Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
XALQ BADIIY HUNARMANDChILIKLARI VA AMALIY SANʼATNI YANADA RIVOJLANTIRIShNI DAVLAT YOʻLI BILAN QOʻLLAB-QUVVATLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Milliy madaniyatni rivojlantirishda xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy sanʼatining ahamiyatini oshirish, qoʻlda ishlanadigan yuksak badiiy buyumlarni tayyorlash asriy anʼanalarini va oʻziga xos turlarini qayta tiklash hamda xalq hunarmandlariga davlat tomonidan madad koʻrsatish maqsadida:
1. Xonadon sharoitida yuksak badiiy buyumlar ishlab chiqaruvchi xalq hunarmandlariga ularni mahalliy xomashyo, materiallar, asboblar va kichik mexanizatsiya vositalari bilan taʼminlashda, koʻrgazmalar va kimoshdi savdolarini oʻtkazishda, tayyor mahsulotlarni sotish boʻyicha ixtisoslashtirilgan doʻkonlar va kioskalar tarmogʻini tashkil qilishda, yoshlarni xalq sanʼati ustalarining koʻnikmalariga oʻqitib oʻrgatish uchun zarur shart-sharoitlarni vujudga keltirishda amaliy yordam koʻrsatish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining, respublika vazirliklari va idoralarining eng muhim vazifasi deb hisoblansin.
2. 1997-yilning 1-aprelidan boshlab belgilangan tartibda hokimliklar va soliq idoralarida, roʻyxatdan oʻtgan xonadon sharoitida badiiy hunarmandchilik va amaliy sanʼat buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan band boʻlgan shaxslar 5 yil muddatga daromad soligʻi toʻlashdan ozod qilinsinlar.
Belgilab qoʻyilsinki, xonadon sharoitida xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼatining mazkur turlardagi buyumlarini ishlab chiqarish bilan band boʻlgan yakka tartibda faoliyat koʻrsatuvchi tadbirkorlar oʻz mahsulotining narxlarini isteʼmol bozoridagi talab va takliflardan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilaydilar.
Ushbu roʻyxatdagi buyumlar respublikadan tashqariga sotilishi chogʻida ulardan olinadigan boj haqi bekor qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Badiiy hunarmandchilik va amaliy sanʼatning eng yaxshi namoyondalari xizmatlarini, ularning milliy madaniyatni yanada rivojlantirishga va isteʼdodli yoshlarni tayyorlashga qoʻshgan hissasini ragʻbatlantirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq ustasi” unvonini taʼsis etish maqsadga muvofiq deb topilsin.
4. Xalq ustalarining, “Usto” birlashmasi va “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazining ushbu markaz huzurida xalq hunarmandlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida boʻlinmalarga ega boʻlgan “Hunarmand” uyushmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Quyidagilar Uyushma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
xalq hunarmandlarining mehnat faoliyati masalalarini muvofiqlashtirish, respublika qonunchiligi tomonidan ularga beriladigan huquqlar va manfaatlarni himoya qilish;
ustalar va hunarmandlarni moddiy-texnika resurslari, asboblar, kichik mexanizatsiya vositalari bilan taʼminlashni, ishlab chiqarilgan mahsulotni sotishda, shu jumladan eksport qilishda yordam berishni nazarda tutgan holda ularga uyda ishlashlari uchun shart-sharoitlar yaratishda koʻmak berish;
bozor talablarini oʻrganish hamda yuksak badiiy buyumlar tayyorlash uchun mahalliy xomashyo va materiallarning yangi turlaridan foydalanish boʻyicha tavsiyanomalar ishlab chiqish;
mamlakat ichkarisida va chet ellarda xalq ustalarining buyumlari keng targʻib va reklama qilinishini, rasmli materiallar va kataloglar chiqarilishini, koʻrgazmalar va kimoshdi savdolari oʻtkazilishini tashkil etish;
xalq sanʼatining noyob turlarini va buyumlarning yuksak badiiy nusxalarini tayyorlashda anʼanalarni saqlab qolish hamda bu ish koʻnikmalarini yoshlarga singdirish, mohir ustalarni tayyorlash boʻyicha maxsus maktablar tashkil qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Shu narsa belgilansinki, xalq hunarmandlarining Respublika “Hunarmand” uyushmasi mablagʻlari uyushmaning oʻz tadbirkorlik faoliyati, aʼzolarining badallari, homiylarning, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlmish yuridik shaxslar va xalqaro tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan shakllanadi.
Uyushmaga bir yoʻla moliyaviy yordam koʻrsatish uchun 150 mln. soʻm, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining mablagʻlari hisobidan — 50 mln. soʻm, Mehnat vazirligining ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish Jamgʻarmasi hisobidan — 50 mln. soʻm, Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan — 50 mln. soʻm ajratib berilsin.
7. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi bir oy muddatda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birga hududiy uyushmalarni tashkil etish va ularning normal ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar majmuini amalga oshirsin;
“Hunarmand” uyushmasining taʼsis konferensiyasini oʻtkazsin va uning Nizomini qabul qilsin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ushbu Farmonning bajarilishini tashkil etish yuzasidan qaror tayyorlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 31-mart,
PF-1741-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 3-son, 89-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 14-15-son, 96-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2017-y., 06/17/5242/0280-son)