Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTONDA MILLIY RAQS VA XOREOGRAFIYA SANʼATINI RIVOJLANTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Milliy raqs va xoreografiya sanʼatini yanada rivojlantirish, oʻzbek raqs sanʼatining tarixiy anʼanalarini va usullarini tiklash, avaylab-asrash hamda boyitish, millatimizning oʻziga xos sharqona fazilatlari, boy maʼnaviyatiga monand raqslarni targʻib etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, milliy raqs yoʻnalishlari boʻyicha uzoq muddatli, maqsadli dasturlar tayyorlash, raqs sanʼatini xalqimizning yuksak maʼnaviyati va nozik didiga zid boʻlgan yuzaki, nooʻrin tanqidga asoslangan xatti-harakat va liboslar xurujidan saqlash, maxsus taʼlim tizimini takomillashtirish, malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojni toʻlaroq qondirish hamda bu soha tashkilotlarining moddiy negizini mustahkamlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat ishlari vazirligi, Oʻzteleradiokampaniyasi va “Oʻzbeknavo” gastrol-konsert birlashmasining “Bahor”, “Lazgi”, “Zarafshon” hamda “Tanovor” ansambllari negizida tanlov asosida Madaniyat ishlari vazirligi tizimida yangi Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi milliy raqs birlashmasi (“Oʻzbekraqs”)ni tashkil etish haqidagi takliflari maʼqullansin.
“Oʻzbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi tasarrufida “Shodlik”, “Chen-Chun” va uygʻur ansambllari negizida “Oʻzbekiston” ashula va raqs ansambli tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. “Oʻzbekraqs” birlashmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda hududiy boʻlimlariga ega mustaqil ijodiy-ishlab chiqarish tuzilmasi hisoblanib, uning mulkchilik shakllaridan va qaysi idora tasarrufidaligidan qatʼi nazar, turli raqs jamoalarini birlashtirishi belgilab qoʻyilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Birlashma oʻz faoliyatini quyidagi vazifalarni amalga oshirishga qaratilganligi eʼtiborga olinsin:
Oʻzbek xalqining asrlar davomida shakllangan va avloddan avlodga noyob meros sifatida oʻtib kelayotgan jozibali raqs namunalarini toʻplash, boyitish, xalqimiz ayniqsa yosh avlod ongiga bu bebaho boyliklarga chuqur hurmat va havas tuygʻularini singdirish ularda milliy maʼnaviyatlarimiz, qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom hislarini yuksaltirish.
mamlakatimizning barcha hududlaridagi raqs yoʻnalishlarini asrash, avaylash, shu asosda yangi badiiy jamoalar tuzish, mustaqillik maʼnaviyatini va istiqlol gʻoyalarini tarannum etuvchi, xalqimizga estetik zavq bagʻishlovchi zamonaviy oʻzbek milliy raqs maktabini yaratish;
birlashma tarkibidagi ijodiy jamoalarning, tashkiliy, moliyaviy, moddiy-texnik masalalarni yechish, ularni musiqa asboblari, rang-barang raqs liboslari, zamonaviy radioelektron texnika zaruriy anjomlar bilan taʼminlash;
raqs sanʼatini Oʻzbekiston xalqi chet mamlakatlar jamoatchiligi orasida targʻib qilish, ansambllarning keng koʻlamli dasturlarga asoslangan samarali gastrol faoliyatini uyushtirish, reklama-tijorat ishlarni yoʻlga qoʻyish.
Keyingi tahrirga qarang.
4. “Oʻzbekraqs” birlashmasi tarkibida ansambllar yuridik shaxs boʻlmagan badiiy jamoa sifatida faoliyat koʻrsatishi va bu vazifalarni amalga oshirish va ularning har biri oʻz qiyofasiga, uslubiga ega boʻlishlari belgilab qoʻyilsin.
Madaniyat ishlari vazirligiga bir oy muddat ichida “Oʻzbekraqs” birlashmasining faoliyati haqida Nizomni tayyorlash va bu vazifalarni amalga oshirish uchun direksiya tarkibini tashkil qilish hamda Vazirlar Mahkamasi tasdigʻiga kiritish yuklatilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Oʻzbekraqs” birlashmasi, uning tasarrufidagi korxona va tashkilotlar barcha turdagi soliqlardan 5 yil muddatga ozod etilsin.
Soliqdan ozod etilishi natijasida yigʻilgan mablagʻlarning mamlakatimizda raqs sanʼatini yanada rivojlantirishga, birlashmaning moddiy-texnik negizini mustahkamlashga maqsadli sarflanishi belgilab qoʻyilsin.
6. Oʻzbek xoreografiya bilim yurti hamda Toshkent davlat madaniyat instituti “Xoreografiya” boʻlimi negizida oliy maxsus oʻquv yurtlari maqomidagi Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi tashkil etilsin, uning oʻquv teatri binosini qurish nazarda tutilsin. Oliy maktab qoshida mavjud boshlangʻich (internati bilan) va oʻrta maxsus taʼlim boʻgʻinlari saqlab qolinsin.
Quyidagilar Oliy maktabning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
bakalavr dasturi asosida milliy raqs va balet boʻyicha baletmestrlar, baletmestr-rejissorlar, raqs ijrochilari, oʻqituvchilar tayyorlash;
magistr dasturi asosida milliy raqs va xoreografiya sanʼati boʻyicha ilmiy-pedagogik, ijodiy kadrlar tayyorlash;
milliy raqs va xoreografiya sanʼati boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish;
Sanʼatshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda oʻzbek raqs va xoreografiya sanʼati tarixi, taraqqiyoti yoʻnalishlari boʻyicha tadqiqotlar, darsliklar, metodik qoʻllanmalar yaratish;
madaniyat va sanʼat oʻquv yurtlari, raqs jamoalariga uslubiy-ijodiy yordam koʻrsatish, ularning faoliyatini ilmiy-nazariy jihatlaridan muvofiqlashtirish.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi, M.Turgʻunboyeva nomidagi “Oʻzbekraqs” birlashmasi binolarini taʼmirlash, zarur anjomlar va texnik vositalar bilan taʼminlash hamda ushbu Farmonda belgilangan boshqa vazifalarning bajarilishi uchun Madaniyat ishlari vazirligining buyurtmasiga muvofiq mablagʻ ajratilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir hafta muddatda amaldagi qonun hujjatlariga zarur oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlasin.
9. Ushbu Farmonning bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tegishli qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 8-yanvar,
PF-1695-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 1-son, 16-modda; 2017-y., 8-son, 105-modda)