Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
5 % LI SINTOMITSIN LINIMENTINI VETERINARIYADA QOʻLLASh BOʻYIChA QOʻLLANMANI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2008-yil 14-fevral, 20-15-23/11-son]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasining 2018-yil 17-yanvardagi 17-sonli “5 % li sintomitsin linimentini veterinariyada qoʻllash boʻyicha qoʻllanmani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. 5 % li sintomitsin linimentini veterinariyada qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2006-yil 14-sentabrda tasdiqlangan “5 % li sintomitsin linimentini veterinariyada qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish boshliq oʻrinbosari M. Yusupov zimmasiga yuklatilsin.
Boshliq Sh.MAMATOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-yanvar,
03-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 7-yanvardagi 03-sonli buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
5 % li sintomitsin linimentini veterinariyada qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I.UMUMIY MAʼLUMOTLAR
1. 5% li sintomitsin linimenti—1 g tarkibida taʼsir etuvchi moddasi sifatida 50 mg sintomitsinli, sirtga qoʻllaniluvchi bakteriyalarga qarshi preparat.
2. Tashqi koʻrinishiga koʻra bir turdagi oq rangli, kuchsiz oʻziga xos hidga ega boʻlgan suyuqlik (suspenziya).
3. Preparat alyumin tubalarga 20, 40, 50, 80, 90, 120 g dan, zargʻaldoq rangli shisha bankalarga yoki polimerli konteynyerlarga 20,100 va 250 g dan qadoqlanadi.
4. Liniment qorongʻi, bolalarning qoʻli yetmaydigan joyda, 2°S dan 20°S gacha haroratda saqlanadi.
Preparatning yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda tayyorlangan kunidan boshlab 2 yil. Dastlabki oʻram ochilgandan soʻng, idish yaxshi yopilganda saqlash muddati oʻzgarmaydi.
II.FARMAKOLOGIK XUSUSIYATLARI
5. Sintomitsin koʻp turdagi grammusbat va grammanfiy mikroorganizmlarga (Staphylococcus spp., Streptococcus spp., Neisseria gonorrhoeae, Neisseria meningitidis, Escherichia coli, Haemophilus influenzae, Salmonela spp., Shigella spp., Klebsiella spp., Serratia spp., Proteus stuartii, Yersinia spp.), shuningdek rikketsiyalar, spiroxetlarga nisbatan taʼsirchan.
6. Preparat bakteriostatik taʼsirga ega. Mikroblarga qarshi taʼsir mexanizmi mikroorganizmlarning oqsil sintezini buzilishi bilan bogʻliq.
III. QOʻLLASh TARTIBI
7. 5% li sintomitsin linimenti uy hayvonlarining sintomitsinga taʼsirchan mikroorganizmlar qoʻzgʻatgan yoki kontaminatsiyalangan teri yuzasi va shilliq pardalarning turli yalligʻlanishlarini (dermatit, ekzema, sovuq urishi, termik yoki kimyoviy kuyishlar) davolash maqsadida qoʻllaniladi.
8. Qoʻllash usullari va dozasi.
a) Liniment yupqa qilib, bevosita zararlangan teri yuzasiga drenajlar, dokali bogʻlam yoki tamponlar (qin ichi patologiyalarida) kuniga 1-2 marotaba, to butunlay sogʻayib ketguncha surtiladi.
9. Preparat zamburugʻli etiologiyadagi yalligʻlanish jarayonlarida qoʻllanilmaydi.
10. 5% li sintomitsin linimenti qoʻllanganda, hayvonlarni soʻyish va chorvachilik mahsulotlarini isteʼmol etishga cheklovlarsiz yoʻl qoʻyiladi.
IV. NOROZILIKLARNI BAYoN ETISh TARTIBI
11. Preparat ushbu qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: uzgnkl@tkt.uz. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.