Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA MUZEYLARI FAOLIYATINI TARTIBGA SOLUVCHI NORMATIV HUJJATLARNI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi taqdim etgan:
“Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondi toʻgʻrisida Nizom” 1-ilovaga;
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzbekiston Respublikasi davlat muzeylarida saqlanayotgan muzey boyliklarini roʻyxatga olish, ularni jamlash va saqlash toʻgʻrisida yoʻriqnoma” 2-ilovaga;
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzbekiston Respublikasi davlat muzeylarida saqlanayotgan, koʻrgazma uchun chet ellarga olib chiqilmaydigan noyob osori-atiqalar roʻyxati” 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi bir oy muddatda Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan xolda ushbu qarordan kelib chiquvchi ichki yoʻriqnomalar va qoʻllanmalarni tayyorlasin va tasdiqlasin.
3. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1983-yil 8-apreldagi 199-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1995-yil 26-iyun,
236-son
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-iyundagi 236-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondi toʻgʻrisida
NIZOM
Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondi toʻgʻrisidagi Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika muzeylari faoliyatini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 23-dekabrdagi 618-son qaroriga asosan ishlab chiqilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondi toʻgʻrisidagi Nizom fondni tashkil etish va qoʻriqlash tartibini, uning tarkibini va muzey boyliklaridan Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlari yoʻlida foydalanish tartibini belgilab beradi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondiga, qaysi idoraga boʻysunishlaridan qatʼi nazar, mamlakatimiz hududidagi barcha davlat muzeylarida, jamoatchilik asosida tashkil etilgan muzeylarda, davlat, jamoa xoʻjaligi, turli kooperativlar va boshqa xoʻjalik yuritish turidagi muassasalar, tashkilotlar va korxonalar huzuridagi muzeylarda saqlanayotgan, oʻzbek xalqi va boshqa xalqlarning tarixi va madaniyatini oʻzida aks ettirgan, tarixiy, ilmiy, badiiy, madaniy ahamiyatga ega boʻlgan barcha muzey boyliklari kiradi.
Muzeylarda saqlanayotgan hujjatli yodgorliklar ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxivi fondi tarkibiga kiradi, ularni yigʻish, roʻyxatga olish, asl holida saqlashni taʼminlash va ulardan foydalanishda arxiv fondi haqidagi davlat qonunlari va arxiv idoralari tomonidan belgilangan tartib-qoidalarga amal qilinadi. Hujjatli yodgorliklarni roʻyxatga olishni va asl holida saqlashni taʼminlamayotgan muzeylardan bunday hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasining qarori bilan yigʻib olinadi.
Xususiy kolleksiyalarda hamda shunday kolleksiyalar asosida tashkil etilgan xususiy muzeylarda saqlanayotgan katta tarixiy va badiiy ahamiyatga ega boʻlgan nodir buyumlar va hujjatlar davlat muzeylari va arxivlari tomonidan nazorat qilinishi va ularni xususiy mulk egalaridan sotib olishga harakat qilish, agar nodir yodgorliklarning saqlanishida jiddiy xavf tugʻilayotgan boʻlsa, ularni muzeylar va arxivlarda vaqtinchalik saqlashga topshirish toʻgʻrisida xususiy mulk egasi bilan kelishuvga erishish kerak.
1.2. Oʻzbekiston Respublikasida muzey boyliklarini saqlash va ulardan foydalanishni boshqarish va nazorat etish davlat tomonidan Madaniyat ishlari vazirligiga, uning tarkibiga kiruvchi muassasa va tashkilotlarga topshirilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
1.3. Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondi, avvalo, mamlakatimiz hududidagi barcha muzey boyliklarini aniqlash va asrab avaylash, ularni roʻyxatga olish ishini markazlashtirish, kompyuterlashtirish, buyumlarni yigʻish va ulardan fuqarolarni, yosh avlodni tariximizga hurmat, vatanimizga muhabbat ruhida tarbiyalash ishida toʻgʻri foydalanish maqsadida tashkil etiladi.
II. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING MUZEY BOYLIKLARI FONDI TARKIBI
2.1. Oʻzbekiston Respublikasi muzey boyliklari fondi tarkibiga quyidagi yodgorliklar kiradi:
— muzeylarda saqlanayotgan jahon xalqlari tarixining turli davrlarini, ulkan tarixiy voqealarni, davlatimiz va jamiyatimiz rivojlanish bosqichlari tarixini oʻzida aks ettirgan kolleksiyalar yoki alohida buyumlar;
— xalqimiz madaniy-maishiy turmush sharoitlarining turli bosqichlarini oʻzida aks ettirgan uy-roʻzgʻor buyumlari;
— ulugʻ davlat arboblari, sarkardalar va qahramonlar, siyosatchilar, ulomolar, fan va madaniyat arboblarining hayoti va ijodi bilan bogʻliq boʻlgan barcha yodgorlik buyumlari;
— fan va texnikaning rivojlanish bosqichlarini oʻzida aks ettirgan hujjatlar, model-maketlar va boshqa buyumlar;
— arxeologik qazilmalar chogʻida topilgan kolleksiyalar va alohida buyumlar;
— haykaltaroshlik, rangtasvir, xalq amaliy sanʼati, musiqa va teatr sanʼati tarixini oʻzida aks ettirgan yodgorliklar;
— tabiat tarixi haqidagi geologik, paleontologik, mineral va tabiiy fanlarga oid boshqa kolleksiyalar hamda alohida buyumlar;
— ijodning barcha sohasiga tegishli boʻlgan qoʻlyozmalar, qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, nodir va qimmatbaho nashrlar;
— tarixiy, ilmiy va badiiy ahamiyatga ega boʻlgan boshqa buyumlar.
III. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING MUZEY BOYLIKLARI FONDI TASHKILOTLARI
3.1. Madaniyat ishlari vazirligi tizimidagi muzeylar va muzey-qoʻriqxonalar:
Keyingi tahrirga qarang.
