Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT PEDIATRIYA TIBBIYOT INSTITUTI TALABALARI OʻRTASIDAGI OʻQUV-TARBIYA IShLARIDAGI KAMChILIKLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qayd etilsinki, Toshkent pediatriya tibbiyot institutida intizom va oʻquv-tarbiya ishlari susayib ketganligi natijasida ayrim talabalar tomonidan ogʻir jinoyat sodir etilgan.
Rahbarlikni taʼminlamaganligi, oʻquv-tarbiya ishlari darajasi pasaytirib yuborilganligi uchun institut rektori A. Sulaymonov, boshqa mansabdor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qattiq jazolanganligi va ishdan ozod qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Sh.I. Karimovga vazirlikka qarashli oliy oʻquv yurtlarda oʻquv-tarbiya ishlarini tashkil etish ustidan zarur darajada nazorat yoʻqligi koʻrsatib oʻtilsin. U oʻquv yurtlarida zarur tartib taʼminlanishi, oʻquv-tarbiya ishlarining samarali boʻlishi va talabalar oʻrtasida intizomning mustahkamlanishi, professor-oʻqituvchilar tarkibiga nisbatan talabchanlikning oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
3. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, boshqa idoralar oʻzlariga qarashli oliy oʻquv yurtlarida talabalar oʻrtasidagi oʻquv-tarbiya ishlarining ahvolini qattiq talabchanlik bilan koʻrib chiqsinlar, kamchiliklar va nuqsonlar boʻyicha eng qattiq chora-tadbirlar koʻrsinlar, ishlarning ahvoli, ayniqsa talabalar oʻrtasidagi tarbiyaviy ishlarning ahvoli uchun rektorlar, professor-oʻqituvchilar tarkibining shaxsiy javobgarligini oshirsinlar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 16-dekabr,
446-son