Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAFN ETIShGA NAFAQA TAYINLASh VA TOʻLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 89-sonli “Oʻlimni qayd qilish bilan bogʻliq kompozit davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2022-yil 1-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida” 2010-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-276-son Qonunini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Dafn etishga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 14-iyun,
174-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 14-iyundagi 174-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Dafn etishga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq dafn etishga nafaqa (keyingi oʻrinlarda nafaqa deb ataladi) tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi.
2. Nafaqa marhumning eriga (xotiniga), ota-onasiga, farzandlariga va boshqa qarindoshlariga yoki marhumning qonuniy vakiliga, bunday shaxs boʻlmagan taqdirda esa — dafnni amalga oshirish majburiyatini zimmasiga olgan boshqa shaxsga tayinlanadi va toʻlanadi.
Nafaqa Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan xorijiy fuqarolarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga beriladi.
3. Ushbu Nizom maqsadlari uchun quyidagi atamalar va taʼriflardan foydalaniladi:
dafn etish majburiyatini zimmasiga olgan shaxs — marhumning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlari yoki qonuniy vakili, bunday shaxslar boʻlmagan taqdirda esa — dafn etish majburiyatini zimmasiga olgan boshqa jismoniy shaxs;
xodim — ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzgan mehnat munosabatlari subyekti, shu jumladan ishlaydigan pensioner yoki davlat ijtimoiy nafaqasi oluvchi ishlovchi;
ish bilan band shaxs — oʻzini mustaqil ravishda ish bilan taʼminlagan jismoniy shaxs, tadbirkor, shu jumladan yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadigan, yordamchi va dehqon xoʻjaligida ish bilan band boʻlgan, bevosita mol oʻstirish, chorvachilik hamda boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va sotishni amalga oshiradigan tadbirkor, koʻrsatib oʻtilgan toifadagi fuqarolarning ishlab chiqarishda qatnashuvchi oila aʼzosi, shuningdek oilaviy tadbirkorlik subyekti va hunarmand;
ish bilan band boʻlmagan shaxs — qonun hujjatlariga muvofiq ishsiz sifatida rasman roʻyxatdan oʻtkazilgan mehnatga layoqatli yoshdagi jismoniy shaxs, shuningdek haq toʻlanadigan ishga yoki mashgʻulotga ega boʻlmagan vaqtincha ish bilan band boʻlmagan mehnatga layoqatli shaxs;
taʼlim oluvchi — qonun hujjatlariga muvofiq umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar, oliy yoki oliy taʼlimdan keyingi maʼlumotga ega boʻlish maqsadida taʼlim muassasasida oʻqiyotgan, ishlovchi hisoblanmaydigan jismoniy shaxs;
Keyingi tahrirga qarang.
bola — mehnatga layoqatli yoshda boʻlmagan, taʼlim oluvchi hisoblanmaydigan jismoniy shaxs;
fuqarolarning ayrim toifalari — qonun hujjatlariga muvofiq toʻliq yoki qisman davlat taʼminotidagi (“Mehribonlik”, “Saxovat”, “Muruvvat” uylaridagi, jazoni oʻtash joylarida va hokazolardagi) jismoniy shaxslar;
Keyingi tahrirga qarang.
xodimning qaramogʻidagi oila aʼzosi — “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasida tilga olingan xodimning qaramogʻida boʻlgan mehnatga layoqatsiz oila aʼzosi.
4. Ushbu Nizom marhum harbiy xizmatchilarga, harbiy yigʻinlarga chaqirilgan fuqarolarga, ichki ishlar organlarining harbiy xizmatni oʻtashda (harbiy yigʻinlar), ichki ishlar organlaridagi xizmatni oʻtashda vafot etgan xodimlariga yoki tinch davrda jarohat (yaralanish, jarohat, kontuziya) natijasida vafot etgan xodimlariga, shuningdek xizmatda boʻlishning cheklangan yoshiga toʻlgandan keyin, salomatligining holatiga koʻra yoxud tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan harbiy xizmatdan yoki ichki ishlar organlaridagi xizmatdan boʻshatilgan marhum fuqarolarga nisbatan qoʻllanilmaydi. Ularni dafn etish marhum harbiy xizmatni (harbiy yigʻinlarni) oʻtagan, ichki ishlar organlarida xizmat qilgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
II. Nafaqa tayinlash va toʻlashning umumiy qoidalari
Oldingi tahrirga qarang.
