Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“MARKAZIY IPPODROM” OCHIQ AKSIYADORLIK JAMIYATINING OT SPORTI ASOSIY BAZASINI YANADA RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Keyingi tahrirga qarang.
Respublikada ot sportini yanada ommalashtirish, ippodromni modernizatsiya qilish va “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyati faoliyatini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Toshkent otchopari” masʼuliyati cheklangan jamiyatning davlatga tegishli aktivlari va mol-mulki negizida ustav fondi 16575,11 mln soʻm boʻlgan va undagi ulushlarni quyidagicha taqsimlagan holda “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyati taʼsis etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
14945,53 mln soʻmni tashkil qiladigan 90,17 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi ulushi;
1629,57 mln soʻmni tashkil qiladigan 9,83 foizi — “Toshkent otchopari” masʼuliyati cheklangan jamiyat ulushi.
2. Quyidagilar “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatining asosiy vazifalari etib belgilanishi maʼqullansin:
Keyingi tahrirga qarang.
ot sportining milliy va zamonaviy turlarini faol rivojlantirish va targʻib qilish;
Toshkent shahridagi markaziy ippodromning moddiy-texnika bazasini xalqaro standartlarga yetkazish;
turli sport tadbirlari va musobaqalari xalqaro talablarga muvofiq darajada oʻtkazilishini tashkil etish;
ot minishni oʻrgatishning zamonaviy maktabini yaratish hamda ot sportining iqtidorli ustalarini tarbiyalash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Ot sporti federatsiyasi hamda “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatining:
baholash tashkiloti tomonidan 6,756 mlrd soʻm summasida belgilangan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyati ustav fondidagi 40,17 foiz miqdoridagi (13315955 dona aksiya) ulushini belgilangan tartibda sotish;
“Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini qoʻshimcha ravishda chiqarish, ustav fondi miqdorini kamida 29,5 mlrd soʻmgacha yetkazish, ularni joylashtirishdan olingan mablagʻlarni faqat ushbu qarorning 2-bandida koʻrsatilgan vazifalarni amalga oshirishga sarflash uchun jamiyatning maxsus maqsadli hisob raqamiga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
“Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatining ustav fondida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining ulushi, shu jumladan qoʻshimcha ravishda chiqariladigan aksiyalarning bir qismini xususiylashtirishdan tushayotgan umumiy mablagʻlar hisobiga sotib olish yoʻli bilan kamida 50 foiz plyus bir dona aksiya miqdorida saqlab qolinadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
“Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatining Kuzatuvchi kengashi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, Davlat mulki qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari va Ot sporti federatsiyasi raisi kiritiladi, koʻrsatib oʻtilgan lavozimlar boʻsh turgan taqdirda uning tarkibiga zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-maydagi 288-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 367-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatining Kuzatuvchi kengashiga:
respublikada ot sportining asosiy bazasi sifatida “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va yanada rivojlantirish tadbirlari rejasini bir oy muddatda ishlab chiqish;
jamiyatning maxsus maqsadli hisob raqamida jamlanayotgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
oʻn kun muddatda ushbu qarorning 3-bandida koʻrsatilgan ulushning belgilangan tartibda birja savdolariga qoʻyilishini taʼminlasin;
“Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatiga jamiyat aksiyalarining qoʻshimcha ravishda chiqarilishini qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga soluvchi vakolatli organda davlat roʻyxatidan oʻtkazishda koʻmaklashsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 27-dekabr,
317-son