O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
RESPUBLIKADA BANK AUDITI TIZIMINI RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bank tizimiga ishonchni mustahkamlash, banklarni auditorlik tekshirishlar sifati va ta’sirchanligini oshirish, ularning moliyaviy barqarorligi xolisona tahlil etilishini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Tijorat banklari uyushmasining quyidagi takliflari qabul qilinsin:
O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki:
O‘zbekiston Respublikasi bank tizimiga kiruvchi banklar auditini o‘tkazish borasidagi ishlarni muvofiqlashtiradi;
bank auditini o‘tkazish xususida mamlakatimiz va chet el auditorlik firmalari bilan tuziladigan shartnomalar bo‘yicha buyurtmachi sifatida chiqishga haqli;
respublika hududida ish yurituvchi auditorlik firmalari va tashkilotlarga banklarda auditorlik tekshirishlarini o‘tkazish huquqi uchun tegishli sertifikatlar hamda malaka sertifikatlarini beradi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga quyidagilar tavsiya etilsin:
bank auditini amalga oshirishga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining talablari to‘g‘risidagi Nizomni bir hafta muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash;
bank auditini o‘tkazish huquqiga ega bo‘lgan auditorlik firmalarining ro‘yxatini belgilangan tartibda muntazam suratda matbuotda e’lon qilib turish;
bank auditini o‘tkazish uchun o‘z mablag‘lari hisobidan haq to‘lash.
3. Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga ushbu Farmondan kelib chiqadigan qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 24-iyul,
PF-1500-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 7-son, 94-modda)