— Oʻzbekiston Respublikasi badiiy fondiga qarashli boʻlgan koʻrgazma va badiiy-bezash tashkilotlari;
— boshqa vazirlik va idoralarga qarashli boʻlgan muzeylar;
— turli muassasa, tashkilot va korxonalar hamda xususiy boʻlmagan kooperativ va jamoat tashkilotlarining muzeylari Oʻzbekiston Respublikasi muzey boyliklari fondining asosiy saqlovchilari boʻlib hisoblanadilar.
3.2. Jamoatchilik asosida tashkil etilgan muzeylarda saqlanayotgan yodgorliklar biror davlat muzeyida roʻyxatga olish bilan muzey boyliklari fondi tarkibiga kiritiladi.
Davlat muzeylari oʻzlariga biriktirilgan jamoatchilik muzeyidagi boyliklarni roʻyxatga olish, saqlash ishlarini nazorat qilib turishlari, muzey tugatilganda undagi yodgorliklarni oʻz zaxiraxonalariga qabul qilib olishlari lozim.
3.3. Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondini turli yoʻnalishlar boʻyicha boyitib borish, undagi buyumlarni roʻyxatga olish, saqlash, taʼmirlash, ilmiy jihatdan tekshirish va boshqa tarzda foydalanish tartibi Madaniyat ishlari vazirligi ishlab chiqqan yoʻriqnoma va boshqa qoidalar asosida amalga oshiriladi. Bu yoʻriqnoma va qoidalar, qaysi idoraga boʻysunishidan qatʼi nazar, mamlakat hududidagi barcha muzeylar uchun asosiy qoʻllanma boʻlib hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3.4. Tarix va madaniyat yodgorliklarini Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondiga kiritish masalalarini hal etish va bu boyliklarni sohasi boʻyicha turli muzeylarga boʻlib berish maqsadida:
— Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi huzurida Davlat ekspertiza komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalarida esa maslahat berish vakolatiga ega boʻlgan ekspertiza kengashlari tashkil etiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
— davlat muzeylarida, boshqa vazirlik va idoralarning muzeylarida Madaniyat ishlari vazirligi tasdiqlagan Nizom asosida fond ishlari va sotib olish komissiyasi tuziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3.5. Muzeyda saqlanayotgan buyumlarni boshqa muzeyga, muassasaga, tashkilotga oʻtkazish uchun Madaniyat ishlari vazirligining yoki shu muzeyga egalik qiluvchi vazirlik va idora rahbariyatining yozma ruxsati boʻlishi shart. Bunda buyumlarni berayotgan muzeyning roziligi boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
3.6. Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha vazirlik va idoralar mamlakatdagi fan-texnika taraqqiyotini muzeylarda aks ettirish uchun oʻzlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar namunalarini muzeylarga belgilangan tartibda bepul berishlari kerak.
IV. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING MUZEY BOYLIKLARI FONDINI BOYITISH MANBALARI
4.1. Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondini boyitish manbalari:
— Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar madaniyat boshqarmalari, korxonalar, idora va tashkilotlarning mablagʻlari hisobiga muzey ahamiyatiga molik narsalarni sotib olish;
Keyingi tahrirga qarang.
— muzeyning xususiy mablagʻiga, shuningdek muzeyning shu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlari hisobiga muzey uchun ahamiyatga molik boʻlgan narsalarni sotib olish;
— sudlar yoki davlat tomonidan vakil qilingan boshqa tashkilotlarning qarorlari hamda belgilashlari va hukmlari asosida musodara qilingan mol-mulk tarkibida boʻlgan kolleksiyalar yoki alohida narsalar, shuningdek vorislik boʻyicha davlat hisobiga oʻtgan mulk tarkibida boʻlgan qarovsiz qolgan buyumlar;
— arxeologik qazilmalar, ilmiy ekspeditsiyalar natijasida topilgan, shuningdek topilgan xazinalardagi ilmiy yoki tarixiy-badiiy qiymatga ega boʻlgan buyumlar yoki narsalar yigʻindisi.
V. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING MUZEY BOYLIKLARI FONDIDAN FOYDALANISH TARTIBI
5.1. Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondidagi tarixiy va madaniy yodgorliklardan fan va madaniyatni, vatanparvarlik, gʻoyaviy-maʼnaviy kamolot va estetik tarbiyani rivojlantirish maqsadida foydalaniladi.
Tarixiy va madaniy yodgorliklardan foydalanish muzey va koʻrgazma tarmoqlari orqali taʼminlanadi.
Muzey oʻz sohasiga koʻra narsalarni toʻplash va hisob-kitob qilish bilan shugʻullanadi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondidagi doimo foydalanishda boʻlgan tarixiy va madaniy yodgorliklarni saqlash, oʻrganish hamda targʻib qilishni taʼminlaydi.
Muzeylar belgilangan tartibda kataloglar, ilmiy ishlar toʻplamlarini, muzey fondi boʻyicha alohida monografiyalar va qoʻllanmalarni, shuningdek axborotlarni, manfaatdor tashkilotlarning ilmiy maslahatlarini, muzey amaliyotiga va kolleksiyaga oid turli masalalar boʻyicha tashkilotlar, korxonalar va alohida qiziqqan shaxslarning ilmiy maslahatlarini tayyorlaydilar, nashr ettiradilar va tarqatadilar.
5.2. Muzey direktori yoki bosh saqlovchining yozma ruxsati bilan Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondidagi yodgorliklardan buyumlarning hajmini va oʻzini saqlagan holda ilmiy-tadqiqot, koʻrgazma, madaniy-maʼrifiy va matbaa maqsadlarida foydalaniladi. Muzey binosini (xonalarini), agar ular muzey yodgorliklarini saqlash shart-sharoitlariga javob beradigan boʻlsa, boshqa binolarga koʻchirish, shuningdek binolardan (xonalardan) boshqa maqsadda qisman yoki butunlay foydalanish taqiqlanadi.
