Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
SOGʻLIQNI SAQLASH TIZIMINI YANADA ISLOH QILISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Qayd etib oʻtilsinki, respublikada Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishning birinchi bosqichi umuman muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Kechiktirib boʻlmaydigan tez tibbiy yordam tizimi — Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi, viloyat markazlari va tuman markaziy shifoxonalarida ixtisoslashtirilgan boʻlimlar tuzilgan boʻlib, ular aholiga tezkor bepul shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilishini taʼminlamoqda.
Kechiktirib boʻlmaydigan tez tibbiy yordam muassasalari zamonaviy tashxis va davolash uskunalari bilan jihozlanmoqda.
Shifokorlarning malakasi hamda zamonaviy tibbiy texnika bilan jihozlashni hisobga olgan holda kechiktirib boʻlmaydigan tez tibbiy yordam tizimi shifokorlari hamda tibbiyot xodimlarining mehnatini tashkil etish va moddiy ragʻbatlantirish tizimi muttasil takomillashtirib borilmoqda.
Aholiga, eng avvalo qishloq joylardagi aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimi isloh qilinmoqda. Respublikaning barcha tumanlarida zamonaviy tibbiy uskunalar va dori-darmonlar bilan taʼminlangan qishloq vrachlik punktlari tashkil etilmoqda.
Sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, respublikada yuksak jahon talablari darajasidagi yuqori texnologiyali ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarni shakllantirish, Ilgʻor tibbiy texnologiyalarni keng joriy etishning tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlarini vujudga keltirish maqsadida:
1. Ilgʻor chet el tajribasini hisobga olgan holda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni qabul qiluvchi hamda zamonaviy tashxis va davolash tibbiy uskunalaridan foydalanib davolaydigan maxsus klinikalar va tibbiy markazlarni tashkil etish Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish ikkinchi bosqichining eng muhim vazifasi deb hisoblansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, maxsus klinikalar va tibbiy markazlar, qoida tariqasida, quyidagi talablarga mos kelishi lozim:
yaxshi tayyorgarlik koʻrgan va oʻz tibbiyot sohasida tan olingan hamda yuksak obroʻ-eʼtibor qozongan shifokor-mutaxassislarga ega boʻlish;
yuqori texnologiyali tashxis va davolash tibbiy uskunalari bilan jihozlangan zamonaviy moddiy-texnika bazasiga ega boʻlish;
oʻz tibbiy amaliyotida yuksak jahon talablariga mos keladigan davolash va tashxisning murakkab usullarini joriy etish hamda keng qoʻllash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijtimoiy kompleksi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining tajriba tariqasida quyidagilarni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Urologiya ilmiy markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining akademik V. Vohidov nomidagi Jarrohlik ilmiy markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi;
Toshkent shahridagi Toshkent viloyat koʻz mikroxirurgiyasi markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi markazi;
Kardiologiya ilmiy-tadqiqot instituti va Toshkent shahridagi 15-shahar klinik shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Quyidagilar tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Markaz faoliyatining tegishli sohasi boʻyicha zamonaviy tashxis usullarini joriy etish hamda aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish;
mavjud tibbiy texnika va apparatlarning doimiy yangilanib va zamonaviylashtirib borilishini taʼminlash, markazni ilgʻor jahon yutuqlari darajasida yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish imkonini beradigan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash;
Markazning oʻzini-oʻzi moliyalash va oʻzini-oʻzi qoplash shartlari asosida faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun moliyaviy va moddiy-texnikaviy resurslarni jalb etish borasidagi menejment va marketing ishlarini tashkil etish;
Markaz tibbiyot xodimlarining, shu jumladan mutaxassislarning yetakchi xorijiy tibbiyot oʻquv muassasalari va klinikalarda amaliy malaka orttirishlarini tashkil etish hisobiga kasb mahoratini doimiy oshirib borish va takomillashtirish;
bemorlarni davolashning oʻz ilgʻor usullari va texnologiyalarini ishlab chiqish hamda tibbiy amaliyotga joriy etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
sohaga aloqador ilgʻor xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda mustahkamlash, axborot, toʻplangan tajriba va mutaxassislarni keng koʻlamda ayirboshlashni taʼminlash.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, bunda:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi va Moliya vazirligi hamda Markaz Kengashi timsolida Markazning mehnat jamoasi Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarning muassislari hisoblanadilar;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-avgustdagi PF-4561-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 36-son, 477-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
