Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQARO AVIATSIYASINING HAVO KEMALARI EKIPAJ AʼZOLARINING ISH VAQTI VA DAM OLISH VAQTINI NORMALASHTIRISH” AVIATSIYA QOIDALARINI (OʻzR AQ-94) TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 15-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2141]
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni IKAOning standartlari va tavsiyalarini inobatga olgan holda takomillashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining havo kemalari ekipaj aʼzolarining ish vaqti va dam olish vaqtini normalashtirish” aviatsiya qoidalari (OʻzR AQ-94) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Boshliq T. OʻLJAYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 18-avgust,
96-son
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2010-yil 18-avgustdagi 96-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining havo kemalari ekipaj aʼzolarining ish vaqti va dam olish vaqtini normalashtirish”
aviatsiya qoidalari (oʻzr aq-94)
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalar Halqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaning (Chikago, 1944-yil 7-dekabr) 6-ilovasi va Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining havo kemalari ekipaj aʼzolarining ish vaqti va dam olish vaqtini normallashtirish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2018-yil 15-avgustdagi 121-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2141-2, 07.09.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2018-y., 10/18/2141-2/1855-son)
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar ishlatiladi:
asosiy ekipaj — parvoz topshirigʻini bajarish uchun qoʻshimcha ekipaj aʼzolarisiz, shuningdek parvoz topshirigʻi aerodrom mashqlari yoki oʻquv parvozlarini nazarda tutsa, mashq qiluvchi ekipaj aʼzolarisiz tayinlangan ekipaj tarkibi;
bazaviy aeroport (baza) — ekipaj aʼzolarining doimiy ishlaydigan aeroporti;
bazaviy vaqt — bazaviy aeroport joylashgan joy yoki ekipaj aʼzolari 72 soat va undan ortiq vaqt turgan boshqa aeroport uchun hisoblanadigan vaqt;
bortkuzatuvchilar brigadasining koʻpaytirilgan tarkibi — meʼyoridan ortiq parvozdagi xizmat vazifalarini bajarishda mustahkam ishlash qobiliyatini saqlash uchun parvozdagi brigada aʼzolariga dam berish maqsadida brigada aʼzolari sonining koʻpaytirilgan bortkuzatuvchilar brigadasi;
dam olish vaqti — ekipaj aʼzolarining xizmat vazifalarini bajarish davridan soʻng va/yoki bajarish davridan oldin xizmat vazifalarini bajarishdan ozod qilingan uzluksiz va maʼlum vaqt davri;
zaxirada navbatchilik vaqti — ekipaj aʼzolari parvoz topshirigʻini bajarish uchun doimiy tayyorlikda boʻladigan vaqt;
zaxiradagi navbatchilik — ekipaj aʼzosi parvozga doimiy tayyorgarlikda boʻlish maqsadida profilaktoriyda, mehmonxonada, maxsus jihozlangan xonada, shuningdek ekspluatant ruxsati bilan uy sharoitlarida navbatchilik qilish;
ish vaqtining jamlangan hisobi — jamlash usuli bilan hisob vaqt davri (24 soat, hafta, oy) uchun ekipaj aʼzolarining ish vaqtini faktik hisobi;
koʻpaytirilgan parvoz ish vaqtining davom etishi — sutka vaqti va rejali qoʻnishlar soni hisobga olingan holda uzluksiz 24 soatlik davr mobaynida toʻliq koʻpaytirilmagan (kuchaytirilmagan) ekipaj aʼzolarining ushbu Qoidalarda belgilangan koʻpaytirilgan parvoz ish vaqtining davom etishi;
meʼyordan ortiq parvoz — parvoz ish vaqtini normal davom etishidan koʻproq davom etuvchi parvoz (yoki reys boʻyicha parvozlar seriyasi);
meʼyordan ortiq parvozdagi ekipaj aʼzosining ishdagi tanaffusi — uzun muddatli parvozni xavfsizligini taʼminlanishini va sogʻliq saqlanishini koʻzlab, organizm psixofiziologik funksiyalarini va professional faoliyatini lozim darajada saqlash uchun qisqa muddatli dam olish maqsadida meʼyoridan ortiq parvozdagi ekipaj aʼzosi xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etiladigan vaqt davri;
oraliq aeroport — parvozni bajarish vaqtida HK qoʻnishi rejalashtirilgan oraliq aeroport;
oraliq yoki yakuniy aeroportda toʻxtab turish vaqti — havo kemasi (keyingi oʻrinlarda HK deb yuritiladi) qoʻnganidan keyin dvigatelning oʻchirgan vaqtidan boshlab parvozni davom ettirish yoki boshqa parvozni amalga oshirish uchun dvigatelni harakatga keltirishgacha boʻlgan vaqt;
oxirgi aeroport — parvozlar tugaydigan aeroport;
parvoz vaqti — parvozdan oldin HK dvigatelini harakatga keltirishdan boshlab qoʻngandan keyin oxirgi HK dvigatelini oʻchirishgacha hisoblangan ekipaj aʼzolarining parvoz ish vaqtining bir qismi;