5. Nafaqa:
a) davlat pensiyasi oluvchi pensioner;
b) davlat ijtimoiy nafaqasi oluvchi fuqaro;
v) xodim yoki uning qaramogʻidagi oila aʼzosi;
g) bola hayotining birinchi haftasi mobaynida vafot etganda yoki oʻlik bola tugʻilganda (perinatal oʻlim);
d) ish bilan band boʻlgan yoki band boʻlmagan shaxs, fuqarolarning ayrim toifalariga tegishli boʻlgan shaxs yoki bola;
e) Oʻzbekiston Respublikasi hududida dafn etilgan Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs vafot etgan taqdirda tayinlanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 372-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 4-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Ushbu Nizom 5-bandining “a”, “b”, “g”, “d” va “e” kichik bandlarida koʻrsatilgan shaxslar vafot etgan taqdirda nafaqa Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi deb ataladi) tomonidan tayinlanadi.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 372-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 4-modda)
Ushbu Nizom 5-bandining “v” kichik bandida koʻrsatilgan shaxs vafot etganda nafaqa korxona, muassasa yoki tashkilot (keyingi oʻrinlarda tashkilot deb ataladi) tomonidan mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda tayinlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda dafn etish majburiyatini zimmasiga olgan shaxs nafaqa olish huquqiga ega boʻladi. Dafnni oʻtkazganlik holati oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan olingan maʼlumotlar asosida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari xorijiy davlat hududida dafn etilgan taqdirda, dafn etish holati tegishli hujjatlar, shuningdek, dafn etish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan fuqaroning pasportidagi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtganligini tasdiqlovchi yozuvlar (muhr, shtamplar yoki belgilar) orqali aniqlanadi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/766/1964-son)
8. Dafn etish majburiyatini zimmasiga olgan yuridik shaxslarga nafaqa toʻlanmaydi.
9. Nafaqa uchun unga boʻlgan huquq yuzaga kelgandan keyin 6 oy mobaynida murojaat qilish mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Ushbu Nizomning 5-bandi “a” — “e” kichik bandlarida koʻrsatilgan shaxslar vafot etgan taqdirda dafn etish majburiyatini zimmasiga olgan shaxsga pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining toʻrt baravari miqdorida nafaqa toʻlanadi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 372-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 4-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
12. Nafaqa miqdori oʻlim sodir boʻlgan kundagi, asosli sabablarga koʻra (marhumni qidirish, jasadni xorijiy davlat hududidan olib kelish va boshqalar) marhum oʻlim aniqlangan kundan kech dafn etilgan hollarda — ushbu holatni tasdiqlaydigan hujjatlar asosida dafn etish kunida belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
13. Ish haqiga tuman koeffitsiyenti belgilangan tumanlarda va joylarda nafaqa miqdori tuman koeffitsiyentlari hisobga olinmasdan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Xodim yoki uning qaramogʻidagi oila aʼzosi vafot etgan taqdirda nafaqa uni tayinlagan tashkilot tomonidan toʻlanadi, keyinchalik koʻrsatib oʻtilgan sarf-xarajatlar qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga qoplanadi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2020-y., 07/20/4555/4257-son)
Keyingi tahrirga qarang.
15. Nafaqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnoma boʻyicha toʻlanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi
16. Ushbu Nizom 5-bandining “a”, “b” va “d” kichik bandlarida koʻrsatilgan shaxslar vafot etgan taqdirda nafaqa tayinlash toʻgʻrisidagi ariza marhumning yashash joyidagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻlik bola tugʻilganda yoki bola hayotining birinchi haftasi mobaynida vafot etgan taqdirda (perinatal oʻlim) yoxud ushbu Nizomning 5-bandi “e” kichik bandida koʻrsatilgan shaxs vafot etgan taqdirda nafaqa tayinlash toʻgʻrisidagi ariza dafn etish majburiyatini zimmasiga olgan shaxsning yashash joyidagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga beriladi.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 372-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 4-modda)
17. Dafn etish majburiyatini zimmasiga olgan shaxsning quyidagi hujjatlar ilova qilingan holda berilgan arizasi nafaqa toʻlash uchun asos hisoblanadi:
FHDY organi tomonidan berilgan oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi va oʻlim toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaning asl nusxasi. Oʻlik bola tugʻilganda yoki bola hayotining birinchi haftasi mobaynida vafot etgan taqdirda (perinatal oʻlim) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berilgan perinatal oʻlim toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaning asl nusxasi;
Keyingi tahrirga qarang.
ariza beruvchining pasporti nusxasi.
Oʻlik bola tugʻilganda yoki bola hayotining birinchi haftasi mobaynida vafot etgan taqdirda perinatal oʻlim toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma belgilangan tartibda ikki nusxada rasmiylashtiriladi.