davlatga tegishli mulk ishonchli boshqaruv huquqi bilan Markazning ustav jamgʻarmasiga topshiriladi;
davlat tomonidan madadga muhtoj boʻlgan shaxslar (imtiyozli toifadagi shaxslar)ga davlat budjeti mablagʻlari hisobidan yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatiladi;
Markazning faoliyati davlat budjeti mablagʻlari, Markazning oʻz daromadlari va jalb etiladigan manbalar (grantlar, homiylarning mablagʻlari va boshqalar) hisobiga aralash asosda moliyalanadi. Bunda davlat budjeti mablagʻlari har bir Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi orqali xarajat moddalari boʻyicha taqsimlanmagan holda alohida satr bilan ajratiladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yilgi respublika budjetlarini shakllantirish chogʻida Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2004-yildan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining uzogʻi bilan 2008-yilda oʻzini-oʻzi moliyalash va oʻzini-oʻzi qoplashga oʻtishini nazarda tutgan holda ushbu Markazlarni saqlashga budjet mablagʻlarining joriy xarajatlari bosqichma-bosqich kamaytirib borilishini koʻzda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi respublika ixtisoslashtirilgan markazlari faoliyatining natijalarini hisobga olgan holda 2006-yilning 1-yanvariga borib Markazlarning ustav jamgʻarmasiga topshirilgan davlat mulkini imtiyozli shartlar bilan mehnat jamoasiga mulk sifatida sotish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
8. Markaz mehnat jamoasining umumiy yigʻilishi tomonidan saylanadigan Markaz Kengashi Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazining yuqori boshqaruv organi deb hisoblanishi belgilab qoʻyilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Kengash aʼzolari ichidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining taqdimnomasi boʻyicha Hukumat qarori bilan tayinlanadigan direktor Markaz Kengashining raisi hisoblanadi.
9. Markazlarga quyidagi huquq berilsin:
Markazning ustav jamgʻarmasiga topshiriladigan davlat mulkidan foydalanish va uni boshqarish;
lavozimlar roʻyxatini mustaqil ravishda ishlab chiqish va tasdiqlash, Markaz xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlarini bajariladigan ishlarning murakkablik darajasi, sifati va hajmiga nisbatan tabaqalashtirilgan tarzda belgilash.
10. Quyidagilar tasdiqlansin:
Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazini barpo etish va uning faoliyatini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisida 1-ilovaga muvofiq Nizom;
Keyingi tahrirga qarang.
Respublika ixtisoslashtirilgan markazlari tomonidan davlat budjeti mablagʻlari hisobiga tibbiy yordam koʻrsatiladigan imtiyozli toifadagi shaxslarning 2-ilovaga muvofiq roʻyxati.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi tashkil qilinayotgan ixtisoslashtirilgan markazlar bilan birgalikda bir oy muddatda belgilangan tartibda quyidagilarni ishlab chiqib, tasdiqlasin:
tashxis va davolash sifati standartlariga rioya etgan holda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha Respublika markazlari tomonidan aholiga pulli xizmat koʻrsatish qoidalari;
Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarini moliyalash tartibi va manbalari toʻgʻrisida Nizom;
ixtisoslashtirilgan markazlar tomonidan pulli tibbiy yordam koʻrsatish uchun tariflarni shakllantirish va tasdiqlash tartibi;
imtiyozli toifadagi bemorlarni davolash haqini davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻlash tartibi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining budjet mablagʻlaridan, tasdiqlangan tariflardan maqsadli va qonuniy foydalanishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarini davolash va tashxis uskunalari, tibbiyot asboblari bilan jihozlash normativlarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin, ana shu normativlar asosida 2003-yildan boshlab respublika investitsiya dasturlarida ularni zamonaviy tibbiyot uskunalari va asboblari bilan toʻliq taʼminlash uchun zarur kapital mablagʻlar koʻzda tutilsin.
13. Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida ushbu Respublika ixtisoslashtirilgan markazlari oʻz ehtiyojlari uchun olib kelinadigan tibbiyot uskunalari va asboblari uchun 2003-yilning 1-martidan to 2012-yilning 31-dekabriga qadar 10 yil muddatga barcha turdagi soliqlar, bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin, boʻshaydigan mablagʻlar Markazlarni rivojlantirish va jihozlashga maqsadli tarzda yoʻnaltirilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan markazlari va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda 2003-yilda amalga oshiriladigan tajriba tahlili natijalari boʻyicha Markazlarning normativ bazasini, ular faoliyatini tashkil etish va moliyalash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda mazkur Farmonni ijro etish yuzasidan Hukumat qarorini qabul qilsin.
17. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. T. Sultonov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 26-fevral,
PF-3214-son
Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazini barpo etish va uning faoliyatini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisida
NI3OM
Ushbu Nizom Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlar va klinikalarni (quyida — “Markaz” deb yuritiladi) barpo etish, faoliyatini tashkil qilish va moliyalash tartibini belgilab beradi.
I. Umumiy qoidalar
1. Markaz Hukumat qarori asosida muayyan soha boʻyicha davolash-profilaktika va ilmiy-metodik faoliyatni amalga oshiruvchi hamda aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatuvchi mustaqil ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasa sifatida barpo etiladi.
2. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Markaz, qoida tariqasida, quyidagi talablarga mos kelishi lozim:
yaxshi tayyorgarlik koʻrgan va oʻz tibbiyot sohasida tan olingan hamda yuksak obroʻ-eʼtibor qozongan shifokor-mutaxassislarga ega boʻlish;
yuqori texnologiyali tashxis va davolash uskunalari bilan jihozlangan zamonaviy moddiy-texnika bazasiga ega boʻlish;
oʻz tibbiy faoliyatida jahon standartlariga mos keladigan davolash va tashxisning murakkab usullarini joriy etish hamda keng qoʻllash.
II. Markazning maqsadi, vazifa va funksiyalari
4. Markazni barpo etish va uning faoliyatidan kuzatilgan maqsad quyidagilardan iborat:
yuksak sifatli va jahon standartlari darajasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishi lozim boʻlgan yuqori texnologiyali moddiy va ilmiy bazani hamda oʻz tibbiyot maktabini shakllantirish;
aholining tashxis, davolash va profilaktika boʻyicha ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali tibbiy yordamga boʻlgan talab-ehtiyojini qondirish.
5. Markazning asosiy vazifalari:
a) zamonaviy tashxis usullarini joriy etish hamda quyidagilarga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish:
davlat tomonidan madadga muhtoj boʻlgan shaxslar (imtiyozli toifadagi shaxslarga) davlat budjeti mablagʻlari hisobidan poliklinikalarning mavjud oʻrin fondi va qabul qilish quvvatining 20 foiziga qadar hajmda;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga asosan pulli tibbiy xizmat koʻrsatish;
b) mavjud tibbiy texnika va apparatlarning doimiy yangilanib va zamonaviylashtirib borilishini taʼminlash, Markazni ilgʻor jahon yutuqlari darajasida yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish imkonini beradigan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash;
v) Markazning oʻzini-oʻzi toʻliq moliyalash va oʻzini-oʻzi qoplash shartlari asosida faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun moliyaviy va moddiy-texnikaviy resurslarni jalb etish borasidagi menejment va marketing ishlarini tashkil etish;
g) Markaz tibbiyot xodimlarining, shu jumladan mutaxassislarning yetakchi xorijiy tibbiyot oʻquv muassasalari va klinikalarda amaliy malaka orttirishlarini tashkil etish hisobiga kasb mahoratini doimiy oshirib borish va takomillashtirish;
d) bemorlarni davolashning oʻz ilgʻor usullari va texnologiyalarini ishlab chiqish hamda tibbiy amaliyotga joriy etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
e) Markaz yoʻnalishlari boʻyicha kasalliklarni davolash va tashxis qoʻyishning patentlangan oʻz usullari hamda texnologiyalarini muttasil takomillashtirib borish va xalqaro miqyosda eʼtirof etilishiga erishish;
j) tibbiyot sohasida respublika maqsadli dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda faol qatnashish;
z) sohaga aloqador ilgʻor xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda mustahkamlash, axborot, toʻplangan tajriba va mutaxassislarni keng koʻlamda ayirboshlashni taʼminlash.