5.3. Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondiga kiruvchi tarix va madaniyat yodgorliklarini mamlakatdan tashqariga olib chiqish amaldagi qonunga muvofiq taqiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining belgilangan tartibdagi ruxsatnomasi boʻlgan hollardagina bunga yoʻl qoʻyilishi mumkin. Bunda muzeyning tegishli ekspert komissiyalari albatta ishtirok etishlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
5.4. Xalqaro madaniy tajriba almashishni rivojlantirish maqsadida belgilangan tartibda tarix va madaniyat yodgorliklarini mamlakatdan tashqariga vaqtincha olib chiqishga ruxsat beriladi. Bunda tashqariga olib chiqilayotgan yodgorliklar roʻyxati belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi kerak.
VI. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING MUZEY BOYLIKLARI FONDIGA KIRUVCHI TARIX VA MADANIYAT YODGORLIKLARINI DAVLAT ROʻYXATIGA OLISH
6.1. Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondini tashkil etuvchi tarix va madaniyat yodgorliklari albatta davlat hisobida turishi kerak.
Muzey boyliklarini aniqlash, oʻrganish, ilmiy, badiiy va tarixiy ahamiyatini belgilash hamda hujjatlashtirish maqsadida ular davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
VII. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING MUZEY BOYLIKLARI FONDI YODGORLIKLARINING SAQLANISHI UCHUN JAVOBGARLIK
7.1. Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondining mavjud yodgorliklarni saqlash, ulardan foydalanish, roʻyxatga olish va taʼmirlash qoidalarini bajarmaslikda ayblangan, shuningdek yodgorliklarni saqlash va ulardan foydalanish haqidagi qonunlarning boshqacha tartibda buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslar amaldagi qonunchilikka muvofiq jinoiy, maʼmuriy va boshqa xildagi javobgarlikka tortiladilar.
7.2. Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondidagi yodgorliklarga ziyon yetkazgan korxonalar, idoralar, tashkilotlar va fuqarolar ularni taʼmirlab berishlari kerak. Agar taʼmirlashning iloji boʻlmasa qonunchilikka muvofiq yetkazilgan zararni toʻlashlari lozim. Taʼmirlash ishlari muzey fondidagi tarix va madaniyat yodgorliklarini taʼmirlashning belgilangan tartibiga muvofiq olib boriladi.
7.3. Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondidagi yodgorliklarni taʼmirlash uchun Madaniyat ishlari vazirligi va yirik muzeylar huzurida belgilangan tartibda xoʻjalik hisobida ishlovchi taʼmirlash ustaxonalari tashkil etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7.4. Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondidagi yodgorliklarni konservatsiyalash va taʼmirlash faqat davlat madaniyat muassasalari ruxsati va ularning nazorati ostida olib boriladi.
7.5. Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondidagi yodgorliklarni taʼmirlash va konservatsiyalash ishlarini olib borish tartibi va qoidalarini Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-iyundagi 236-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi davlat muzeylarida saqlanayotgan muzey boyliklarini roʻyxatga olish, ularni jamlash va saqlash toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha davlat muzeylari respublika muzey boyliklari fondi tarkibiga kiruvchi moddiy va maʼnaviy yodgorliklar saqlanadigan xazina hisoblanadi. Davlat muzeylari saqlanayotgan barcha muzey boyliklarining roʻyxatga olinishi va muhofaza qilinishi uchun toʻliq javobgardirlar. Ushbu yoʻriqnoma muzey boyliklarini roʻyxatga olish, saqlash va taʼmirlash ishlarining asosiy shakl va uslublarini aniqlab beradi.
1.2. Davlat muzeyi, taʼmirlash korxonasi yoki koʻrgazmalar oʻtkazuvchi tashkilot ushbu yoʻriqnoma hamda boshqa normativ hujjatlar asosida muzey boyliklarini roʻyxatga olish, saqlash va taʼmirlashning ichki tartiblarini aniqlab beruvchi oʻz yoʻriqnomalarini ishlab chiqishlari lozim.
Har bir tashkilotning oʻz ish shart-sharoitlari va yoʻnalishlaridan kelib chiqib, ishlab chiqilgan yoʻriqnomasida muzey boyliklarining doimiy ekspozitsiyada, vaqtinchalik koʻrgazmalarda va muzey zaxiralarida saqlash tartibi, doimiy yoki vaqtincha foydalanish uchun qabul qilib olish va berish qoidalari, taʼmirlanadigan buyumlarni koʻrib chiqish, qoʻriqlash va navbatchilikni tashkil etish yoʻllari, xazinaxonalarni plombalash va muhrlash, kalitlarni saqlash tartibi hamda muhofizlar, ilmiy xodimlar, taʼmirlovchi ustalar va zal nazoratchilarining huquq va burchlari aniq koʻrsatilishi kerak. Yongʻindan saqlash va muzey binosini qoʻriqlash ishlari belgilangan tartibda umumiy qoidalar asosida tashkil qilinadi.
1.3. Muzey, taʼmirlash korxonasi yoki koʻrgazmalar oʻtkazuvchi tashkilotning direktori muzey boyliklarini saqlash, muzey fondini eksponatlar bilan boyitib borish, roʻyxatga olish, ilmiy roʻyxatdan oʻtkazish, taʼmirlash va muhofaza qilish, muzey (tashkilot, korxona) binosini kechayu kunduz qoʻriqlash va yongʻindan saqlash ishlarini tashkil etishga shaxsan javobgardir.
