Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
XALQ XOʻJALIGIDA HISOB-KITOBLAR OʻZ VAQTIDA OʻTKAZILISHI UCHUN KORXONA VA TASHKILOTLAR RAHBARLARINING MASʼULIYATINI OSHIRISH BORASIDAGI CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Korxona va tashkilotlarning moliyaviy ahvolini mustahkamlash, yetkazib berilgan mahsulot, bajarilgan ishlar va xizmatlar uchun isteʼmolchilarning oʻz vaqtida hisob-kitob qilishlarini taʼminlash, xalq xoʻjaligida toʻlov intizomining ahvoli uchun rahbarlarning masʼuliyatini oshirish maqsadida:
1. Barcha mulkchilik shakllaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning isteʼmolchilar va buyurtmachilarga, agar ular yetkazib beriladigan (bajariladigan ishlar, xizmatlar) qiymatining kamida 15 foizini oldindan toʻlamasalar, mahsulot joʻnatishi, ishlarni bajarishi va xizmatlar koʻrsatishi taqiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Tovarlar amalda joʻnatilgan ishlar bajarilgan, xizmatlar koʻrsatilgan kundan boshlab oltmish kun oʻtgandan keyin, yetkazib berilgan tovarlar, koʻrsatilgan xizmatlar va bajarilgan ishlar uchun mablagʻlar kelib tushmaganligi muddati oʻtib ketgan debitorlik qarzi deb hisoblansin.
Muddati oʻtib ketgan debitorlik qarzi mavjudligiga yoʻl qoʻyayotgan korxona rahbarlari va bosh buxgalterlariga nisbatan juda qattiq maʼmuriy va moddiy javobgarlik choralari, hatto jinoiy javobgarlikka tortish chorasi qoʻllanilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Prokuraturasi toʻlov qobiliyatiga ega boʻlmagan isteʼmolchilarga mahsulot yetkazib berayotgan (ishlar, xizmatlarni bajarayotgan) mansabdor shaxslarni javobgarlikka, shu jumladan jinoiy javobgarlikka tortish ustidan nazoratni koʻchaytirsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, soliq idoralari:
muddati oʻtib ketgan debitorlik qarzi mavjud boʻlgan taqdirda barcha mulkchilik shaklidagi korxona va tashkilotlarning rahbarlariga, shuningdek mazkur korxonalarning bosh buxgalterlariga;
Keyingi tahrirga qarang.
korxonalarning hisob-varaqlarida tegishli mablagʻlar mavjud boʻlgani holda toʻlovlarni oʻtkazishning belgilangan muddatlarini buzgan tijorat banklari filiallarining rahbarlariga va bosh buxgalterlariga eng oz ish haqi miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda maʼmuriy jarima soladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklarining toʻlovlarni oʻz vaqtida oʻtkazishlari va ularning oʻzaro hisob-varaqlarining holati ustidan doimiy nazoratni taʼminlasin, korxonalarning hisob-varaqlaridan toʻlovlar oʻtkazilishini kechiktirishga muntazam suratda yoʻl qoʻyayotgan tijorat banklarining filiallarini tugatishgacha boʻlgan choralarni koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasining Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi vazirliklar, davlat qoʻmitalarining, hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi idoralarining korxonalar va tashkilotlar boʻyicha debitorlik-kreditorlik qarzi, shu jumladan muddati oʻtib ketgan qarzdorlik holati toʻgʻrisida har oylik statistika hisobotini ishlab chiqsin va 1995-yilning iyulidan joriy etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining Oliy xoʻjalik sudi Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Davlat mulki qoʻmitasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda toʻlov qobiliyatiga ega boʻlmagan xoʻjalik subyektlarining kasodga uchraganligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda ishlarni qoʻzgʻatish borasidagi faoliyatni kuchaytirsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasining Adliya vazirligi amaldagi qonunlarga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga oid takliflarni bir hafta muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
9. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilishni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 12-may,
PF-1154-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 5-son, 89-modda; 1999-y., 7-son, 168-modda; 2003-y., 6-7-son, 92-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 37-son, 980-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2018-y., 06/18/5564/2137-son; 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son, 15.09.2021-y., 06/21/6313/0871-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2021-y., 06/21/6325/0972-son)