Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“TOMOSHA” BOLALAR MUSIQIY TEATR-STUDIYASI FAOLIYATINI TASHKIL QILISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-yanvardagi PQ-1271-son qarori bilan tasdiqlangan “Barkamol avlod yili” Davlat dasturining ijrosini taʼminlash, mamlakatimizda iqtidorli yosh aktyorlar faoliyati uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi hamda “Sen yolgʻiz emassan” jamgʻarmasining Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimida “Tomosha” bolalar musiqiy teatr-studiyasi (keyingi oʻrinlarda teatr-studiyasi deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar teatr-studiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
bolalarning sanʼatga boʻlgan qiziqishlarini ragʻbatlantirish, ijodiy faolligini shakllantirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash;
teatr va qoʻshiq sanʼatining maftunkor jozibasi vositasida, bolalar maʼnaviy olamini boyitish, ularni har taraflama yetuk insonlar boʻlib kamol topishlariga koʻmaklashish;
jahon klassik musiqasi, madaniyati va sanʼatining yorqin namunalari bilan tanishtirish hamda milliy mumtoz sanʼatimiz, xalq ijodiyotining serqirra jilolalarini bolalarga oʻrgatib, ularning dunyoqarashlarini boyitish;
turli bolalar festivallari, koʻrik-tanlovlar, taniqli sanʼatkorlar bilan uchrashuv va anjumanlar oʻtkazish;
iqtidorli yoshlarni tanlab, ularni sanʼat olamiga qadam qoʻyishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Toshkent shahar hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining Toshkent viloyati hokimligi balansidagi “Turon” axborot-kutubxona markazi joylashtirilgan Toshkent shahar, Mirobod tumani, Matbuotchilar koʻchasi, 32-uy manzilidagi binoning bir qismini teatr-studiyasi balansiga tasarruf etish huquqisiz bepul oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
4. Toshkent viloyati hokimligi ushbu qarorning 3-bandida koʻrsatib oʻtilgan “Turon” axborot-kutubxona markazi joylashtirilgan binoning bir qismini teatr-studiyasi balansiga tasarruf etish huquqisiz bepul oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda teatr-studiyasining tashkiliy tuzilmasini, shtatlar jadvalini hamda ustavini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
teatr-studiyasining davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini, joylashtirilishini va malakali mutaxassislar bilan butlanishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Toshkent shahar hokimligi tomonidan Toshkent shahar, Hamza tumani, Quruvchilar koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan “Uy qurilish” madaniyat saroyi binosining Toshkent viloyati “Turon” axborot-kutubxona markaziga tasarruf etish huquqisiz berilganligi inobatga olinsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, teatr-studiyasi faoliyatini moliyalashtirish yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablagʻlari, grantlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 6-martdagi 99-f-sonli farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 3-dekabr,
285-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 49-son, 454-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2019-y., 09/19/789/3782-son)