6. Markaz oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarga muvofiq:
respublika aholisining jahon standartlari darajasida oʻz sohasi boʻyicha kasalliklarga tashxis qoʻyish, ularni davolash va oldini olishning eng samarali, murakkab va yuqori texnologiyali usullariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlaydi;
tibbiyotning aniq bir sohasida kasalliklarga tashxis qoʻyish, ularni davolash va oldini olishning ilgʻor samarali usullari hamda texnologiyalarini ishlab chiqib, tadbiq etadi;
shifokor-mutaxassislarning oʻz maktabini shakllantiradi va rivojlantiradi hamda respublikaning boshqa muassasalarini oʻz sohasi boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlaydi;
Markaz yoʻnalishlari boʻyicha dori-darmonlarni, tibbiy ahamiyatdagi vositalarni hamda kasalliklarga tashxis qoʻyish va ularni davolash usullarini ishlab chiqadi, tayyorlab chiqaradi va klinik sinovlarini amalga oshiradi;
oʻz sohasi boʻyicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiradi hamda Markaz tomonidan ishlab chiqilgan tashxis va davolash uslublarini respublikaning boshqa tibbiyot muassasalarida keng joriy etish boʻyicha metodologik ishlarni olib boradi;
Oldingi tahrirga qarang.
Markazni ixtisoslashtirish asosida tibbiyot sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
(6-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 4-oktabrdagi PF–3806-son Farmoni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 40-son, 394-modda)
ushbu soha boʻyicha oʻz ilmiy va texnologik yutuqlarini xorijdagi tibbiyot olamida taqdim etadi;
Markaz faoliyati sohalari boʻyicha oʻzining ilmiy, oʻquv-uslubiy va axborot-maʼlumotnoma materiallarini tayyorlaydi hamda nashr etadi.
III. Markazning huquq va burchlari
7. Markaz barcha faoliyat sohalaridagi oʻz munosabatlarini shartnoma, bitim, kontraktlar asosida tashkil etadi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi, shuningdek Markaz faoliyati maqsad va mavzusi doirasida yuridik hamda jismoniy shaxslar bilan tuzadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Markaz koʻrsatilayotgan barcha turdagi tibbiy xizmatlar, bajariladigan ishlar, ishlab chiqariladigan va sotiladigan mahsulotlarning tarif va narxlarini Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda mustaqil belgilashga haqlidir.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-avgustdagi PF-4561-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 36-son, 477-modda)
9. Markaz moʻljallangan maqsadlarga erishish va zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
Markazning ustav jamgʻarmasiga topshiriladigan davlat mulkidan foydalanish va uni boshqarish;
rivojlanish biznes-rejalarini, oʻz budjetini mustaqil ravishda shakllantirish, ularning hajmlari, xarajatlarni shakllantirish va yoʻnaltirish manbalarini belgilash;
aholiga pulli asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish;
belgilangan tartibda asosiy vositalarni ijaraga olish, kreditlar, qarzlar, grantlarni va boshqa moliyaviy yordamni jalb etish;
amaldagi qonunchilikka muvofiq Markaz xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish miqdorlarini budjet mablagʻlari hamda pulli tibbiy xizmat koʻrsatishdan olinadigan daromadlar doirasida mustaqil belgilash;
Markaz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy-tadqiqotlarni oʻtkazish uchun davlat budjetidan grantlar olish maqsadida tanlovlarda ishtirok etish;
xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish jarayonida yaratilgan aqliy mulk obyektlariga nisbatan mualliflik huquqlarini olish va foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq xorijiy yuridik shaxslar bilan ilmiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni hamda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
yuridik shaxsni barpo etmasdan alohida boʻlinmalar (filiallar va vakolatxonalar) tashkil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga, Markaz faoliyatining maqsad va vazifalariga zid boʻlmagan boshqa turdagi ishlarni amalga oshirish.
10. Markazning burchlari quyidagilardan iborat:
soha boʻyicha yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga tashxis qoʻyish va ularni davolash sifati hamda standartlarini zamonaviy jahon talablari darajasida saqlash va rivojlantirishni taʼminlash;
tasdiqlangan tariflar boʻyicha aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish;
imtiyozli toifadagi bemorlarga poliklinikalarning mavjud oʻrin fondi va qabul qilish quvvatining 20 foiziga qadar hajmda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan bepul yordam koʻrsatish;
Markaz xodimlarini tegishli sohadagi yetakchi xorijiy klinikalarda tor ixtisoslar boʻyicha muntazam suratda qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
Markaz xodimlariga mehnatni tashkil etish va unga haq toʻlashning qonunchilikda koʻzda tutilgan shart-sharoitlarini, xavfsizlik texnikasini taʼminlash, ijtimoiy taʼminot va aniq ijtimoiy muhofazani kafolatlash;
Markazning moddiy-texnika bazasini oʻz mablagʻlari hisobiga zamonaviy tibbiy texnika va texnologiyalar bilan mustahkamlash hamda rivojlantirish;
mulkdan maqsadli foydalanish, uning saqlanishini taʼminlash;
amaldagi qonunchilikka muvofiq buxgalteriya hamda statistika hisob-kitobi va hisobotini yuritish.