1.4. Direktor bilan bir qatorda muzey boyliklarini saqlash, roʻyxatga olish, ilmiy roʻyxatdan oʻtkazish, taʼmirlash va muhofaza qilish ishlarini yoʻlga qoʻyish uchun muzey direktorining oʻrinbosari hamda muzeyning bosh muhofizi ham toʻliq javobgardirlar. Shtat roʻyxatida bosh muhofiz lavozimi nazarda tutilmagan muzeylarda bu ishlar uchun fond mudiri yoki direktorning buyrugʻi bilan muhofiz vazifasi yuklatilgan ilmiy xodim javobgar boʻladi.
Eslatma: bosh muhofiz (fond mudiri) bir vaqtning oʻzida oʻz qoʻlida saqlanayotgan muzey boyliklarining butligi va saqlanishi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda moddiy javobgar shaxs hisoblanadi.
II. BOSH MUHOFIZNING HUQUQ VA BURCHLARI
2.1. Muzeyning bosh muhofizi (fond mudiri) muzey boyliklarini roʻyxatga olish, saqlash, muhofaza qilish va taʼmirlash ishlariga bevosita yoki boʻlim mudirlari orqali rahbarlik qiladi hamda zaxiraxonalarga kirish, muzey boyliklaridan foydalanishda belgilangan qonun-qoidalarga rioya etish ishlarini nazorat qiladi.
2.2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligiga bevosita boʻysunuvchi muzeylarning bosh muhofizlari Madaniyat ishlari vaziri tomonidan ishga tayinlanadi va boʻshatiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, shahar (tuman)lar miqyosidagi muzeylarning bosh muhofizlari (fond mudirlari) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, tegishli shahar (tuman) madaniyat ishlari boshqarmasi (boʻlimi) tomonidan ishga tayinlanadi yoki boʻshatiladi. Boshqa vazirlik va idoralarga qarashli davlat muzeylarining bosh muhofizlari shu vazirlik va idoralarning yuqori organlari tomonidan tayinlanadilar yoki boʻshatiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
2.3. Bosh muhofiz (fond mudiri)ni ishga tayinlash yoki boʻshatish chogʻida muzey boyliklarining butligi va saqlanishi, roʻyxatga olish va saqlash ishlarining ahvoli, muzey xonalari, ekspozitsiya zallari, taʼmirlash ustaxonalari va ulardagi harorat, namlik, yorugʻlik shart-sharoitlari, jihozlarning holati aks ettirilgan dalolatnoma tuziladi.
2.4. Bosh muhofiz (fond mudiri) kasalligi yoki boshqa sabablar bilan ishga chiqmayotgan davrda uning burchlari muzey direktorining buyrugʻi asosida boshqa xodim zimmasiga yuklanadi.
2.5. Muzey boyliklarini joydan-joyga koʻchirish bilan bogʻliq boʻlgan barcha hujjatlar, yozishmalar, hisobot va rejalar bosh muhofiz (fond mudiri)ga tanishib chiqish uchun beriladi, u bu hujjatlar bilan tanishib chiqqanligini oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi.
2.6. Bosh muhofiz (fond mudiri)ning roʻyxatga olish, saqlash, taʼmirlash ishlariga oid barcha koʻrsatmalari muzey xodimlari tomonidan bajarilishi shartdir.
2.7. Roʻyxatga olish, saqlash, taʼmirlash ishlari bilan shugʻullanuvchi xizmatchilarni, muzey qorovullari va zal nazoratchilarini ishga qabul qilish, boʻshatish yoki boshqa vazifaga oʻtkazish bosh muhofiz (fond mudiri) bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
2.8. Bosh muhofiz (fond mudiri) oʻz ish faoliyatida:
a) muzey boyliklarini mazkur yoʻriqnoma asosida toʻgʻri roʻyxatga olishni;
b) muzey boyliklarining nobud boʻlishi va oʻgʻirlanishidan himoyalangan holda saqlashni tashkil etishni;
v) muzey boyliklarining roʻyxatlari va bu boyliklarni saqlashga oid barcha hujjatlarni toʻgʻri yuritish hamda bu hujjatlarni ehtiyotlab saqlashni;
g) muzey boyliklarini roʻyxatga olish, saqlash, taʼmirlash va qoʻriqlash tartiblari, har bir muhofiz va nazoratchining huquq va burchlarini aniq aks ettiradigan muzeyning ichki yoʻriqnomasini oʻz vaqtida ishlab chiqishni;
d) boʻlim mudirlari, muhofizlar, nazoratchi va boshqa xodimlarning muzey boyliklarini roʻyxatga olish, saqlash, taʼmirlash va qoʻriqlash, ularni joydan-joyga koʻchirish ishlarini toʻgʻri olib borishlarini nazorat qilishni;
e) qoʻl ostidagi barcha xodimlarning roʻyxatga olish, saqlash, qoʻriqlash, taʼmirlash ishlarini bilishlarini hamda mazkur yoʻriqnomaga oid bilimlarini maʼlum davrda attestatsiyadan oʻtkazib turishni amalga oshiradi.
2.9. Bosh muhofiz (fond mudiri) muzey direktorining mazkur yoʻriqnomaga zid boʻlgan farmoyishini olgan taqdirda, uni bajarishdan oldin bu farmoyishning notoʻgʻri ekanligini direktorga yozma ravishda bildirishi shart. Agar direktor oʻz farmoyishini yozma ravishda qayta tasdiqlasa, bosh muhofiz darhol bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligiga, boshqa vazirlik va idoralar davlat muzeylarining bosh muhofizlari esa oʻz yuqori tashkilotlariga xabar qilishlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
2.10. Muzey boyliklarining yoʻqolishi, oʻgʻirlanishi va nobud boʻlishiga sababchi boʻlgan, yongʻindan saqlash qoida va tartiblarini buzgan xodimlar amaldagi qonunlar asosida intizomiy, moddiy va jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
2.11. Muzey boyliklarining oʻgʻirlanishi, nobud boʻlishi, shikastlanishi aniqlangan har bir holatda muzey direktori va bosh muhofizi (fond mudiri) ushbu hodisani batafsil tavsiflab, bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining Muzey ishlari boshqarmasiga, boshqa vazirlik va idoralar davlat muzeylarining direktor va bosh muhofizlari esa oʻzlarining yuqori tashkilotlariga xabar qilishlari shart.