parvoz vaqtining yillik meʼyori — kalendar yildagi ekipaj aʼzolari parvoz vaqtining yigʻindisi boʻyicha ushbu Qoidalarda belgilangan cheklov;
parvoz vaqtining oylik meʼyori — kalendar oydagi ekipaj aʼzolari parvoz vaqtining yigʻindisi boʻyicha ushbu Qoidalarda belgilangan cheklov;
parvoz ish vaqtining maksimal davomiyligi — maksimal ekipaj tarkibi uchun sutkalar vaqti va rejali qoʻnishlar soni hisobga olingan uzluksiz 24 soatlik davrdagi mazkur Qoidalarda belgilangan parvoz ish vaqtining yoʻl qoʻyilgan davomiyligi;
parvoz ish vaqtining normal davom etishi — minimal ekipaj tarkibi uchun sutkalar vaqti va rejali qoʻnishlar soni hisobga olingan uzluksiz 24 soatlik davrdagi mazkur Qoidalarda belgilangan parvoz ish vaqtining davomiyligi;
parvoz oldidan tayyorlanish vaqti — barcha ekipaj aʼzolarining parvoz uchun kelgan vaqtidan boshlab HK dvigatellarini parvoz oldidan harakatga keltirishgacha boʻlgan uzluksiz vaqtning bir qismi;
parvozdan keyin dam olish vaqti — sogʻliqni saqlash va keyingi parvozlarda xavfsizlikni taʼminlashni koʻzlab, oʻta charchash va kasalliklarning rivojlanishini profilaktika qilish maqsadida organizmning psixofiziologik funksiyalarini tiklash uchun ekspluatant tomonidan ekipaj aʼzolariga parvoz topshirigʻi bajarilganidan soʻng beriladigan uzluksiz davom etuvchi vaqtning bir qismi;
parvozdan keyingi ish vaqti — HK dvigatellari oʻchirilganidan boshlab ekipaj aʼzolarining parvozdan keyingi ishlarni tugatishigacha boʻlgan uzluksiz vaqtning bir qismi;
parvozlar oraligʻidagi dam olish vaqti — har kungi parvozlarni bajarish vaqtida dam olish uchun ekipaj aʼzolariga ekspluatant tomonidan beriladigan uzluksiz vaqtning bir qismi;
parvozning rejalashtirilmagan holatlari — parvoz topshiriqlarini bajarishda parvoz ish vaqtiga va dam olish vaqtiga taʼsir qiluvchi parvoz rejasida nazarda tutilmagan vaziyat yoki holatlar;
reglamentlangan tanaffus — ekipaj aʼzolarining ishlash qobiliyatini tiklash maqsadida, meʼyordan ortiq parvozlarda, shuningdek maxsus aviatsiya ishlarini (keyingi oʻrinlarda MAI deb yuritiladi) oʻtkazishdagi parvozlar oraligʻida ekipaj aʼzolari dam olishi uchun tanaffus;
toliqish — ekipaj aʼzosining HKni xavfsiz boshqarish yoki xizmat vazifalarini bajarish qobiliyati va faolligining susayishiga olib kelishi mumkin boʻlgan uyqusizlik yoki uzoq davom etgan hushyorligi va/yoki jismoniy faoliyati natijasida jismoniy yoki aqliy ishlash faoliyati susayishining fiziologik holati;
tungi (kunduzgi) parvoz vaqti — ekipaj aʼzolari quyosh botgandan (chiqqandan) quyosh chiqishigacha (botishigacha) parvozni bajaradigan vaqt davri;
uchishga oid ikki tarkibli ekipaj — qisqa muddatli dam olish va oʻz kuchini tiklash uchun meʼyoridan ortiq parvozdagi ekipajning har bir aʼzosiga tanaffus taqdim etilishi mumkin boʻlgan bir parvoz topshiriqli ekipaj aʼzolarining koʻpaytirilgan parvoz tarkibi;
xizmat vazifalari — ekspluatantning koʻrsatmasi boʻyicha ekipaj aʼzosi bajarishi shart boʻlgan har qanday vazifa, shu jumladan parvoz majburiyatlari, maʼmuriy ish, tayyorgarlik, xizmat vazifasini bajaradigan joyga koʻchish va zaxirada boʻlish, agar ular toliqishga olib keladigan boʻlsa;
ekipaj aʼzolarining koʻpaytirilgan parvoz tarkibi — meʼyoridan ortiq parvozda mustahkam ishlash qobiliyatini saqlash maqsadida ekipaj aʼzosi (aʼzolari)ga qisqa muddatli dam olish uchun ishdan tanaffus berish maqsadida bir yoki undan koʻp aʼzoga koʻpaytirilgan ekipaj aʼzolarining tarkibi;
ekipajning minimal tarkibi — parvoz ekspluatatsiyasi boʻyicha qoʻllanmada (keyingi oʻrinlarda PEQ deb yuritiladi) belgilangan ekipaj tarkibi;
ekipajning standart kuni — ekipaj aʼzolarini doimiy bazalashgan yoki vaqtincha yashab turgan joyda yashash muddati 3 sutkadan ortiq (shu jumladan ketma-ket 3 tun)ni tashkil qilgan joydagi soat poyasining 6 soat 00 daqiqadan 22 soat 00 daqiqagacha boʻlgan vaqt oraligʻi;
ekipajning standart tuni — ekipaj aʼzolarini doimiy bazalashgan yoki vaqtincha yashab turgan joyda yashash muddati 3 sutkadan ortiq (shu jumladan ketma-ket 3 tun)ni tashkil qilgan joydagi joriy sutkaning soat poyasi 22 soat 00 daqiqadan keyingi sutkaning 6 soat 00 daqiqagacha boʻlgan vaqt oraligʻi;
estafetada boʻlish vaqti — ekipaj aʼzolari bazaviy aeroportdan ajralgan holda talab qilinadigan joyda parvozlarni davom ettirish maqsadida boshqa ekipajni almashtirishi uchun uzluksiz vaqtning bir qismi;
estafetali qatnov — oraliqdagi yoki oxirgi aeroportda HKni bir ekipajdan boshqa ekipajga topshirish amalga oshiriladigan reys.
