OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
PSIXIATRIYA KASALXONALARI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 12-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2180]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Psixiatriya kasalxonalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2010-yil 27-dekabr,
203-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2010-yil 27-dekabrdagi 203-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Psixiatriya kasalxonalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq psixiatriya kasalxonalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 4-sentabrdagi 37-2019-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2180-1, 18.09.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2019-y., 10/19/2180-1/3760-son)
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Qoidalar ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolovchi psixiatriya kasalxonalariga (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 26-dekabrdagi 50-2019-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2180-2, 08.01.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.01.2020-y., 10/20/2180-2/0028-son)
2. Mazkur Qoidalar binolar va inshootlarni loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ichki nazoratning asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:
ishlarga rahbarlik qiluvchi va boshqa mansabdor shaxslarning tezkor nazorati;
maʼmuriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat);
bosh mutaxassislar xizmati tomonidan amalga oshiriladigan nazorat.
Quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish vazifalarini amalga oshirishga doir ishlarni bajarish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni oʻz vaqtida toʻgʻri oʻrganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari boʻyicha boʻlimni oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik nafar va undan ortiq boʻlgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud boʻlgan tashkilotda yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 26-dekabrdagi 50-2019-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2180-2, 08.01.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.01.2020-y., 10/20/2180-2/0028-son)
Xodimlarining soni ellik nafardan kam boʻlgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 4-sentabrdagi 37-2019-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2180-1, 18.09.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2019-y., 10/19/2180-1/3760-son)
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 4-sentabrdagi 37-2019-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2180-1, 18.09.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2019-y., 10/19/2180-1/3760-son)
2-§. Xodimlarni oʻqitish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish va ularga yoʻl-yoʻriq berishni tashkil etish
11. Tashkilot xodimlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazilishi va ularga yoʻl-yoʻriq berilishi kerak.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 boʻyicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
15. Ish joylaridagi muhit hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
16. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda xavfli va zararli omillar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxati
17. Tashkilot oʻta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim. Roʻyxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bugʻ va suv isitish qozonlari, yuk koʻtarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar, elektr uskunalarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar va amaldagi tarmoq roʻyxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
18. Barcha xodimlar oʻta xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin, mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishi va ishlarni bajarish usullarini oʻzlashtirib olishi shart.
19. Oʻta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Tashkilot rahbariyati oʻta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga toʻla javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
21. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish belgilangan standartlar va meʼyorlar talablariga mos jamoaviy va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
22. Jamoaviy himoya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:
ish joylarining havo muhitini meʼyorlashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda uskunalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari xonadagi barcha xodimlarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
24. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda shaxsiy himoya vositalari qoʻllanishi lozim. Bunday hollarda shaxsiy himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
25. Shaxsiy himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qoʻllashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlishi lozim.
26. Tashkilotda quyidagilar taʼminlanishi shart:
shaxsiy himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi;
shaxsiy himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularni degazatsiya va dezinfeksiya qilinishi (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
27. Xodimlar Sogʻliqni saqlash va tibbiyot ishlab chiqarishlari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlariga (roʻyxat raqami 1998, 2009-yil 25-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 35-son, 391-modda) muvofiq shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
6-§. Kasbiy tanlov
28. Tashkilotlarda tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
29. Xodimlar, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli maʼlumotga va ish tajribasiga ega boʻlishi kerak.
30. Oʻn sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qoʻllanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari roʻyxatiga (roʻyxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 355-modda) muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 4-sentabrdagi 37-2019-B-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2180-1, 18.09.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2019-y., 10/19/2180-1/3760-son)
7-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
Oldingi tahrirga qarang.
32. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 4-sentabrdagi 37-2019-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2180-1, 18.09.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2019-y., 10/19/2180-1/3760-son)
33. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy koʻrik natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda ushbu xodim ishga qoʻyilishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
34. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
8-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
35. Xonalarni tabiiy va sunʼiy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talabiga mos boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Yoritish vositalari toza va soz holatda boʻlishi kerak.