18. Nafaqa barcha zarur hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda murojaat qilingan kunda tayinlanadi.
19. Nafaqa tayinlash toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish quyidagi hollarda rad etiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu Nizom 5-bandining “a”, “b”, “g”, “d” va “e” kichik bandlarida koʻrsatilgan shaxslar vafot etgan kundan boshlab 6 oy oʻtgandan keyin nafaqa uchun murojaat qilinganda;
(19-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 372-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 4-modda)
ushbu Nizomning 17-bandida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlar taqdim etilmaganda.
20. Nafaqa tayinlash yoki nafaqa tayinlashni rad etish Pensiya jamgʻarmasi boʻlimining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
21. Nafaqa tayinlash rad etilgan taqdirda Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi murojaat qilingan kunda, rad etish sabablari va qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi koʻrsatilgan, ariza beruvchi taqdim etgan barcha hujjatlarning asl nusxalari ilova qilingan holdagi bildirishnomani ariza beruvchining qoʻliga beradi yoki unga pochta orqali joʻnatadi.
22. Ariza beruvchi nafaqa tayinlash yoki nafaqa tayinlashni rad etish toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan bevosita sudga yoki Pensiya jamgʻarmasi boʻlimining yuqori organiga shikoyat qilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Nafaqa tayinlash toʻgʻrisidagi ariza va nafaqa tayinlash toʻgʻrisidagi qaror taqdim etilgan barcha hujjatlar bilan birgalikda nafaqa oluvchining alohida hujjatlar yigʻmajildida saqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Nafaqani toʻlash pensiya tayinlash toʻgʻrisida murojaat qilgan ariza beruvchi yashaydigan joydagi nafaqani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot orqali Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/766/1964-son)
25. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi quyidagilarga majbur:
Oldingi tahrirga qarang.
har bir toʻlov oyi boshida oʻtgan oy uchun nafaqa turi boʻyicha toʻlangan mablagʻlar umumiy summasidan kam boʻlmagan miqdordagi nafaqa toʻlash uchun zarur mablagʻlarni nafaqani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilotga depozit hisob raqamlariga moliyalashtirish;
(25-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/766/1964-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ariza beruvchi murojaat qilgan kunda nafaqa toʻlashga vedomostni rasmiylashtirish hamda ariza beruvchiga nafaqa toʻlashni amalga oshirish uchun nafaqani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilotga axborot tizimi orqali taqdim etish;
(25-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/766/1964-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Toʻlov oyidan keyingi oyning 7-kunidan kechikmay nafaqani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi amalda toʻlangan mablagʻlar summasi va nafaqa oluvchilar soni toʻgʻrisida taqqoslash dalolatnomasini tuzadilar.
(25-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/766/1964-son)
Oldingi tahrirga qarang.
26. Nafaqani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot vedomostga va ariza beruvchining pasportiga, pasport boʻlmagan taqdirda esa ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatga qatʼiy asoslanib naqd pul mablagʻlarini toʻlaydi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/766/1964-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 766-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/766/1964-son)
IV. Tashkilot tomonidan nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi
28. Xodim yoki uning qaramogʻidagi oila aʼzosi vafot etgan taqdirda nafaqa tayinlash toʻgʻrisidagi ariza tashkilot maʼmuriyatiga beriladi.
29. Nafaqa xodimning asosiy ish joyi boʻyicha tashkilotning ijtimoiy sugʻurta komissiyasi (keyingi oʻrinlarda komissiya deb ataladi) tomonidan tayinlanadi. Komissiyaning tarkibi va raisi tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
30. Komissiyalar boʻlmagan tashkilotlarda nafaqa tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan bunday vakolat berilgan shaxs tomonidan tayinlanadi.
31. Marhumni dafn etish majburiyatini zimmasiga olgan shaxs tomonidan quyidagi hujjatlar ilova qilingan holda berilgan ariza nafaqa tayinlash uchun asos hisoblanadi:
a) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda FHDY organi tomonidan berilgan oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi va oʻlim toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaning asl nusxasi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
b) xodimning qaramogʻidagi oila aʼzosi vafot etgan taqdirda — marhumning xodim bilan qarindoshligi darajasini tasdiqlaydigan hujjat (tugʻilish haqidagi guvohnoma, nikoh toʻgʻrisidagi guvohnoma va boshqalar);
(31-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-oktabrdagi 789-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 09/18/789/1993-son)
Keyingi tahrirga qarang.
v) ariza beruvchi pasportining nusxasi.
32. Nafaqa barcha zarur hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda murojaat qilingan kunda tayinlanadi.
33. Nafaqa tayinlash toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish quyidagi hollarda rad etiladi:
xodimning yoki uning qaramogʻidagi oila aʼzosining vafotidan 6 oy oʻtgandan keyin murojaat qilinganda;
ushbu Nizomning 31-bandida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlar taqdim etilmaganda.