qoʻnishlarsiz transkenglik parvoz — shimoliy (66 darajadagi shimoliy kenglik) va janubiy (66 darajadagi janubiy kenglik) kengliklarni kesib oʻtuvchi parvoz;
qoʻnishlarsiz transmeridian parvoz — besh va undan ortiq soat poyaslarini kesib oʻtuvchi parvoz;
havo kemasining katta komandiri — ekipajni kattasi qilib tayinlangan va parvoz topshirigʻining “HKK” grafasida birinchi boʻlib yozilgan, instruktorlik ishlarini bajarish ruxsatiga ega boʻlgan koʻpaytirilgan (kuchaytirilgan) ekipaj tarkibidagi HK komandirlarining (keyingi oʻrinlarda HKK deb yuritiladi) ikkitasidan biri.
2. Ekspluatant ish vaqti, parvoz vaqti, parvoz ish vaqti va dam olish vaqtining meʼyorlarini Aviatsiya maʼmuriyati tomonidan belgilangan qoidalarni inobatga olgan holda belgilaydi. Mazkur meʼyorlar ekspluatant tomonidan ekipaj aʼzolarining toliqishini nazorat qilishga imkoniyat beradi va Parvozlarni bajarish boʻyicha qoʻllanmaga (keyingi oʻrinlarda PBQ deb yuritiladi) kiritiladi.
3. Belgilangan meʼyorlardan chetga chiqish zarurati tugʻilgan holatlarda ekspluatant bunday chetga chiqishlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyuvchi vosita va uslublarni belgilab beradi. Bunda parvoz xavfsizligining ekvivalentlik darajasi taʼminlanadi, vosita va uslublar esa Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan kelishiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Ekspluatant ekipajning har bir aʼzosi boʻyicha ish vaqti, parvoz vaqti, parvoz ish vaqti va dam olish vaqt davri hisobini olib boradi. Hisob uchun foydalaniladigan hujjatlarning shakllari ekspluatant tomonidan ishlab chiqiladi va PBQga kiritiladi hamda quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi: har bir hisob davrining boshlanishi va oxiri, shuningdek har bir hisob davrining davomiyligi va jamlanma natijalari.
5. Ekspluatantga parvoz xavfsizligiga salbiy taʼsir qilishi mumkin boʻlgan darajagacha ekipaj aʼzosining toliqqanligi maʼlum boʻlsa yoki taxmin qilsa, ekipaj aʼzosiga HQni ekspluatatsiya qilishga topshiriq bermasligi lozim.
6. Ekipaj aʼzosi parvoz xavfsizligiga salbiy taʼsir qilishi mumkin boʻlgan darajagacha toliqqanda oʻz vazifalarini bajarmasligi kerak.
7. Ekipaj aʼzosi dam olish uchun qilingan sharoitlardan unumli foydalanishi, shuningdek oʻzining dam olish vaqtini shunday rejalashtirib oʻtkazishi kerakki, toʻlaqonli kuch tiklanishi taʼminlansin. Ekipaj aʼzosi tegishli dam olishdan keyin, lozim boʻlgan holatda xizmat vazifasini bajarishga yetib kelishi kerak.