Muzey boyliklari oʻgʻirlangan taqdirda ularni topish choralarini koʻrish maqsadida tezlik bilan ichki ishlar organlariga xabar qilish lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2.12. Muzey boyliklari nobud boʻlgan yoki jiddiy shikastlangan hollarda muzey rahbariyati yetkazilgan zararning darajasini aniqlab, sabab va holatlarini koʻrsatib nuqsonlarni aniqlash dalolatnomasini tuzadi hamda bu dalolatnomaga shikastlangan eksponatning fotosuratini ilova qiladi.
Bunday hollarda shikastlangan buyumning eng mayda boʻlaklarigacha (moy boʻyoqli asarning toʻkilgan boʻyoq zarralari, haykal, chinni, sopol buyumlarning boʻlakchalari va boshqalar) yoʻqotilmasdan belgilangan tartibda ustaxonaga topshiriladi.
2.13. Har bir muzeyda moddiy va maʼnaviy madaniyatimizning eng noyob yodgorliklari ustidan alohida nazorat oʻrnatilishi talab etiladi. Bunday yodgorliklarning har biriga alohida daftar tutib, unda yodgorlikning saqlanishi va taʼmirlanishi haqidagi barcha hujjatlar qayd etib borilishi lozim. Bunday yodgorliklar nobud boʻlgan yoki shikastlangan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining Muzey ishlari boshqarmasiga, boshqa vazirlik va idoralar davlat muzeylari esa oʻzlarining yuqori tashkilotlariga nuqsonlarni aniqlash dalolatnomasini yuborishlari shart. Ushbu dalolatnomaga shikastlangan yodgorlikning fotosurati va muzey rahbarining tushuntirish xati ilova qilinishi lozim.
Oʻta noyob muzey boyliklarini oddiy muhofaza qilish tadbirlaridan tashqari barcha boshqa taʼmirlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi Muzey ishlari boshqarmasining ruxsatiga va oliy malakali taʼmirlovchi ustalar, mutaxassislar va muzey xodimlaridan iborat maxsus komissiyaning xulosasiga koʻra amalga oshirilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
III. MUZEY BOYLIKLARINI MUHOFAZA QILISH VA TAʼMIRLASH ISHLARINI TASHKIL ETISH
3.1. Muzey boyliklarini muhofaza qilish va taʼmirlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi huzuridagi Muzeyshunoslik ilmiy-ishlab chiqarish markazi, yirik muzeylarning taʼmirlash boʻlim (ustaxona)lari va oʻz taʼmirlovchilari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3.2. Tarkibida taʼmirlash ustaxonalari yoki taʼmirlovchilari boʻlgan har bir muzeyda direktorning ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari yoki bosh muhofiz (fond mudiri) rahbarlik qiluvchi maxsus taʼmirlash kengashi tuziladi.
Taʼmirlash kengashi haqidagi nizomni va ushbu kengashning tarkibini direktor tasdiqlaydi.
3.3. Muzey boyliklarini muhofaza qilish va taʼmirlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi huzuridagi taʼmirlash ustaxonalari yoki yirik muzeylarning ustaxonalarida uzoq muddatli tajribadan oʻtkazilgan, sinalgan, foydalanish uchun tavsiya qilingan usullar va xom ashyolar bilangina bajarilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
3.4. Muzeylarning taʼmirlash boʻlimlari yoki taʼmirlovchi ustalari oʻzlari bajarayotgan taʼmirlash ishlarining qatʼiy roʻyxatini yuritib borishlari lozim. Taʼmirlanayotgan yodgorlik uning holati aks ettirilgan bayonnoma va pasport taʼmirlovchi usta va taʼmirlash ustaxonasi masʼul xodimi tomonidan imzolangandan soʻng, murakkab taʼmirlash ishlari amalga oshirilayotgan yodgorlik esa taʼmirlash ishlari boshlanishidan oldin, taʼmirlash vaqtida va taʼmirlash ishlari tugaganidan soʻng fotosuratga olinadi.
3.5. Taʼmirlash boʻlimlari yoki taʼmirlovchi ustalar muhofizlar bilan birgalikda muzey boyliklarini doimiy ravishda tekshirib borishlari shart. Muzey boyliklarining holatini koʻrikdan oʻtkazish rejalari ushbu boyliklarning xususiyatlari va saqlash shart-sharoitlarini hisobga olgan holda hamda barcha boyliklarning saqlanishini taʼminlaydigan darajada tuzilishi kerak.
3.6. Taʼmirlash boʻlimining mudiri va taʼmirlovchi ustalar oʻz vaqtida taʼmirlash chora-tadbirlarini koʻrmaganliklari sababli yodgorlik shikastlansa yoki nobud boʻlsa tegishli ravishda javob beradilar.
3.7. Taʼmirlovchi usta muzey boyliklarini saqlash, oʻz vaqtida muhofaza qilish va taʼmirlash chora-tadbirlarini koʻrish (muhofiz bilan birga) uchun javobgardir.
Buning uchun u:
— muzey boyliklarini oʻzboshimchalik bilan yoki sifatsiz muhofaza qilmasligi va taʼmirlamasligi;
— taʼmirlash ishida sinovdan oʻtmagan va tavsiya qilinmagan usullar hamda xom ashyolardan foydalanmasligi;
— muhofaza qilish va taʼmirlash ishlarini sifatsiz hujjatlashtirmasligi;
— oʻz ishida va taʼmirlash ustaxonasida yongʻinga qarshi qoidalarga qatʼiy rioya qilishi kerak.
