Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
“Markaziy ippodrom” aksiyadorlik jamiyatining ot sporti asosiy bazasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
Respublikada ot sportini yanada ommalashtirish, ippodromni modernizatsiya qilish va “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyati faoliyatini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Toshkent otchopari” masʼuliyati cheklangan jamiyatning davlatga tegishli aktivlari va mol-mulki negizida ustav fondi 16575,11 mln soʻm boʻlgan va undagi ulushlarni quyidagicha taqsimlagan holda “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyati taʼsis etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
14945,53 mln soʻmni tashkil qiladigan 90,17 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi ulushi;
1629,57 mln soʻmni tashkil qiladigan 9,83 foizi — “Toshkent otchopari” masʼuliyati cheklangan jamiyat ulushi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar “Markaziy ippodrom” aksiyadorlik jamiyatining asosiy vazifalari etib belgilanishi maʼqullansin:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
ot sportining milliy va zamonaviy turlarini faol rivojlantirish va targʻib qilish;
Toshkent shahridagi markaziy ippodromning moddiy-texnika bazasini xalqaro standartlarga yetkazish;
turli sport tadbirlari va musobaqalari xalqaro talablarga muvofiq darajada oʻtkazilishini tashkil etish;
ot minishni oʻrgatishning zamonaviy maktabini yaratish hamda ot sportining iqtidorli ustalarini tarbiyalash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Ot sporti federatsiyasi hamda “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatining:
baholash tashkiloti tomonidan 6,756 mlrd soʻm summasida belgilangan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyati ustav fondidagi 40,17 foiz miqdoridagi (13315955 dona aksiya) ulushini belgilangan tartibda sotish;
“Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini qoʻshimcha ravishda chiqarish, ustav fondi miqdorini kamida 29,5 mlrd soʻmgacha yetkazish, ularni joylashtirishdan olingan mablagʻlarni faqat ushbu qarorning 2-bandida koʻrsatilgan vazifalarni amalga oshirishga sarflash uchun jamiyatning maxsus maqsadli hisob raqamiga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki, “Markaziy ippodrom” aksiyadorlik jamiyatining Kuzatuvchi kengashi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari va Ot sporti federatsiyasi raisi kiritiladi, koʻrsatib oʻtilgan lavozimlar boʻsh turgan taqdirda uning tarkibiga zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatining Kuzatuvchi kengashiga:
respublikada ot sportining asosiy bazasi sifatida “Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va yanada rivojlantirish tadbirlari rejasini bir oy muddatda ishlab chiqish;
jamiyatning maxsus maqsadli hisob raqamida jamlanayotgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
oʻn kun muddatda ushbu qarorning 3-bandida koʻrsatilgan ulushning belgilangan tartibda birja savdolariga qoʻyilishini taʼminlasin;
“Markaziy ippodrom” ochiq aksiyadorlik jamiyatiga jamiyat aksiyalarining qoʻshimcha ravishda chiqarilishini qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga soluvchi vakolatli organda davlat roʻyxatidan oʻtkazishda koʻmaklashsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 27-dekabr,
317-son