Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“TADBIRKORLIK FAOLIYATI ERKINLIGINING KAFOLATLARI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINING 5-MODDASIGA OʻZGARTISh KIRITISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2010-yil 21-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2010-yil 3-dekabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2010-yil 3-dekabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 25-mayda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi 69-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 5-6, 140-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 3, 119-modda, № 9, 494-modda, № 10, 536-modda; 2007-yil, № 12, 608-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 12, 472-modda; 2010-yil, № 9, 336-modda) 5-moddasining beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mikrofirma va kichik korxona xodimlarning belgilangan oʻrtacha yillik sonini oshirib yuborgan taqdirda, oshirib yuborishga yoʻl qoʻyilgan davr uchun va keyingi uch oyga ular qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar, kafolatlar va huquqlardan mahrum etiladi. Ushbu qoida quyidagi hollarda tatbiq etilmaydi:
mikrofirma va kichik korxona Oʻzbekiston Respublikasi kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarining hamda oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari bilan mehnat shartnomalari tuzganda, band boʻlgan xodimlarning belgilangan oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan 20 foiz oshirilganda. Xodimlar sonining oshirilishiga Oʻzbekiston Respublikasi kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining oʻqishni tugallagan kunidan boshlab uch yildan ortiq vaqt oʻtmagan taqdirda yoʻl qoʻyiladi;
kichik korxona oʻz uyida ishlayotgan fuqarolar (kasanachilar) bilan mehnat shartnomalari tuzganda, band boʻlgan xodimlarning belgilangan oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan 30 foiz oshirilganda”.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 13-dekabr,
OʻRQ-265-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 50-son, 469-modda)