8. Ekipaj aʼzosi oʻzining ish vaqti, parvoz vaqti, parvoz ish vaqti va dam olish vaqti shaxsiy hisobini yuritishi lozim.
II. Ekipaj aʼzolarining ish vaqti
1-§. Yerdagi ish vaqti
9. Ekipaj aʼzosining ish vaqti yerdagi ish vaqti va parvozdagi ish vaqti yigʻindisidan jamlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2018-yil 15-avgustdagi 121-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2141-2, 07.09.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2018-y., 10/18/2141-2/1855-son)
11. Ekipaj aʼzolari uchun ish vaqtining jamlangan hisobi qoʻllaniladi.
12. Ekipaj aʼzolarining yerdagi ish vaqti quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
boʻlinmalarda ishlash vaqti (parvozlarga oldindan tayyorlanish, parvozlarni tahlil qilish, hujjatlarni oʻrganish, professional mashgʻulotlar, trenajyorlarda ishlash, bilimlarni sinash, parvoz va xizmat hujjatlarini rasmiylashtirish va boshqalar);
malaka oshirish kurslarida oʻqish vaqti;
tibbiy-uchish ekspert komissiyasidan oʻtish vaqti;
zaxirada navbatchilik qilish vaqti;
oraliq yoki oxirgi aeroportdagi ekipaj aʼzolari almashinuvi estafetasida boʻlish vaqti;
bazaviy aeroportda HKga yuk ortish va tushirish vaqti (xizmat koʻrsatuvchi xodimlar — bortoperatorlar va bortkuzatuvchilar uchun);
parvoz topshirigʻini bajarish bilan bogʻliq boʻlmagan yerda bajariladigan boshqa ishlarni bajarish vaqti.
13. Ekipaj aʼzolarining yerdagi ish vaqti ekspluatant tomonidan belgilanadigan tartibda reglament qilinadi. Bunda ekipaj aʼzolarining yerdagi ish vaqti parvoz ish vaqtiga kiritilmaydi.
14. Zaxiradagi navbatchilik 24 soatdan oshmasligi kerak. Ekspluatant ekipaj aʼzolarini dam olish uchun zarur sharoitga ega boʻlgan xonalarga joylashtirishni taʼminlaydi (agar navbatchilik uy sharoitida oʻtmasa). Zaxiradagi navbatchilikning haqiqiy vaqti ekspluatant tomonidan belgilangan tartib boʻyicha hisob davri uchun ish vaqtiga kiritiladi, lekin ekipaj aʼzosi parvozni bajarish uchun zaxiradan chaqirib olingan boʻlsa, parvoz ish vaqtiga kiritilmaydi.
15. Aeroportlarda ekipaj almashinuv estafetasida boʻlgan vaqt, berilgan dam olish kunlari bundan mustasno, agar ular berilgan boʻlsa, ekspluatant tomonidan belgilangan tartibda hisob davri uchun ish vaqtiga kiritiladi. Ushbu vaqt parvoz ish vaqtiga kiritilmaydi.
2-§. Parvoz ish vaqti
16. Parvoz ish vaqti ekipaj aʼzosining reja boʻyicha parvoz oldi tayyorgarlikka yetib kelgan vaqtidan boshlanadi va parvozdan keyingi ishlar tamom boʻlganidan keyin tugallanadi.
17. Ekipajning parvoz ish vaqti oʻz ichiga quyidagilarni oladi:
parvoz oldi tayyorgarligi vaqti;
parvoz vaqti;
oraliq (oxirgi) aeroportda ekipaj almashinuvisiz toʻxtab turish vaqti;
parvozdan keyingi ish vaqti;
ekipaj aʼzolariga toʻla dam olish vaqti berilmagan boʻlsa, boshlangʻich, oraliq va oxirgi aeroportlardagi rejadagi uchish vaqtidan kechiktirilgan vaqt;
xizmat topshirigʻi boʻyicha yoʻlovchi sifatida uchish vaqtining 50 foizi;
parvoz amalga oshirilmagan hollarda HK dvigatellari va tizimlarini yoqish, isitish, ishlatib koʻrish vaqt davri;
oraliqdagi va oxirgi aeroportlarda ekipaj aʼzolari ishtirokida HKga yuk ortish va tushirish vaqti;
18. Parvoz oldi tayyorgarlik vaqti HK aniq turining ekipaj aʼzolarini ish texnologiyasining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olib, ekipaj aʼzolari tarkibiga bogʻliq holda meʼyorlanadi hamda bazaviy aeroportda va ekipaj almashinuv aeroportida 1 soatdan kam boʻlmasligi, shuningdek ekipaj almashinuvisiz oraliq va oxirgi aeroportlarda 30 daqiqadan kam boʻlmasligi lozim.
19. Qatnov kechiktirilgan hollarda ekipaj aʼzolariga dam olish uchun lozim boʻlgan sharoitlar yaratilmagan taqdirda, uchishni kutish vaqti parvoz vaqtiga toʻliq kiritiladi.
20. Sutka vaqti (baza vaqti boʻyicha), ekipajning tarkibi va rejali qoʻnishlarning soniga bogʻliq holda uzluksiz 24 soatlik davr mobaynida HK ekipaj aʼzolari uchun normal, koʻpaytirilgan va maksimal parvoz ish vaqti davomiyligi ushbu Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq belgilanadi.