37. Yorugʻ tushuvchi oynalar har yili kamida ikki marotaba tozalanishi lozim.
38. Yorugʻlik tushadigan deraza va eshiklarni turli predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) bilan toʻsib qoʻyishga ruxsat etilmaydi.
39. Sunʼiy yoritish umumiy va birlashgan (umumiy mahalliy bilan birgalikda) tizim orqali amalga oshiriladi. Birgina mahalliy yoritishni qoʻllash taqiqlanadi.
40. Uchastkalarda va xonalarda portlash boʻyicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yigʻilib qolishi ehtimoli boʻlsa, elektr yoritish tizimi portlashdan alohida bajarilishi kerak.
41. Xavflilik darajasi yuqori boʻlgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak.
9-§. Tashkilot maydonlariga boʻlgan xavfsizlik talablari
42. Tashkilot maydonlari va binolarining joylashuvi QMQ II 89-80 “Sanoat tashkilotlarini bosh plani” talabiga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Tashkilotda transport vositalarini va piyodalarni tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan boʻlishi kerak.
44. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish hamda ish uchastkalari va sexlarning koʻrinarli joylariga osib qoʻyilishi kerak.
45. Tashkilot maydonlari koʻkalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
46. Tashkilot maydonidagi oʻtish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
47. Yilning yoz vaqtida yoʻlaklar va oʻtish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan boʻlishi lozim.
48. Binolarning tomlarini qishki mavsumda qordan, karnizlarni qotgan muzlardan tozalab turish zarur.
49. Tashkilot hududida har kuni tozalab va dezinfeksiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar boʻlishi shart.
50. Hovlidagi hojatxonalarni ozoda saqlash, muntazam dezinfeksiya qilish, sutkaning qorongʻi paytida esa yoritilishi kerak.
51. Tashkilot joylashgan maydon butun chegara boʻylab toʻsilgan boʻlishi, uning hududiga begonalarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan boʻlishi lozim.
10-§. Bino va inshootlarga boʻlgan xavfsizlik talablari
52. Tashkilot binolari va inshootlari QMQ 2.09.04-98 “Korxonalarning maʼmuriy va maishiy binolari” talabiga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
53. Xonalarning (harorati, nisbiy namligi, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar) mikroiqlimi GOST 12.1.005-88 talabiga javob berishi kerak.
54. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar bilan mustahkam oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
55. Transport vositalarini binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositasining eni miqdoridan oshiq boʻlishi kerak.
56. Darvozalar balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 metrdan oshiq boʻlishi kerak.
57. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan boʻlishi kerak.
58. Binolar va inshootlar bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam boʻlmagan holda tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan komissiya tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim. Texnik koʻrik xulosalari ularda topilgan nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha tasdiqlanadigan tadbirlar va dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
59. Xodimlar uchun xavf tugʻdiruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Xavfli hududlarda ish jarayonlari halokat bartaraf etilgunga qadar toʻxtatib turilishi lozim, shuningdek xizmat koʻrsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga koʻchirilishi kerak.
60. Tashkilot hududida joylashgan xoʻjalik binolari bemorlarning nazoratsiz kirib-chiqishini oldini oladigan kuzatuv va ogohlantiradigan uskunalar bilan taʼminlanishi lozim.
11-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
61. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talabiga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
62. Maishiy xonalar QMQ 2.09.12-98 “Korxonaning maishiy va maʼmuriy binolari” talablariga muvofiq oqib keluvchi va soʻruvchi ventilyatsiya bilan jihozlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
63. Tashkilot rahbari buyrugʻi bilan havo almashtirish tizimi qurilmalarini xavfsiz ishlatish boʻyicha javobgar shaxs tayinlanishi lozim.
