Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QONUN HUJJATLARI BUZILGANLIGI UCHUN USHLANGAN TRANSPORT VOSITALARINI TOʻXTASH JOYLARIGA OLIB KELISH, JOYLASHTIRISH VA SAQLASH TARTIBINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlashda qonuniylikni taʼminlash, sanitariya va yongʻinga qarshi qoidalarga rioya qilish, saqlash joylariga qoʻyiladigan talablarni belgilash, transport vositalari saqlanishi uchun javobgarlikni oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2011-yil 1-sentabrdan boshlab quyidagicha tartib belgilansin, unga muvofiq:
qonun hujjatlarida belgilangan hollarda vakolatli davlat organlari tomonidan ushlangan transport vositalarini saqlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tanlab olingan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi;
ushlangan transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun tanlab olingan yuridik shaxslar vakolatli davlat organining xabari (murojaati) asosida qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash joyiga olib kelishni (tashishni) taʼminlaydilar;
transport vositalarini olib kelish (tashish) va saqlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarning cheklangan miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar:
Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
bir oy muddatda — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda transport vositalarini olib kelish (tashish) va saqlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovning cheklangan miqdorini tasdiqlasinlar;
ikki oy muddatda — transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar tanlovini oʻtkazsinlar;
ushbu qaror talablari bajarilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 2012-yil 15-yanvarda axborot bersinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda — qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida;
ikki oy muddatda — Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga toʻxtash va toʻxtab turish qoidalari buzilganligi uchun transport vositalarini ushlashni va toʻxtash joyiga majburiy olib kelishni nazarda tutadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar haqida takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Xoʻjayev va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri B.A. Matlyubov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 25-may,
149-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi 149-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Ushbu Nizom qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini (keyingi oʻrinlarda transport vositalari deb ataladi) toʻxtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibini belgilaydi.
2. Davlat organining transport vositalarini ushlash huquqiga ega boʻlgan, ushlangan transport vositasini toʻxtash joyiga joylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan vakolatli xodimi bu haqda tegishli davlat organining navbatchilik qismiga xabar beradi.
Davlat organining xabarni qabul qilgan navbatchilik qismi xodimi ushbu xabarni qayd etadi va ichki ishlar organining hududiy boʻlinmasi navbatchilik qismiga va Yoʻl harakati xavfsizligi hududiy boshqarmasining Markaziy dispetcherlik xizmatiga maʼlum qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Haydovchi hozir boʻlmaganda transport vositasi ushlanganligi toʻgʻrisida darhol ichki ishlar hududiy organining navbatchilik qismiga maʼlum qilinadi. Ichki ishlar organining tezkor navbatchisi transport vositasining egasini (egasining vakilini) aniqlash uchun oʻzining imkoni yetgan barcha choralarni koʻradi va imkoni boricha qisqa muddatda transport vositasi ushlanganligi toʻgʻrisida egasini (egasining vakilini) xabardor qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining Markaziy dispetcherlik xizmati tegishli hududda transport vositalarini olib kelish va saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxsning vakili va zarur maxsus texnik vosita ushlash joyiga darhol yuborilishi choralarini koʻradi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Transport vositasini ushlagan davlat organining vakolatli xodimi oʻz vakolatlari doirasida haydovchini transport vositasini boshqarishdan chetlatish yuzasidan zarur xatti-harakatlarni amalga oshiradi, maʼmuriy huquqni buzish toʻgʻrisidagi bayonnomani yoki transport vositasi ushlanganligi toʻgʻrisidagi qarorni rasmiylashtiradi, transport vositasi toʻxtash joyiga joylashtirilgan taqdirda undagi mol-mulk roʻyxatini oʻz ichiga oladigan tegishli dalolatnomani tuzadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Dalolatnoma nusxasi unga nisbatan koʻrsatib oʻtilgan chora qoʻllanilgan shaxsga, shuningdek transport vositasini toʻxtash joyida saqlash uchun masʼul boʻlgan shaxsga topshiriladi.
