Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOShQARUVIning
Qarori
KREDIT UYuShMALARINI DAVLAT ROʻYXATIDAN OʻTKAZISh VA ULARGA LITSENZIYA BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRISh KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 25-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2084-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 24-yanvardagi 2/9-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ayrim normativ-huquqiy hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2426, 14.02.2013-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 23-yanvardagi 3/6-sonli qarori (roʻyxat raqami 2084, 2010-yil 1-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-yil, 9-son, 71-modda) bilan tasdiqlangan “Kredit uyushmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga litsenziya berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2011-yil 7-may,
14/6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2011-yil 7-maydagi 14/6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Kredit uyushmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish
17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Kredit uyushmasida axborot tizimlarining oʻzaro ishlashi va almashinuvini taʼminlash maqsadida quyidagilar mavjud boʻlishi lozim:
bank telekommunikatsiya tarmogʻiga ulanish uchun modem aloqasi;
kredit uyushmasi binosi va bank telekommunikatsiya tarmogʻining jihozlari oʻrnatilgan avtomatik telefon stansiyasi bilan alohida sifatli aloqa liniyasi;
kafolatlangan elektr taʼminoti (220 V);
kunlik buxgalteriya hisobi yuritilishini taʼminlovchi dasturiy taʼminot;
kredit uyushmasi faoliyatini tashkil etish uchun zarur boʻlgan boshqa texnik vositalar.
Kredit uyushmasi binoci va undagi kassa xonalari texnik jihatdan mustahkamlangan va qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiya vositalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Kredit uyushmasi binoci va undagi kassa xonalarining texnik jihatdan mustahkamlanganligi va qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiya vositalari bilan jihozlanganligi, shuningdek axborot tizimlarining oʻzaro ishlashi va almashinuvini taʼminlash maqsadida modem va sifatli aloqa liniyasi mavjudligi hamda buxgalteriya hisobi amaliyotlarini amalga oshirish boʻyicha texnik talablarga mos keluvchi dasturiy taʼminot bilan taʼminlanganligi boʻyicha Markaziy bankning tegishli hududiy boshqarmasining xulosasi olinishi lozim”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 20-21-son, 214-modda)