64. Ventilyatsiya qurilmalari ishga yaroqli holda saqlanishi, davriy ravishda koʻrikdan oʻtkazilib, tozalanib turilishi, nosozliklar aniqlanganida esa, zudlik bilan taʼmirlanishi lozim. Tashkilotlarda havo harorati SanQM 12.01.005 “Ish zonasidagi havoga umumiy sanitariya-gigiyena talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
12-§. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
65. Suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
66. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar boʻlishi kerak. Suv quvurlari yoʻq boʻlganda baklarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
67. Ichimlik suvining harorati 8°S dan 20°S gacha boʻlishi kerak.
68. Tashkilot hududidagi hojatxonalar issiq suv va kanalizatsiya tizimiga ulangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
69. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi yoʻq boʻlganda davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmagan holda dushxonalardan va yuz-qoʻl yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat oʻralarini mavjud boʻlishiga ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Texnologiya jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Yongʻin va portlash xavfsizligi talablari
70. Tashkilotlarda yongʻin va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda GOST 12.1.004-91 “Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga va ushbu Qoidalarga muvofiq taʼminlanishi lozim
Keyingi tahrirga qarang.
71. Bino, maishiy-xoʻjalik xonalari va omborlarda elektr xoʻjaligida yongʻin xavfsizligi boʻyicha javobgarlik tashkilot rahbari buyrugʻiga binoan tegishli xizmatlar rahbarlari yoki boshqa mansabdor shaxslar zimmasiga yuklatiladi.
72. Tashkilot binolari va maishiy-xoʻjalik xonalari uchun yongʻin xavfsizligi qoidalari talablari asosida yongʻinning oldini olish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar ishlab chiqilishi zarur.
73. Yoʻl-yoʻriqlarda quyidagi masalalar:
bino, inshoot hamda hududni tark etish yoʻllarini saqlash tartibi;
yongʻin xavfi mavjud boʻlgan ishlar (payvandlash, elektr jihozlaridan foydalanish, taʼmirlash va hokazo)ni bajarishda yongʻin xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlar;
portlash, tez alangalanish, yonish xavfi boʻlgan materiallarni saqlash hamda tashish tartibi;
chekish joylari, ochiq olovdan foydalanish va olov bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tartibi;
yonuvchi mahsulotlar va materiallarni saqlash, yigʻish, tashkilot binosidan olib chiqish tartibi;
portlash yoki yongʻinga olib kelishi mumkin boʻlgan nazorat-oʻlchov asboblari (manometr, termometr va boshqalar)ning chegaraviy qiymatlari;
yongʻin vaqtida xodimlarning vazifalari va harakati yoritilishi kerak.
74. Binoning barcha xonalari, omborxona va yordamchi binolarning koʻrinarli joylarida yongʻindan saqlanishning asosiy qoidalari va oʻt oʻchirish xizmatining telefon raqamlari yozilgan eslatma varaqalari boʻlishi kerak.
75. Yengil yonuvchi chiqindilar alohida ajratilgan maydonchadagi qutilarga yigʻilishi va tashkilot hududidan oʻz vaqtida olib chiqib ketilishi shart.
76. Binolar, maishiy-xoʻjalik xonalari, yoʻlaklar, omborxonalar birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari hamda yongʻindan xabar berish texnik vositalari bilan toʻliq jihozlangan boʻlishi lozim.
77. Arxiv, omborxona, havo almashtirish uskunalari oʻrnatilgan xonalar, xoʻjalik va yongʻin nasoslari xonalari eshiklari yongʻinga chidamli qilib ishlangan boʻlishi kerak.
78. Yongʻin nasoslari dvigatellari hamda yongʻindan xabar berish avtomatika tizimi moslamalariga elektr toki transformator podstansiyalaridan alohida tortilgan sim orqali keltirilishi lozim.
79. Tashkilotlarning yongʻin nasoslari dvigatellari hamda yongʻinni oʻchirish tizimi moslamalarining yoqilishi avtomatlashgan tarzda havo almashtirish va sovutish tizimlarining oʻchirilishi bilan bogʻliq ravishda amalga oshirilishi zarur.
80. Tashkilot binolarining har bir qavatida yongʻin sodir boʻlganida, xodimlar va tashkilotdagi bemorlarni koʻchirish chizmasi oʻrnatilishi shart.
Chizmada xonalar, yoʻlaklar, birlamchi yongʻinni oʻchirish vositalari, telefon joylashuvi, xodimlar va tashkilotdagi bemorlarni favqulodda holatda zaxira chiqish yoʻllaridan harakat qilish yoʻnalishlari koʻrsatiladi.