6. Ushlash joyiga kelgan yuridik shaxsning vakili:
Oldingi tahrirga qarang.
transport vositasini toʻxtash joyiga joylashtirish maqsadida uni qabul qilish uchun yonida xizmat guvohnomasiga hamda yuridik shaxs tomonidan berilgan va uning muhri bilan tasdiqlangan (tadbirkorlik subyektlaridan muhr bilan tasdiqlash talab qilinmaydi) transport vositalarini tashish (evakuatsiya qilish) huquqini beruvchi ishonchnomaga ega boʻlishi kerak;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)
maʼmuriy huquqni buzish toʻgʻrisidagi bayonnoma yoki transport vositasini ushlash toʻgʻrisidagi qaror asosida qabul qilish-topshirish dalolatnomasini tuzgan va konstruksiyada kirish nazarda tutilgan joylarni (eshiklar, bagajnik, kapot, benzin baki qopqogʻi va hokazolar) surgʻuchlagan holda ushlangan transport vositasini koʻzdan kechiradi va uni vakolatli xodimdan qabul qilib oladi;
transport vositasini toʻxtash joyiga olib kelish (tashish) va unga joylashtirish choralarini koʻradi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Transport vositalarini qabul qilish kechayu kunduz amalga oshiriladi.
8. Toʻxtash joyidagi transport vositasi oldiga haydovchining (egasining, egasining vakilining) kelishiga faqat transport vositasini toʻxtash joyiga joylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organning ruxsatidan keyin, uni saqlash toʻgʻrisidagi masʼul shaxs hozir boʻlganida yoʻl qoʻyiladi, bu haqda tashrif buyurganlarni hisobga olish jurnalida yozuv qayd etiladi.
Tashrif buyurganlarni hisobga olish jurnali ip oʻtkazib tikiladi va ichki ishlar organlari tomonidan roʻyxatga olinadi.
9. Transport vositasini ushlash muddati maʼmuriy huquqni buzish toʻgʻrisida bayonnoma tuzilgan yoki transport vositasini ushlash toʻgʻrisida qaror chiqarilgan paytdan boshlab hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Transport vositasini saqlash muddati u toʻxtash joyiga joylashtirilgan paytdan boshlab soatlarda hisoblanadi.
10. Vakolatli mansabdor shaxs transport vositasi ushlanganligi sabablari bartaraf etilgandan keyin toʻxtash joyiga joylashtirilgan transport vositasini haydovchiga (egasiga, egasining vakiliga) berishga yozma ruxsatnoma beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu ruxsatnoma lavozimi, unvoni (mavjud boʻlsa), familiyasi, ismi, otasining ismi, sana va vaqt koʻrsatilgan va muhr bilan tasdiqlangan holda (tadbirkorlik subyektlaridan muhr bilan tasdiqlash talab qilinmaydi) rahbar yoki vakolatli mansabdor shaxs tomonidan imzolanadi.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)
Keyingi tahrirga qarang.
11. Transport vositasi haydovchiga (egasiga, egasining vakiliga) transport vositalarini olib kelish va saqlash boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlangandan keyin vakolatli mansabdor shaxsning yozma ruxsatnomasi asosida beriladi.
Transport vositalarini toʻxtash joylaridan berish kechayu kunduz amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Ushlangan transport vositalari hisobi yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan belgilanadigan shakllar boʻyicha yuritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Transport vositasini tashish yoki saqlash paytida unga va uning ichidagi mol-mulkka yetkazilgan zarar qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi.
14. Transport vositasi qabul qilish-topshirish dalolatnomasi boʻyicha toʻxtash joyi vakiliga berilguniga qadar transport vositasining saqlanishi uchun transport vositasi egasi oldida qonun hujjatlariga muvofiq tegishli davlat organlari javob beradilar.
15. Transport vositasi toʻxtash joyiga joylashtirilgandan keyin uning saqlanishi uchun transport vositalarini toʻxtash joyiga olib kelish va saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
17. Ushbu Nizom talablariga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish ishlarini umumiy muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi 149-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini (keyingi oʻrinlarda transport vositalari deb ataladi) saqlash xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar tanlovini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Transport vositalarini saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshirishda qonun hujjatlari talablariga eng toʻliq rioya etilishini taʼminlashga qodir boʻlgan yuridik shaxslarni aniqlash tanlov oʻtkazishning maqsadi hisoblanadi.
Tanlov Oʻzbekiston Respublikasining har bir mintaqasi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) boʻyicha alohida oʻtkaziladi.
Har bir mintaqada tanlov asosida, mintaqaning maʼmuriy-hududiy boʻlinishining joylashishidan kelib chiqqan holda transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatuvchi bir necha yuridik shaxslar aniqlanishi mumkin.
3. Tanlovning barcha qatnashchilari uchun teng raqobat sharoitlari yaratish, oshkoralik, baholashning xolisligi va talablarning yagonaligi tanlovni tashkil etish va oʻtkazishdagi asosiy prinsiplar hisoblanadi.
