Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
JAMOAT TARTIBINI MUSTAHKAMLASh VA JINOYATChILIKKA QARShI KURAShNI KUChAYTIRISh YuZASIDAN QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1999-yil 16-fevralda Toshkent shahrida sodir etilgan, odamlarning qurbon boʻlishiga olib kelgan, fuqarolarga, davlat va jamoat tashkilotlariga moddiy va maʼnaviy zarar yetkazgan terrorchilik harakatlari munosabati bilan, shuningdek uy-joy va noturar joy binolaridan Oʻzbekiston Respublikasiga, tinchlik va xavfsizlikka, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga qarshi jinoyatlar sodir etish uchun foydalanishga yoʻl qoʻymaslik hamda jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek binolarning egalari tomonidan uy-joy va noturar joy binolari berilgan shaxslar tomonidan davlatga xoinlik qilish, konstitutsiyaviy tuzumga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish, qoʻporuvchilik, terrorizm, bosqinchilik, talonchilik, qasddan odam oʻldirish hamda boshqa oʻta ogʻir va ogʻir jinoyatlar sodir etish hollari aniqlangan taqdirda ushbu binolar tegishli huquqni muhofaza qilish organlarining surishtiruv va tergov organlari qarori boʻyicha ular oʻzgalarga berilmasligi uchun xatlanadi;
agar ayblanuvchining jinoyat sodir etishdagi aybi isbotlangan boʻlsa, u ushlangan yoki qidiruvda boʻlsa, shuningdek ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgandan keyin ushbu uy-joy va noturar joy binolari belgilangan tartibda davlat daromadiga musodara qilinadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Oliy sudi bilan birgalikda oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqida takliflar kiritsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri S.M. Mirsafoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori U.Ch. Xudoyqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1999-yil 1-mart,
93-son