Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TAʼLIM MUASSASALARINING BITIRUVChILARINI TADBIRKORLIK FAOLIYATIGA JALB ETISh BORASIDAGI QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
“Barkamol avlod yili” Davlat dasturiga muvofiq hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish, yoshlarni, avvalambor kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Belgilab qoʻyilsinki:
a) mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan respublikaning kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari bilan mehnat shartnomalari tuzilganda, band xodimlarning oʻrtacha yillik soni qonun hujjatlarida belgilangan cheklangan normativdan koʻpi bilan 50 foiz oshirilgan hollarda mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, kafolatlar va huquqlar ularda saqlanib qoladi;
Keyingi tahrirga qarang.
b) mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodimlarining kamida 30 foizini umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilari tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi imtiyozlar va preferensiyalar beriladi:
Keyingi tahrirga qarang.
xaridor tomonidan investitsion va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki obyektlarini “nol” xarid qiymatida sotish boʻyicha oʻtkaziladigan tanlov savdolari natijalariga koʻra, tanlov savdolarining boshqa ishtirokchilari bilan uning takliflari oʻrtasida teng sharoitlar yuzaga kelgan taqdirda kontraktni tuzish boʻyicha ustuvorlik huquqi;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat mulki obyekti uchun ijara toʻlovini ushbu obyektga nisbatan eng kam ijara toʻlovi stavkasining 50 foizi miqdorida belgilash.
Bunda xodimlar sonining oshirilishiga yoʻl qoʻyiladi, imtiyozlar va preferensiyalar esa Oʻzbekiston Respublikasining mazkur taʼlim muassasalari bitiruvchilarining oʻqishni yakunlagan kunidan boshlab uch yildan ortiq vaqt oʻtmagan taqdirdagina taqdim qilinadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5620-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
3. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 28-iyul,
PF-4232-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 30-son, 251-modda; 2014-y., 50-son, 589-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)