Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“TOSHKENT” XALQARO AEROPORTINI ZAMONAVIYLASHTIRISH UCHUN YEVROPA TIKLANISH VA TARAQQIYOT BANKINING QOʻSHIMCHA KREDITIGA XIZMAT KOʻRSATISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki krediti mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilayotgan “Toshkent” xalqaro aeroportini zamonaviylashtirish loyihasini toʻliq tugallash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Toshkent” aeroportini zamonaviylashtirish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 36 mln AQSH dollari va “KfV” banki (Germaniya) tomonidan ajratilgan 12 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlari oʻzlashtirilganligi;
“Toshkent” aeroportini texnik vositalar bilan toʻliq butlash maqsadida loyihaning dastlabki konsepsiyasida xarid qilish nazarda tutilmagan ikkita teleskopik yoʻlovchilar trapi hamda birlashtiruvchi elementlari va montaj qilish uchun moslamalari boʻlgan 6 kVt quvvatli 54 km elektr kabellari sotib olish uchun qoʻshimcha ravishda 2,3 mln AQSH dollari talab etilishi;
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oldin berilgan kreditni 2,3 mln AQSH dollari summasiga koʻpaytirishga rozilik berganligi va imzolangan Kredit bitimiga tegishli 4-tuzatishni taqdim etganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki krediti summasi 2,3 mln AQSH dollariga koʻpaytirilishiga 4-tuzatishni imzolasin.
3. Belgilansinki, kreditga xizmat koʻrsatish va uni qaytarish hamda undan foydalanganlik uchun foizlar bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar Kredit bitimiga 4-tuzatishga muvofiq “Toshkent” xalqaro aeroporti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki krediti mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilayotgan kontraktlarni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yilga moʻljallangan investitsiya dasturida “Toshkent” xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish loyihasiga qoʻshimcha kiritsin.
6. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining qoʻshimcha krediti doirasida “Toshkent” xalqaro aeroportini zamonaviylashtirish uchun olib kelinayotgan materiallar va asbob-uskunalar bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari), istisno tariqasida, ozod qilinsin.
7. “Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasi koʻrsatib oʻtilgan loyiha kompleks sugʻurta himoyalanishi chora-tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Toshkent” xalqaro aeroportining buyurtmanomalari boʻyicha “Toshkent” aeroportini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirishda qatnashayotgan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yigʻimlari undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Toshkent” xalqaro aeroportining buyurtmanomalari boʻyicha aeroportni rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirishda qatnashayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek ular vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish uzaytirilishini, ularni davlat boji toʻlashdan ozod etgan holda, belgilangan tartibda taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N. Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 2-aprel,
171-son