4. Tanlov ochiq hisoblanadi va unda Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan har qanday yuridik shaxs qatnashishi mumkin.
Bankrot deb eʼlon qilingan yoki tugatish bosqichida boʻlgan yoxud mol-mulki xatlangan talabgorlar tanlovda ishtirok etishga qoʻyilmaydi.
5. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
tanlov komissiyasi — transport vositalarini saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshirishda qonun hujjatlari talablariga eng toʻliq rioya etilishini taʼminlashga qodir boʻlgan yuridik shaxslarni aniqlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tashkil etiladigan doimiy organ;
tanlov hujjatlari — transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar faoliyatini tashkil etishga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar, tanlov predmetining tashkiliy va boshqa tavsiflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan iborat boʻlgan hujjatlar turkumi;
tanlov takliflari — tanlov qatnashchisining transport vositalarini saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshirishda qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlari;
tanlov predmeti — transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga boʻlgan huquq;
tanlov shartlari — tanlov jarayoniga qoʻyiladigan jami talablar, shu jumladan uni oʻtkazish sanasi, tanlash mezonlari, tanlov hujjatlarini olish joyi, yuridik shaxslar tomonidan tanlov takliflarini berish muddati, tanlov takliflarini ochish joyi, sanasi va vaqti;
talabgor — taklif etilgan shartlarda tanlovda qatnashish niyatini maʼlum qilgan yuridik shaxs;
tanlov qatnashchisi — tanlovda qatnashishga qoʻyilgan talabgor;
vakolatli vakil — tanlovda qatnashish uchun talabgor tomonidan ishonchnoma asosida vakil qilingan jismoniy shaxs;
tanlov gʻolibi — tanlovning takliflari tanlovning boshqa qatnashchilariga nisbatan belgilangan talablarga eng toʻliq javob beradigan qatnashchisi.
II. Tanlov komissiyasi ishini tashkil etish
6. Tanlov doimiy asosda ishlaydigan tanlov komissiyasi (keyingi oʻrinlarda komissiya deb ataladi) tomonidan oʻtkaziladi.
7. Komissiya tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarori bilan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Komissiya tarkibiga mahalliy davlat hokimiyati organlari, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining hududiy boʻlinmalari vakillari kiritiladi.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi 498-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Komissiya aʼzolari soni toq, qoidaga koʻra, 7 kishidan iborat boʻlishi kerak.
Komissiyaga tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosarlari boshchilik qiladi.
Komissiya, zaruriyatga koʻra, komissiya raisi, shuningdek uning aʼzolari taqdimiga binoan, yarim yilda bir marta chaqiriladi.
Komissiya reglamentini komissiyaning oʻzi tasdiqlaydi.
8. Komissiya:
a) tanlov hujjatlari tarkibini (shaklini) hamda yuridik shaxslarning tanlov takliflarini, tanlov qatnashchilariga qoʻyiladigan malaka talablarini va boshqa talablarni tasdiqlaydi;
b) tanlov hujjatlari turkumi qiymati miqdorini uni tayyorlashning haqiqiy tannarxi boʻyicha, eʼlonlarni chop etishga xarajatlarni hisobga olgan holda tasdiqlaydi;
v) tanlovni oʻtkazish, uni oʻtkazish sanasi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, tanlov hujjatlari olish joyini, yuridik shaxslar tomonidan tanlov takliflarini berish muddatini, tanlov takliflarini ochish joyi, sanasi va vaqtini belgilaydi;
g) yuridik shaxslarning tanlov takliflari qayd etilgan konvertlarni ochishni belgilangan tartibda amalga oshiradi, ularning tanlov hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga (hujjatlarni taqdim etishning toʻliqligi, rasmiylashtirish va shu kabilarga) muvofiqligini tekshiradi, tanlov takliflarini belgilangan mezonlarga muvofiq baholaydi va tanlov natijalari boʻyicha bayonnomani tasdiqlaydi;
d) zaruriyat boʻlganda, tanlov takliflarini baholash uchun mustaqil ekspertlarni (maslahatchilarni) jalb etadi;
e) transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish huquqi yuzasidan yuridik shaxslar bilan kontraktlar tuzadi;
j) transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish huquqi yuzasidan yuridik shaxslar bilan kontraktlar shartlarining bajarilishini tekshirish va monitoringini olib borishni belgilangan tartibda amalga oshiradi;
z) ushbu Nizomda nazarda tutilgan holatlarda, yangi tanlov oʻtkazgan holda, transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish huquqini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
i) komissiyaga yuklangan vazifalarni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
9. Komissiya qarorlari, agar majlisda uning aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismi qatnashsa qonuniy hisoblanadi. Qarorlar komissiyaning majlisda qatnashadigan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Komissiya qarorlari yozma ravishda, bayonnomalar shaklida rasmiylashtiriladi va komissiya majlisidan keyin besh ish kuni mobaynida qatnashchilarga yetkaziladi.