81. Zaxira chiqish yoʻllarida, qavatlarda, zinapoya va oʻtish joylarida navbatchi yoritish chiroqlari oʻrnatilishi lozim.
82. Zaxira chiqish eshiklari tashqari tomonga ochilishi kerak.
83. Binoning har bir qavatidan evakuatsiya chiqish joylari soni ikkitadan kam boʻlmasligi shart.
84. Tashkilot bino va inshootlarida quyidagilar taqiqlanadi:
yertoʻla, sokol qavatlarida yonuvchi suyuqliklar, gaz sigʻimlari, portlash xavfi boʻlgan mahsulotlarni saqlash;
chordoqlarda, texnik qavatlarda, ventkameralar va boshqa texnik xonalarda uskunalarni va boshqa narsalarni saqlash;
zinapoya maydonchalari, zinapoyalar, lift xollari, zaxira chiqish yoʻlaklarini har xil mebellar, shkaf, uskuna va boshqa narsalar bilan toʻsib qoʻyish hamda chiqish eshiklarini muhrlab qoʻyish;
zaxira chiqish yoʻllarining devorlari, shift va pollariga yengil yonuvchi materiallar bilan ishlov berish, boʻyash, shuningdek zinapoyalar va ular oldidagi xollarga yonuvchi qurilish materiallaridan ishlov berish, yogʻoch panellar bilan bezash, turli qoʻshimcha xizmat xonalarini qurish;
zaxira chiqish yoʻllariga yengil yonuvchi sunʼiy poyondozlarni toʻshash;
yonuvchi, yengil yonuvchi suyuqliklarni xonalarga olib kirish hamda boshqa maqsadlarda ochiq olovdan foydalanish;
xonalardagi elektr isitkich asboblar, kompyuter va yordamchi asbob-uskunalarni elektr tarmogʻiga ulangan holda qoldirish;
elektr uskuna va jihozlarni ekspluatatsiya qilishdan avval ularni ishlab chiqargan tashkilot tomonidan berilgan tavsiya va yoʻriqnomada keltirilgan foydalanish qoidalari bilan tanishib chiqmasdan ishlatish;
elektr tarmogʻida qisqa tutashuvni keltirib chiqaruvchi, sanoat tashkilotlarida ishlab chiqarilmagan yasama saqlagichlardan, nosoz rozetka, elektr uzgich (rubilnik) va boshqa elektr uskunalaridan, shuningdek qobiqlarining himoyalash darajasi yoʻqolgan yoki zararlangan elektr kabellar va simlardan foydalanish.
85. Tashkilot hududida payvandlash yoki yongʻin chiqadigan bir martalik boshqa ishlar boʻyicha yongʻin xavfsizligi choralarini taʼminlash, ushbu ishlar olib boriladigan ish joyi rahbarining zimmasiga yuklatilishi lozim.
86. Payvandlash va olov bilan olib boriladigan ishlarga yongʻin xavfsizligi boʻyicha bilimlari tegishli tartibda sinalgan va bir martalik ruxsatnomaga ega boʻlgan shaxslar qoʻyiladi.
87. Yongʻin joʻmraklarining ishga yaroqliligi har 6 oyda joʻmraklaridan suv chiqarib, u necha metr masofaga otilib chiqishi tekshirib koʻriladi va dalolatnoma asosida rasmiylashtiriladi.
88. Yongʻin jihozlaridan xoʻjalik maqsadlarida foydalanish qatʼiyan man etiladi.
89. Yongʻinga qarshi suv havzalari doimo soz holatda boʻlishi, ichidagi suv hajmi yongʻinni oʻchirish uchun yetarli boʻlishi kerak. Suv havzalarining ishga yaroqliligi yiliga kamida ikki marotaba, bahor va kuz mavsumlarida tekshirilishi lozim.
90. Bino qavatlarida oʻrnatilgan yongʻin oʻchirgichlar bir turda boʻlishi, ularda asosiy koʻrsatkichlar hamda foydalanish qoidalari bitilgan yorliq boʻlishi kerak.
91. Binolardagi yongʻin oʻchirish doimo soz holda boʻlishi, koʻrinarli va iloji boricha xonadan chiqish eshigiga yaqin joyga oʻrnatilgan boʻlishi, olishga qulay boʻlishi, ularga borish yoʻllari toʻsilmasligi zarur.
