O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON IJODKOR YoShLARINI DAVLAT YO‘LI BILAN QO‘LLAB-QUVVATLASh ChORALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ijodkor yoshlarning ma’naviy kamol topish sharoitlarini yaxshilash, ularning faoliyatini kuchaytirish hamda respublikaning madaniy texnikaviy potensialiga qo‘shadigan hissasini oshirish maqsadida:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 1993-yilning 1-sentabrigacha bo‘lgan muddat ichida Nukus shahrida, barcha viloyat markazlarida respublika yoshlarining eng muhtoj qismi uchun 30 xonali, Toshkent shahrida esa 60 xonali uy-joy binolarini loyihalash va qurishni ta’minlasinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi ana shu uylardagi turar joylarni tegishli ijodiy uyushmalar va ilmiy tashkilotlarning tavsiyalari asosida berish tartibini o‘rnatsin.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika komiteti hamda Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 10 kun muddat ichida mazkur uylarni, loyihalash hamda qurishni pul bilan ta’minlash manbalariga oid masalalarni ko‘rib chiqib hal qilsinlar.
2. O‘zbekiston Respublikasining Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat ishlari vazirliklariga, Kinematografiya davlat kompaniyasiga va Fanlar akademiyasiga ijodiy uyushmalar hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddat ichida quyidagi takliflarni kiritish topshirilsin:
— yosh mualliflarning eng yaxshi asarlari va ilmiy ishlanmalar Davlat mukofotini ta’sis etish to‘g‘risida;
— respublika maktab olimpiadalarining ijodkor yoshlar xalqaro va respublika tanlovlarining g‘oliblarini moddiy rag‘batlantirish, ularni kirish imtihonlarisiz o‘z sohasi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish to‘g‘risida;
— a’lochi talabalar va aspirantlar uchun O‘zbekistonning atoqli madaniyat arboblari sharafiga qo‘shimcha stipendiyalarni ta’sis etish haqida;
— ijodkor yoshlarning asarlari va ishlarini bosib chiqarishini yaxshilash to‘g‘risida;
— kommunal va maishiy xizmat haqini to‘lashda, jamoat transportidan foydalanishda ijodkor yoshlar uchun imtiyozlar berish haqida;
— iste’dodli yoshlarni chet ellarda o‘qish va malaka oshirish uchun yuborish to‘g‘risida.
3. Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh soliq boshqarmasi 10 kun muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston ijodiy uyushmalarini asosiy ishlab chiqarish faoliyati bo‘yicha soliqlardan ozod qilish haqida takliflar kiritsinlar.
4. Vazirlar Mahkamasi 20 kun muddat ichida ushbu Farmonni bajarishga oid tashkiliy chora-tadbirlarni ta’minlovchi qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 28-avgust,
PF-461-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 11-son, 436-modda)