Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
RAMAZON HAYITINI NIShONLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Muborak Ramazon hayitining xalqimiz maʼnaviy hayotidagi oʻrni va ahamiyatini eʼtiborga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni saqlash va ulugʻlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Roʻza hayitini dam olish kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi 1992-yil 27-martdagi PF–368-sonli Farmoniga muvofiq:
1. 2010-yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 10-sentabrga toʻgʻri kelishi haqida Oʻzbekiston musulmonlari idorasining murojaatini inobatga olib, 2010-yil 10-sentabr dam olish kuni deb belgilansin va mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamgʻarmalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa barcha mutasaddi idora va jamoat tashkilotlari Ramazon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda oʻtishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 7-sentabr,
PQ-1400-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 9-son, 373-modda)