92. Har oʻn kunda binolarda oʻrnatilgan yongʻin oʻchirgichlariga qoʻyilgan tamgʻalar, manometrlar koʻrsatkichlari ruxsat etilgan chegaraviy qiymatidan tushib ketmaganligi koʻzdan kechirilishi zarur.
93. Yongʻin oʻchirgich ballonlarining yuqori bosimga chidamliligi har besh yilda tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim. Agar yongʻin oʻchirgichlarni qayta tekshiruvdan oʻtkazish muddati ballon sirtiga oʻyib yozilgan muddatdan oʻtib ketsa yoki unga qoʻyilgan tamgʻa (plomba) buzilgan boʻlsa, yongʻin oʻchirgichlar almashtirilishi zarur.
94. Koʻpikli yongʻin oʻchirgichlarning kimyoviy tarkibi har yili kamida bir marotaba tekshirilishi lozim.
2-§. Elektr xavfsizligiga talablar
95. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini va tarmoqlarini montaj qilish va ishlatish vaqtida Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 27-son, 317-modda) hamda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 33-son, 379-modda) talablariga rioya qilinishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
96. Elektrotexnik qurilmalar bilan ishlaydigan barcha xodimlardan mazkur Qoidalarni mukammal bilishlari va ularga qatʼiy rioya etishlari talab etilishi kerak.
97. Ushbu Qoidalarga asosan har bir tashkilotda elektr xavfsizligi boʻyicha IV va V guruhga ega boʻlgan muhandis-texnik xodimlardan alohida buyruq bilan elektr xoʻjalik boʻyicha masʼul xodim tayinlanishi lozim. U tashkilotda elektr xoʻjaligining umumiy holati boʻyicha javobgar hisoblanadi.
98. Tashkilotda bosh energetik lavozimi boʻlgan taqdirda, elektr xoʻjalik boʻyicha javobgarlik uning zimmasiga yuklatiladi.
99. Elektr xoʻjalik boʻyicha javobgar xodim boʻlmagan tashkilotlarda elektr uskunalaridan foydalanish man etiladi.
100. Shtatlar jadvalida elektrik lavozimi mavjud boʻlmagan tashkilotlarda elektr jihozlaridan foydalanish ixtisoslashgan tashkilotlarga shartnoma asosida topshirish yoki boshqa tashkilotlarda ishlovchi elektrikni oʻrindoshlik asosida ishga qabul qilish orqali amalga oshiriladi.
101. Tashkilotlarda elektr xoʻjaligi boʻyicha javobgar xodim quyidagilarni taʼminlashi shart:
elektr qurilmalarning ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr qurilma, apparatura va tarmoqlarda rejaviy taʼmirlash ishlari va profilaktik sinovlar belgilangan muddatlarda oʻtkazilishini tashkil etishni;
elektr energiya sarfining hisobini olib borishni;
himoya vositalari va yongʻinga qarshi jihozlar mavjudligi va ularning oʻz vaqtida sinovdan oʻtkazib turilishini.
102. Elektrotexnik xodimlarning bilimlari har yili bir marta davriy ravishda sinovdan oʻtkazib turiladi.
103. Tashkilot elektriklari elektr kuchlanish ostida boʻlgan uskuna, jihoz va kabellar bilan ishlaganda elektr tokidan jarohat olishdan muhofaza qiluvchi asosiy (izolyatsiya qiluvchi shtangalar, izolyatsiya qiluvchi dastali qisqichlar, dielektrik qoʻlqop va etiklar, dielektrik gʻilofli asbob-uskunalar) va qoʻshimcha saqlagichlar (izolyatsiya qiluvchi tagliklar, rezinapoya gilamchalar) hamda himoya vositalari bilan taʼminlanishlari shart.
104. Tashkilot elektr xoʻjaligida yuqori elektr kuchlanish ostida boʻlgan qurilmalar, kabellar bilan ishlashda saqlagichlarsiz ishlash qatʼiyan man etiladi.