10. Komissiya faoliyatini tashkil etish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori bilan belgilanadigan ishchi organga yuklanadi. Ishchi organni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining masʼul xodimi boshqaradi.
11. Komissiyaning ishchi organi:
a) tanlov hujjatlarini tayyorlaydi, tanlov oʻtkazilishidan kamida 30 kun oldin tanlov predmetini, uning asosiy shartlarini, uni oʻtkazish tartibi, vaqti va joyini, shu jumladan tanlov qatnashchilari tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qiladi;
b) tanlov komissiyasi aʼzolarini chaqirishni, ularga ish xonalari, tashkiliy-texnika va majlislarni oʻtkazish uchun sarflanadigan materiallarni ajratishni tashkil qiladi, shuningdek tanlovni zarur darajada oʻtkazishga doir boshqa chora-tadbirlarni koʻradi;
v) qatnashchilarning tanlov takliflarini qabul qiladi hamda takliflarning hisobga olinishini, saqlanishini, ularning tanlov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda ochilgungacha boʻlgan davrda maxfiyligini taʼminlaydi.
g) tanlov komissiyasi tomonidan jalb etiladigan ekspertlar va maslahatchilarning faoliyatini muvofiqlashtiradi, shuningdek ularning xizmatlariga haq toʻlash boʻyicha xarajatlarni amalga oshiradi.
III. Tanlov hujjatlari
12. Tanlovda qatnashishni xohlovchi talabgorlar tanlov hujjatlari turkumini olish uchun komissiyaga yozma buyurtmanoma berishlari kerak. Buyurtmanomalar berish va tanlov hujjatlarini olish uchun belgilangan muddat tanlov oʻtkaziladigan sanadan 5 kun oldin tugaydi. Barcha buyurtmanomalar komissiyaning tartib raqami qoʻyilgan va ip oʻtkazib tikilgan jurnalida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
13. Tanlov hujjatlari turkumi quyidagilardan iborat boʻladi:
transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslarning faoliyatiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar;
qatnashchi haqidagi maʼlumotlar shakli;
tanlov qatnashchisi uchun yoʻriqnoma;
transport vositalarini saqlash boʻyicha faoliyatni tashkil etishga qoʻyiladigan talablar;
qatnashchining tanlov takliflari shakli;
komissiyaga tanlov takliflarini berish va qatnashchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uchun konvert;
transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish yuzasidan kontrakt shakli.
14. Talabgor tanlov hujjatlari turkumi qiymatini uni tayyorlashning haqiqiy tannarxi boʻyicha, eʼlonlarni chop etishga xarajatlarni hisobga olgan holda toʻlashi kerak. Tushgan mablagʻlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining (viloyatlar, Toshkent shahar hokimligining) maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi va ulardan faqat tanlovni oʻtkazishni tashkil etish uchun foydalaniladi. Ushbu mablagʻlarni faqat komissiya raisi sarflash huquqiga ega.
15. Talabgor tanlovda qatnashish uchun komissiya tomonidan belgilangan shakl boʻyicha tanlov takliflarini taqdim etadi.
16. Hujjatlar shaxsan, surgʻuchlangan konvertda chopar bilan yoki pochta orqali yuboriladi va faqat komissiya majlisida ochiladi.
17. Tanlovda qatnashish uchun yuborilgan hujjatlar ishchi organning vakili tomonidan roʻyxatga muvofiq qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilingan sana qayd etilgan holda talabgorga yuboriladi (taqdim etiladi).
18. Tanlov takliflarini qabul qilish tanlov oʻtkazilishidan bir kun oldin tugallanadi.
19. Talabgor tomonidan tanlov takliflari toʻliq boʻlmagan hajmda yoki belgilangan talablar buzilgan holda taqdim etilgan taqdirda tanlov taklifi tanlovda qatnashishga qoʻyilmaydi va talabgorga qaytariladi.
