri oʻrnatilganligi;
r) “Avariya vaziyatlarini lokallashtirish rejasi” (AVLR)ning mavjudligi;
s) ASQ texnologik bloklarining portlash xavfi toifasini, uskunalarning germetikligi buzilganda, ammiak otilib chiqqanda va ammiak-havo aralashmasi portlaganda buziladigan hududlarning hisobiy radiuslarini belgilash;
t) ammiak tashqariga chiqqan avariya vaziyatlarida ammiak toʻlqinini tarqatib yuborish, lokallashtirish, uni yigʻish, neytrallash boʻyicha, shu jumladan tashqi qurilmalarda, ammiakni saqlash joylarida, texnik vositalar (suv pardalari, ammiakni neytrallash qurilmalari, chiqqan ammiakni yoyib yuborish tizimlari)ning mavjudligi; ammiak-havo aralashmasi portlaganda binolar, texnologik bloklarni portlash toʻlqini taʼsirida buzilishdan himoyalash, xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni portlash toʻlqini taʼsiridan muhofaza qilish, gaz-portlash xavfi boʻlgan hududdan odamlarni evakuatsiya qilish boʻyicha texnik vositalarning mavjudligi;
u) avariya vaziyatlarini lokallashtirish rejasida koʻzda tutilgan tadbirlar va ularning yetarliligi, shuningdek:
xodimlarni AVLR bilan tanishtirilganligi va bu ularning imzolari bilan tasdiqlanganligi;
xodimlarning ish joylari boʻyicha AVLRni bilishlari;
har chorakda AVLR qismlaridan biri boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari va har yil AVLR boʻyicha oʻquv trevogasi oʻtkazilayotganligini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligi;
kompressor boʻlimida tovush sirenasining mavjudligi va uning ishlashi (ishlatib koʻriladi). Bunda xodimlarning sirena tovushi berilganda bajaradigan xatti-harakatlari tekshiriladi (ular binoni tark etishlari va AVLRda belgilangan joyda toʻplanishlari kerak);
xavf-xatar toʻgʻrisida gaz tarqalishi mumkin boʻlgan hududda joylashgan tashkilotlarga, aholi yashaydigan joylardagi qutqaruv boʻlinmalariga, hududiy nazorat organiga xabar berish vositalarining mavjudligi va uning samaradorligi;
f) individual himoya vositalari (himoyalovchi maxsus kiyim, maxsus poyabzal, individual protivogazlar)ning mavjudligi; ularni hisobga olish va saqlash tartibi; nafas olish organlarini izolatsiyalaydigan filtrlovchi va shlangli avariya protivogazlarining mavjudligi.
IV BOB. QOʻShIMChA TALABLAR
17. Korxona (tashkilot)da tekshiruv oʻtkazish chogʻida quyidagilar tekshirilishi lozim:
Oldin sodir boʻlgan ishlab chiqarish buzilishlari va travmatizmi, ularning tahlili va ularning takrorlanishini oldini olish boʻyicha qabul qilingan chora-tadbirlar;
mashina va kondensator boʻlimlari binolarining yengil toʻsiq qurilish konstruksiyalari (elementlari) holati;
uskuna va quvur oʻtkazgichlarni pnevmatik sinovlardan oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomaning mavjudligi va uning talablariga rioya qilinishi;
ASQ xonalarini xavfsizlik talablariga muvofiq toʻgʻri joylashtirilganligi;
yuklarni sovutish kameralarida toʻgʻri joylashtirish talablarining bajarilishi;
ammiakli ballonlarni saqlash tartibi;
sovutish qurilmasida issiqlik nagruzkasi oʻzgarganligi toʻgʻrisida ASQ xodimlarini xabardor etish tartibi;
ammiakli sovutish batareyalari ustidagi hosil boʻlgan qor qatlamini koʻchirish boʻyicha yoʻriqnoma talablarining bajarilishi.
V BOB. YAKUNIY QOIDA
18. Ushbu Uslubiy koʻrsatmalar Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyosanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushma Markaziy kengashi va “Oʻzkimyosanoat” Davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyosanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushma Markaziy kengashi Raisi A. GULYAMOV
2008-yil 23-oktabr
“Oʻzkimyosanoat” DAK Boshqaruvi Raisi G. IBRAGIMOV
2008-yil 23-oktabr