105. Elektr kuchlanish taʼsirida boʻlgan elektrotexnika qurilmalarining izolyatsiya qilinmagan qismlariga xodimlarning tasodifan tegib ketishi holatlarining oldini olish maqsadida qurilmalarni toʻsiqlar bilan toʻsib qoʻyish talab qilinadi.
106. Uskunalar elektr tarmogʻida izolyatsiyaning buzilishi oqibatida elektr tokining uskuna metall qobigʻiga oʻtishi bilan bogʻliq boʻlgan elektrdan shikastlanishlarning oldini olish uchun elektr qurilmalar yerlangan yoki nollangan boʻlishi shart.
107. Koʻchma yoritish asboblari 36 V tok manbaidan ishlaydigan boʻlishi zarur.
3-§. Tozalash ishlarini olib borishda xavfsizlik talablari
108. Tozalashni boshlashdan oldin asbob-uskunalarning sozligini (chelak, kurak, pol choʻtkasi va boshqalar) tekshirish hamda yigʻishtiriladigan joyni koʻzdan kechirib, mavjud mebellarni tozalash uchun qulay qilib joylashtirish va elektr taʼminotiga ulangan elektr asboblarini uzib qoʻyish kerak.
109. Devorlar, derazalarni changdan tozalashda ularga montaj qilingan elektr qurilmalari oʻchirib qoʻyilishi lozim.
110. Elektr changyutgich va boshqa elektr asboblarni ishlatganda quyidagilarni:
vilka va rozetkalarda tashqi nosozliklarning yoʻqligini;
vintlarning, tugunlarning mustahkamligini hamda elektr asboblarining koʻchma detallarining sozligini;
ochilib qolgan tok oʻtkazuvchi simlarning yoʻqligini tekshirish kerak.
111. Ishda tanaffus boʻlganda elektr changyutgich elektr tarmogʻidan uzib qoʻyilishi kerak.
112. Elektr changyutgich bilan ishlashda isitish batareyalari, vodoprovod, gaz quvurlari va boshqa metall predmetlarga tegish mumkin emas.
113. Elektr changyutgichdan filtrni (changqop) olish faqat dvigatelni oʻchirib qoʻyilgan holda amalga oshirilishi lozim.
114. Xonadagi yopiq elektrshitlar, rozetkalar, yoqib-oʻchiruvchilar faqat quruq latta bilan artilishi lozim.
115. Balandlikda amalga oshiriladigan tozalash ishlari faqat yoyiladigan narvonlar yordamida bajarilishi kerak.
116. Tozalash ishlari uchun harorati 50°S dan yuqori boʻlgan suvni, shuningdek kuchli taʼsirga ega zaharli va yonuvchi moddalarni (kislotalar, eritgich, benzin va sh. k.) qoʻllash mumkin emas.
117. Tozalash uchun issiq suv faqat yopiq idishda olib yuriladi, agar bu maqsad uchun qopqoqsiz idish ishlatilsa, uni koʻpi bilan 3/4 qismi suv bilan toʻldirilishi kerak.
118. Stollarni tozalashda ularda oʻtkir buyumlar (igna, knopka, lezviya, shisha siniqlari va hokazolar) boʻlmasligiga eʼtibor qaratish lozim.
119. Elektr stol lampalari, kaminlar, sovutgichlarni elektr tarmogʻidan uzib qoʻyib artiladi.
120. Xlorlangan suvdan foydalanishda, shuningdek bachoklar, hojatxona va boshqalarni dezinfeksiya qilishda rezina qoʻlqoplardan foydalanish lozim.
121. Pechdan kulni olish va chiqarib tashlash faqat u sovugan holatda (choʻgʻsiz) boʻlganda temir idish va ushlagichi uzun metall kurakchadan foydalanib amalga oshiriladi.
122. Oynalarni artishda ularning mustahkamligi tekshiriladi, artish keng mustahkam derazatokchada yoki yoyiladigan narvonda turib bajarilishi lozim.
123. Oynalarni fasad tomondan, derazatokchaning chetida turib artish yoki yuvish taqiqlanadi.
124. Oynalarni tozalashda oyna parchalarini tushishidan saqlash choralari koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
4-§. Tashkilot binolarini isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
125. Bugʻ qozoni va suv isitish qozonlarining quvvati barcha texnologik jihozlarning bir paytda baravariga ishlashini, shuningdek ishlab chiqarish, xizmat va yordamchi xonalarni yetarli darajada issiqlik hamda issiq suv bilan ishonchli, uzluksiz taʼminlashi lozim.
