Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2003-YILNING 1-APRELIDAN BOSHLAB UY-JOY-KOMMUNAL XIZMATLAR HAQINI TOʻLASH BOʻYICHA BERILADIGAN IMTIYOZLAR OʻRNIGA KOMPENSATSIYA PUL TOʻLOVLARINI JORIY ETISH TOʻGʻRISIDA
Bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi chora-tadbirlarning aniq yoʻnaltirilishini kuchaytirish maqsadida:
1. 2003-yilning 1-aprelidan boshlab uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha qonunchilik asosida beriladigan imtiyozlar oʻrniga eng kam ish haqi hisobidan tabaqalashtirilgan miqdorlarda oylik kompensatsiya pul toʻlovlari joriy etilsin (ilovaga muvofiq).
Keyingi tahrirga qarang.
2. Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining summasi mehnat haqi fondiga qoʻshilishi hamda ish haqi (pensiyalar) toʻlanadigan muddatlarda toʻlanishi belgilab qoʻyilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Respublika Davlat budjeti va budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari ushbu Farmonga muvofiq uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarini joriy etish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni moliyalash manbai etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlari mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. 2003-yilning 1-aprelidan boshlab quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” 2002-yil 30-maydagi PF-3079-son Farmoni 1-bandining uchinchi xatboshi va 4-bandi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
vazirliklar va idoralarning meʼyoriy hujjatlari mazkur Farmonga muvofiq holga keltirilishini taʼminlasin.
7. Ushbu Farmon matbuotda eʼlon qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 27-mart,
PF-3227-son
Uy-joy-kommunal xizmatlar boʻyicha beriladigan imtiyozlar oʻrniga oylik kompensatsiya pul toʻlovlari beriladigan imtiyozli toifadagi shaxslar
ROʻYXATI
|
Shaxslar toifalari roʻyxati |
Oylik kompensatsiya toʻlovlari mikdori (eng kam ish haqiga nisbatan % hisobida) |
| 1. Barcha turdagi umumiy taʼlim maktablarining pedagogik maʼlumotga ega boʻlgan oʻqituvchilari, direktorlari, direktorning oʻquv va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, tarbiyachilari, konsertmeysterlari. | 45 |
| 2. Akademik litseylar, kasb-xunar kollejlari va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarining oʻqituvchilari, direktorlari, direktorning oʻquv va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, ishlab chiqarish taʼlimi ustozlari, psixologlari, uslubiyotchilari, konsertmeysterlari. | 45 |
| 3. “Mehribonlik uylari”ning pedagogik maʼlumotga ega boʻlgan tarbiyachilari, direktorlari, direktorning oʻquv va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, psixologlari. | 45 |
| 4. Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari va maktab-bolalar bogʻchalarining pedagogik maʼlumotga ega boʻlgan tarbiyachilari, oʻqituvchilari, mudirlari, direktorlari, direktorning oʻquv va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, psixologlari. | 45 |
| 5. Maktabdan tashqari bolalar muassasalarining pedagogik maʼlumotga yoki trenerlik ish stajiga ega boʻlgan oʻqituvchilari, tarbiyachilari, trener-oʻqituvchilari, direktorlari, direktorning oʻquv va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, yoʻriqchi-uslubiyotchilari, konsertmeysterlari. | 45 |
| 6. Oliy oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilar tarkibi, rektorlari, taʼlim, ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektorlari, filiallarning direktorlari hamda direktorning taʼlim, ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, ilmiy kotiblari, ishlab chiqarish taʼlimi ustozlari, hisoblash markazlarining boshliqlari va muhandislari. | 45 |
| 7. Ushbu roʻyxatning 1—6-banlarida koʻrsatilgan, kamida 10 yil pedagogik va ilmiy-pedagogik ish stajiga ega boʻlgan xodimlar toifalariga mansub pensionerlar. | 45 |
| 8. Qishloq joylarda va ishchilar shaharchalarida ishlovchi shifokorlar, provizorlar, oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari. Shu sohada kamida 10 yil ish stajiga ega boʻlgan mazkur toifalardagi shaxslarga mansub pensionerlar. | 45 |
| 9. Oʻzgalar qaramogʻiga muxtoj boʻlgan yolgʻiz pensionerlar. | 45 |
| 10. 1941—1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi nogironlari, qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar. | 45 |
| 11. Sovet Ittifoqi Qahramonlari, Sotsialistik Mehnat Qahramonlari va Shuhrat ordenlarining uchala darajalari bilan mukofotlangan shaxslar. Fashistlar konslagerlarining sobiq voyaga yetmagan tutqunlari, Leningrad shahri blokadasi davrida ishlagan fuqarolar, koʻzi ojiz I guruh nogironlari, Chernobil halokati oqibatida ziyon koʻrgan fuqarolar, yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar. | 45 |
| 12. 1941—1945-yillar Ikkinchi jahon urushi davridagi mehnat fronti qatnashchilari. | 18 |
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 56-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 15-16-son, 110-modda; 2009-y., 52-son, 558-modda; 2010-y., 52-son, 511-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.01.2022-y., 06/22/58/0078-son; 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)