Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOSHQARUVIning
Qarori
“TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN YIRIK INVESTITSIYA LOYIHALARINI SINDITSIYALASHTIRILGAN KREDITLASHNI AMALGA OSHIRISH TARTIBI TOʻGʻRISIDA”GI NIZOMGA OʻZGARTIRISHLAR KIRITISH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 6-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1509-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 4-dekabrdagi 29/2-sonli “Banklar tomonidan sindikatlashgan kreditlarni ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3730, 18.12.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda) hamda 2010-yil 17-sentabrdagi OʻRQ-257-son “Baholash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 37-son, 315-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2005-yil 16-iyuldagi 15/4-son qarori (roʻyxat raqami 1509, 2005-yil 20-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34-36-son, 265-modda) bilan tasdiqlangan “Tijorat banklari tomonidan yirik investitsiya loyihalarini sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2010-yil 23-oktabr,
34/3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 23-oktabrdagi 34/3-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklari tomonidan yirik investitsiya loyihalarini sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda) qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 15-apreldagi PQ-56-son “Bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 15-16-son, 112-modda) muvofiq tijorat banklari tomonidan yirik investitsiya loyihalarini sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibini belgilaydi”.
2. 14-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qarz oluvchining kreditga layoqatliligini aniqlash maqsadida oxirgi 3 yillik hisobot davri uchun tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi tomonidan qabul qilingan buxgalteriya balansi (1-shakl), moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot (2-shakl), debitorlik va kreditorlik qarzlar haqida maʼlumotnomaning (2a-shakl) nusxasi”.
3. 20-bandda “mustaqil baholovchini” degan soʻzlar “baholovchi tashkilotni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 44-45-son, 399-modda)