Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida
Aholini va xalq xoʻjaligi obyektlarini tabiiy ofatlardan muhofaza qilishning samarali tizimini tashkil etish, respublikada tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil qilsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlar vazirligining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, aholi hayoti va salomatligini, moddiy va maʼnaviy qadriyatlarni muhofaza qilish, shuningdek tinchlik va harbiy davrda favqulodda vaziyatlar vujudga kelganda ularning oqibatlarini tugatish hamda zararlarini kamaytirish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday hollardagi harakatlarni boshqarishning davlat tizimi (FVDT)ni tashkil etish va uning faoliyatini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro muhofazasiga rahbarlik qilish;
vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklarning aholini va milliy boyliklarni muhofaza qilish, avariyalar, halokatlar va tabiiy ofatlar tufayli vujudga kelgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga doir faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga, aholini, mamlakat hududini muhofaza qilishga hamda ular vujudga kelgan taqdirda xalq xoʻjaligi obyektlari faoliyatining barqarorligini oshirishga, shuningdek aholini, mansabdor shaxslarni hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday hollardagi harakatlarni boshqarishning davlat tizimi tuzilmalarini tayyorlashga qaratilgan maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarni ishlab chiqishni tashkil etish va amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun moliya, oziq-ovqat, tibbiyot va moddiy-texnika resurslarining davlat favqulodda zaxira fondlarini tashkil etishga doir ishlarni muvofiqlashtirib borish;
vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xalqaro hamkorlikni tashkil etish.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Aholini va xalq xoʻjaligi obyektlarini muhofaza etishni taʼminlashga rahbarlik qilish:
Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosariga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga va tegishli hududlarning hokimlariga;
vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda — vazirlarga, davlat qoʻmitalari va uyushmalar boshqaruvlari raislariga, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning direktorlari va boshliqlariga yuklansin.
(3-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 29-sentabrdagi PF-1866-sonli Farmoni tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mavjud fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar hududiy organlari negizida favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (boʻlimlari)ni tashkil etsinlar.
Ushbu bandning bajarilishi toʻgʻrisida 1996-yilning 15-apreligacha axborot bersinlar.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (boʻlimlari) Favqulodda vaziyatlar vazirligining tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlarining boshqarmalari (boʻlimlari) huquqida ishlaydi;
favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (boʻlimlari) boshliqlari lavozimiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, tegishli hududlar hokimlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar fuqaro muhofazasi boshliqlarining oʻrinbosarlari hisoblanadilar;
favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (boʻlimlari) boshliqlari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarini bajarish vazirliklar, idoralar, uyushmalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida bir hafta muddatda qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 4-mart,
PF-1378-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 3-son, 19-modda; 1998-y., 12-son, 227-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 35-son, 917-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son)