Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyundagi 5069-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Barkamol avlod yili” Davlat dasturiga muvofiq hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. 2010-yilning 10-noyabridan boshlab respublikaning oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimning yangilangan tizimi joriy etilsin, unda:
aspirantura oʻrniga — taʼlim muddati 3 yildan iborat boʻlgan stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutini;
doktorantura oʻrniga — tadqiqot sohasiga qarab taʼlim muddati 2-3 yildan iborat boʻlgan katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutini tashkil qilish nazarda tutiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi fan va texnologiyalar rivojini muvofiqlashtirish qoʻmitasi zimmasiga idoraviy mansubligi hamda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, respublika oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi zimmasiga oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining davlat akkreditatsiyasi boʻyicha funksiyani bajarish vazifasi yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tuzilmasini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin, jumladan taʼlim olayotgan aspirantlar va doktorantlarni stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar hamda katta ilmiy xodim-izlanuvchilar lavozimlariga oʻtkazsin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchi va katta ilmiy xodim- izlanuvchi lavozimlariga qabul qilish hamda ularning taʼminoti oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga, vazirliklar, idoralar va muassasalarga har yili mana shu maqsadlar uchun yoʻnaltiriladigan budjet ajratmalari doirasida amalga oshiriladi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Shu bilan birga stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchi va katta ilmiy xodim-izlanuvchi toʻgʻrisidagi nizomda ularning asosiy faoliyati oʻzlari tanlagan mavzuni hisobga olgan holda ilmiy izlanishlarni bajarishdan iborat ekanligi belgilab qoʻyilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. 2011-yilning 1-yanvaridan boshlab oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalarining stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilari uchun stajyor-tadqiqotchining lavozim okladi bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar uchun esa — fan nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻlgan katta ilmiy xodimlarning okladiga tenglashtirilgan miqdorlarda lavozim okladlari belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2011-yilgi va shundan keyingi yillar uchun Davlat budjetini shakllantirishda mazkur qarorga muvofiq oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini moliyalashtirishga zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda, ushbu qaror talablarini inobatga olgan holda, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni tashkil etish boʻyicha yangi normativ hujjatlarni, jumladan Davlat taʼlim standartlari va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimga qoʻyiladigan talablarni, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining davlat akkreditatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom va boshqalarni tanqidiy qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 2-noyabr,
PQ-1426-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 44-45-son, 376-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda, 30-son, 365-modda)