Nafaqa tayinlash yoki nafaqa tayinlashni rad etish komissiyaning protokol qarori yoki tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan bunday vakolat berilgan shaxsning qarori bilan rasmiylashtiriladi.
34. Nafaqa tayinlash rad etilgan taqdirda korxona rad etish sabablarini va qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibini koʻrsatgan, ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlarning asl nusxalarini ilova qilgan holda bildirishnomani ariza beruvchining qoʻliga beradi yoki unga pochta orqali yuboradi.
35. Nafaqa tayinlash yoki nafaqa tayinlashni rad etish toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan ariza beruvchi bevosita sudga yoki Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlimiga yoxud, mavjud boʻlsa, yuqori organiga shikoyat qilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Tashkilot qayta tashkil etilganda (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) nafaqa olish huquqiga ega boʻlgan shaxsga ushbu Nizomga muvofiq nafaqa tayinlash va toʻlash tashkilotning huquqiy vorisi tomonidan amalga oshiriladi.
37. Tashkilotda, uning rahbariyati tasdiqlaganidek, mablagʻlar yoʻqligi yoki yetarli emasligi tufayli nafaqa toʻlash mumkin boʻlmagan, shuningdek nafaqa tayinlash uchun murojaat qilingan muddat mobaynida tashkilot tugatilgan taqdirda nafaqa Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan tayinlanadi.
38. Tashkilot tomonidan nafaqa vedomost va ariza beruvchining pasporti asosida naqd pul mablagʻlari bilan toʻlanadi.
39. Tashkilotning bosh (katta) buxgalteri komissiya bilan bir qatorda nafaqa toʻlashga mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi yuzasidan javob beradi.
40. Nafaqa tayinlash toʻgʻrisidagi ariza va nafaqa tayinlash haqidagi qaror taqdim etilgan barcha hujjatlar bilan birgalikda tashkilot buxgalteriyasida saqlanadi.
V. Yakunlovchi qoidalar
41. Nafaqaga soliq solinmaydi va undan ushlab qolinmaydi.
42. Nafaqaning asossiz va noqonuniy toʻlanishi holatlari aniqlangan taqdirda ariza beruvchiga toʻlangan nafaqa summasi sud tartibida undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(43-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 766-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/766/1964-son)
Oldingi tahrirga qarang.
44. Nafaqalarni toʻlash va yetkazib berish boʻyicha xarajatlarni (bank xizmatlari uchun tashkilot xarajatlari hisobga olinmagan holda) moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
(44-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2020-y., 07/20/4555/4257-son)
45. Nafaqa olish huquqiga ega boʻlgan shaxs vafot etgan taqdirda olinmay qolgan nafaqa summasi meros tarkibiga kiritilmaydi va ota-onaga, eriga (xotiniga), shuningdek nafaqa oluvchi vafot etgan kunda u bilan birgalikda yashagan oila aʼzolariga toʻlanadi.
Nafaqa tayinlash va toʻlash, ushbu Nizomning III boʻlimiga muvofiq, nafaqa oluvchi marhumning yashash joyidagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
Bir necha shaxs murojaat qilgan taqdirda ularga tegishli boʻlgan nafaqa summasi ular oʻrtasida teng taqsimlanadi.
Koʻrsatib oʻtilgan summa nafaqa yuzasidan nafaqa oluvchi marhumning vafotidan keyin 6 oydan kechikmay murojaat qilingan taqdirda toʻlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 14-iyundagi 174-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 50-son, 566-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-fevraldagi 46-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 8-son, 77-modda)
3. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 19-fevraldagi 30-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 2-son, 11-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 8-bandi “v” kichik bandining toʻrtinchi xatboshidagi “hamda dafn marosimi nafaqalarini” soʻzlari chiqarib tashlansin.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 14-iyundagi 174-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Keksalar va mehnatga layoqatsiz fuqarolar, nogiron bolalar va bolalikdan nogironlarning dafn marosimi uchun bir yoʻla beriladigan nafaqalar toʻgʻrisida” 2002-yil 1-maydagi 149-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 5-son, 22-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 30-dekabrdagi PF-4161-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tashkiliy tuzilmasini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1252-son qarorlari)” 2010-yil 24-martdagi 52-son qaroriga 1-ilovaning 24-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 3-son, 12-modda).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 24-son, 249-modda; 2015-y., 1-son, 4-modda; 2016-y., 8-son, 77-modda, 50-son, 566-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/766/1964-son, 04.10.2018-y., 09/18/789/1993-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 01.01.2020-y., 07/20/4555/4257-son; 23.05.2020-y., 09/20/327/0651-son; 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)