126. Isitish tizimi suv asosida ishlaganda, uning harorati 150°S, suv bugʻi bilan ishlaganda esa 130°S dan oshmasligi kerak.
127. Qozonlar ish faoliyatini boshqarish uchun oʻlchov-nazorat, xavfsizlikni taʼminlovchi va yoqilgʻi berilishini avtomatik tarzda toʻxtatuvchi asboblar bilan taʼminlangan boʻlishi zarur.
128. Soatiga 100 kg bugʻ ishlab chiqaruvchi bugʻ qozoni va suv isitish qozonlarida kamida ikkita saqlagich klapan oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Klapanlarning jami oʻtkazish qobiliyati qozonning bir soatli ishlab chiqarish quvvatidan kam boʻlmasligi shart.
129. Bugʻ qozoni va suv isitish qozonlari mustahkam poydevorlarga oʻrnatilishi zarur.
130. Qozon sirtqi yuzasining harorati 450S dan yuqori boʻlsa, u termoizolyatsiya qatlami bilan qoplanishi zarur.
131. Qozonxona eshiklari tashqariga ochilishi va qulflanmasligi talab qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
132. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari tomonidan roʻyxatga olinib, ishlatilayotgan qozonlar belgilangan muddatlarda vakolatli organlar tomonidan javobgar shaxs ishtirokida koʻrikdan oʻtkazilishi lozim.
(132-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 4-sentabrdagi 37-2019-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2180-1, 18.09.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2019-y., 10/19/2180-1/3760-son)
Keyingi tahrirga qarang.
133. Qozonlarni muddatidan oldin koʻrikdan oʻtkazish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
qozon bir yildan ortiq vaqt davomida ishlatilmaganida;
demontaj qilinib, yana qaytadan oʻrnatilganda;
qozonning baʼzi qismlari taʼmirdan chiqarilganida;
Oldingi tahrirga qarang.
tashkilot rahbariyati yoki Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari tomonidan tekshiruv oʻtkazish lozim deb topilganida.
(133-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 4-sentabrdagi 37-2019-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2180-1, 18.09.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2019-y., 10/19/2180-1/3760-son)
Keyingi tahrirga qarang.
134. Bugʻ qozoni va suv isitish qozonlariga xizmat koʻrsatish 18 yoshga toʻlgan, maxsus oʻquv kursini tugallagan va malaka komissiyasida attestatsiyadan oʻtgan shaxslarga ruxsat beriladi.
135. Qozonxonada xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning bilimlari har 12 oyda kamida bir marta belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazib turilishi shart.
136. Oʻlchov-nazorat asboblarini tekshirish ishlab chiqarish qoʻllanmasida belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi zarur.
137. Qozondan foydalanish quyidagi holatlarda zudlik bilan toʻxtatilishi kerak:
saqlagich qopqoqlarining 50% dan ortigʻi ishlamay qolganda;
bosim belgilangan meʼyordan 10% oshganda;
suv oqayotgan boʻlsa;
suv hajmi suv koʻrsatkich asbobining eng yuqori darajasidan koʻtarilgan boʻlsa;
barcha taʼminot asboblari toʻxtab qolganida;
barcha suv oʻlchov-nazorat asboblari toʻxtab qolganida;
asosiy qismlarda yoriq, boʻrtib chiqishlar va boshqa nuqsonlar aniqlanganida;
qozonxonada yongʻin sodir boʻlganida yoki gaz yoʻllarida qurum yoki yoqilgʻi boʻlaklari yonib, xizmat koʻrsatuvchi xodimga yoxud qozonga xavf tugʻdirgan holatlarda.
5-§. Bemorlarni qabul qilish va ular bilan muloqotda boʻlishda xavfsizlik talablari
138. Tashkilotda bemorlarni davolash boʻlimlarini joylashtirish bemorlar tarkibini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
139. Tashkilotga keltirilgan bemorni qabul qilib olish navbatchi tibbiy xodimlar tomonidan bajarilib, bunda albatta shifokordan tashqari hamshira (feldsher) va sanitar boʻlishlari shart.
