OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI OLIY MALAKA KOMISSIYASI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 21-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2166]
Oʻzbekiston Respublikasining “Adliya organlari va muassasalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 37-son, 313-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 27-avgustdagi 370-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 15-16-son, 138-modda) muvofiq buyuraman:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (S. Nuriyev) va Notariat, FHDY va advokatura boshqarmasi (D. Yakubova) ushbu normativ-huquqiy hujjatni oʻn kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq 2011-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2010-yil 21-dekabr,
304-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2010-yil 21-dekabrdagi 304-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi toʻgʻrisidagi
Mazkur Nizom “Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 42-modda) 31-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasining (bundan keyingi oʻrinlarda Oliy malaka komissiyasi deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Oliy malaka komissiyasi notarius lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani hal etish, notarius qasamyodini qabul qilish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalarining (bundan keyingi oʻrinlarda malaka komissiyalari deb yuritiladi) qarorlari ustidan berilgan apellyatsiyalarni koʻrib chiqish, shuningdek malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish uchun tuziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oliy malaka komissiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Notarius lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov oʻtkazishda va notarius qasamyodini qabul qilishda “Notarius lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami 2165, 2010-yil 20-dekabr) va unda tartibga solinmagan qismi boʻyicha mazkur Nizom qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Davlat organlari va boshqa manfaatdor shaxslarning Oliy malaka komissiyasining faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Oliy malaka komissiyasi oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi. Oliy malaka komissiyasining qabul qilgan qarorlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan keyingi oʻrinlarda adliya boshqarmalari deb yuritiladi) hamda malaka komissiyalari tomonidan bajarilishi majburiydir.
5. Oliy malaka komissiyasining moddiy-texnika taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
II. Oliy malaka komissiyasi faoliyatini tashkil etish
6. Oliy malaka komissiyasi oʻn bir kishidan iborat tarkibda uch yil muddatga tuziladi.
Oliy malaka komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining sudyalari, notariuslar hamda adliya organlarining boshqa xodimlari, advokatura vakillari kiradi. Oliy malaka komissiyasining shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oliy malaka komissiyasi rais rahbarligida faoliyat koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining oʻrinbosarlaridan biri Oliy malaka komissiyasi raisi hisoblanadi. Oliy malaka komissiyasi raisi oʻrinbosari komissiya tarkibidan tayinlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Bir shaxs bir vaqtning oʻzida Oliy malaka komissiyasi va malaka komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
9. Oliy malaka komissiyasida ishlar komissiyaning ishchi organi va masʼul kotibi tomonidan yuritiladi.
Oliy malaka komissiyasining ishchi organi boʻlib Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Notariat, FHDY va advokatura boshqarmasi (bundan keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb yuritiladi) hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Oliy malaka komissiyasi yigʻilishi zaruratga qarab, lekin bir yilda kamida ikki marta oʻtkaziladi.
Oliy malaka komissiyasining raisi majlis oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin majlisning sanasi, vaqti va joyini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oliy malaka komissiyasining majlisi, agar unda komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashsa, vakolatli (kvorumga ega) hisoblanadi.
Oliy malaka komissiyasi aʼzolari notarius lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlovda talabgor sifatida ishtirok etgan vaqtlarida komissiya majlislarida qatnashmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oliy malaka komissiyasining qarori ochiq ovoz berish yoʻli bilan majlisda qatnashgan komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
12. Oliy malaka komissiyasining majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Oliy malaka komissiyasining qaroridan norozi boʻlgan komissiya aʼzosi komissiya majlisining bayonnomasiga oʻzining fikr-mulohazalarini yozma shaklda bayon etishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Oliy malaka komissiyasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalarga qarab, bayonnomada:
majlis oʻtkaziladigan sana va joy, uning boshlanish va yakunlanish vaqti;
majlisda qatnashgan Oliy malaka komissiyasi aʼzolarining roʻyxati;
Oliy malaka komissiyasi majlisining kun tartibi;
apellyatsiyada bayon etilgan vajlar, Oliy malaka komissiyasi aʼzolarining, manfaatdor shaxslarning soʻzga chiqishlari hamda tegishli tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning asosiy mazmuni;
Oliy malaka komissiyasi aʼzolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar;
malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish natijalari, jumladan, stajirovkadan oʻtgan shaxslarning (talabgorlarning) hisobotlarini qabul qilish va malaka imtihonlarini oʻtkazishda malaka komissiyalari tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar;
majlis kun tartibiga kiritilgan har bir masalani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ovoz berish yakunlari hamda ular boʻyicha qabul qilingan qarorlar;
Oliy malaka komissiyasi qarorlari ustidan shikoyat qilish tartibi;
qaror qabul qilish jarayoniga taalluqli boʻlgan boshqa maʼlumotlar aks ettiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Oliy malaka komissiyasining huquq va majburiyatlari
14. Oliy malaka komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tegishli tashkilotlardan zarur boʻlgan hujjatlarni soʻrab olish;
apellyatsiya hamda malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish yuzasidan tegishli adliya boshqarmalaridan zarur boʻlgan hujjatlarni talab qilib olish;
malaka komissiyasining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish;
malaka komissiyasi qarorini bekor qilish va malaka komissiyasi tomonidan takroran malaka imtihoni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqarish;
Keyingi tahrirga qarang.
mazkur Nizomda nazarda tutilgan hollarda, stajirovka oʻtagan shaxsdan (talabgordan) malaka imtihonini qabul qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
apellyatsiyani koʻrib chiqish jarayonida apellyatsiyada koʻrsatilmagan, lekin toʻgʻri qaror qabul qilish uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa holatlarni oʻrganib chiqish;
malaka komissiyasining faoliyatini tugatish va qayta tuzish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziriga takliflar kiritish;
Keyingi tahrirga qarang.
malaka komissiyalari tomonidan qonun hujjatlarini buzgan holda qabul qilingan qarorlari boʻyicha aybdor boʻlgan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziriga takliflar kiritish;
Keyingi tahrirga qarang.
malaka komissiyalariga ularning ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish natijalari boʻyicha tavsiyalar berish;
Keyingi tahrirga qarang.
malaka komissiyalari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziriga takliflar kiritish.