21. Koʻpaytirilgan yoki uchishga oid ikki tarkibli ekipaj tomonidan parvozlarining bajarilishida parvoz topshirigʻini bajarishga sarflangan parvoz ish vaqti ekipajning barcha aʼzolariga toʻliq hisoblanadi.
22. Ekipaj aʼzolarining parvozdan keyingi ish vaqti HKning turiga qarab ekspluatant tomonidan tasdiqlanadi va bu vaqt 30 daqiqadan kam boʻlmasligi lozim.
23. Parvoz topshirigʻini bajarish joyiga yoki parvozdan keyin dam olish joyiga (parvoz topshirigʻi tugaganidan keyin) xizmat vazifasini bajarish boʻyicha yoʻlovchi sifatida uchib borgan ekipaj aʼzosiga uchishga sarflangan parvoz vaqtining 50 foizi hisoblanadi. Parvoz topshirigʻini bajarish joyiga uchib borgandan keyin ekipaj aʼzolari parvoz ish vaqtining sutkalik meʼyorining qolgan qismi chegarasida (uchib borish hisobga olingan holda) dam olmasdan parvoz topshirigʻini bajarishga kirishishi mumkin. Agar ekipaj aʼzolarining parvoz ish vaqti (uchib borish hisobga olingan holda) ruxsat etilgan sutkalik meʼyordan oshmagan boʻlsa, ekipaj aʼzolari parvoz bajarilishi bilan parvozdan keyin dam olish joyiga uchib borishi mumkin. Agar qolgan parvoz ish vaqti parvoz topshirigʻini bajarish yoki parvozdan keyin dam olish joyiga uchib borish uchun yetarli boʻlmasa, ekipaj aʼzolariga uxlash uchun sharoit yaratilib, kamida 12 soat davomida dam olgandan keyin parvoz topshirigʻini bajarish yoki parvozdan keyin dam olish joyiga uchib borishi mumkin.
24. Parvozni bajarish vaqtida ekipaj aʼzolarining parvoz ish vaqti uzilishi 4 soatdan oshib ketsa, (jadval boʻyicha uzoq toʻxtab turishi, parvoz ushlanishi, kunduzgi dam olish vaqti bilan ish kuni va boshqalar) bunday tanaffuslar vaqti, (parvozdan keyingi ishlar tugagandan keyin parvoz oldi tayyorgarligi boshlanguncha) agar ekipaj aʼzolarining hammasi xonalarga joylashtirilib, toʻliq dam olish imkoniyatlari bilan taʼminlangan boʻlsalar, parvoz ish vaqtiga kiritilmaydi. Parvozlar orasidagi 4 soatdan kam boʻlgan tanaffus, dam olish sharoitidan qatʼi nazar, toʻliq dam olish vaqti deb hisoblanmaydi va ekipajning parvoz ish vaqtiga qoʻshib hisoblanadi.
25. HK toʻxtab turgan vaqtda ekipaj aʼzolarining ovqatlanish vaqti parvozning ish vaqtiga kiritilmaydi. Ekipaj aʼzolariga ovqatlanish uchun tanaffusning davom etishi 0,5 soatdan kam va 3 soatdan koʻp boʻlmagan vaqt belgilanadi.
26. Oʻquv va/yoki mashq aerodrom parvozlarini bajarishda ekipajning parvoz ish vaqti 10 soatdan oshmasligi kerak. Bunday parvozlar bajarilishining tartib va shartlari ekspluatant tomonidan belgilanadi, bunda qoʻnishga kirishning soni 25 tadan oshmasligi, qoʻnish esa 12 tadan ortiq boʻlmasligi kerak.
27. Aviatsiya kimyoviy ishlarni (keyingi oʻrinlarda AKI deb yuritiladi) va MAI bajarishda ekipaj aʼzolarining parvoz ish vaqti kuniga 12 soatdan oshmasligi, kunduzgi dam olish bilan boʻlgan (ertalabki parvoz va tungi parvoz) ish kunida ekipaj aʼzolarining parvoz jami ish vaqtining davom etishi kuniga 10 soatdan oshmasligi kerak. Ekipaj aʼzolari dam olish uchun chastota va reglamentlangan tanaffuslar vaqti MAI ning har bir turi uchun ekspluatantning PBQ bilan belgilanadi.
Bunday reglamentlangan tanaffuslarning vaqti ekipaj aʼzolarining parvoz ish vaqti davomiyligi jamlanmasiga kiritiladi.
Ekipaj aʼzolariga toʻliq dam olish vaqti berilsa, ertalabki parvozlar va kechki parvozlar orasidagi tanaffus (4 soatdan koʻp davrga) har kungi parvoz ish vaqti davomiyligi jamlanmasiga kiritilmaydi.
28. Ishlab chiqarish zarurati boʻlganda parvozlar koʻpaytirilgan yoki ikki tarkibli ekipaj tomonidan parvoz ish vaqtining davomiylik meʼyori muddati 2 va 4 soatga oshgan holda bajarilishi mumkin. Koʻpaytirilgan yoki ikki tarkibli ekipaj tomonidan ishlarni bajarish tartibi va shartlari ekspluatant tomonidan aviaxodimlar kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda belgilanadi va PBQga kiritiladi.