IV. MUZEY FONDLARI TARKIBI
4.1. Muzeylardagi yodgorliklar toʻplami — shu muzeylarning asosiy va ilmiy-yordamchi fondlariga jamlangan muzey boyliklaridan iborat boʻladi. Tabiat tarixiga bagʻishlangan muzeylarda esa xom ashyo fondi ham mavjud boʻladi.
4.2. Muzeyning asosiy fondiga quyidagilar kiradi:
a) tabiat tarixiga bagʻishlangan muzeylar yoki boshqa muzeylarning shunday boʻlimlarida — tabiatning rivojlanish jarayoni va tabiiy fanlar tarixi haqida hikoya qiluvchi muzey boyliklari;
b) adabiyot, teatr, musiqa muzeylari yoki boshqa muzeylarning boʻlimlarida — adabiyot, teatr sanʼati va musiqa madaniyatining rivojlanish tarixini oʻzida aks ettirgan yodgorliklar;
v) texnika tarixi muzeylarida va boshqa muzeylarda — texnikaning rivojlanish tarixini oʻzida aks ettirgan muzey boyliklari;
g) yodgorlik muzeylarida va boshqa muzeylarning yodgorlik boʻlimlarida — xotirasi abadiylashtirilayotgan shaxs va uning yaqin kishilariga tegishli yodgorlik buyumlari, tasviriy sanʼat asarlari, yozma yodgorliklar, kino, video, foto va fonomateriallar;
d) badiiy muzeylarda — har bir badiiy muzeyning yoʻnalishidan kelib chiqib yigʻilgan tasviriy, monumental va xalq amaliy sanʼati asarlari, arxeologik, numizmatik va boshqa kolleksiyalar.
V. MUZEY FONDLARINI DAVLAT ROʻYXATIGA OLISH
5.1. Muzey fondlarini davlat roʻyxatiga olish deganda umumxalq mulki boʻlgan muzey boyliklarini aniqlash va tegishli tartibda qayd etish tushuniladi.
Muzey fondlarini davlat roʻyxatiga olish yodgorliklarning huquqiy himoyalanishini taʼminlaydi, ularni oʻrganish va unumli foydalanish uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlar yaratib beradi.
5.2. Muzeylarda saqlanayotgan barcha tarix va madaniyat yodgorliklari (buyumlar, tabiat yodgorliklari, tasviriy va xalq amaliy sanʼati namunalari, yozma yodgorliklar va boshqalar)ning narxlari buxgalteriya hisoboti hujjatlarida aks ettirilmaydi.
5.3. Muzey fondlarini davlat roʻyxatiga olish ikki bosqichda:
a) muzeyga keltirilgan buyumlarni aniqlab qayd etish maqsadida dastlabki himoya hujjatlarini tuzish (dalolatnomalar yozish, daftarga ularning qisqacha tavsifini yozib qoʻyish);
b) ularni inventar daftarlarida roʻyxatdan oʻtkazish, yaʼni ilmiy roʻyxatdan oʻtkazish (olingan manbalarni, materiallar va kolleksiyalarni xillari va sanʼat turlariga qarab turkumlashtirish, ularni aniqlab, daftarlarda kengaytirilgan va aniq tavsiflarini aks ettirish) tarzida amalga oshiriladi.
5.4. Muzey fondlarini davlat roʻyxatiga olishning asosiy huquqiy hujjatlari eksponatlarni qabul qilib olish yoki berish dalolatnomalari, muzey boyliklarining kirim daftari va ilmiy roʻyxatga olish daftaridan iboratdir.
Dalolatnomalar, kirim va ilmiy roʻyxatga olish daftarlari aniq va loʻnda, dogʻ qilmasdan, oʻchirib yozmasdan va oʻzgartirishlar toʻgʻrisida alohida eslatib oʻtish yoʻli bilan yozilishi shart. Hujjatlardagi yozuvlarni tuzatishga iloj topilmagan hollardagina ruxsat etiladi.
5.5. Muzeylar oʻzlarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxiv fondiga tegishli boʻlgan hujjatlarini barcha fondlar, kolleksiyalar, saqlash birliklarini aniq koʻrsatgan holda roʻyxatlashtirib, shu muzeyning oʻzida saqlaydilar.
Ushbu hujjatlar haqidagi arxiv fondi qoidalariga asosan tuzilgan maʼlumotnomalarni har yili Davlat arxiv fondiga taqdim etadilar.
VI. MUZEYGA KELTIRILGAN BUYUMLARNI QABUL QILIB OLISH YOKI BERISH TARTIBLARI
6.1. Muzeyga keltirilgan barcha buyumlar qatʼiy tartibda roʻyxatga olinib, hujjatlashtirilishi shart. Buyumlarni qabul qilib olganda yoki berganda darhol tegishli dalolatnomalar rasmiylashtiriladi. Qabul qilib olish yoki berish dalolatnomalari roʻyxatga olish ishidagi dastlabki huquqiy hujjatlar hisoblanadi. Bunday dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilmagan buyumlarni muzeylarda saqlash qatʼiy taqiqlanadi.
6.2. Tarkibida qimmatbaho metall va toshlar boʻlgan buyumlarni qabul qilib olish yoki berish “Oʻzbekiston Respublikasi davlat muzeylarida qimmatbaho metall va toshlardan iborat boʻlgan muzey boyliklarini roʻyxatga olish va saqlash toʻgʻrisida yoʻriqnoma”ga asosan amalga oshiriladi. Bunday buyumlarni taʼmirlash yoki probasini aniqlash uchun boshqa tashkilotlarga yuborish chogʻida oʻsha tashkilotning kafolatnomasi olinishi, buyumning saqlanish holati va berilayotgan muddati aniq koʻrsatilgan dalolatnoma tuzilishi, bosh muhofiz (fond mudiri)ning roziligi bilan muzey direktorining buyrugʻi chiqarilishi kerak.