20. Tanlov takliflari topshirilgandan keyin qatnashchilar ularga biron-bir tuzatish kiritish huquqiga ega emas.
IV. Tanlov takliflarining mazmuni
21. Tanlov takliflarida quyidagi koʻrsatkichlar va maʼlumotlar boʻlishi kerak:
a) bitta transport vositasining toʻxtash joyi uchun tavsiya etilayotgan maydon;
b) xizmatlar koʻrsatish vaqtida saqlash va yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadbirlar;
v) xizmatlar koʻrsatish qiymati;
g) transport vositasining saqlash joyiga oʻz vaqtida yetkazib berilishini taʼminlash uchun maxsus texnika vositalarining (evakuatorlar, tirkash troslarining) mavjudligi;
d) toʻxtash joyining shakli (yopiq binoda, ochiq holda);
e) transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish faoliyatiga qoʻyiladigan talablarga rioya etish uchun talabgorda imkoniyatlar mavjudligi toʻgʻrisida dalolat beruvchi boshqa qoʻshimcha maʼlumotlar.
Qatnashchi tanlov takliflarining barcha bandlari boʻyicha komissiya tomonidan belgilangan shaklga binoan toʻliq va batafsil maʼlumotlar taqdim etishi shart.
V. Konvertlarni ochish, tanlov takliflarini baholash va gʻolibni (gʻoliblarni) aniqlash
22. Tanlov takliflari qayd etilgan konvertlar belgilangan kun va soatda tanlov komissiyasi tomonidan ochiladi.
Yagona qatnashchining tanlov takliflari qayd etilgan konvert ochilmaydi.
Qatnashchilar yoki ularning vakolatli vakillari tanlov takliflari qayd etilgan konvertni ochishda ishtirok etishi mumkin.
Tanlov takliflari qayd etilgan konvertni ochishda shartlar va tartib-qoidalarga rioya qilinishi, tanlov hujjatlarida koʻrsatilgan hujjatlarning mavjudligi tanlov komissiyasi tomonidan tekshiriladi.
23. Tanlov takliflarini baholash va gʻolibni aniqlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) bitta transport vositasining toʻxtash joyi uchun tavsiya etilayotgan maydon uchun — hisoblangan darajadagidan (25 kv metr) ortiq boʻlgan har bir punkt uchun ortib boruvchi koeffitsiyent qoʻllangan holda, besh balli tizim boʻyicha;
b) saqlash va yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadbirlar uchun — oʻn balli tizim boʻyicha. Baholash quyidagi tarzda amalga oshiriladi:
binolar bilan toʻxtab turishga qoʻyilgan transport vositasi oraligʻidagi normativ boʻyicha yongʻin xavfsizligi masofasini (6 m) taʼminlaganlik uchun — 5 ball. Yongʻinga qarshi normativdan ortiq masofa (6 metrdan ortiq) taʼminlangan taqdirda yongʻinga qarshi masofaning oshirilgan har bir metri uchun ortib boruvchi koeffitsiyent qoʻllanadi;
toʻxtash joyidan yongʻin gidrantigacha 150 metr masofada tashqi yongʻinga qarshi suv taʼminoti tizimi taʼminlaganligi uchun — 5 ball. Toʻxtash joyidan yongʻin gidrantigacha boʻlgan masofa kamaytirilgan taqdirda masofaning har bir metri uchun ortib boruvchi koeffitsiyent qoʻllanadi;
v) transport vositalarini olib kelish va saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish qiymati uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadigan cheklangan miqdor darajasiga nisbatan kamaytirilgan har bir punkt uchun ortib boruvchi koeffitsiyent qoʻllangan holda, oʻn balli tizim boʻyicha;
g) maxsus texnika vositalarining (evakuatorlar, tirkash troslarining) mavjudligi uchun — tabaqalashtirilgan ballar boʻyicha (har bir evakuator uchun — 5 balldan va har bir tirkash trosi uchun — 3 balldan);
d) yopiq binodagi toʻxtash joyi uchun — 15 ball, ochiq joydagi toʻxtash joyi uchun — 5 ball.
Qatnashchi tanlov takliflarining yakuniy bahosi yuqorida sanab oʻtilgan koʻrsatkichlar boʻyicha ballarni qoʻshish yoʻli bilan aniqlanadi.
Takliflari eng yuqori ballar sonini olgan qatnashchi tanlov gʻolibi deb eʼtirof etiladi.
Tanlov natijalariga koʻra bir necha qatnashchining tanlov takliflari teng baholar olgan taqdirda gʻolib komissiya aʼzolarining yopiq ovoz berishi orqali aniqlanadi.
24. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish, tanlov takliflarini baholash, shuningdek transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish yuzasidan kontraktlar uchun zarur boʻlgan shakllar va yoʻriqnoma-uslubiy hujjatlar komissiyaning ishchi organi tomonidan ishlab chiqiladi va komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
25. Tanlov komissiyasi tanlov natijalarini tanlov takliflari qayd etilgan konvertlar ochilgan sanadan boshlab 10 kalendar kungacha boʻlgan muddatda bayonnoma tarzida rasmiylashtiradi.
Bayonnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
tanlov komissiyasining tarkibi;
tanlov qatnashchilari va ularning takliflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
barcha qatnashchilarning tanlov takliflarini baholash natijalari;
tanlov gʻolibi.
Bayonnoma tanlov komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi va komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Tanlov qatnashchilari bayonnoma komissiya raisi tomonidan tasdiqlangandan keyin u bilan tanishish huquqiga egadirlar.
26. Tanlov yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnoma asosida tanlov gʻolibi bilan komissiya oʻrtasida ikki hafta muddatda, qoidaga koʻra, 10 yil muddatga transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish yuzasidan kontrakt tuziladi.
Kontrakt imzolangungacha (tanlov oʻtkazilgandan keyin 15 kun mobaynida) komissiya gʻolibning tanlov takliflari ishonchliligini oldindan tekshirib koʻrishga haqlidir.
Gʻolibning tanlov takliflari ishonchsizligi aniqlangan taqdirda gʻolibdan keyin eng koʻp ball olgan navbatdagi qatnashchi gʻolib deb eʼtirof etiladi, uning tanlov takliflarining ishonchliligi komissiya tomonidan aniqlangan boʻlishi kerak.
27. Tanlovni oʻtkazish davomida paydo boʻlgan nizolar va kelishmovchiliklar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
28. Tanlov quyidagi hollarda oʻtkazilmagan deb eʼtirof etiladi:
tanlovda qatnashish uchun talabgorlardan belgilangan muddatda buyurtmanomalar tushmaganda yoki faqat bir nafar talabgordan buyurtmanoma tushganda;
tanlov gʻolibi transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun kontraktni imzolashni rad etganda.
29. Tanlov gʻolibi kontrakt tuzishni rad etgan taqdirda komissiya gʻolibdan keyin eng koʻp ball olgan navbatdagi qatnashchiga transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun kontrakt tuzishni taklif etishga haqlidir. Agar navbatdagi qatnashchi ham kontrakt tuzishni rad etsa, tanlov natijalari bekor qilinadi va komissiya qarori bilan belgilangan muddatlarda, ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda takroriy tanlov oʻtkaziladi.
Takroriy tanlovlarni oʻtkazishda dastlabki tanlov shartlari qayta koʻrib chiqilmaydi.
VI. Transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish huquqini bekor qilish uchun asoslar
30. Quyidagilar transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish huquqini bekor qilish uchun asoslar hisoblanadi:
yuridik shaxsning transport vositalarini saqlash boʻyicha faoliyatni amalga oshirish imkoni yoʻqligi toʻgʻrisida komissiyaga yuborgan yozma bildirishnomasi;
transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish yuzasidan kontraktning unda koʻrsatilgan asoslar boʻyicha bekor qilinishi yoki amal qilish muddatining tugashi;
transport vositalarini saqlash boʻyicha faoliyatga qoʻyiladigan talablar buzilishining komissiya tomonidan belgilangan muddatlarda yuridik shaxs tomonidan bartaraf etilmaganligi;
transport vositalarini saqlash boʻyicha faoliyatga qoʻyiladigan talablarning olti oy mobaynida yoʻl qoʻyilgan ikki va undan koʻp buzilishining aniqlanishi;
yuridik shaxsning bankrot deb eʼlon qilinishi yoki uni tugatish amaliyotining boshlanishi.
VII. Yakunlovchi qoidalar
31. Tanlov komissiyasi tushgan tanlov takliflarini baholashning xolisonaligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Komissiyaning ishchi organi tushadigan buyurtmanomalarning toʻliq hisobga olinishi, saqlanishi, shuningdek maxfiy maʼlumotlarning oshkor etilmasligi uchun javob beradi.
32. Ushbu Nizom talablarining amalga oshirilishi uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi 149-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yuridik shaxslar tomonidan qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini (keyingi oʻrinlarda transport vositalari deb ataladi) saqlash xizmatlari koʻrsatish boʻyicha faoliyatni belgilangan tartibda amalga oshirish tartibini belgilaydi.
II. Transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatish boʻyicha faoliyatni tashkil etish va amalga oshirish tartibi
2. Transport vositalarini saqlash xizmatlari:
transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatish uchun yuridik shaxsga foydalanish uchun yer uchastkasi berish toʻgʻrisida;
ilgari boshqa maqsadlar uchun berilgan yer uchastkasidan unda transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatish faoliyatini tashkil etish uchun foydalanish haqida mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori mavjud boʻlganda faqat yuridik shaxslar tomonidan koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Ushbu Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha qarorlar ushbu Nizom talablari hisobga olingan holda yuridik shaxsning arizasi asosida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilinadi.
4. Transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun yuridik shaxslarga yer uchastkasi berish toʻgʻrisida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilangan tartibda qaror qabul qilinadi.
Transport vositalarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslarni tanlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Transport vositalarini saqlash joylari transport vositalarini saqlash uchun moʻljallangan toʻxtash joylarini joylashtirish va jihozlashga qoʻyiladigan texnik shartlar talablariga, shu jumladan quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) qattiq qoplama, yoritish, axlat toʻplash uchun konteynerlar, suvni tindiradigan yomgʻir kanalizatsiyasi, yongʻinga qarshi vositalar mavjudligi;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
b) hududga kirish va undan chiqish uchun maxsus ajratilgan joylar mavjudligi. Kirish (chiqish) joylari yoʻl harakati xavfsizligi talablarini taʼminlash hisobga olingan holda ajratilishi kerak;
v) hudud 2 metrdan past boʻlmagan temir-beton (metall, gʻisht, shlakoblok) devor bilan oʻralgan boʻlishi kerak. Oʻralgan hududda 50 ta va undan ortiq transport vositasini saqlash nazarda tutilgan toʻxtash joyi, kamida ikkita kirish (chiqish) yoʻllari boʻlishi kerak. Oʻralgan devorda darvozalarning kengligi kamida 4,5 metr boʻlishi kerak;
g) agar hudud bir necha qatorga joylashtiriladigan transport vositalarini saqlash imkonini bersa, u holda hudud ichida transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi uchun polosalar ajratilishi kerak;
d) kirish (chiqish)ning ajratilgan joyiga nazoratchi kassirning xonasi tutashgan boʻlishi kerak, u yerda koʻrinarli joyda tashqi tomonga ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatishning tariflari va shartlari toʻgʻrisida yirik harflarda (harflarning kattaligi kamida 3 sm boʻlishi kerak) maʼlumot joylashtiriladi;
e) nogironlar uchun maxsus jihozlangan transport vositalari uchun kamida ikkita toʻxtash joyi mavjudligi;
Keyingi tahrirga qarang.
j) bitta transport vositasining toʻxtash joyi uchun hisoblangan maydon 20 kv metrga teng deb qabul qilinadi;
z) toʻxtash joyi hududida xizmat koʻrsatuvchi xodimlar, qoʻriqlash xodimlari uchun xonalar boʻlishi va u begona shaxslarning kirishiga imkon bermaydigan holda toʻsilishi kerak;
i) binolar va saqlanayotgan transport vositalari oʻrtasidagi yongʻinga qarshi oraliq loyihalashtirish normalari talablariga muvofiq, biroq kamida 6 metr boʻlishi kerak;
k) ushlangan transport vositalarini toʻxtash joyi hududida joylashtirish har bir saqlanayotgan transport vositasiga maxsus texnikaning kirib borishi va yongʻin gidrantlariga yongʻin avtomobillarining yaqinlashishi imkoniyati hisobga olingan holda amalga oshiriladi, bunda asosiy oʻtish joylarining kengligi kamida 4 metr boʻlishi kerak. Boshi berk yoʻllarning oxirida 12 x 12 metr oʻlchamli aylanib olish maydonchasi boʻlishi kerak;
l) yongʻinga qarshi tashqi suv taʼminoti tizimi bilan taʼminlangan aholi punktlarida toʻxtash joyidan yongʻin gidrantigacha boʻlgan eng uzoq masofa 150 metrdan ortiq boʻlmasligi kerak. Toʻxtash joyi suvsiz tumanda joylashtirilgan taqdirda uning hududida kamida 54 kub metr hajmli yongʻinga qarshi hovuz boʻlishi kerak. Yongʻinga qarshi shchitlar va yongʻin oʻchirishning birlamchi vositalari soni yongʻin xavfsizligi qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak;
m) toʻxtash joylari hududida joylashgan va qoʻriqlash postlarini joylashtirish, keluvchilarni qabul qilish, hujjatlarni rasmiylashtirish va toʻlov uchun moʻljallangan binolar va inshootlar telefon aloqasi, ichki ishlar organlari naryadlarini tez chaqirish knopkasi bilan taʼminlangan, yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari normativ soni bilan jihozlangan, sunʼiy yoritilgan boʻlishi kerak;
n) toʻxtash joylari hududida yongʻin gidrantlarining joylashish joyi OʻzDS boʻyicha yorituvchi koʻrsatkichlar bilan taʼminlanadi va transport vositasini quduq oldida va quduqning har ikki tomonida 1,5 metr masofada yongʻin gidranti qudugʻi lyuki ustida joylashtirishga toʻsqinlik qiladigan 15 sm balandlikdagi bordyur bilan toʻsiladi;
o) toʻxtash joyi har bir 10 transport vositasiga 1 tros (buksir) hisobidan evakuatorlar, tortish troslari (yuk transport vositalari saqlangan taqdirda qattiq shataklar) bilan jihozlanadi.