Ekipaj aʼzolarining borish va kelish yoʻnalishlaridagi meʼyordan ortiq parvozlari, transmeridian, transkenglikdagi qoʻnishsiz parvozlari 7 kun davomida 1-martadan oshmagan holda va 30 kalendar kun davomida 2-martadan oshmagan holda (14 soatgacha parvoz ish vaqti bilan meʼyoridan oshgan parvozlar uchun 30 kalendar kuni davomida 4-martadan oshmagan holda) rejalashtirilishi mumkin.
29. Ekipajga ketma-ket ikkita standart tunli parvoz rejalashtirishga ruxsat etilmaydi.
3-§. Parvoz vaqti
30. Ekipaj aʼzolarining hisob davrida HKning turlari boʻyicha parvoz vaqti davomiyligi meʼyorlari mazkur Qoidalarga 2-ilovaga binoan belgilanadi.
31. HKlari ekipaj aʼzolari uchun parvoz vaqti uchish kuni boʻyicha meʼyorlanmaydi, chunki ularning parvoz ish vaqti uzluksiz 24 soat hisob davri mobaynida meʼyorlanadi.
32. AKI va MAI ishlarini bajaruvchi HK ekipaj aʼzolari uchun parvoz ish vaqti uchish kuni boʻyicha meʼyorlanishidan tashqari ekspluatant PBQda qoʻshimcha ravishda aniq ish turi uchun bitta parvozning vaqti, parvozlar soni va uchish kuniga parvoz vaqti meʼyorlanadi.
33. Ishlab chiqarish zarurati boʻlganda, uchish otryadi shifokorining ijobiy xulosasi boʻlganda, ekipaj aʼzosiga uning yozma ravishda bergan roziligi bilan parvoz vaqti jamlanmasi oyiga meʼyordan 25 foiz ortiq, lekin yiliga 3 oydan koʻp boʻlmagan va ketma-ket 2 oydan koʻp boʻlmagan miqdorda oshirilishi mumkin.
Parvoz vaqtining yillik meʼyori oshirilmaydi.
34. Oylik parvoz vaqti meʼyorining koʻpayishiga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
transmeridian, transkenglik qoʻnishsiz parvozlarda — 8% dan ortiq boʻlmagan;
boshqa parvozlarda — koʻpi bilan 5% dan ortiq boʻlmagan;
AXIda — koʻpi bilan 4% dan ortiq boʻlmagan.
35. Bir necha turdagi HKlardagi parvozlarni bajarishda ekipaj aʼzolari uchun parvoz vaqtining oylik va yillik meʼyorlari HKning tegishli turlariga mutanosib parvoz vaqtining meʼyori bilan belgilanadi.
36. Koʻpaytirilgan ekipaj tarkibi bilan parvozlarni bajarishda ekipajning har bir aʼzosiga parvoz vaqtida faqat oʻzining ish joyida boʻlgan va ekipaj aʼzosi vazifalarini bajargan vaqti hisoblanadi.
Ishdagi parvozda berilgan tanaffus vaqti ekipaj aʼzosining parvoz vaqti boʻlib hisoblanmaydi. Bunday parvozlarda ekipaj aʼzolarining parvoz vaqtining hisob tartibi ekspluatant tomonidan belgilanadi va PBQga kiritiladi.
III. Havo kemalari ekipaj aʼzolarining dam olish vaqti
1-§. Ekipaj aʼzolarining dam olish turlari
37. HK ekipaj aʼzolarining dam olish turlari quyidagicha belgilanadi:
parvozlar oraligʻida bazaviy aeroportda dam olish;
parvozlarni bajarishda bazaviy aeroport tashqarisida dam olish;
meʼyordan ortiq boʻlgan parvozlarda dam olish uchun tanaffus;
har haftada dam olish (dam olish kunlari);
38. Ekipaj aʼzosi parvozdan keyingi 24 soat dam olgandan keyin 48 soatdan kam boʻlmagan dam olish vaqti beriladigan boʻlsa, ekipajning parvozdan keyingi dam olish vaqti uning jadval boʻyicha dam olish kuni bilan uygʻunlashtirishga ruxsat beriladi.
2-§. Parvozlar oraligʻida bazaviy aeroportda dam olish
39. 12 soat davom etgan ish vaqtida ekipaj aʼzolarining parvozlar oraligʻidagi dam olish vaqti 12 soatdan kam boʻlmasligi (agar parvoz ish vaqtining yarmidan koʻpi ekipajning standart kuniga toʻgʻri kelsa) va 24 soatdan kam boʻlmasligi kerak (agar parvoz ish vaqtining yarmidan koʻpi ekipajning standart tuniga toʻgʻri kelsa).
Qatnovlar orasidagi dam olish parvoz topshirigʻini bevosita bajarib boʻlingandan keyin beriladi.