6.3. Eksponat yigʻish uchun joylarga borilganda muzeyning ilmiy xodimlari tomonidan tuzilgan dalolatnoma yoki yozilgan maxsus kvitansiyalar (arxeologik, geologik va boshqa ekspeditsiyalarning joylarda tuzilgan roʻyxatidan tashqari) buyumning birlamchi huquqiy hujjati hisoblanishi mumkin.
6.4. Madaniyat ishlari vazirligi tarkibidagi muzeylardan boshqa vazirlik va idoralar muzeylariga eksponatlar faqat vazir yoki uning oʻrinbosarining yozma ruxsatnomasi asosida vaqtinchalik foydalanishga berilishi mumkin.
Muzey boyliklari boshqa muzeylarga yoki tashkilotlarga doimiy foydalanishga faqat Madaniyat ishlari vaziri yoki uning oʻrinbosari buyrugʻi bilan berilishi mumkin. Tegishli tartiblarda davlat roʻyxatiga olinmagan, shifr va tartib raqamlari qoʻyilmagan buyumlarni berish mumkin emas.
Vazirliklar va idoralarga qarashli muzeylardagi eksponatlar boshqa muzeylarga tegishli vazirlik va idoralar rahbarining ruxsati bilan beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6.5. Buyumlarni muzey ichida qisqa muddatga boʻlimdan fotolaboratoriyaga yoki ilmiy maqsadlarda ilmiy xodimlarga berish faqat bosh muhofiz (fond mudiri)ning ruxsati bilan amalga oshiriladi.
VII. YANGI KELTIRILGAN BUYUMLARNI QAYD ETISH TARTIBI
7.1. Muzeyga doimiy saqlash uchun keltirilgan barcha buyumlar dalolatnomalarda qayd etilib, fond ishlari va sotib olish komissiyasida koʻrib chiqilgandan keyingi bir oy muddatda asosiy yoki ilmiy-yordamchi fondlarning kirim daftarlarida roʻyxatga olinishi shart. Muzeyga vaqtinchalik saqlash uchun topshirilgan buyumlar esa maxsus kirim daftarida qayd etiladi.
Davlat himoya hujjatlari hisoblangan kirim daftarlari buyumni alohida tartib raqami ostida qayd etish va buyumga shu raqamni berish, uni almashtirib qoʻyishning oldini olish, yoʻqolgan yoki oʻgʻirlanganda qidiruv ishlarini osonlashtiradigan qisqacha tavsifini yozib qoʻyish maqsadida yuritiladi.
Buyumning kirim daftaridagi tartib raqami bir vaqtning oʻzida uni muzeyga qabul qilib olingan dalolatnomasida ham qayd etib oʻtiladi.
7.2. Muzey kirim daftarlarining har bir sahifasiga (ularga yozishdan oldin) tartib raqami berilib muhrlanadi va yuqori tashkilotning muhri bilan tasdiqlanadi.
7.3. Nodir buyumlarning barchasi fotosuratga olinadi.
VIII. MUZEY BOYLIKLARINI ILMIY ROʻYXATLASH
8.1. Ilmiy roʻyxatlash — fonddagi muzey boyliklarini oʻrganish, ilmiy tomondan aniqlash va tavsiflashning asosiy shaklidir.
Muzeyga doimiy saqlash uchun keltirilgan barcha muzey boyliklari ilmiy roʻyxatga olinadi.
8.2. Muzeyning ilmiy roʻyxatlash daftarlari kirim daftarlari singari huquqiy hujjat sifatida ularning har bir sahifasiga tartib raqami berilib shnurlanadi, yuqori tashkilot tomonidan tasdiqlanadi va muhrlanadi.
8.3. Ilmiy roʻyxatlash daftarlarida qayd etilgan yozuvlar keyinchalik xuddi shu daftarlardagi kataklarga boʻlingan ilmiy roʻyxatlash varaqlariga koʻchirib yoziladi. Ilmiy roʻyxatlash varaqlari fan va sanʼatning mazkur sohasi boʻyicha tegishli malakaga ega boʻlgan muzeyning ilmiy xodimlari tomonidan tuziladi. Ilmiy roʻyxatlash matni daftarga yozilishdan avval boʻlim mudiri, muzey direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, bosh muhofiz (fond mudiri) yoki muzey direktori tomonidan koʻrib chiqilib, imzolanadi.
8.4. Qimmatbaho metalldan yasalgan buyumlarni ilmiy roʻyxatlash chogʻida umumiy maʼlumotlardan tashqari buyumning vazni, uning tarkibiga kirgan turli xil qimmatbaho metallarning nomlari va vaznlari grammlarda alohida-alohida koʻrsatiladi. Agar buyumda qimmatbaho toshlar boʻlsa, ularning soni, nomi, hajmi va karatlarda oʻlchangan vazni yozib qoʻyiladi. Buyumdagi toshlari tushib qolgan koʻzlarning soni koʻrsatib oʻtiladi.
Qimmatbaho metall va toshlardan iborat boʻlgan buyumlar, ularning sofligi va aniq vazni koʻrsatilgan Davlat proba palatasi ekspertizasining dalolatnomasi mavjud boʻlgandagina ilmiy roʻyxatlanadi.
Tarkibi butunlay qimmatbaho metall va toshlardan iborat boʻlgan buyumlarni ilmiy roʻyxatlash daftarining “Buyumning materiali” katagida shu buyum yasalgan metall va toshlarning nomi koʻrsatiladi. “Buyumning hajmi va vazni” katagida esa shu buyumning boʻyi, eni, chuqurligi (agar buyum yumaloq boʻlsa, uning diametri) 1 millimetrgacha aniqlik bilan koʻrsatilishi kerak. Qimmatbaho metalldan yasalgan buyumlarning vazni 100 grammgacha boʻlganda 0,01 grammgacha aniqlik bilan oʻlchanadi. Qimmatbaho toshlar 0,01 karatgacha aniqlikda oʻlchanishi shart. Yaxlit yirik buyumlar (qurollar, qadahlar, qutichalar, kamarlar va boshqalar) ular tortilgan tarozining imkoniyati darajasida aniqlik bilan oʻlchanadi va bu haqda maxsus eslatib oʻtiladi.