6. Toʻxtash joyida:
hududga begona shaxslarni qoʻyish;
transport vositalarini ularni joylashtirish rejasini buzgan holda toʻxtash joylarining hisoblangan sonidan ortiqcha qabul qilish va joylashtirish, transport vositalari oʻrtasidagi masofani kamaytirish;
chiqish darvozalarini va oʻtish yoʻllarini tiqilinch qilib qoʻyish;
biror-bir oʻt oladigan va taʼmirlash ishlarini bajarish, eshiklar va dvigatellarni muzdan tozalash uchun ochiq olovdan foydalanish, yengil alangalanadigan va yonuvchi suyuqliklarni saqlash va ulardan foydalanish;
transport vositalarini yonilgʻi baklarini ogʻzi ochiq holda saqlash taqiqlanadi.
7. Transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar ushlangan transport vositasini saqlash joyiga oʻz vaqtida olib kelishni taʼminlash uchun maxsus texnik vositalar (evakuatorlar, shatakka tortish troslari, qattiq shataklar)ning yetarlicha soniga ega boʻlishi kerak.
8. Transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinasiga va plastik kartochkalardan toʻlovlarni qabul qiladigan hisob-kitob terminaliga ega boʻlishi kerak.
Transport vositalarini saqlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar, shuningdek ularni tashish (evakuatsiya qilish) xarajatlari uchun haq toʻlash koʻrsatilgan xizmatlarni koʻrsatuvchi yuridik shaxs tomonidan tasdiqlangan, biroq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadigan cheklangan miqdorlardan yuqori boʻlmagan tariflar boʻyicha amalga oshiriladi.
9. Transport vositalarini saqlash boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar, shuningdek ularni tashish (evakuatsiya qilish) xarajatlari hisob-kitobi har bir toʻliq soat uchun amalda saqlangan muddatdan va tashish (evakuatsiya qilish) boʻyicha sarflangan xarajatlardan kelib chiqib nazorat-kassa mashinasi yoki hisob-kitob terminali cheki majburiy berilgan holda transport vositasi hududdan chiqayotganda amalga oshiriladi.
10. Transport vositalarini saqlash boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun, shuningdek ularni tashish (evakuatsiya qilish) sarflari uchun haq toʻlash ham naqd pul bilan, ham plastik kartochkalardan foydalangan holda naqd pulsiz hisob-kitob shaklida amalga oshiriladi.
III. Yakunlovchi qoidalar
11. Transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarga soliq solish Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Transport vositalarini toʻxtash joyiga olib kelish va saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar sanitariya va yongʻinga qarshi qoidalarga rioya qilinishi, transport vositalari toʻxtash joyiga va saqlash uchun olib kelinishi vaqtida saqlanishi (oʻgʻirlik, komplektlarning but boʻlmasligi va shikastlanishi), shuningdek transport vositasi salonidagi shaxsiy buyumlar saqlanishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
13. Transport vositalarini olib kelish va saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxs:
tabiiy ofatlar (zilzila, dovul, suv toshqini va hokazolar) vaqtida transport vositalari shikastlanganligi;
transport vositalari ularni saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatiladigan hududdan chiqqandan keyin berilgan transport vositalarini saqlashga tegishli daʼvolar uchun javob bermaydi.
14. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
15. Ushbu Nizom talablariga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish ishlarini umumiy muvofiqlashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 20-21-son, 207-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2017-y., 33-son, 863-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son; 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son; 17.08.2023-y., 09/23/358/0620-son; 06.07.2026-y., 09/26/358/0693-son)