Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2003-YILNING 1-APRELIDAN BOSHLAB UY-JOY-KOMMUNAL XIZMATLAR HAQINI TOʻLASH BOʻYICHA BERILADIGAN IMTIYOZLAR OʻRNIGA KOMPENSATSIYA PUL TOʻLOVLARINI JORIY ETISH TOʻGʻRISIDA
Bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi chora-tadbirlarning aniq yoʻnaltirilishini kuchaytirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. 2003-yilning 1-aprelidan boshlab uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha qonunchilik asosida beriladigan imtiyozlar oʻrniga pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori hisobidan tabaqalashtirilgan miqdorlarda oylik kompensatsiya pul toʻlovlari joriy etilsin (ilovaga muvofiq).
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.01.2022-y., 06/22/58/0078-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining summasi jismoniy shaxslarning jami daromadiga qoʻshilishi hamda pensiya va nafaqalar toʻlanadigan tartib va muddatlarda toʻlanishi belgilab qoʻyilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Pensiya yoki nafaqa olmaydigan uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarini olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga kompensatsiya puli 2022-yil 1-martdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi orqali pensiya va nafaqa toʻlanadigan muddatlarda toʻlanadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.01.2022-y., 06/22/58/0078-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Respublika Davlat budjeti mablagʻlari ushbu Farmonga muvofiq uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarini joriy etish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni moliyalash manbai etib belgilansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 21-dekabrdagi PF-4158-son farmoni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 558-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlari mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. 2003-yilning 1-aprelidan boshlab quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” 2002-yil 30-maydagi PF-3079-son Farmoni 1-bandining uchinchi xatboshi va 4-bandi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
vazirliklar va idoralarning meʼyoriy hujjatlari mazkur Farmonga muvofiq holga keltirilishini taʼminlasin.
7. Ushbu Farmon matbuotda eʼlon qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 27-mart,
PF-3227-son
Oldingi tahrirga qarang.
(Farmonning ilovasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 13-apreldagi PF-3596-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplamlari, 2005-y., 15-16-son, 110-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 56-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 15-16-son, 110-modda; 2009-y., 52-son, 558-modda; 2010-y., 52-son, 511-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.01.2022-y., 06/22/58/0078-son; 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)