Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
8 MART — XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNINI NIShONLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kunini mamlakatimizda keng nishonlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligi (K.Toʻlaganov) Oʻzbekiston respublika xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda bayramga bagʻishlangan tantanali kechani 1995-yil 7-mart kuni “Turkiston” saroyida oʻtkazishni taʼminlasin.
2. Madaniyat ishlari vazirligi (E.Hayitboyev) Toshkent shahar hokimligiga “Turkiston” saroyida boʻladigan tantanali kechani oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari xotin-qizlar kuni munosabati bilan tegishli tadbirlar belgilasinlar hamda joylarda bayramning koʻtarinki ruhda oʻtishini taʼminlasinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga Oʻzbekiston respublika xotin-qizlar qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston respublika xotin-qizlar qoʻmitasi, Toshkent shahar va viloyatlar xotin-qizlar kengashlari va tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy sohada faol ishtirok etayotgan ayollarni bayram munosabati bilan ragʻbatlantirish topshirilsin.
5. Bayramni oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar mahalliy budjet hisobidan qoplanishi belgilab qoʻyilsin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S. Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 23-fevral,
66-son