O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TOShKENT ShAHRIDAGI UY-JOY QURILIShINI DAVLAT TOMONIDAN QO‘LLAB-QUVVATLAShNI KUChAYTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 30-maydagi PF-3613-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ba’zi Farmonlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash va ba’zilariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Aholining turar joy sharoitlarini yaxshilash, uy-joyni mulk qilib sotib olishga bo‘lgan ijtimoiy kafolatlar va huquqlarni kuchaytirish, fuqarolarning erkin pul mablag‘larini uy-joy qurilishiga jalb etishni rag‘batlantirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining, Davlat mulk qo‘mitasining, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining, Xalq bankining, “O‘zsanoatqurilishbank”ning, “Toshkentuyjoyinvest-qurilish” korporatsiyasining Toshkent davlat-aksiyadorlik uy-joy-jamg‘arma banki — “Toshkentuyjoyjamg‘armabank”ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Bankning ustav fondini 250 million so‘m miqdorida hosil qilish to‘g‘risida muassislarning taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar “Toshkentuyjoyjamg‘armabank” faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
Toshkent shahrida uy-joy qurilishini pul bilan ta’minlash uchun fuqarolar va yuridik shaxslarning erkin mablag‘larini jamlash;
uy-joy sotib olish huquqini beradigan nomlari ko‘rsatilgan uy-joy obligatsiyalarini muomalaga chiqarish va ular bilan operatsiyalar o‘tkazish;
jismoniy va yuridik shaxslar topshirgan buyurtmalarga muvofiq uy-joylarni qurish va sotib olish bo‘yicha buyurtmachi sifatida ish yuritish;
jismoniy va yuridik shaxslarning mablag‘larini maxsus uy-joy ssuda-jamg‘arma hisob-varaqalarida jamg‘arish hamda ularni muomalaga kiritish borasidagi ishlarni tashkil qilish;
uy-joylarni sotib olish hamda qurish uchun fuqarolarga va yuridik shaxslarga uzoq muddatli kreditlar berish;
uy-joylarni barpo etishga oid loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini o‘tkazishga mablag‘ sarflash;
fuqarolarga, uy-joy qurilish majmuiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarga har tomonlama bank hamda valyuta-investitsiya xizmatini ko‘rsatish;
uy-joy qurilishiga ajratilgan mablag‘lar aniq maqsad yo‘lida foydalanilishi, shuningdek pudrat qurilish tashkilotlari bilan hisob-kitoblar o‘z vaqtida o‘tkazilishi hamda berilgan kreditlar qaytarilishi ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlash.
3. “Toshkentuyjoyjamg‘armabank”ka tajriba tariqasida quyidagi huquq berilsin:
fuqarolar va yuridik shaxslarning buyurtmalariga muvofiq uy-joylarni bekami-ko‘st ko‘rib topshirish uchun buyurtmalarni tanlov asosida pudrat tashkilotlari o‘rtasida taqsimlash;
tuzilgan shartnomalarga muvofiq, keyinchalik jismoniy va yuridik shaxslarga sotish uchun ko‘chmas mulk bozoridan mavjud uy-joy fondini sotib olish, uni ta’mirlash borasidagi ishlarni amalga oshirish.
4. Belgilab qo‘yilsinki, quyidagilar “Toshkentuyjoyjamg‘armabank”ning nomlari ko‘rsatilgan uy-joy obligatsiyalari bo‘yicha uy-joylarni sotib olish huquqiga egadirlar:
18 yoshga to‘lgan va Toshkent shahrida kamida 3 yil doimiy ro‘yxatdan o‘tib istiqomat qiluvchi jismoniy shaxslar — mahalla qo‘mitalari va tuman hokimliklarining tavsiyanomalari bo‘yicha;
Toshkent shahrida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan barcha mulkchilik shaklidagi yuridik shaxslar o‘z xodimlari uchun — mehnat jamoalarining qarorlari bo‘yicha.