11. Markaz direktori, shuningdek daxldor xodimlar Markaz xodimlarining aybi bilan inson sogʻligiga ziyon yetkazilgan yoki nobud boʻlgan hollar uchun toʻla moddiy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
IV. Markazning mulki va ustav jamgʻarmasi
Oldingi tahrirga qarang.
12. Davlat nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi va Moliya vazirligi hamda Markazning mehnat jamoasi Markaz muassislari hisoblanadilar, Markaz Kengashi uning manfaatlarini ifoda etadi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-avgustdagi PF-4561-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 36-son, 477-modda)
13. Markazning ustav jamgʻarmasi quyidagi manbalar hisobiga shakllanadi:
asosiy vositalar (tibbiyot muassasasining binolari va inshootlari, tibbiy uskunalar, asboblar va anjomlar hamda boshqalar) holidagi davlat mulki va oborotdan tashqari aktivlar;
investitsiya maqsadlariga ajratiladigan davlat budjeti mablagʻlari;
tibbiy xizmatlar, ishlar va mahsulotlarni sotishdan olinadigan, moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga hamda tibbiy uskunalar va texnologiyalarni sotib olishga sarflanadigan daromadlar;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida koʻzda tutilgan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Markazning ustav jamgʻarmasiga topshiriladigan davlat mulkining qiymati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan Markaz taʼsis etilgan paytda belgilanadi.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-avgustdagi PF-4561-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 36-son, 477-modda)
Davlat mulki Markazga ishonchli boshqaruv huquqi bilan Markaz maqsadlari va vazifalariga qatʼiy muvofiq ravishda foydalanish uchun topshiriladi.
15. Markazning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va zamonaviy tibbiy uskunalar sotib olishga yoʻnaltiriladigan daromadlari mehnat jamoasining ulushi sifatida ustav jamgʻarmasiga qoʻshiladi.
Mehnat jamoasining Markaz ustav jamgʻarmasidagi ulushi jamoa mulki hisoblanadi va u ajralmasdir.
16. Markazning ustav jamgʻarmasiga topshirilgan davlat mulki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan imtiyozli shartlar bilan uning mehnat jamoasiga mulk sifatida sotilishi mumkin.
17. Markaz yuridik shaxs sifatida oʻzi joylashgan yer maydoniga Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq doimiy egalik qilish hamda foydalanish huquqi bilan egalik qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Markazning davlat egaligidagi mulki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi bilan kelishilgan holdagina garovga qoʻyilishi, ayirboshlanishi yoki sotilishi mumkin.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-avgustdagi PF-4561-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 36-son, 477-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
19. Markazga ishonchli boshqaruv huquqi bilan biriktirilgan mulkdan maqsadga muvofiq foydalanilishi va uning saqlanishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-avgustdagi PF-4561-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 36-son, 477-modda)
V. Markaz tuzilmasi va uni boshqarish
20. Markaz Kengashi Markazning yuqori boshqaruv organi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz Kengashi Markaz direktoridan, Markazning yetakchi tibbiyot va ilmiy xodimlaridan tarkib topgan 7 kishidan iborat boʻladi. Markaz Kengashining ishida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi va Moliya vazirligidan vakil qilingan shaxslar ishtirok etadilar.
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-avgustdagi PF-4561-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 36-son, 477-modda)
Markaz Kengashi toʻgʻrisidagi nizom va uning shaxsiy tarkibi Markaz mehnat jamoasi umumiy yigʻilishining qarori bilan tasdiqlanadi.
Markaz direktori bir vaqtning oʻzida Markaz Kengashining raisi ham hisoblanadi.
21. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Markazning moliya-xoʻjalik va tibbiyot sohasidagi faoliyatini boshqarish, shuningdek Markazning ish samaradorligini oshirishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish;
rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, Markaz investitsiya va fan-texnika siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
yillik biznes-rejalar va moliyaviy hisobotlarni tasdiqlash;
aholiga koʻrsatiladigan pulli tibbiy yordam turlarining tariflarini belgilangan tartibda tasdiqlash;
Markaz tuzilmasini hamda Markaz ichidagi, shuningdek uning filiallari va vakolatxonalari munosabatlarini tartibga soluvchi normativ hujjatlarni tasdiqlash.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan direktor Markazning joriy faoliyatiga rahbarlik qiladi.
23. Markaz direktori:
oʻz faoliyatini Markaz nomidan amalga oshiradi, Markazning joriy moliya-xoʻjalik faoliyatiga rahbarlik qiladi, Markaz nomidan shartnoma va kontraktlar tuzadi, Markazning joriy faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalarni hal etadi;
Markaz Kengashida tasdiqlash uchun direktor oʻrinbosarlari lavozimiga nomzodlar boʻyicha takliflar kiritadi va zarur hollarda ilmiy-uslubiy va tibbiy Kengashlarni tuzadi;
Markaz xodimlarining ishini tashkil qiladi va boshqaradi, oʻz vakolatlari doirasida Markaz xodimlari bajarishi uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi, amaldagi qonunchilikka muvofiq Markaz xodimlarini ishga qabul qiladi va boʻshatadi;
Markaz faoliyati uchun javobgar boʻladi.
Markaz direktorining oʻrinbosarlari, filial va vakolatxonalarining rahbarlari Markaz direktorining taqdimnomasiga binoan Markaz Kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadilar va ozod qilinadilar.
24. Markazning ushbu Nizomda belgilangan vazifalari amalga oshirilishini taʼminlaydigan asosiy funksional tarkibiy boʻlinmalari quyidagilardan iborat: qabul qilish boʻlimi; gospital boʻlimi; davolash-tashxis qoʻyish, patologoanatomiya, laboratoriya, shuningdek maʼmuriy-xoʻjalik va texnik xizmatlar; ilmiy-tadqiqot qismi va boshqalar.
25. Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida tashkil etiladigan filiallar hamda vakolatxonalar belgilangan tartibda Markazning tashkiliy tuzilmasiga kirishi mumkin.
Filiallar hamda vakolatxonalar yuridik shaxs hisoblanmaydi va ular oʻzi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq faoliyat koʻrsatadi. Filiallar va vakolatxonalar toʻgʻrisidagi nizomlar hamda ularga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar amaldagi qonunchilikda va ushbu Nizomda belgilangan tartibda Markaz tomonidan tasdiqlanadi.
VI. Markaz faoliyatini moliyalash
26. Markaz faoliyati aralash tarzda, shu jumladan quyidagilar hisobiga moliyalanadi:
Markazning oʻz daromadlari;
davlat budjeti mablagʻlari;
grantlar va homiylarning yordami;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid boʻlmagan tartibda jalb etilgan boshqa mablagʻlar.
27. Markazning oʻz daromadlari quyidagilar hisobiga shakllanadi:
aholiga pulli tibbiy xizmat koʻrsatish;
uning ilmiy va taʼlim bazasida boshqa tibbiyot muassasalarining soha mutaxassislarini tayyorlash;
ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
28. Davlat budjeti mablagʻlari quyidagi maqsadlar uchun ajratiladi:
imtiyozli toifadagi bemorlarga poliklinikalarning mavjud oʻrin fondi va qabul qilish quvvatining 20 foiziga qadar hajmda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan bepul yordam koʻrsatishi uchun Markaz xarajatlarini qoplashga;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi doirasida Markazni zamonaviy tibbiy uskuna va texnika bilan jihozlashga hamda yillik investitsiya dasturlariga;
ilmiy-tadqiqot faoliyatiga grantlar tarzida;
tibbiy yordamning ayrim murakkab yuqori texnologiyali (qimmatli) turlariga belgilangan imtiyozli tariflar boʻyicha aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sarf-xarajatlarini qoplashga. Bunday tibbiy yordam turlarining roʻyxati Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Markaz xarajatlarini davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalash tartibi tibbiy xizmatning mazkur turiga boʻlgan ehtiyojga qarab “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi va Markaz bilan birgalikda belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda:
budjet mablagʻlari Markazga har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi orqali moddalar boʻyicha taqsimlanmagan holda alohida satr bilan ajratiladi;
moliyaviy taʼminot mustahkamlanib, oʻzini-oʻzi moliyalash va oʻzini-oʻzi qoplashga erishila borgan sari davlat budjeti mablagʻlaridan moliyalash hajmini bosqichma-bosqich kamaytirib borish koʻzda tutiladi.