140. Qabul qilib olish vaqtida navbatchi shifokor koʻrsatmasiga binoan bemordan xodimlar va uning oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli buyumlar olib qoʻyilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
141. Bezovta, tajovuzkor bemorlarni qabul qilayotgan navbatchi shifokor ruhiy holati buzilishini toʻxtatadigan farmakologik vositalardan foydalanishi lozim.
(141-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 26-dekabrdagi 50-2019-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2180-2, 08.01.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.01.2020-y., 10/20/2180-2/0028-son)
142. Bezovta, tajovuzkor va qochib ketishga moyil bemorlar qabul qilish xonasidan shifoxona boʻlimiga kamida ikki (erkak) sanitar hamrohligida olib borilishi lozim.
143. Boʻlimlar qabul qilish xonasidan uzoqlikda boʻlgan tashkilotlarda bemorlar boʻlimlarga sanitar mashinasida olib kelinishi lozim.
144. Barcha boʻlimlar erkaklar va ayollar boʻlimlariga ajratilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
145. Boʻlimning barcha xonalari va ularning uskunalari ruhiy holati buzilgan bemorlarni xavfsiz holatda boʻlishlari uchun moslashtirilishi lozim.
(145-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 26-dekabrdagi 50-2019-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2180-2, 08.01.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.01.2020-y., 10/20/2180-2/0028-son)
146. Har bir boʻlim alohida bemor uchun aniq belgilangan oʻtirish joyi boʻlgan ovqatlanish xonasiga, boʻlim ichida oʻtkaziladigan mehnat bilan davolash xonasiga, qarindoshlari bilan uchrashuv xonasiga, oshxonadan ovqat uzatadigan darchali bufet xonasiga, toza va kirlangan ich kiyimlar, oʻrin-bosh jildlari hamda ustki kiyim va poyabzal uchun kiyimxonaga, koʻtarib yuriladigan asbob-uskunalar, aravachalar va qoʻzgʻaluvchi kursilarni saqlash uchun xonalarga, boʻlim mudiri va katta tibbiy hamshira kabinetlariga, xoʻjalik hamshirasi va xodimlar xonasiga, neyroleptiklarni inyeksiya qilish uchun muolaja xonasiga, xodimlar uchun kiyim xonaga va hojatxonaga ega boʻlishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
147. Ruhiy holati buzilgan va chegara holatida boʻlgan bemorlar boʻlimida yumshoq kursilar, kushetkalar va magnitafonlar bilan jihozlangan gipnoz xonasi (gipnotariy) boʻlishi lozim.
(147-band Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 26-dekabrdagi 50-2019-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2180-2, 08.01.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.01.2020-y., 10/20/2180-2/0028-son)
148. Ichki aloqa uchun mahalliy avtomat telefon stansiyasi yoki selektor aloqasi oʻrnatilishi shart.
149. Boʻlim mudirlari, shifokor xonalari va katta tibbiy hamshira xonalari orasida xabar yetkazish (signalizatsiya) chiroqli va qoʻngʻiroqli boʻlishi lozim.
150. Boʻlimga kirish eshigida boʻlim yoʻlagiga xabar yetkazadigan qoʻngʻiroq boʻlishi kerak.
151. Choʻmilish xonasida xodimlarni shoshilinch chaqirish uchun xabar yetkazish qoʻngʻirogʻi oʻrnatilishi lozim.
IV. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
152. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmagan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
153. Ishlarni bajarish bilan bogʻliq holda xodimlarning salomatligiga yetkazilgan zararlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Yakuniy qoida
154. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi, “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2010-yil 24-dekabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2010-yil 24-dekabr
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2010-yil 24-dekabr
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2010-yil 24-dekabr
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XODJAYEV
2010-yil 24-dekabr
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2010-yil 24-dekabr
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
2010-yil 15-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 1-2-son, 17-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2019-y., 10/19/2180-1/3760-son; 08.01.2020-y., 10/20/2180-2/0028-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son; 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)