40. Parvoz ish vaqti koʻpaytirilgan va maksimal boʻlgan parvozlarni bajarishda ekipaj aʼzolariga parvozlarning orasida 36 soatdan kam boʻlmagan parvozlararo dam olish koʻrinishida interval beriladi.
41. Transmeridian va transkenglik parvozlarni bajarishda ekipaj aʼzolarining dam olish vaqtlari quyidagilardan iborat boʻlishi kerak:
parvoz ish vaqti davomiyligi meʼyori boʻlgan parvozlardan keyin kamida 24 soat;
parvoz ish vaqti koʻpaytirilgan va maksimal boʻlgan parvozlardan keyin kamida 48 soat.
3-§. Parvozlarni bajarishda bazaviy aeroport tashqarisida dam olish
42. Oraliqdagi va oxirgi aeroportlarda, ekipaj almashish va ekipaj almashmasdan parvozlarni bajarishda ekipaj aʼzolariga dam olish sutka vaqti hisobga olinmagan holda beriladi. Dam olish oldingi parvoz ish vaqtiga bogʻliq boʻladi hamda quyidagilardan iborat boʻlishi kerak:
oldingi parvoz ish vaqti meʼyor boʻyicha 12 soatgacha davom etgan boʻlsa — kamida 12 soat;
parvoz ish vaqti koʻpaytirilgan va maksimal boʻlgan, shuningdek transmeridian yoki qoʻnishlarsiz transkenglik parvozlarni bajarishda kamida 24 soat.
43. Agar ekipaj xizmat topshirigʻi boʻyicha yoʻlovchi sifatida uchib oʻtgan boʻlsa va unga parvoz topshirigʻini bajarish uchun qolgan parvoz vaqti yetmasa, parvoz 12 soatdan kam boʻlmagan, uxlash uchun sharoit yaratilgan dam olishdan keyin bajarilishi mumkin.
4-§. Meʼyordan ortiq parvozlarni bajarishda ekipaj aʼzolariga tanaffus berish
44. Meʼyordan ortiq parvozlarni bajarishda parvoz xavfsizligini taʼminlash maqsadida psixologik funksiya va professional faoliyatni lozim darajada saqlash uchun ekipaj aʼzolariga dam olish uchun beriladigan tanaffus vaqti toʻla dam olish vaqti hisoblanmaydi va ular parvoz vaqtidan chiqarib tashlanmaydi.
45. Koʻpaytirilgan ekipaj uchuvchilar tarkibining aʼzolariga parvozda beriladigan tanaffuslar navbatini katta HKK, kuchaytirilgan bortkuzatuvchilar brigadasida esa bortkuzatuvchilar brigadasi boshligʻi tartibga soladi.
46. Ekipaj uchuvchi tarkibining va bortkuzatuvchilar brigadasining har bir qoʻshimcha aʼzosiga dam olish uchun joy ajratilishi lozim, shu jumladan yoʻlovchilarni tashishda HKning yoʻlovchi salonida ham ajratilishi kerak.
5-§. Har haftalik uzluksiz dam olish vaqti (dam olish kunlari)
47. Ekipaj aʼzolariga besh kunlik ish haftasi davomida, haftada ikki kun dam olish beriladi, olti kunlik ish haftasida esa bir kun beriladi.
48. Ekipaj aʼzolariga dam olish kunlari bazaviy aeroportda, shuningdek uzoq estafetalardagi ekipaj almashinuv aeroportlarida beriladi. Estafetani kutayotgan vaqtida ekipaj aʼzolariga beriladigan dam olish ekipajning parvoz topshirigʻida koʻrsatilishi kerak.
IV. Parvozda rejalashtirilmagan vaziyatlarda ish va dam olishning xususiyatlari
49. Parvozdagi rejalashtirilmagan vaziyatlarga quyidagilar kiradi:
turli sabablar bilan boshlangʻich, oraliq va yakuniy aeroportlarda uchishning kechiktirilishi;
zaxiradagi aerodromga qoʻnish;
yerda va parvozda aviatsiya texnikasining ishlamay qolishi;
parvoz rejasining oʻzgarishiga taʼsir qiluvchi boshqa vaziyatlar.
50. Boshlangʻich, oraliqdagi va oxirgi aeroportlardan uchib ketishning har qanday sabablarga koʻra kechiktirilishi, shuningdek qatnovni tugatish uchun zaxira aerodromida qoʻngandan keyin barcha ekipaj aʼzolari ogʻzaki rozilik bergan holda HKK ekipajga belgilangan parvoz vaqtini 2 soatga uzaytirishga haqlidir va bu haqda parvoz topshirigʻiga yozuv kiritadi.
Bunday qatnov tugatilgach, ekipajning barcha aʼzolariga bazaviy aeroportda parvozdan keyingi dam olish vaqti 50 foizga uzaytiriladi.