29. Markaz xodimlari soni, ularning mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish miqdori bajariladigan ishlarning murakkablik darajasiga, sifati va hajmiga qarab Markaz Kengashi tomonidan mustaqil belgilanadi.
30. Markaz ajratilgan budjet mablagʻlari va oʻz daromadlari doirasida mustaqil ravishda:
Markazning biznes-rejalari hamda daromad va xarajatlar smetasini ishlab chiqib, tasdiqlaydi;
Markaz xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqib, tasdiqlaydi;
lavozimlar roʻyxatini tasdiqlaydi hamda Yagona tarif setkasi boʻyicha bazaviy maoshlar va miqdori cheklab qoʻyilmaydigan ustama haqdan kelib chiqqan holda mansab maoshlarini belgilaydi.
31. Markaz oʻz ehtiyojlari uchun olib kelinadigan tibbiyot uskunalari va asboblari uchun 2003-yilning 1-martidan to 2012-yilning 31-dekabriga qadar 10 yil muddatga barcha turdagi soliqlar va bojxona toʻlovlari, (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlashdan ozod qilinadi, boʻshaydigan mablagʻlar Markazlarni rivojlantirish va jihozlashga maqsadli tarzda yoʻnaltiriladi.
32. Markaz xoʻjalik faoliyatidan olinadigan daromadlarni mustaqil ravishda tasarruf etadi. Markazning moliya-xoʻjalik faoliyati natijasida olgan foydasi tegishli majburiy toʻlovlar toʻlangandan keyin Markaz ixtiyorida qoladi va belgilangan tartibda quyidagilar uchun foydalaniladi:
Markazning moddiy-texnika bazasini yangilash, zamonaviylashtirish va kengaytirish, zamonaviy tibbiy texnika, asbob-anjom va uskunalar sotib olish;
ustav jamgʻarmasining mehnat jamoasi ulushi qismini koʻpaytirish;
Markaz xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish;
aylanma jamgʻarmalarni toʻldirish;
Markaz mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
mahsulot va xizmatlarni reklama qilish;
Markaz faoliyatini taʼminlash bilan bogʻliq boshqa maqsadlar.
Bunda Markaz mazkur bandda koʻrsatilgan sarf-xarajatlarning ustuvorligi tartibini, yoʻnalishlari va nisbatlarini mustaqil ravishda belgilaydi.
33. Markaz qonunchilikda belgilangan tartibda buxgalteriya hisob-kitobi va hisobotini yuritadi, zarur smeta-moliya hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etadi, hujjatlarning asralishi hamda kelishilgan roʻyxatga muvofiq davlat tomonidan saqlashga topshirilishi uchun javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Respublika ixtisoslashtirilgan markazlari tomonidan davlat budjeti mablagʻlari hisobiga tibbiy yordam koʻrsatiladigan imtiyozli toifadagi shaxslar
ROʻYXATI
1. Bolalikdan nogironlar.
2. Chin yetimlar.
3. I va II guruh nogironlari.
4. 1941—1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek ularga tenglashtirilgan shaxslar.
5. Yoshga oid pensiyaga chiqqan ishlamaydigan shaxslar.
6. 1941—1945-yillardagi urush davrida mehnat jabhasining qatnashchilari.
7. Chernobil AESi falokatini tugatishda ishtirok etgan shaxslar jumlasiga kiruvchi nogironlar.
8. Baynalmilalchi jangchilar.
9. Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlaridan moddiy yordam oluvchi kam taʼminlangan oilalarga mansub shaxslar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 2-son, 16-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 28-29-son, 204-modda; 2006-y., 40-son, 394-modda; 2010-y., 17-son, 130-modda; 2013-y., 36-son, 477-modda; 2017-y., 13-son, 198-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2017-y., 06/17/5216/0187-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2021-y., 06/21/6277/0788-son, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son; 08.07.2022-y., 07/22/310/0607-son; 13.09.2023-y., 06/23/159/0700-son; 12.02.2025-y., 06/25/17/0127-son; 22.05.2025-y., 06/25/88/0459-son; 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)