Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
SUGʻURTALOVChILAR VA QAYTA SUGʻURTALOVChILARNING TOʻLOV QOBILIYATI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChA KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 27-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1806-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 68-modda) muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2008-yil 22-apreldagi 41-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1806, 2008-yil 12-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 20-21-son, 178-modda) bilan tasdiqlangan Sugʻurtalovchilar va qayta sugʻurtalovchilarning toʻlov qobiliyati toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 24-dekabr,
109-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2010-yil 24-dekabrdagi 109-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Sugʻurtalovchilar va qayta sugʻurtalovchilarning toʻlov qobiliyati toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimcha
1. 17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitallariga joylashtirgan aktivlarining umumiy summasi, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) oʻz mablagʻlari manbalari summasining 50 foizi miqdori bilan chegaralanadi, oldingi moliyaviy yil yakuni boʻyicha xalqaro auditning ijobiy xulosasini olgan tijorat banklarining ustav kapitallarida ishtirok etish bundan mustasno.”.
2. 36-band quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Bunda yil yakuni boʻyicha toʻlov qobiliyati normativlari hisob-kitobini va sugʻurtalovchilarning (qayta sugʻurtalovchilarning) aktivlarini joylashtirishga oid, shuningdek qayta sugʻurta qilish operatsiyalariga oid talablarga rioya qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevralidan, xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar tomonidan esa — 25-martidan kechikmagan holda taqdim etiladi.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 52-son, 526-modda)