5. Belgilab qo‘yilsinki, jismoniy shaxslar “Toshkentuyjoyjamg‘armabank”ning uy-joy obligatsiyalari bo‘yicha sotib oladigan uy-joy qiymatining 50 foizi davlat budjetining mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Yuridik shaxslar bundan istisnodir.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda “Toshkentuyjoyjamg‘armabank” tomonidan mazkur shartlar asosida jismoniy shaxslarga beriladigan uy-joylarning taxmin qilinayotgan hajmlarini hisobga olgan holda ushbu bankka moliyalash hajmlarining 50 foizini aniq maqsad uchun ajratib bersin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda “Toshkentuyjoyjamg‘armabank” bilan birgalikda ushbu maqsadlarga sarflanadigan xarajatlarni moliyalash Tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
6. “Toshkentuyjoyjamg‘armabank” omonatchilariga quyidagi imtiyozlar berilsin:
jismoniy shaxslar nomi ko‘rsatilgan uy-joy obligatsiyalarini sotib olishga va “Toshkentuyjoyjamg‘armabank” kreditini to‘lashga sarflaydigan daromadining qismidan daromad solig‘i to‘lashdan;
yuridik shaxslar “Toshkentuyjoyjamg‘armabank” bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha o‘z xodimlari uchun uy-joy sotib olishga foydalanadigan daromad (foyda) qismidan daromad (foyda) solig‘i to‘lashdan;
jismoniy va yuridik shaxslar bilan “Toshkentuyjoyjamg‘armabank” tuzgan shartnomalar bo‘yicha uy-joy qurilishi qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan;
“Toshkentuyjoyjamg‘armabank” davlat tomonidan ro‘yxatga olingan paytdan boshlab 5 yil mobaynida soliqlar to‘lashdan va qonunlarda belgilangan majburiy to‘lovlardan ozod qilinsinlar. Bunda bo‘shab qolgan mablag‘larni ustav fondini ko‘paytirishga, bankning moddiy texnika va resurs bazasini mustahkamlashga yo‘naltirish shart.
7. Shu narsa belgilab qo‘yilsinki, har bir jismoniy shaxs mazkur imtiyozlarni qo‘llangan holda faqat bitta kvartirani sotib olishi mumkin.
Uy-joy sotib olingan kundan boshlab 5 yil mobaynida u sotiladigan yoki boshqacha tarzda kimgadir topshiriladigan, ijaraga beriladigan hollarda, olingan kreditlar va tegishli imtiyozlar hamda soliqlar uy-joy sotilgan yoki kimgadir topshirilgan kuni amalda bo‘lgan stavkalar bo‘yicha to‘liq miqdorda to‘lanadi.
8. Belgilab qo‘yilsinki, uy-joy qurilishi va uni sotib olish uchun shartnomalarni tuzish chog‘ida “Toshkentuyjoyjamg‘armabank”ning nomlari ko‘rsatilgan uy-joy obligatsiyalarining dastlabki turkumi:
jismoniy shaxslar uchun — sotib olinishi taxmin qilinayotgan uy-joy maydonining kamida 20 foiziga;
o‘z xodimlariga uy-joy sotib oluvchi yuridik shaxslar uchun — uy-joy maydonining kamida 50 foiziga muvofiq bo‘lishi kerak.
Uy-joy qiymatining qolgan qismiga “Toshkentuyjoyjamg‘armabank”:
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 24-martdagi 1739-son Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 3-son, 87-modda)
yuridik shaxslarga — amaldagi takror moliyalash stavkasining 50 foizi miqdorida bir yilgacha muddat bilan qisqa muddatli kredit bersin.
9. Jismoniy shaxs uy-joy sotib olish va qurish uchun olgan kreditini muddatidan ilgari to‘lagan taqdirda belgilangan imtiyozli foiz stavkalari uch yilgacha bo‘lsa — 50 foizga, besh yilgacha bo‘lsa — 30 foizga kamaytiriladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat sug‘urtasi bosh boshqarmasining uy-joy qurilishi uchun mo‘ljallangan fuqarolarning aniq maqsad yo‘lidagi barcha omonatlari jamiki tavakkalchiliklardan imtiyozli shartlar bilan sug‘urtalanishi to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bank bilan birgalikda mazkur Farmon qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid takliflarni taqdim etsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ushbu Farmonni ijro etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 31-yanvar,
PF-1366-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 1-2-son, 9-modda; 1997-y., 3-son, 87-modda)