Muzey boyliklari tarkibidagi qimmatbaho metallar, ularga oʻrnatilgan qimmatbaho toshlar vaznini aniqlash maqsadida ularni buyumdan ajratib olish qatʼiyan taqiqlanadi.
8.5. Tegishli vazirlik buyrugʻiga asosan ilmiy roʻyxatlash daftari muzey boyliklarini tashqariga chiqarishda kirim va ilmiy roʻyxatga olish daftarlarining “Eslatma” katagida mazkur buyumni roʻyxatdan oʻchirish uchun asos boʻlgan sharoit va hujjatlar qayd etiladi va yozuv muzey direktori va muhofiz (fond mudiri) tomonidan tasdiqlanib, muhrlanadi.
IX. ILMIY-YORDAMCHI VA XOM ASHYO FONDLARIDAGI BUYUMLARNI ROʻYXATGA OLISH
9.1. Ilmiy-yordamchi fond materiallarini qabul qilib olish yoki berish dalolatnomalar bilan rasmiylashtiriladi va ilmiy-yordamchi materiallarni roʻyxatga olish daftariga yozib qoʻyiladi.
Ilmiy-yordamchi materiallar uchun ilmiy roʻyxatlash daftari tutilmaydi. Bunday buyumlar muzey direktori buyrugʻi bilan mazkur yoʻriqnomada koʻrsatilgan tartib-qoidalar asosida vaqtinchalik yoki doimiy foydalanish uchun boshqa tashkilotlarga berilishi, ilmiy-yordamchi materiallar daftaridan chiqarib tashlanishi mumkin.
Badiiy va yodgorlik muzeylarida ilmiy-yordamchi fonddagi buyumlarni berish asosiy fonddagi buyumlarni berish tartib-qoidalari bilan amalga oshiriladi.
X. MUZEY BOYLIKLARINI QAYTA ROʻYXATDAN OʻTKAZISH VA ROʻYXATLASH HUJJATLARINI HISOBGA OLISH HAMDA ULARNI SAQLASH TARTIBI
10.1. Muzeylar maʼmuriyatlari saqlanayotgan boyliklarni belgilangan vaqtda muntazam qayta roʻyxatdan oʻtkazib turishlari, yaʼni bu boyliklarning fondlarda mavjudligi va saqlanish holatini kirim daftarlari, ilmiy roʻyxatlash daftarlari, dalolatnomalar va boshqa qayd etish hujjatlari bilan solishtirib turishlari kerak.
Oʻz tarkibida uch mingtagacha muzey boyliklari boʻlgan kichik muzeylar har yili fonddagi barcha buyumlarni qayta roʻyxatdan oʻtkazadilar, uch mingdan koʻp yodgorliklarga ega boʻlgan muzeylar esa, har yili muzey boyliklarining bir qismini boʻlimiga koʻra yoki tur va navlariga qarab tekshirib turadilar. Bunda boyliklarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish tartibi va jadvali direktor tomonidan tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Muzey boyliklarini qayta roʻyxatdan oʻtkazish rejasida har bir kolleksiyani tekshirish muddati va navbati hisobga olinishi kerak. Barcha tekshiruv natijalari umumiy dalolatnomada qayd etiladi hamda muzey direktori va bosh muhofiz (fond mudiri) tomonidan imzolanadi.
10.2. Muzey boyliklari tegishli muzey direktori tomonidan chiqarilgan buyruqqa koʻra, shu kolleksiyaning moddiy javobgar shaxsi ishtirok etadigan, kamida uch kishidan iborat komissiya tomonidan qayta roʻyxatdan oʻtkaziladi. Qayta roʻyxatdan oʻtkazish natijalari maxsus dalolatnomada qayd etiladi va direktor tomonidan tasdiqlanadi. Qayta roʻyxatdan oʻtkazish chogʻida muzey boyliklarining kamomadi aniqlansa bu hodisa qayd etilgan dalolatnomaning bir nusxasi barcha kerakli hujjatlar va muzey direktorining kamomad sababi va koʻrgan chora-tadbirlari haqida yozgan tushuntirish xati ilova qilinib, yuqori tashkilotga yuboriladi.
XI. MUZEY BOYLIKLARINI SAQLASH
11.1. Muzey boyliklarining saqlanishini taʼminlash, yodgorliklarni kasallanishdan, oʻgʻirlash va buzilishdan himoya qilish, shuningdek ularni oʻrganish, namoyish etish va ommalashtirish uchun qulay sharoit yaratish muzeylarning asosiy vazifasidir.
11.2. Muzeylarni oʻzi egallab turgan binodan koʻchirish yoki muzey binosidan boshqa maqsadlarda (qisman yoki butunlay) foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Eslatma: shu muzeylar oʻz tasarrufida boʻlgan markaziy tashkilotlarning alohida ruxsati boʻyicha bu qoidani istisno qilish mumkin.
11.3. Boloxonalar va yerosti joylarni sanʼat asarlarini saqlovchi joyga moslashtirish tavsiya etilmaydi.
Ushbu yoʻriqnoma oʻzida umumiy qoidalarni aks ettiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondini boyitish, roʻyxatga olish, saqlash, taʼmirlash, ilmiy tekshirish va boshqa tarzda foydalanish jarayonlarining xususiy qoidalari “Oʻzbekiston Respublikasining muzey boyliklari fondi toʻgʻrisida Nizom”ning 3.3-bandiga asosan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.