V. Ish vaqti va dam olish vaqtini rejalashtirish va hisobga olish
51. Ekipaj aʼzolarining oylik ish rejasi ularning oylik ishi va dam olish ekipaj aʼzolariga kamida 7 kun oldin yetkaziladigan reja-jadvalida amalga oshiriladi.
52. Ekipajning har bir aʼzosi uchun ish vaqti, dam olish kunlari va taʼtilini jamlangan hisobi olib boriladi.
VI. Yakuniy qoida
53. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston aviaxodimlari kasaba qoʻmitasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi bilan kelishilgan.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
2010-yil 18-avgust,
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKROMOV
2010-yil 18-avgust,
Oʻzbekiston aviaxodimlari kasaba qoʻmitasi MK raisi Sh. MINGALIYEV
2010-yil 18-avgust
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Bosh direktori V. TYAN
2010-yil 18-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining havo kemalari ekipaj aʼzolarining ish vaqti va dam olish vaqtini normalashtirish aviatsiya qoidalariga (OʻzR AQ-94)
1-ILOVA
1-ILOVA
Parvoz ish vaqtining davomiyligi
meʼyorlari
| Parvozning sharoitlari | Ekipaj tarkibi | Rejadagi qoʻnishga qarab parvoz ish vaqtining (soatda) davomiyligi | ||||
| davomiylikning nomlanishi | 1-2 ta qoʻnish | 3 ta qoʻnish | 4 ta qoʻnish | 5 va undan koʻproq qoʻnish | ||
|
Ekipaj parvoz ish vaqtining yarmidan koʻpi standart kunlarida oʻtadi |
Minimal (HK UFR asosan) |
Meʼyordagi |
12 |
11,5 |
11 |
10 |
|
Koʻpaytirilgan (kuchaytirilgan HKK shturman, bortmuhandis) |
Koʻpaytirilgan |
14 |
13,5 |
13 |
12 | |
|
Ikki tarkibli (ekipajning uchish tarkibi hamma aʼzolari kuchaytirilgan va bortkuzatuvchilar brigadasi 50%gacha) |
Maksimal |
16 |
15,5 |
15 |
14 | |
|
Ekipaj parvoz ish vaqtining yarmidan koʻpi standart tunlarida oʻtadi |
Minimal (HK UFR asosan) |
Meʼyordagi |
12 |
11 |
10 |
— |
|
Koʻpaytirilgan (kuchaytirilgan HKK shturman, bortmuhandis) |
Koʻpaytirilgan |
14 |
13 |
12 |
— | |
|
Ikki tarkibli (ekipajning uchish tarkibi hamma aʼzolari kuchaytirilgan va bortkuzatuvchilar brigadasi 50%gacha) |
Maksimal | 16 | 15 | 14 | — | |
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining havo kemalari ekipaj aʼzolarining ish vaqti va dam olish vaqtini normalashtirish” aviatsiya qoidalariga (OʻzR AQ-94) 2-ILOVA
Parvoz vaqtining davomiyligi
MEʼYORLARI
|
Havo kemasining turi, xodimlari |
Parvoz vaqti (soatda) | ||
|
Uchish kuni |
oy |
yil | |
| 1. Transport aviatsiyasi uchun | |||
| a) Ekipajning uchish xodimlari: | |||
| B-767, B-757, A-310, A-300/600, A-320, RJ-85 | Meʼyorlashtirilmagan | 90 | 900 |
| Il-76, Tu-154, Yak-40, An-12 | Meʼyorlashtirilmagan | 75 | 750 |
| Il-114, An-24, An-26 | Meʼyorlashtirilmagan | 70 | 700 |
| b) ekipajning xizmat koʻrsatuvchi xodimlari: | |||
| Bortkuzatuvchi — ayol | Meʼyorlashtirilmagan | 85 | 850 |
| Bortkuzatuvchi — erkak | Meʼyorlashtirilmagan | 90 | 900 |
| Il-76, An-12, An-26 XKga bortoperator | Meʼyorlashtirilmagan | 80 | 800 |
| 2. Transport va maxsus aviatsiya ishlarida (AXIdan tashqari): | |||
| Vertoletlar | 8 | 70 | 700 |
| An-2 va OʻYEUA | 8 | 80 | 800 |
| 3. AXIda oʻta xavfli oʻgʻitlar: | |||
| An-2 va OʻYEUA | 5 | 80 | 800 |
| 4. Mineral oʻgʻitlar uygʻunligida oʻrtameʼyona — xavfli pestitsidlar bilan ishlashda va mineral oʻgʻitlar va kam xavfli pestitsidlar, bioqoʻshimchalar, aerosev urugʻligi bilan ishlashda: | |||
| An-2 va OʻYEU | 7 | 80 | 800 |
|
” | |||
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2011-yil 18-avgustdagi 101-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2141-1, 17.09.2011y.) tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 38-son, 389-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 37-son, 324-modda; 2011-y., 38-son, 389-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2018-y., 10/18/2141-2/1855-son, 29.11.2018-y., 10/18/2141-3/2242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2023-y., 10/23/2141-4/0481-son)