Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi va Koreya Respublikasi Milliy karantin xizmati oʻrtasida
ANGLAShUV MEMORANDUMI
Oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik qilish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi va Koreya Respublikasi Milliy karantin xizmati, keyinchalik “Tomonlar” deb ataluvchilar, oʻsimliklar karantini sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasidagi ushbu Anglashuv Memorandumining muvofiqlashtirish va ijrosini taʼminlashga masʼul tashkilotlar:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini Bosh davlat inspeksiyasi;
Koreya Respublikasi Oziq-ovqat sanoati, qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi vazirligining Milliy karantin xizmati.
2-modda
Mazkur Anglashuv Memorandumining maqsadlarida quyidagi atamalar qoʻllaniladi:
“Xavfli karantin organizmlari” — davlatlar hududlarida mavjud boʻlmagan yoki cheklangan miqdorda tarqalgan, oʻsimliklarga zarar keltiruvchi rasmiy nazoratda boʻlgan zararkunandalar, oʻsimliklar kasalliklarini qoʻzgʻatuvchilar va begona oʻtlar;
“karantin ostidagi materiallar” — xalqaro yuk tashishga taalluqli oʻsimliklar, oʻsimlik mahsulotlari, qadoqlash materiallari, tara, transport vositalari, konteynerlar, tuproq va boshqa tirik organizmlar, fitosanitar choralar talab etiladigan materiallar va mahsulotlar.
3-modda
Oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Tomonlar xavfli karantin organizmlarining tarqalishiga taalluqli maʼlumotlar, fitosanitar qoidalar, yoʻriqnomalar, texnologiyalar hamda xavfli karantin organizmlarini aniqlash va klassifikatsiyalash bilan almashish, karantin uslublarini oʻzaro oʻrgatish.
Tomonlar bir davlat hududidan ikkinchi tomon hududiga karantin ostidagi materiallarni import, eksport va tranzit qilishda xavfli karantin organizmlarning oʻtib qolishining oldini olish maqsadida zarur chora-tadbirlarini koʻradilar.
Tomonlar xavfli karantin organizmlarining joyini aniqlash, nazorat qilish va ularni bartaraf etish choralarini koʻrishda oʻzaro ilmiy, texnik va maslahat yordamlarini koʻrsatadilar.
Tomonlar oʻsimliklar karantini sohasidagi muammolarni tahlil etish va erishilgan yutuqlarni oʻrganishda hamda chegara maskanlarida oʻsimliklar karantini bilan bogʻliq masalalarni hal etishda tegishli choralar koʻradilar.
4-modda
Karantin ostidagi materiallarni import va eksport qilishda Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunlariga amal qilib, har bir Tomon karantin nazorati ishlarini oʻz chegaralarida bajaradilar.
5-modda
Tomonlar ikkinchi Tomonga eksport qilinayotgan karantin ostidagi materiallarning har bir partiyasini import qiluvchi Tomonning fitosanitar talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi fitosanitar sertifikati bilan birgalikda joʻnatilishini taʼminlaydilar. Fitosanitar sertifikati ingliz tilida rasmiylashtiriladi.
6-modda
Import qiluvchi Tomon karantin nazorati vaqtida qandaydir xavfli karantin organizmlarining mavjudligini aniqlagan holda, karantin ostidagi materiallar partiyasi import qiluvchi Tomonidan ichki qoidalar, yoʻriqnomalari asosida zararsizlantiriladi (ishlov beriladi), qaytarib yuboriladi yoki yoʻqotiladi. Qoidalar qoʻpol ravishda buzilgan taqdirda, boshqa Tomonga xalqaro tajribaga asosan xabar beriladi.
7-modda
Bir Tomon uchun karantin ahamiyatiga ega boʻlgan xavfli karantin organizmlarining roʻyxati, ikkinchi Tomon talabi asosida taqdim etilishi mumkin.
8-modda
Tomonlar oʻzaro kelishuvga asosan Ushbu Anglashuv Memorandumi maqsadlarining ijrosini taʼminlash uchun uchrashuvlar oʻtkazishlari mumkin.
9-modda
Tomonlar ushbu Anglashuv Memorandumiga oid masalalarni talqin va joriy qilishdagi barcha munozaralarni oʻzaro kelishuv asosida muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etadilar.
10-modda
Mazkur Anglashuv Memorandumi Tomonlar ishtirokchisi boʻlgan xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxldor boʻlmaydi.
11-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra mazkur Anglashuv Memorandumiga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular mazkur Anglashuv Memorandumining ajralmas qismi hisoblangan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
12-modda
Mazkur Anglashuv Memorandumi ikki Tomon imzolagan paytdan boshlab kuchga kiradi va besh (5) yil muddatga tuziladi.
Mazkur Anglashuv Memorandumining amal qilishi oʻz-oʻzidan keyingi besh (5) yillik muddatlarga uzayaveradi.
Har bir Tomon boshqa Tomonga mazkur Anglashuv Memorandumining amal qilishi toʻxtatilishi haqida yozma ravishdagi xabarnomani yuborib, mazkur Anglashuv Memorandumining amal qilishini toʻxtatishi mumkin.
Boshqa Tomondan yozma ravishdagi xabarnoma olingan kundan olti (6) oy oʻtganidan soʻng Anglashuv Memorandumining amal qilishi toʻxtatiladi.
Seul shahrida 2010-yil 10-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, koreys va ingliz tillarida tuzildi va bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Anglashuv Memorandumi qoidalarini talqin qilish maqsadida ingliz tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2010-y., 1-4-son)