15. Oliy malaka komissiyasi:
koʻrib chiqish uchun kiritilgan masalalarni har tomonlama va xolisona koʻrib chiqishga;
qonun hujjatlariga qatʼiy rioya etishga majburdir.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Oliy malaka komissiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquq va majburiyatlarga ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Malaka komissiyalarining qarorlari ustidan berilgan apellyatsiyalarni koʻrib chiqish
17. Malaka komissiyasining malaka imtihoni natijalari boʻyicha qarori ustidan apellyatsiya stajirovkadan oʻtgan shaxslar (talabgorlar) yoki boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan malaka komissiyasining qarori ularga topshirilgan kundan eʼtiboran Oliy malaka komissiyasiga bir oylik muddat ichida beriladi.
Adliya boshqarmalari rahbarlari malaka komissiyalarining malaka imtihoni natijalari boʻyicha qarorlari qonunchilik talablari buzilgan holda qabul qilinganligi haqida yetarli asoslarga ega boʻlgan hollarda, Oliy malaka komissiyasiga apellyatsiya kiritishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Apellyatsiya Oliy malaka komissiyasiga manfaatdor shaxs tomonidan bevosita yoki adliya boshqarmasi orqali yuboriladi.
Apellyatsiya adliya boshqarmasi orqali berilganda, adliya boshqarmasi uch kunlik muddat ichida apellyatsiyani u bilan bogʻliq barcha hujjatlarni ilova qilgan holda Oliy malaka komissiyasiga yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Oliy malaka komissiyasiga kelib tushgan apellyatsiya ishchi organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi devonxonasidan roʻyxatdan oʻtkaziladi. Apellyatsiya bergan manfaatdor shaxsga apellyatsiyani koʻrib chiqish kuni haqida komissiya majlisi oʻtkazilishidan kamida bir hafta oldin xabar qilinadi.
Apellyatsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oy muddat ichida koʻrib chiqilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Oliy malaka komissiyasi tegishli malaka komissiyasining xolisligi va begʻarazligiga asosli shubhalar mavjud boʻlgan hollarda stajirovkadan oʻtgan shaxslardan (talabgorlardan) malaka imtihonini qabul qiladi. Malaka imtihonini qabul qilish “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari toʻgʻrisida”gi nizomga (roʻyxat raqami 2151, 2010-yil 29-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 44-45-son, 390-modda) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Oliy malaka komissiyasi qabul qilgan qarori haqida komissiya majlisi yakunida eʼlon qilinadi.
22. Oliy malaka komissiyasi qabul qilgan qaroridan koʻchirma tegishli adliya boshqarmasiga hamda manfaatdor shaxsga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Oliy malaka komissiyasi qabul qilgan qarorning ijrosi toʻgʻrisida ushbu qaror tegishli adliya boshqarmasiga kelib tushgandan boshlab uch kun muddat ichida adliya boshqarmasi tomonidan Oliy malaka komissiyasi va manfaatdor shaxs yozma ravishda xabardor qilinishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish
24. Ishchi organ Oliy malaka komissiyasining topshirigʻiga yoki oʻzining tashabbusiga koʻra malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish maqsadida ularning faoliyatini oʻrganadi.
Malaka komissiyalarining faoliyatini oʻrganish yakunlari boʻyicha ishchi organ tomonidan malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish natijalari, shuningdek, tavsiyalarni oʻz ichiga olgan maʼlumotnomalar tayyorlanadi.
25. Malaka komissiyalarining faoliyatiga doir maʼlumotnomalar Oliy malaka komissiyasining majlisida koʻrib chiqiladi va uning qarori bilan tasdiqlanadi.
26. Oliy malaka komissiyasining qaroriga binoan maʼlumotnomalar rahbarlik va ijro qilish uchun tegishli adliya boshqarmalari va malaka komissiyalariga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Yakuniy qoidalar
27. Oliy malaka komissiyasi aʼzolari malaka komissiyasining majlislarida qatnashishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Oliy malaka komissiyasiga apellyatsiya bergan manfaatdor shaxs oʻz apellyatsiyasini yozma murojaati asosida qaytarib olishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Oliy malaka komissiyasi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
30. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 51-son, 499-modda; 2011-y., 40-son, 433-modda; 2017-y., 4-son, 57-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2017-y., 10/17/2166-3/0337-son; 11.05.2018-y., 10/18/2166-4/1193-son, 07.01.2019-y., 10/19/2166-5/2431-son, 25.09.2019-y., 10/19/2166-6/3810-son; 30.06.2020-y., 10/20/2166-7/1030-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 03.12.2021-y., 10/21/2166-8/1135-son; 13.05.2022-y., 10/22/2166-9/0418-son; 03.11.2023-y., 10/23/3469/0824-son; 17.03.2026-y., 10/26/2166-10/0246-son)